Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.06.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NOTARIAT FAOLIYATINI MABLAGʻ BILAN TAʼMINLAShNI TAKOMILLAShTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-iyundagi 104-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2010-yil 5-maydagi PF-4216-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Notariat faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashni takomillashtirish va notariuslarning moddiy manfaatdorligini oshirish hamda xususiy va davlat notariuslari faoliyat koʻrsatishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Notarial harakatlar sodir etilganligi uchun notarial idoralar tomonidan undiriladigan davlat bojining 15 foizi miqdoridagi ajratma toʻgʻridan toʻgʻribudjetdan mablagʻ bilan taʼminlash oʻrniga davlat notarial idoralari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash manbai etib belgilansin.
Bunda notarial harakatlar sodir etilganligi uchun undiriladigan davlat bojlari miqdori quyidagi tartibda:
70 foizi — mahalliy budjetlarga;
Oldingi tahrirga qarang.
15 foizi — Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirishga;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 7-8-son, 66-modda)
15 foizi — mablagʻlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining maxsus hisob raqamlariga toʻplash yoʻli bilan davlat notarial idoralari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashga taqsimlanadi.
2. Adliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat notarial idoralari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash tartibini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda xodimlarni sodir etilayotgan notarial harakatlar hajmiga va undiriladigan davlat bojlari miqdoriga qarab moddiy ragʻbatlantirish va davlat notarial idoralarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (A. Polvon-zoda):
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini shartnoma asosida axborot bilan taʼminlashni va ularning davlat notarial idoralari bilan oʻzaro aloqasini takomillashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarni oʻqitish va ularga metodik yordam berish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlarini kuchaytirsin;
joylarda davlat notarial idoralari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar notarial harakatlarni sodir etish uchun zarur boʻlgan huquqiy hujjatlardan va boshqa axborotdan foydalanadigan maʼlumotlarning elektron axborot bazalari barpo etilishini taʼminlasin;
davlat notarial idoralarining sonini, ularning shtatdagi xodimlari sonini maqbullashtirsin, tejalgan mablagʻlar notariuslarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilsin;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Azizov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-yanvar,
4-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 5-modda; 7-8-son, 66-modda)