Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti bilan hamkorlikda xalqaro fakultetni tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga muvofiq hamda tibbiyot oliy taʼlim tizimida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xamkorlikda fakultetlar tashkil etish va yuqori malakali, xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti bilan hamkorlikda magistratura va klinik ordinatura taʼlim yoʻnalishlarida xalqaro fakultet (keyingi oʻrinlarda fakultet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyotining real sektori tarmogʻi uchun muhim ilmiy-texnik vazifalarni hal qilishga qodir boʻlgan tor doiradagi yuqori malakali mutaxassislarni, ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlarni magistratura va klinik ordinatura taʼlim yoʻnalishlarida xalqaro standartlar darajasida tayyorlash;
Orolboʻyi mintaqasidagi kasalliklarning barvaqt profilaktikasi, yuqori texnologiyali davolash usullarini qoʻllash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va atrof muhitning inson salomatligiga taʼsirini oʻrganish sohasida yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish;
mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon taʼlim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish asosida rivojlantirish;
taʼlim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ishlab chiqarish tarmoqlari va biznes-hamjamiyatlar bilan uzoq muddatli aloqalar oʻrnatish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
fakultet kadrlarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda taʼlimning asosiy mutaxassisliklari boʻyicha magistr, tayanch doktorant (PhD) va klinik ordinatorlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining (keyingi oʻrinlarda filial deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
fakultetda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida rus va ingliz tillarida, kunduzgi taʼlim shaklida Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan holda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universitetida qabul qilingan taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi;
fakultetning magistratura va klinik ordinatura taʼlim yoʻnalishlariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishuv asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi;
fakultetga talabalikka qabul qilish tartibi, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati hamda mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash miqdorlari Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishuv asosida belgilanadi;
fakultet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida hamda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universitetida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan, oʻzaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
fakultet faoliyatini moliyalashtirish filialga talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda hamda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti bilan kelishgan holda 2019-yil 1-sentabrga qadar:
fakultetga filial hududidagi binolardan mos joy ajratish;
Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti bilan hamkorlikda magistratura va klinik ordinatura taʼlim yoʻnalishlarida oʻquv dasturlarini tasdiqlash;
fakultetda faoliyat olib boradigan professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar tarkibini yuqori malakali mahalliy va xorijiy ilmiy-pedagog kadrlar hisobidan toʻldirish choralarini koʻrsin.
5. Belgilansinki, fakultetning boshlangʻich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy taʼmirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari xarid qilish) ishlari uchun filialning budjetdan tashqari mablagʻlaridan foydalaniladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmalariga binoan ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilingan xorijiy professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda Toshkent shahridagi I. Karimov nomidagi xalqaro aeroportda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-mart,
253-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/253/2842-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)