|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.08.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
ALKOGOL VA TAMAKI MAHSULOTLARINING TARQATILISHI HAMDA ISTEʼMOL QILINISHINI CHEKLASH TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 27-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2023-yil 24-maydagi OʻRQ-844-sonli “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 26-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun fuqarolarning sogʻligʻini, avvalo, yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarning sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zararli taʼsiridan, shu bilan bogʻliq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga qaratilgandir.
2-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilik
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alkogol mahsuloti — konyak spirti yoki tozalangan etil spirtidan, vino materiallari va (yoki) tarkibida spirt boʻlgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, hajmidagi etil spirtining ulushi bir yarim foizdan ortiq boʻlgan oziq-ovqat mahsuloti;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi — alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq fuqarolar sogʻligʻiga, avvalo, yoshlar sogʻligʻiga, ularning jismoniy, maʼnaviy rivojlanishiga, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy negizlariga tahdidlarning hamda boshqa tahdidlarning oldini olishga va ularni kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy chora-tadbirlar hamda boshqa chora-tadbirlar majmui;
alkogolga qaramlik — alkogol mahsulotiga patologik ruju qoʻyish, alkogoldan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (surunkali alkogolizm);
tamaki mahsuloti — tamakidan yoki uning oʻrnini bosuvchi narsadan tayyorlangan har qanday mahsulot;
tamakiga qaramlik — tamaki mahsulotiga patologik ruju qoʻyish, nikotindan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (nikotinga qaramlik);
tibbiy ogohlantirish — alkogol mahsuloti idishining yorligʻida hamda tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) joylashtiriladigan, alkogol yoki tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisidagi axborot.
4-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
fuqarolar sogʻligʻini saqlash, alkogol, tamaki mahsulotlarining zararli taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;
fuqarolarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga, aholi, avvalo, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga, ularning sogʻligʻiga alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq tahdidlarning oldini olish hamda bunday tahdidlarni kamaytirishga qaratilgan profilaktika, maʼrifiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi sohasidagi davlat nazoratini taʼminlash, shuningdek bunday mahsulotlarning tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklashga, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasiga, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish;
alkogol va tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning samarali tizimini yaratish;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi, shuningdek alkogol va tamakiga qaramlik diagnostikasi hamda uni davolash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va isteʼmol qilinishini cheklash va ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan profilaktika, maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining keng ishtirok etishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish.
5-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat kafolatlari
Davlat Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan alkogol va tamaki mahsulotlarining inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizligini baholash qoidalari hamda tartib-taomillari belgilanishini va ularga rioya etilishini kafolatlaydi.
Davlat tarkibida inson hayoti va sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan moddalarning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp meʼyorlardan ortiq boʻlgan alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishini tartibga soladi, shuningdek bunday mahsulotlarning import qilinishini taqiqlab qoʻyadi.
Davlat alkogol va tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanilishini qonunchilik talablariga muvofiq taʼminlaydi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, taʼlim muassasalari va boshqa muassasalar alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi, jamoatchilik ongida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy hamda boshqa chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi.
2-bob. Davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi, shu sohaga doir davlat dasturlarini tasdiqlaydi va roʻyobga chiqaradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni kamaytirishga, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi va bunday nazoratni tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
joylarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining fuqarolar, ayniqsa, yigirma yoshga toʻlmagan shaxslar orasida isteʼmol qilinishini kamaytirishga, ularda yuksak ongni shakllantirish va jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan maʼrifiy, tarbiyaviy, tibbiy-sanitariya ishlarining taʼsirchanligini oshirishga doir chora-tadbirlarni va boshqa ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni oʻz ichiga oluvchi profilaktikaning samarali tizimi yaratilishi va faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (yangi tahriri) qarang.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi yagona davlat siyosatini, avvalo, sogʻlom turmush tarzi targʻibotini nazarda tutgan holda amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi bilimlarni aholi, avvalo, yoshlar oʻrtasida yoyishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining xavfsizligiga doir majburiy talablarga taalluqli boʻlgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni tashkil etishda hamda ularning bajarilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
fuqarolar sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiridan himoya qilish bilan bogʻliq profilaktika ishlarini tashkil etish hamda amalga oshirish masalalari borasida nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
alkogol va tamakiga qaramlikning diagnostikasi hamda uni davolashga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, ularga sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
alkogol idishining yorligʻida va tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) joylashtiriladigan tibbiy ogohlantirishlar, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylardagi ogohlantiruvchi yozuvlar matnlarining mazmunini koʻrib chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
alkogol va tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini taʼminlaydi, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlgan surunkali kasallanish hamda oʻlim holatlarining monitoringini amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zararli taʼsiri profilaktikasiga doir tadbirlarning samaradorligi monitoringini amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi xalqaro hamkorlik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamakiga qaramlikning profilaktikasi hamda uni davolash boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi masalalari boʻyicha umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, shuningdek oliy taʼlim muassasalari uchun oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
alkogol va tamakiga qaramlikning profilaktikasi, diagnostikasi hamda uni davolash sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsirini kamaytirish sohasidagi davlat dasturlarining roʻyobga chiqarilishida ishtirok etadi hamda hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va roʻyobga chiqarilishini tashkil qiladi;
aholi oʻrtasida, avvalo, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi bilimlarni yoyishga qaratilgan profilaktika tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining tegishli hududda ijro etilishini taʼminlaydi;
(9-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiridan fuqarolar sogʻligʻini himoya qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni taʼminlaydi;
alkogol va tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini moliyaviy, moddiy-texnikaviy, tashkiliy jihatdan taʼminlash masalalarini hal etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
10-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi ishtiroki
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning salbiy taʼsiri profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarining, hududiy va boshqa dasturlarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
aholi, avvalo, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisidagi bilimlarni yoyishga qaratilgan profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (yangi tahriri) qarang.
