Oʻzbekiston Respublikasining KONSTITUTSIYAVIY qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrdagi 433-II-son Qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga navbatdagi saylov hamda Senatni shakllantirish yakunlari asosida amalga kiritilgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) maqomini belgilash, Senat faoliyatini tashkil etishga va uning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) hamda boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligiga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Senat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — toʻrt kishidan saylanadi.
(2-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Senatning toʻqqiz nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
(2-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni 6-moddasining uchinchi qismi.
Senat ishi yalpi majlislarga (bundan buyon matnda majlislar deb yuritiladi) va uning qoʻmitalari majlislariga toʻplanadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi.
Senatda hududiy mansublikka koʻra hamda siyosiy yoki boshqa asosda guruhlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-modda. Senat faoliyatining huquqiy asoslari
Oldingi tahrirga qarang.
Senat faoliyatining tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(3-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Senat tarkibini shakllantirish
Oldingi tahrirga qarang.
Senatni shakllantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bilan belgilanadi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
5-modda. Senatning vakolat muddati
Senatning vakolat muddati — besh yil.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 91-moddasining uchinchi qismi.
Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasi.
6-modda. Senat aʼzosi
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Senat aʼzosi boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 92-moddasining toʻrtinchi qismi.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Senat aʼzosi va Qonunchilik palatasi deputati boʻlishi mumkin emas.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 92-moddasining beshinchi qismi.
Senat aʼzosi daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Senatning roziligisiz, Senat majlislari oraligʻidagi davrda esa, Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Senat aʼzosiga uning senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi uchinchi qismi.
Senat aʼzosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat aʼzolari Senatda doimiy asosda ishlashlari mumkin. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni yigirma besh nafargacha boʻlgan miqdorda belgilanadi. Ular senatorlik vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
(6-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Senat aʼzosining maqomi qonun bilan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
7-modda. Senat hujjatlari
Senat oʻzining vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan, shuningdek palataning ichki faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Senat umumsiyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalar yuzasidan bayonotlar va murojaatlar bilan chiqishi mumkin, ular palataning qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Senat qarorlari, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 97-moddasi.
II. SENAT VAKOLATLARI VA FAOLIYATINING TAShKILIY ShAKLLARI
8-modda. Senat va Qonunchilik palatasining birgalikdagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Senat va Qonunchilik palatasining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
2) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
4) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
6) Oʻzbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
10) Oʻzbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash;
11) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish;
12) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish;
13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish;
14) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
15) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
16) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini va uning oʻrinbosarini saylash;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash;
18) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
19) Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish;
20) parlament tekshiruvini oʻtkazish;
21) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Qonunchilik palatasida, soʻngra Senatda koʻrib chiqiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-modda.
9-modda. Senatning mutlaq vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Senatning mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni koʻrib chiqish hamda maʼqullash;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
9) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining oʻz faoliyati masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament soʻrovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;
11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga oʻz faoliyatini amalga oshirishda koʻmaklashish;
12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, bekor qilish;
13) Senat Raisini va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
14) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Senat aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
15) oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno;
18) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan mansabdor shaxslarni Senat tomonidan saylash, tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 95-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti.
10-modda. Senat majlisi
Senat faoliyatining tashkiliy shakli uning majlisidir.
Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi.
Senatning birinchi majlisi Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Senatning birinchi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Senatning navbatdan tashqari majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi taklifiga binoan yoki Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Faqat Senat majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari maʼqullanadi hamda Senat hujjatlari qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat va uning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror, Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishlari mumkin.
(10-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Senat majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
Senat majlislari ochiq va oshkora oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda, Senat yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Senat majlislarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti.
11-modda. Senat va Qonunchilik palatasining qoʻshma majlislari
Senat va Qonunchilik palatasining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga muvofiq qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Palatalarning qoʻshma majlisi ochiq va oshkora oʻtkaziladi.
Palatalarning qoʻshma majlisi, agar unda tegishincha Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Palatalarning qoʻshma majlislarida, agar qoʻshma majlisda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi navbatma-navbat raislik qiladi.
Palatalarning qoʻshma majlisida eshitilgan masalalar muhokamasi natijalari asosida palatalarning qoʻshma qarori qabul qilinishi mumkin. Bunda ovoz berish, qoida tariqasida, alohida-alohida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Parlament soʻrovi, senator soʻrovi
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat davlat organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament soʻrovi yuborishga haqli.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Senat aʼzosi davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari tegishincha parlament soʻroviga, senator soʻroviga javobni Senat Reglamentida belgilangan tartibda va muddatlarda beradi. Parlament soʻroviga, senator soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aʼzolariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan parlament soʻroviga, shuningdek senatorning soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
(12-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
III. SENAT RAISI VA UNING OʻRINBOSARLARI. SENAT KENGAShI, QOʻMITALARI VA KOMISSIYALARI
13-modda. Senat Raisi
Senat Raisi Senat tarkib topganidan keyingi birinchi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Senat aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Senat Raisligiga nomzod koʻrsatish va saylash tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi boʻlishi mumkin emas.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Senat Raisi oʻz vazifasini bajarish davrida siyosiy partiya va harakatlarga aʼzolikni toʻxtatib turadi.
