Iqtisodiyot koʻrsatkichlarining ijobiy oʻsishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga yangidan-yangi investitsiyalarning kiritilishiga olib keladi. Eng muhim investitsiya esa, kadrlarni tayyorlashga, ularni yoshlik davridan tayyorlab borishga katta eʼtibor qaratishdir.
Ulugʻ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ham aynan ana shu vazifani amalga oshirishdagi ilk qadam boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida oxirgi yillarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatning barcha sohalari, shu jumladan, davlat boshqaruvi, jamiyat, taʼlim, tibbiyot sohalariga joriy etish hamda davlat xizmatlarini taqdim etish boʻyicha yirik islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Mazkur maktabning tashkil etilishi davrning ana shu daʼvatiga javob bera oladigan kadrlarni yoshligidanoq tayyorlab borish, sohada yetuk hamda zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.
Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad — ulugʻ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, oʻrganish va tadqiq etish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, oʻquvchilarga aniq fanlarning yuksak choʻqqilarini zabt etish, boshlangʻich sinflardan boshlab oʻquvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorini aniqlash va ularni qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar bazasini yaratishdan iboratdir.
Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib — axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur oʻzlashtirilishiga erishish, oʻquvchilarni dasturlash asoslari, maʼlumotlar bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻnikmalarga ega qilish, axborot va media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirishdan iboratdir.
Shuningdek, mazkur sohada yuqori mahoratga ega pedagoglarni hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi maxsus maktabini yaratish, yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tuzish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam va samarali ishtirokini taʼminlashni tashkil etish ham maktabning asosiy vazifalaridandir.
Maktab oldiga qoʻyilayotgan talablardan biri — ana shu maqsadlarga erishish uchun yuqori malakali, sohasining bilimdoni boʻlgan oʻqituvchi-pedagoglar bazasini shakllantirish bilan birgalikda, maktabda chet tilini oʻqitishga ham katta eʼtibor qaratilganidir.
Maktabda oʻquv jarayoni xalqaro andozalar asosida olib borilishi maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-oʻqituvchilarini ham jalb etish belgilangan.
Mazkur qaror bilan maktabda tahsil oladigan oʻquvchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratish bilan birgalikda ularni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirib borish, maktab yoshidagi iqtidorli oʻquvchilarga matematika, fizika, informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, ularning natijalariga koʻra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofot ham taʼsis etildi.
Ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi — respublikada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, kelajak avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib etib tarbiyalash, davr talablariga dadil javob bera oladigan mutaxassislarga boʻlgan katta ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.