Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 7-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 27-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 27-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akkreditatsiya — muvofiqlikni baholash organlarining muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatliligini akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;
akkreditatsiya boʻyicha baholovchi — muvofiqlikni baholash organini baholash uchun akkreditatsiya organi tomonidan tayinlangan, mazkur faoliyatni mustaqil ravishda yoki baholash guruhi tarkibida amalga oshiradigan jismoniy shaxs;
akkreditatsiya boʻyicha kengash — milliy akkreditatsiya tizimining faoliyat koʻrsatishini baholash, qoʻyilgan maqsadlarga erishilishini monitoring qilish va milliy akkreditatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun tashkil etilgan kollegial maslahat organi;
akkreditatsiya boʻyicha texnik ekspert — akkreditatsiya organi tomonidan tayinlangan, akkreditatsiya boʻyicha baholovchi rahbarligi ostida ishlaydigan, baholanayotgan akkreditatsiya sohasida maxsus bilimlarga yoki koʻnikmalarga ega boʻlgan va baholashni mustaqil ravishda amalga oshirmaydigan jismoniy shaxs;
akkreditatsiya organi — muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishga oid faoliyatni amalga oshiruvchi vakolatli organ;
akkreditatsiya sohasi — faoliyatning muayyan sohasi boʻlib, unda akkreditatsiya uchun ariza beruvchining yoxud akkreditatsiya qilingan subyektning vakolatliligi tasdiqlanadi yoki tasdiqlangan boʻladi;
akkreditatsiya uchun ariza beruvchi — akkreditatsiya uchun ariza bergan muvofiqlikni baholash organi;
akkreditatsiya sikli — akkreditatsiya qilingan subyekt milliy akkreditatsiya tizimi reyestrida roʻyxatga olingan sanadan eʼtiboran amal qiladigan akkreditatsiya muddati;
akkreditatsiya qilingan subyekt — milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organi;
apellyatsiya — akkreditatsiya uchun ariza beruvchining yoki akkreditatsiya qilingan subyektning oʻziga nisbatan akkreditatsiya organi tomonidan qabul qilingan akkreditatsiyaga doir salbiy qarorni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi yozma soʻrovi;
davriy baholash — akkreditatsiya qilingan subyekt faoliyatining akkreditatsiya davrida belgilangan talablarga muvofiqligini akkreditatsiya siklida qayta baholash tartib-taomili;
muvofiqlikni baholash — muvofiqlikni baholash obyektiga nisbatan qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini aniqlashga oid faoliyat;
muvofiqlikni baholash organi — muvofiqlikni baholashga oid faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
4-modda. Akkreditatsiyaning asosiy vazifalari
Akkreditatsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
manfaatdor taraflarning akkreditatsiyadan oʻtgan subyektlar faoliyatiga boʻlgan ishonchini taʼminlash;
muvofiqlikni baholash sohasida yagona texnika siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
akkreditatsiya qilingan subyektlarning faoliyati natijalari xalqaro darajada tan olinishi va qabul qilinishi uchun shart-sharoitlar yaratish.
5-modda. Akkreditatsiyaning asosiy prinsiplari
Akkreditatsiyaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ixtiyoriylik;
xolislik va begʻarazlik;
vakolatlilik;
akkreditatsiya tartib-taomillarining shaffofligi va ochiqligi;
akkreditatsiya shartlarining tengligi;
maxfiy axborotning oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
akkreditatsiyaga oid faoliyat bilan muvofiqlikni baholash faoliyatini qoʻshib olib borishga yoʻl qoʻymaslik.