Senat Raisi Senat qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
(13-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Senat Raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti.
14-modda. Senat Raisining vakolatlari
Senat Raisi:
1) Senat va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
3) Senat maʼqullagan qonunlarni imzolash va eʼlon qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboradi;
(14-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31) Senat maʼqullagan qonunchilik tashabbusi tartibidagi qonunchilik takliflarini koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga yuboradi;
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan 31-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
4) Senat qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
6) Senat Raisining oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
8) Senat matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hayʼatlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
9) Kengash bilan kelishilgan holda Senat matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
10) Senat matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʻradi;
12) Senat va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
13) Senat devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
(14-modda birinchi qismining 13-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 27-avgustdagi OʻRQ-557-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2019-y., 03/19/557/3657-son)
Oldingi tahrirga qarang.
131) Senatning xarajatlari smetasini shakllantirish va bajarishga doir ishlarga umumiy rahbarlikni hamda ularni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
132) Senatga ajratilgan budjet mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi farmoyishlarni imzolaydi;
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 27-avgustdagi OʻRQ-557-sonli Qonuniga asosan 131 va 132-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2019-y., 03/19/557/3657-son)
14) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va Senat Reglamentida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Senat Raisi oʻzining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli.
15-modda. Senat Raisining oʻrinbosarlari
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi. Senat Raisining oʻrinbosarligiga nomzodlar koʻrsatish va saylash tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlari oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyalar va harakatlarga aʼzolikni toʻxtatib turadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Senat Raisining oʻrinbosarlari Senat Raisining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Senat Raisi yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi.
Senat Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat Raisining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan oltinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
16-modda. Senat Kengashi
Oldingi tahrirga qarang.
Senatning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Senat Kengashi palata majlislari oraligʻida zaruratga qarab toʻplanadi.
Senat Kengashining tarkibiga Senat Raisi, uning oʻrinbosarlari va qoʻmitalarning raislari kiradi.
Senat Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
17-modda. Senat qoʻmitalarini saylash
Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Senat shakllanganidan keyin uning vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan rais, uning oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda qoʻmitalar saylanadi.
Senat qoʻmitalarining barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Qoʻmita tarkibiga saylanmagan senator uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli.
Senat qoʻmitalari Senat oldida masʼul va unga hisobdordir.
18-modda. Senat qoʻmitalarining vakolatlari
Senat qoʻmitalari:
1) Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga maʼqullash uchun topshirilgan qonunlar yuzasidan xulosalar beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
2) oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan oʻz tashabbusi bilan va Senatning, Senat Kengashining topshirigʻiga binoan Senat hujjatlari loyihalarini, qonunchilik takliflarini ishlab chiqadi;
(18-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
3) qonunni majlis kun tartibiga kiritish yoki uning ustida ishlashni davom ettirish yoxud asoslantirilgan holda uni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
41) Senat majlisida davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish masalalarini qoʻyadi;
(18-modda birinchi qismining 41-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
5) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari va boshqa xulosalarni, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
6) Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlarini jalb etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
7) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Senat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
(18-modda birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8) davlat organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi, Senat va uning Kengashi, Senat qoʻmitalari qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi;
(18-modda birinchi qismining 8-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
9) davlat organlari tomonidan qonunlarning, Senat qarorlarining ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib oʻrganadi;
(18-modda birinchi qismining 9-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
10) yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi OʻRQ-411-sonli Qonuniga asosan 9 va 10-bandlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Senat qoʻmitalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Senat qoʻmitalarining ishini tashkil etish
Senat qoʻmitalari ishni oʻz rejalariga, shuningdek Senat, uning Raisi va Kengashi topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.
Senat qoʻmitalarining faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
20-modda. Senat qoʻmitalarining majlislari
Senat qoʻmitalarining majlislari Senat majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Senat qoʻmitalarining majlislari, agar ularda qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Senat qoʻmitalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida Senat qoʻmitalari yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoʻmitalarning majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili ishtirok etishi mumkin.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-maydagi OʻRQ-536-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son)
21-modda. Senat qoʻmitalarining qarorlari
Senat qoʻmitalari koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qoʻmita jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Senat qoʻmitalarining davlat organlariga yuborilayotgan qarorlari ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart, natijalari yoki koʻrilgan choralar toʻgʻrisida, agar qarorda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, uzogʻi bilan bir oydan kechiktirmay xabar qilinishi kerak.
22-modda. Senat komissiyalari
Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiyalar Senat majlisida senatorlar orasidan tuziladi. Ayni paytda komissiyani tuzishdan koʻzlangan maqsad va uning vakolatlari belgilanadi.