3-bob. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya hamda reklama qilishga doir faoliyatni tartibga solish
11-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish
Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(11-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 25-avgust PQ-1604-sonli qarori.
12-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining oʻralishiga, tamgʻalanishiga doir talablar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining oʻralishiga, tamgʻalanishiga doir talablar qonunchilikda nazarda tutilgan texnik reglamentlarga muvofiq belgilanadi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) tamaki mahsuloti qutisi (oʻrovi) old tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini va orqa tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish boʻlishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) inson sogʻligʻiga yetkaziladigan zararni kamaytirib koʻrsatuvchi, tamaki mahsulotining xususiyati haqida zararsiz mahsulot sifatida yoki tamaki mahsulotining boshqa namunalariga qaraganda zarari kamroq ekanligi toʻgʻrisida yolgʻon taassurot uygʻotadigan axborot joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
13-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini olib kirish hamda realizatsiya qilishga doir cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga alkogol mahsulotini polietilen, polistirol va boshqa polimer materialdan tayyorlangan polimer isteʼmol idishlarida olib kirish taqiqlanadi, bundan pivo va vino mahsulotlari mustasno.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini:
yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga;
taʼlim, sport muassasalari va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻylab ikki yuz metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlari tomonidan, bundan savdo obyekti umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo majmualarining (bozorlarning) va yarmarka pavilyonlarining hududida joylashgan hollar mustasno;
ular texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmasa;
(13-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
aksiz markalari bilan tamgʻalanmagan holda (pivodan tashqari) yoki qalbaki aksiz markalari bilan;
ularning ishlab chiqaruvchisini aniqlash imkonini beradigan tarzda aniq tamgʻalanmagan boʻlsa;
donalab, qutisiz (oʻrovsiz) holda — tamaki mahsulotiga nisbatan;
ularni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan, shuningdek pivo va pivo ichimliklarini (bundan tabiiy vino mustasno) ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisida vakolatli organni xabardor qilmagan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlsa;
(13-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
bunday mahsulotni yetkazib berish huquqiga ega boʻlmagan yoki yetkazib berishni qonunchilikni buzgan holda amalga oshirgan yetkazib beruvchidan olingan boʻlsa, realizatsiya qilish mumkin emas.
(13-modda ikkinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham cheklanishi mumkin.
(13-modda uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-noyabrdagi OʻRQ-584-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son)
14-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi shaxslarning javobgarligi
Alkogol va tamaki mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi shaxslar mazkur mahsulotlarni yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilganlik uchun javobgar boʻladi.
15-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylardagi ogohlantiruvchi yozuvlar
Alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylarda ularni yigirma yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarining inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuv joylashtirilgan boʻlishi kerak.
Qarang: “Alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (30.11.2016-yil, roʻyxat raqami 2840).
16-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazorati
Alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazorati vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan moddalarning yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp meʼyori
Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan moddalarning yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp meʼyorini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilaydi.
Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan moddalarning yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp meʼyorlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-bob. Fuqarolar sogʻligʻini alkogol va tamaki mahsulotlarining salbiy taʼsiridan saqlash boʻyicha chora-tadbirlar
18-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni reklama va targʻib qilishga yoʻl qoʻymaslik
Alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishni targʻib etish, yaʼni alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmol qilishni ragʻbatlantiruvchi, shaxsda ularni isteʼmol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi gʻoyalar, qarashlar hamda badiiy obrazlarni oshkora yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan xatti-harakatlar taqiqlanadi.
19-modda. Jamoat joylarida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik
Ish joylarida, koʻchalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bogʻlarida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mazkur qoida alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilish ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlariga, shuningdek toʻylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar oʻtkaziladigan joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ish joylarida, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sport-sogʻlomlashtirish muassasalarida, yongʻin chiqish xavfi boʻlgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, tamaki mahsulotini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno, shuningdek jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarang: “Alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (30.11.2016-yil, roʻyxat raqami 2840).
20-modda. Alkogol va tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish
Alkogolga qaram boʻlib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish, shuningdek ularni reabilitatsiya qilish yuzasidan yordam koʻrsatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(20-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tamakiga qaram boʻlib qolgan shaxslarga ularning xohishiga koʻra, sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklashga doir tadbirlarni moliyalashtirish
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash, ularning aholi sogʻligʻiga zararli taʼsirining profilaktikasi, oldini olish, bunday taʼsirni kamaytirishga doir tadbirlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(21-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Nizolarni hal etish
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(22-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
23-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(24-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2011-yil 7-oktabrdagi 194 (5361)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-oktabr,
OʻRQ-302-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 413-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)