Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.06.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
YaNGI TAShKIL ETILAYOTGAN XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR FAOLIYATI USTIDAN BANK VA SOLIQ NAZORATINI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini avj oldirish, ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati uchun real shart-sharoitlarga ega boʻlgan yangi tadbirkorlik tuzilmalari shakllantirilishini, shuningdek belgilangan hisob-kitob tartibiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1999-yilning 1-aprelidan boshlab yuridik shaxs huquqlariga ega yangi tashkil etilayotgan savdo va savdo-vositachilik korxonalarini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida, viloyatlar, shaharlar, tumanlarning hokimliklarida roʻyxatdan oʻtkazish va soliq organlarida hisobga qoʻyish ularda oʻzlarining ustav faoliyatiga mos keladigan savdo maydonlari, omborxonalari hamda asbob-uskunalari, shu jumladan, chakana savdo korxonalari uchun — nazorat-kassa apparatlari yoki ularni xarid qilishga yoxud ijaraga olishga mablagʻlari mavjud boʻlgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
Mazkur tartibga rioya qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek Davlat soliq qoʻmitasining Raisi va hududiy soliq organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi 2331-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 6-son, 155-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va mahalliy hokimiyat organlari davlat soliq xizmati organlarining taqdimnomasiga binoan, moliya-xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq pul operatsiyalarini bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirmayotgan yuridik shaxslarni belgilangan tartibda xoʻjalik yurituvchi subyektlar reyestridan chiqarsinlar.
4. Xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻzining yuridik manzilgohi oʻzgargani haqida roʻyxatga oluvchi organga va soliq xizmati organiga oʻn kun muddat ichida maʼlum qilmagan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyektning mansabdor shaxslariga soliq organlari tomonidan eng oz ish haqi miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha maʼmuriy jarima solinishi belgilab qoʻyilsin.
5. “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 9-avgustdagi PF-1504-son Farmonining 8-bandi savdo va savdo vositachilik korxonalari uchun oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni bajarish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 29-mart,
PF-2276-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 80-modda; 6-son, 155-modda)