2-bob. Akkreditatsiya sohasini davlat tomonidan tartibga solish
6-modda. Akkreditatsiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Akkreditatsiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
akkreditatsiya sohasidagi milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish;
ilgʻor innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yagona tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining akkreditatsiya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining akkreditatsiya sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
akkreditatsiya sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi, davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish sohasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
akkreditatsiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-sonli “Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda taʼlim sifati monitoringini amalga oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
8-modda. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining akkreditatsiya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi akkreditatsiya sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
akkreditatsiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
muvofiqlikni baholash organlarining vakolatliligiga oid talablarni va mezonlarni belgilovchi standartlarni qabul qiladi;
akkreditatsiya sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi;
akkreditatsiya organi tomonidan apellyatsiya va shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalarini, paritet baholashga oid xulosalarni, moliyaviy hisobotlarni davriy tahlil qilishni, strategik rejalarning hamda akkreditatsiya tizimini rivojlantirishga doir boshqa rejalarning bajarilishini davriy tahlil qilishni amalga oshiradi;
mustaqil konsalting yoki auditorlik tashkilotlarini jalb etish orqali akkreditatsiya organi faoliyatining monitoringini amalga oshiradi;
akkreditatsiya tizimini rivojlantirish va tartibga solishga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, taqdimnomalarni akkreditatsiya organiga kiritadi;
akkreditatsiya boʻyicha kengashning nizomini va tarkibini tasdiqlaydi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son “Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
3-bob. Milliy akkreditatsiya tizimi
9-modda. Milliy akkreditatsiya tizimi va uning ishtirokchilari
Milliy akkreditatsiya tizimi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish qoidalarini va tartib-taomilini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat miqyosida faoliyat koʻrsatuvchi tizimdir.
Milliy akkreditatsiya tizimi ishtirokchilari quyidagilardan iborat:
maxsus vakolatli davlat organi;
akkreditatsiya boʻyicha kengash;
akkreditatsiya organi;
akkreditatsiya qilingan subyektlar;
akkreditatsiya boʻyicha baholovchilar va texnik ekspertlar;
akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar.
10-modda. Akkreditatsiya obyekti va unga nisbatan belgilangan talablar
Muvofiqlikni baholash organlarining muayyan akkreditatsiya sohasida muvofiqlikni baholash ishlarini bajarishga vakolatliligi akkreditatsiya obyektidir.
Muvofiqlikni baholash organlarining vakolatliligiga oid talablar va mezonlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi, shuningdek xalqaro va milliy standartlar bilan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandi.
11-modda. Akkreditatsiya belgisini qoʻllash
Akkreditatsiya qilingan subyekt oʻzining akkreditatsiya maqomini koʻrsatish uchun akkreditatsiya organi tomonidan berilgan akkreditatsiya belgisini qoʻllashi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani olish bilan bir vaqtda uning amal qilish muddatida akkreditatsiya belgisini qoʻllash huquqini oladi.
Akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiya belgisiga teng boʻlgan milliy akkreditatsiya tizimi reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan raqamga oid matnli havolani oʻz xohishiga koʻra qoʻllashi mumkin.
Akkreditatsiya belgisining shakli va uni qoʻllash tartibi akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi.
Akkreditatsiya belgisini qoʻllash pulli asosda amalga oshiriladi. Akkreditatsiya belgisini qoʻllash uchun toʻlov miqdori qonunchilikda belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2013-yil 18-sentabrdagi 439-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimida ishlar va xizmatlarga haq toʻlash qoidalari (roʻyxat raqami 2516, 11.10.2013-y.).
Qarang: “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 15-apreldagi 126-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2105, 2010-yil 25-may).
12-modda. Milliy akkreditatsiya tizimi reyestrini shakllantirish va yuritish
Milliy akkreditatsiya tizimi reyestri akkreditatsiya qilingan subyektlar toʻgʻrisidagi, shuningdek akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomalarning joriy maqomi haqidagi rasmiy axborot bazasidir.
Milliy akkreditatsiya tizimi reyestrini shakllantirish va yuritish akkreditatsiya organi tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya tizimi reyestri tanishib chiqish uchun ochiqdir.
Milliy akkreditatsiya tizimi reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi.
13-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma va akkreditatsiya sohasi
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma akkreditatsiya qilingan subyektning akkreditatsiyaning belgilangan sohasidagi ishlarni bajarishga vakolatliligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Akkreditatsiya sohasi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning ajralmas qismi boʻlgan ilovada belgilanadi.
Akkreditatsiya sohasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamda oʻlchash birligini taʼminlashga doir normativ hujjatlarga, sinash usullariga (uslubiyatlariga) yoki muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tartib-taomillarini belgilovchi hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaga tegishli oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish uchun akkreditatsiya organiga murojaat qilishi mumkin.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma akkreditatsiya siklida besh yil muddatga beriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 31-bandi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomadan boshqa shaxsning foydalanishi taqiqlanadi.
