|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.02.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fitosanitariya boʻyicha ahvolni tubdan yaxshilash va xavfsizlikni taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini karantindagi va boshqa zarar yetkazuvchi xavfli organizmlardan himoya qilish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish, oʻsimliklarning ichki va tashqi karantini borasidagi davlat tadbirlari tizimi samaradorligini oshirish, davlat fitosanitariya nazoratini kuchaytirish hamda karantin xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya deb ataladi) etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Inspeksiya faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchi, oʻsimliklar karantini sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, oʻsimliklar karantini toʻgʻrisidagi qonunchilikning amalga oshirilishini taʼminlash, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish;
ikkinchi, oʻsimliklarning tashqi va ichki karantini boʻyicha davlat tadbirlari tizimini amalga oshirish;
uchinchi, iqtisodiyot tarmoqlariga katta zarar yetkazishi mumkin boʻlgan karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalarning, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarning xorijiy mamlakatlardan kirib kelishidan respublika hududlarini himoya qilish;
toʻrtinchi, karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalarni, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarni oʻz vaqtida aniqlash, ularning oʻchoqlari kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni yoʻq qilish, shuningdek, respublikaning ular mavjud boʻlmagan tumanlari hududlariga kirib kelishining oldini olish;
beshinchi, qishloq xoʻjaligi va boshqa oʻsimliklar mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, sotish va foydalanishda oʻsimliklar karantini boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda belgilangan qoidalarga rioya etish yuzasidan davlat nazoratini olib borish;
oltinchi, oʻsimliklar karantini sohasida ilmiy, uslubiy va taʼlim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlarini belgilash, fitosanitariya amaliyotiga fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini, innovatsiya ishlanmalarini tatbiq etishni muvofiqlashtirish;
yettinchi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilgʻor texnologiyalar va ish uslublarini karantin xizmati faoliyatlariga tatbiq etish;
sakkizinchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, rahbarlar va mutaxassislarning ish tartibi va usullarini takomillashtirish, zimmalariga yuklangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli ado etishda ularning masʼuliyatini oshirish.
Inspeksiya boshligʻiga Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va faoliyat yoʻnalishlarini sifatli va toʻlaqonli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2-bandning oʻninchi xatboshisi norasmiy tarjima.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Inspeksiya va uning boʻlinmalari oʻsimliklar karantini sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat nazorati organlarining yagona tizimini tashkil etadi;
Inspeksiya boshligʻi maqomi boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosariga, boshliq oʻrinbosari esa vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
oʻsimliklar karantini boʻyicha hududiy inspeksiya rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari taqdimnomasi asosida Inspeksiya boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Quyidagilar belgilansin:
Inspeksiya Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Inspeksiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlardan himoya qilish ishlarini tashkil etish masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat xokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
Inspeksiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
Inspeksiya va uning boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini bir hafta muddatda, belgilangan tartibda kiritsin;
“Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-avgust,
PF-5174-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 918-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)