Komissiyalar oʻz faoliyatini zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan keyin yoki Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatadi.
Komissiyalarni tashkil etish va ularning faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
IV. QONUNNI KOʻRIB ChIQISh. KELIShUV TARTIB-QOIDALARI. QONUNChILIK TAKLIFLARI
(IV boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Qonunning Senat tomonidan koʻrib chiqilishi
Qonun Senatga kelib tushganidan keyin Senat Raisi uni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni amalga oshiradigan masʼul qoʻmitani belgilaydi.
Qonunni dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari asosida masʼul qoʻmita qonun yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Senat masʼul qoʻmitaning xulosasini olganidan keyin qonunni muhokama qiladi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan maʼqullanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni maʼqullash uchun senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Ovoz berish ochiq yoki yashirin boʻlishi mumkin.
Ovoz berishning shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Senat tomonidan Senat majlisida hozir boʻlgan senatorlarning koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
25-modda. Kelishuv komissiyasi
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan koʻrsatilgan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiyaning hamraisini saylaydi.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Kelishuv komissiyasi qonunning Senat eʼtiroz bildirmagan ayrim moddalari tahririni oʻzgartirish toʻgʻrisida, agar bunday oʻzgartirishni Senatning takliflari asosida ishlab chiqilgan qonun moddalarining tahriri taqozo etadigan boʻlsa, qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasi ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasini tuzish tartibi, komissiyaning tarkibi va ishi Reglamentda belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 8-noyabrdagi 152-I-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 3-dekabrdagi 112-I-sonli tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining kelishuv komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish Tartibi.
26-modda. Qonunchilik palatasida qayta koʻrib chiqilgan qonunning Senat tomonidan maʼqullanishi
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda, qonun Qonunchilik palatasida odatdagi tartibda qayta koʻrib chiqilishi lozim va u maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Senat ilgari rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda uni kelishuv komissiyasining tahririda maʼqullamasa, qonun rad etilgan hisoblanadi va u Qonunchilik palatasiga qaytarilishi kerak.
27-modda. Qonunni imzolash va uni eʼlon qilish
Senat maʼqullagan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻn kun ichida yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun oltmish kun ichida imzolanadi va eʼlon qilinadi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʻz eʼtirozlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunning Senatda qayta koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash uchun Senatga qaytadan kiritilgan qonunni Senat koʻrib chiqib, uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan maʼqullansa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻn toʻrt kun ichida imzolanishi va eʼlon qilinishi kerak.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamentining 5-bobi.
Oldingi tahrirga qarang.
281-modda. Qonunchilik takliflari
Senat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.
Qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentida belgilanadi.
(281-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
V. YAKUNLOVChI QOIDALAR
29-modda. Senatni tarqatib yuborish
Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida quyidagi hollarda tarqatib yuborilishi mumkin:
Senat tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoki u bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;
Senat bilan Qonunchilik palatasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 95-moddaning ikkinchi qismi.
Senat tarqatib yuborilgan taqdirda uch oy mobaynida uning yangi tarkibi shakllantiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin.
Senat oʻzini oʻzi tarqatib yuborgan taqdirda bir oy ichida uning yangi tarkibi shakllantiriladi.
Senat favqulodda holat amal qilib turgan davrda tarqatib yuborilishi mumkin emas.
(29-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi OʻRQ-909-sonli Qonuniga asosan uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
30-modda. Senat Reglamenti
Senat, uning organlari va mansabdor shaxslari faoliyatining tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 6-maydagi 29-I-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti.
31-modda. Senat devoni
Senat, uning organlari va senatorlar faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika taʼminotini Senat devoni amalga oshiradi.
Senat devoni tuzilmasi, shtatlari, xodimlarining mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar Senat Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Senat devoni xodimlarining mehnatga oid munosabatlari Senatning vakolati muddatiga bogʻliq boʻlmaydi.
Senat devoni yuridik shaxs hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Senat devonining tashkil etilishi va faoliyati tartibi Senat Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomda belgilanadi.
(31-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi OʻRQ-436-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2015-yil 10-sentabrdagi KQ-40-III-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Devoni toʻgʻrisi”gi nizom.
32-modda. Senat faoliyatini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Senat faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va ushbu budjetda alohida satrda nazarda tutiladi.
(32-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 27-avgustdagi OʻRQ-557-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2019-y., 03/19/557/3657-son)
33-modda. Senatning matbuot organlari
Senat oʻz matbuot organlariga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
432–II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 12-son, 213-modda, 2003-y., 5-son, 67-modda; 2011-y., 16-son, 160-modda; 2014-y., 16-son, 177-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda, 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son, 11.05.2019-y., 03/19/536/3114-son, 28.08.2019-y., 03/19/557/3657-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; 10.08.2020-y., 03/20/631/1153-son; 15.01.2021-y., 03/21/666/0032-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)