Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikamizning barcha hududlarida mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish orqali interaktiv davlat xizmatlari va elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, mamlakatimizda xalqaro standartlarga mos keladigan mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni (keyingi oʻrinlarda mobil qurilmalar deb ataladi) keng ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Isteʼmolchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining respublikada mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari asosida roʻyxatga olish boʻyicha quyidagilar imkonini beradigan tizimni (keyingi oʻrinlarda Tizim deb ataladi) joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
mobil qurilmalardagi oʻziga xos identifikatsiya kodlari toʻgʻriligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari (egalari) huquqlarining himoya qilinishini taʼminlash;
mobil qurilmalardan ularning mulkdorlarini (egalarini) ogohlantirmasdan noqonuniy va ruxsatsiz foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
xalqaro standartlarga mos kelmaydigan sifatsiz mobil qurilmalar sotilishining oldini olish.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini roʻyxatga olish va qoʻllash, ushbu yoʻnalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish boʻyicha vakolatli organ;
“Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi — Tizim operatori (keyingi oʻrinlarda Tizim operatori deb ataladi) etib;
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari — Tizimni yaratish va joriy etish ishlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2025-y., 09/25/550/0790-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi:
a) 2019-yilning 1-aprelidan boshlab, mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimini toʻliq ishga tushirish imkonini beradigan hamda kelishilgan tashkiliy-texnik va iqtisodiy mexanizmlarni nazarda tutuvchi Tizimni tashkil etish reja-jadvalini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) jamoatchilik oʻrtasida keng muhokama natijalari asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorining tegishli loyihasini 2019-yil 1-avgustgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(3-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 223-sonli qarori tahririda)
Tizim operatorining asosiy funksiya va vazifalarini, vazirlik va idoralar, telekommunikatsiya operatorlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
v) 2019-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda:
mobil qurilmaning identifikatsiya kodini Internet tarmogʻi orqali onlayn rejimida roʻyxatga olish va uning maqomini tekshirish xizmati joriy etilishini;
mobil qurilmalarni roʻyxatga olish hamda maslahat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha hududiy punktlarini tashkil etishni va ularning faoliyat yuritishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tizim operatoriga mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan Tizimni joriy etish uchun zarur boʻlgan uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy taʼminot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzishga va keyinchalik shartnomalarni “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazishga ruxsat berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 254-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son)
5. Tizim operatoriga uni tashkil etish va joriy etish doirasida olib kiriladigan uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy taʼminot mahsulotlari, vosita va moslamalar, kompyuter hamda server texnikasi uchun bojxona toʻlovlarini bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab 36 oygacha boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tizimni ishga tushirguncha Tizim operatorining Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari hamda mobil aloqa tarmoqlarining telekommunikatsiya operatorlari bilan oʻzaro hamkorligi boʻyicha bitimlar tuzilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-oktabr,
847-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2018-y., 09/18/847/2091-son; 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son; 29.08.2025-y., 09/25/550/0790-son)