Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-sonli “Firma nomlarini berish va ulardan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 46-moddasiga, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek yuridik shaxslarning nomlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Oʻzbekiston” rasmiy nomlaridan, shuningdek ulardan hosila soʻzlardan quyidagilar oʻz nomlari va ramzlarida foydalanish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyatini tashkil etish amalga oshiriladigan yuridik shaxslar, agar ularning nomlari tegishli hujjatlarda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarga tutilgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra tashkil etiladigan davlat unitar korxonalari hamda davlat organlari va respublika ahamiyatiga molik tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan davlat muassasalari.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 907-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son)
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari;
yuridik shaxslar respublika ahamiyatiga ega boʻlgan birlashmalari;
respublika nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek nomlarida bosh tashkilotning toʻliq nomi koʻrsatiladigan ularning alohida boʻlinmalari;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan murojaatlari asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar.
Ushbu band talablari davlatning boshqa tillardagi rasmiy nomidan foydalanishga ham tatbiq etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona davlat reyestriga kiritilgan yuridik shaxslarning nomlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
yuridik shaxslarni va nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini roʻyxatga olishda ushbu qaror talablariga qatʼiy amal qilsinlar.
3. Roʻyxatga oluvchi organlar rahbarlariga ushbu qaror talablariga soʻzsiz rioya qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila soʻzlarni qoʻshish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 11-oktabr,
286-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 42-son, 521-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son)