14-modda. Akkreditatsiyaning tan olinishi
Milliy akkreditatsiya tizimidan tashqarida olingan akkreditatsiya Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tan olinadi.
4-bob. Akkreditatsiya organi
15-modda. Akkreditatsiya organi faoliyatining shartlari
Akkreditatsiya organi mustaqil yuridik shaxsdir va u maxsus vakolatli davlat organining tizimiga hamda tashkiliy tuzilmasiga kiradi.
Akkreditatsiya organining faoliyati akkreditatsiya organiga nisbatan umumiy talablarni belgilovchi xalqaro va milliy standartlar talablariga muvofiq tashkil etilishi kerak.
Akkreditatsiya organining faoliyatida quyidagilar taʼminlanishi kerak:
akkreditatsiya organining oʻzi akkreditatsiya oʻtkazayotgan muvofiqlikni baholash organlaridan mustaqilligi;
muvofiqlikni baholash organlariga maslahat xizmatlarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmasligi;
akkreditatsiya qilinadigan muvofiqlikni baholash faoliyatini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmasligi;
muvofiqlikni baholash organlarida mulkiy huquqlarning va (yoki) boshqaruv huquqining mavjud boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
oʻz xizmatlaridan foydalanuvchilardan begʻaraz, homiylik yordami yoki boshqa moddiy yordam olinishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari akkreditatsiya organining ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
16-modda. Akkreditatsiya organining vakolatlari
Akkreditatsiya organi:
akkreditatsiyani, takroriy akkreditatsiyani amalga oshiradi hamda akkreditatsiya uchun ariza beruvchi vakolatlilikka oid belgilangan talablarga va mezonlarga muvofiq boʻlgan taqdirda akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomalarni rasmiylashtiradi, ularga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritadi;
davriy baholashni oʻtkazadi;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning shaklini, shuningdek akkreditatsiya belgisining shaklini va uni qoʻllash tartibini belgilaydi;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turadi, qayta tiklaydi yoki tugatadi;
akkreditatsiya boʻyicha baholovchilarning va texnik ekspertlarning malakasini baholashni amalga oshiradi hamda ularning roʻyxatini yuritadi;
akkreditatsiya sohasida oʻz vakolatlari doirasida xalqaro shartnomalar tuzadi;
milliy akkreditatsiya tizimining reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi;
akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar, apellyatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni va ularning tarkibini tasdiqlaydi.
Akkreditatsiya organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-yanvardagi 16-son “Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori.
17-modda. Akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar
Akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar akkreditatsiya sohasidagi maslahat organi boʻlib, ular akkreditatsiya masalalari boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek zarur boʻlganda akkreditatsiya organiga uning akkreditatsiya bilan bogʻliq holda qabul qilinayotgan qarorlariga nisbatan tavsiyalar tayyorlash uchun akkreditatsiya organi tomonidan tashkil etiladi.
Akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar yuridik shaxs boʻlmaydi.
Akkreditatsiya boʻyicha texnik qoʻmitalar toʻgʻrisidagi nizom va ushbu qoʻmitalar tarkibi akkreditatsiya organi tomonidan tasdiqlanadi.
18-modda. Apellyatsiya komissiyasi
Apellyatsiya komissiyasi akkreditatsiya organining akkreditatsiyani amalga oshirishga, akkreditatsiya qilishni rad etishga, akkreditatsiyaning amal qilishini toʻxtatib turishga yoki tugatishga, akkreditatsiya sohasini kengaytirishga va qisqartirishga doir qarorlari boʻyicha apellyatsiyalarni koʻrib chiqish hamda qarorlar qabul qilish maqsadida akkreditatsiya organi huzurida tuziladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bobi.
Apellyatsiya komissiyasi koʻrib chiqilayotgan qarorni qabul qilishda ishtirok etmagan akkreditatsiya boʻyicha baholovchilar va texnik ekspertlar orasidan shakllantiriladi.
Apellyatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom va komissiyaning tarkibi akkreditatsiya organi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi
19-modda. Akkreditatsiyani amalga oshirish
Akkreditatsiya organi akkreditatsiyani akkreditatsiya olish uchun berilgan ariza asosida, shuningdek, basharti akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarishga doir shartnoma tuzilgan boʻlsa, amalga oshiradi.
Akkreditatsiya tartib-taomilidan oʻtish ketma-ketligi, ushbu Qonun talablari hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibiga muvofiq belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-maydagi 381-son “Qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qarori.
Akkreditatsiyadan oʻtish natijasi ijobiy boʻlganda akkreditatsiya sikliga akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma rasmiylashtiriladi.
Akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibida belgilangan barcha zarur hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etilmagan taqdirda, akkreditatsiya organi akkreditatsiyani oʻtkazishni rad etadi.
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchining akkreditatsiya natijalariga koʻra, ariza berilgan akkreditatsiya sohasidagi muvofiqlikni baholash ishlarini bajarishga vakolatliligi tasdiqlanmagan taqdirda, akkreditatsiya organi akkreditatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandi.
Akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, akkreditatsiya organi va akkreditatsiya qilingan subyekt oʻrtasida akkreditatsiyadan keyingi shartnoma tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:
akkreditatsiya organi va akkreditatsiya qilingan subyekt oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, shu jumladan taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
akkreditatsiya qilingan subyektni davriy baholashni amalga oshirish shartlari;
akkreditatsiya belgisini qoʻllash shartlari.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 27-bandi.
20-modda. Davriy baholash
Davriy baholash akkreditatsiya qilingan subyektlarning ularga nisbatan belgilangan vakolatlilikka oid talablarga va mezonlarga doimiy muvofiqligini aniqlash, shuningdek ularning muvofiqligini qayta tasdiqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Davriy baholash tartib-taomili hamda uning muddatlari akkreditatsiyadan oʻtkazishning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibiga muvofiq aniqlanadi va u akkreditatsiyaning ajralmas qismi boʻladi. Davriy baholash chogʻida akkreditatsiya qilingan subyekt bilan ishlarni bajarishga doir shartnoma tuziladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-maydagi 381-son “Qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qarori.
21-modda. Akkreditatsiyaning amal qilishi va takroriy akkreditatsiya
Akkreditatsiya, agar akkreditatsiyaning amal qilishi tugatilmagan boʻlsa, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan muddat davomida amal qiladi.
Akkreditatsiyaning amal qilishi tugatilgan taqdirda, uning amal qilishi qayta tiklanmaydi.
Takroriy akkreditatsiya, basharti akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiyaning amal qilishi tugaguniga qadar ariza bergan boʻlsa, ushbu subyektning avvalgi faoliyati natijalari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
22-modda. Akkreditatsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish
Akkreditatsiyaning amal qilishi akkreditatsiya organining qarori bilan belgilangan tartibda toʻxtatib turiladi, qayta tiklanadi yoki tugatiladi.
Akkreditatsiyaning amal qilishi akkreditatsiya qilingan subyektning tashabbusiga koʻra toʻxtatib turilishi, qayta tiklanishi yoki tugatilishi mumkin.
Akkreditatsiya organining akkreditatsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan apellyatsiya komissiyasiga yoki sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Akkreditatsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish tartib-taomillari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibida belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-7 bobi.
23-modda. Akkreditatsiya sohasini kengaytirish va qisqartirish
Akkreditatsiya sohasini kengaytirish va qisqartirish akkreditatsiya qilingan subyektning akkreditatsiya sohasiga akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibiga muvofiq oʻzgartishlar kiritish orqali akkreditatsiya organi tomonidan amalga oshiriladi.
24-modda. Akkreditatsiyaga, davriy baholashga va akkreditatsiya sohasini kengaytirishga oid ishlarni bajarishga doir shartnomalar
Akkreditatsiya, davriy baholash va akkreditatsiya sohasini kengaytirish ushbu Qonunga, shuningdek akkreditatsiya organi va akkreditatsiya uchun ariza beruvchi yoki akkreditatsiya qilingan subyekt oʻrtasida qonunchilik talablariga muvofiq tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Akkreditatsiyaga, akkreditatsiya qilingan subyektni davriy baholashga va akkreditatsiya sohasini kengaytirishga oid ishlarni bajarishga doir shartnoma taraflarning kelishuviga koʻra boshqa shartlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan xizmatlarning qiymati sarflangan vaqt va xizmat safarlari xarajatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shartnomaga muvofiq akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar akkreditatsiya uchun ariza beruvchi tomonidan, davriy baholashga va akkreditatsiya sohasini kengaytirishga oid ishlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar esa, ularning natijalaridan qatʼi nazar, akkreditatsiya qilingan subyekt tomonidan toʻlanadi.
