|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ALKOGOLLI MAHSULOTLARGA VA TAMAKI MAHSULOTLARIGA YaNGI NAMUNADAGI AKSIZ MARKALARI JORIY ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qaroriga muvofiq hamda alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011-yil 1-apreldan boshlab alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, himoyaning qoʻshimcha darajalariga ega boʻlgan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilsin.
2. Belgilansinki, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻidagi alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab olti oy oʻtgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi:
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi toʻgʻrisidagi zarur axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar eʼtiboriga yetkazsinlar;
2011-yil 1-oktabrdan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda ulgurji va chakana savdo tarmogʻida mavjud boʻlganlarining sotilishini aniqlash hamda oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni olib qoʻyish yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi ishlab chiqaruvchi korxonalar va import qiluvchilarning yangi namunadagi aksiz markalari tayyorlashga buyurtmalari “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida oʻz vaqtida joylashtirilishini taʼminlasin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 16-fevral,
33-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 7-8-son, 57-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda)