Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2003 YILNING 1 MAYIDAN BOShLAB ISh HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA IJTIMOIY NAFAQALAR MIQDORINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 1-iyuldagi PF-3450-son “2004-yil 1-avgustdan ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisining turmush darajasini yanada oshirish va fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2003-yilning 1 mayidan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, oliy oʻquv yurtlari talabalarining, oʻrta maxsus, kasb-hunar bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari 1,20 baravar oshirilsin.
2. 2003-yilning 1 mayidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 5440 soʻm;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 10765 soʻm;
yagona tarif setkasi boʻyicha boshlangʻich (nulinchi) razryad — oyiga 5440 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 10765 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 6520 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqiga qoʻshiladigan ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek pensiyalar, ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolalik oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa toʻlovlar 2003-yil 1 maydan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot va muassasalar bilan birgalikda mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining mansab maoshlari miqdorini oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasinlar.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar respublika Davlat budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin.
6. Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mehnat sarfini kamaytirish, shuningdek joriy yilning 1-yanvaridan boshlab daromad (foyda)dan olinadigan soliq 24 foizdan 20 foizga, davlat ijtimoiy sugʻurtasiga majburiy ajratmalar mehnat haqi fondining 40 foizidan 37,2 foiziga kamaytirilganligi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlarni mana shu maqsadlarga yoʻnaltirish hisobidan 2003-yilning 1 mayidan boshlab ish haqini mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga muvofiq oshirsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 1-iyuldagi PF–3101-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 2-aprel,
PF-3231-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 57-modda)