Akkreditatsiyaga, davriy baholashga va akkreditatsiya sohasini kengaytirishga oid ishlarni bajarishga sarflangan vaqtning hisob-kitob uslubiyoti akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi hamda uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
25-modda. Akkreditatsiya uchun ariza beruvchining huquq va majburiyatlari
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
akkreditatsiya organiga akkreditatsiya uchun ariza bilan murojaat qilish;
akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarish uchun shartnoma tuzish;
akkreditatsiya organining qarori ustidan apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish va (yoki) sud tartibida shikoyat qilish.
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchi qonunchilikka hamda akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarishga doir shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchining zimmasida akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga, muvofiqlikni baholash organlariga nisbatan xalqaro va milliy standartlarda, akkreditatsiya sohasidagi xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida belgilangan talablarga va mezonlarga rioya etish, shuningdek akkreditatsiya jarayonida ularning bajarilayotganligini isbotlash majburiyatlari boʻladi.
26-modda. Akkreditatsiya qilingan subyektning huquq va majburiyatlari
Akkreditatsiya qilingan subyekt:
akkreditatsiya organiga akkreditatsiya sohasini kengaytirish va qisqartirish, takroriy akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish;
akkreditatsiya organiga akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaga oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish haqidagi ariza bilan murojaat qilish;
akkreditatsiya belgisini ushbu Qonun talablariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibiga muvofiq qoʻllash;
akkreditatsiya organining qarori ustidan apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish va (yoki) sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
Akkreditatsiya qilingan subyektlar oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish maqsadida, qonunchilikning barcha talablariga, milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilish tartibini va tartib-taomillarini belgilovchi qoidalarga, qoʻllanmalarga, yoʻriqnomalarga hamda boshqa hujjatlarga rioya etgan holda, akkreditatsiya qilingan subyektlarning uyushmalarini tashkil etishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan subyekt qonunchilikka va davriy baholashga oid ishlarni bajarishga, akkreditatsiya sohasini kengaytirishga doir shartnomaga, shuningdek akkreditatsiyadan keyingi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan subyekt:
akkreditatsiya organiga muvofiqlikni baholash ishlarining bajarilishi yuzasidan oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etishi;
davriy baholashni oʻtkazishga oid ishlarni bajarishga doir shartnomalarni bunday baholashning davriyligiga muvofiq tuzishi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida oʻziga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek xalqaro va milliy standartlarda, akkreditatsiya sohasidagi xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga va mezonlarga rioya etishi;
davriy baholash va akkreditatsiya sohasini kengaytirish ishlarini amalga oshirish chogʻida akkreditatsiya boʻyicha baholovchilarning va texnik ekspertlarning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi;
Milliy akkreditatsiya tizimi reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan raqamiga havola qilishi yoxud oʻzining faqat akkreditatsiya sohasi tatbiq etiladigan muvofiqlikni baholash ishlariga nisbatan akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida boshqacha shaklda bildirishi shart.
Akkreditatsiya qilingan subyektning zimmasida qonunchilikka va davriy baholashga, akkreditatsiya sohasini kengaytirishga oid ishlarni bajarishga doir shartnomaga, shuningdek akkreditatsiyadan keyingi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
27-modda. Akkreditatsiyaga doir ishlarni moliyalashtirish
Akkreditatsiyaga doir ishlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, akkreditatsiya boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan olingan mablagʻlar, akkreditatsiya belgisini qoʻllaganlik uchun ajratmalar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya organining akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki uchun toʻlanadigan aʼzolik badallari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladi.
28-modda. Nizolarni hal etish
Akkreditatsiya sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
29-modda. Akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
30-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
31-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
32-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-fevral,
OʻRQ-820-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 03/23/820/0114-son)