Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.07.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 1998 YIL 18 NOYABRDAGI 477-SON VA 1998 YIL 17 DEKABRDAGI 525-SON QARORLARINI BAJARISh YuZASIDAN JAVOBGARLIKNI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 21-iyuldagi PQ-423-sonli “Baʼzi respublika komissiyalari va kengashlari tarkiblari hamda ularning faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son va 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qarorlarida nazarda tutilgan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlarini faol amalga oshirishga:
xususiylashtirilayotgan korxonalar texnologiya va moliyaviy ahvolining qoniqarsizligi;
sarmoya va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bozoridagi kuchli raqobat;
xususiylashtirish yoʻliga toʻsiq boʻlayotgan murakkab buyruqbozlik apparati;
xususiylashtirish hamda aksiyalar sotilishi jarayonlarining amalga oshirilishi va jadallashtirilishini taʼminlovchi puxta ishlovchi mexanizmning yoʻqligi;
xususiylashtirish jarayonidan oʻzlarining gʻarazli maqsadlarida daromad va dividendlar olishga intiluvchi korrupsiya hollarining mavjudligi;
ham quyi tuzilmalardagi, ham Vazirlar Mahkamasi apparatigacha boʻlgan yuqori darajadagi bir qator rahbarlar ongida eski andozalar va oʻziboʻlarchilik kayfiyati saqlanib qolganligi kabi obyektiv va subyektiv cheklovchi omillar hal qiluvchi taʼsir koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi islohotlar va investitsiyalar boʻyicha Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning 1999-yil 18-maydagi qarorlariga muvofiq hamda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, shu jumladan xorijiy sarmoya ishtirokida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha 1999-yil uchun belgilangan topshiriqlarni soʻzsiz bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son va “1999-2000-yillarda xususiylashtirishni chuqurlashtirish va davlat mulkini sotishdan davlat budjetiga mablagʻlar tushishini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qarorlarini bajarish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasi Komplekslari, tegishli vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar va birlashmalar rahbarlari korxonalarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish, aksiyalar paketlarini va korxonalarni xorijiy investorlarga sotish hamda xususiylashtirishdan olingan mablagʻlarning davlat budjetiga tushishi boʻyicha 1999-yilga belgilangan vazifalarning soʻzsiz bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan Hukumat qarorlarining bajarilishiga rahbarlar va mansabdor shaxslarning respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga doir faoliyati va masʼuliyatini baholovchi hamda ularning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini belgilovchi mezon deb qaralsin.
3. Aksiyalarning bir qismini yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qarorining 1-ilovasiga muvofiq xorijiy investorlarga sotish boʻyicha belgilangan topshiriqlar soʻzsiz bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi rahbarlariga, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar, shuningdek mazkur ilovada koʻrsatilgan korxonalar, birlashmalar va banklarning tegishli rahbarlariga yuklansin.
4. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolari oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasining sust ishlayotganligi, korxonalarni xususiylashtirish masalalarini hal etishda zarur tashabbus va tezkorlikning yoʻqligi qayd etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov tender savdolari oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasining faoliyati tartibi va yoʻnalishlarini oʻn kun muddatda tubdan qayta koʻrib chiqsin, bunda pirovard natijada xususiylashtirilayotgan korxonalar boʻyicha tender hujjatlari tayyorlash muddatlarini tezlashtirish, buning uchun nufuzli xorijiy baholash kompaniyalari va vositachilar jalb etilishini taʼminlash nazarda tutilsin.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son va 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qarorlarida nazarda tutilgan obyektlarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarishga oid masalalarni hal etish tezkorligini oshirish uchun tender savdolari oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasiga quyidagilar boʻyicha qoʻshimcha huquq va vakolatlar berilsin:
aksiyalar va xususiylashtirilayotgan korxonalarga talab mavjud boʻlmaganda va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq tegishli investitsiya majburiyatlariga ega boʻlgan aniq strategik investorlar mavjud boʻlganda taklif etilayotgan boshlangʻich narxni pasaytirish;
obyektlar va aksiyalarni ham EMVga, ham zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari yetkazib berish kabi haq toʻlashning turli shakllarida sotish, shuningdek, xorijiy sarmoyador tomonidan EMVda aniq investitsiya majburiyatlari qabul qilingan taqdirda milliy valyutaga sotish;
korxonalarni tayyorlash va chet elda sotish jarayoniga yirik xorijiy moliyaviy vositachilarni, baholash va auditorlik kompaniyalarini, reklama agentliklarini jalb etish, ular faoliyatiga xususiylashtiriladigan obyekt yoki aksiyalarni sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga haq toʻlanishi mumkin;
sansalorlik, buyruqbozlik, obyektlarni xususiylashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish muddatlarini choʻzib yuborish hollari hamda xorijiy sarmoyadorlarga korxonalar va aksiyalar sotishni tezlashtirish boʻyicha mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish.
Tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda, yuqorida qayd etilganlarni hisobga olgan holda, tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi yangi nizomni ikki hafta muddatda qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Davlat mulki qoʻmitasi rahbariyatiga Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son va 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qarorlarining, ayniqsa xususiylashtirish jarayoniga xorijiy sarmoyani jalb etishga doir qismining bajarilishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy ishlarning sustligi koʻrsatib oʻtilsin.
Davlat mulki qoʻmitasi rahbariyatining eʼtibori uning zimmasiga aksiyalar paketlarini va korxonalarni xorijiy sarmoyadorlarga sotish, valyuta resurslarini xususiylashtirishdan qoʻshimcha ravishda toʻldirish va davlat budjetiga mablagʻlar tushishini koʻpaytirish boʻyicha 1999-yil uchun belgilangan chora-tadbirlar dasturining soʻzsiz bajarilishi yuzasidan asosiy masʼuliyat yuklanganligiga qaratilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi davlat mulkini xorijiy sarmoyadorlarga sotishda aksiyalar va xususiylashtirilayotgan korxonalarning taklif etilgan boshlangʻich narxini tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan pasaytirish tartibini oʻn kun muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov 1999-yilning yanvar — aprel oylari yakunlari boʻyicha davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga doir ishlarning ahvolini mufassal koʻrib chiqsin va zarurat boʻlganda 1999-yilda aksiyalar paketlarini va korxonalarni sotishning belgilangan muddatlarini aniqlashtirsin.
1999-yil I yarim yillik yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi majlisida Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son va 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qarorlarining bajarilishi koʻrib chiqilsin, tegishli vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar, kompaniyalar va birlashmalar rahbarlari faoliyatiga qatʼiy baho berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi korxonalar aksiyalarini chiqarishga tayyorlash va joylashtirish, reklama faoliyati hamda davlat aktivlarini tender va tanlov boʻyicha sotishni tashkil qilishga doir ishlarni malakali darajada amalga oshirish uchun xoʻjalik hisobidagi “Davinkom” investitsiya firmasini tashkil etish toʻgʻrisida ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin. Bunda Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturlari boʻyicha, keyinchalik tender savdolari oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasiga kiritish uchun, xususiylashtirilayotgan korxonalar va aksiyalar narxlarini belgilash bilan bogʻliq sansalorlik, buyruqbozlik, masalalarni hal qilish muddatlarini choʻzish hollarini aniqlashni firma faoliyatining asosiy vazifalaridan biri sifatida nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda xususiylashtirish, qimmatli qogʻozlarni chiqarish va sotish bilan bogʻliq faoliyat koʻrsatayotgan tuzilmalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-noyabrdagi 512-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 21-son, 219-modda)
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-may,
258-son