Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.05.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT ShAHRIDAGI UY-JOY QURILIShINI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLAShNI KUChAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-maydagi PF-3613-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi Farmonlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va baʼzilariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining turar joy sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni mulk qilib sotib olishga boʻlgan ijtimoiy kafolatlar va huquqlarni kuchaytirish, fuqarolarning erkin pul mablagʻlarini uy-joy qurilishiga jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining, Davlat mulk qoʻmitasining, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining, Xalq bankining, “Oʻzsanoatqurilishbank”ning, “Toshkentuyjoyinvest-qurilish” korporatsiyasining Toshkent davlat-aksiyadorlik uy-joy-jamgʻarma banki — “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bankning ustav fondini 250 million soʻm miqdorida hosil qilish toʻgʻrisida muassislarning taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Toshkent shahrida uy-joy qurilishini pul bilan taʼminlash uchun fuqarolar va yuridik shaxslarning erkin mablagʻlarini jamlash;
uy-joy sotib olish huquqini beradigan nomlari koʻrsatilgan uy-joy obligatsiyalarini muomalaga chiqarish va ular bilan operatsiyalar oʻtkazish;
jismoniy va yuridik shaxslar topshirgan buyurtmalarga muvofiq uy-joylarni qurish va sotib olish boʻyicha buyurtmachi sifatida ish yuritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning mablagʻlarini maxsus uy-joy ssuda-jamgʻarma hisob-varaqalarida jamgʻarish hamda ularni muomalaga kiritish borasidagi ishlarni tashkil qilish;
uy-joylarni sotib olish hamda qurish uchun fuqarolarga va yuridik shaxslarga uzoq muddatli kreditlar berish;
uy-joylarni barpo etishga oid loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini oʻtkazishga mablagʻ sarflash;
fuqarolarga, uy-joy qurilish majmuiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga har tomonlama bank hamda valyuta-investitsiya xizmatini koʻrsatish;
uy-joy qurilishiga ajratilgan mablagʻlar aniq maqsad yoʻlida foydalanilishi, shuningdek pudrat qurilish tashkilotlari bilan hisob-kitoblar oʻz vaqtida oʻtkazilishi hamda berilgan kreditlar qaytarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash.
3. “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”ka tajriba tariqasida quyidagi huquq berilsin:
fuqarolar va yuridik shaxslarning buyurtmalariga muvofiq uy-joylarni bekami-koʻst koʻrib topshirish uchun buyurtmalarni tanlov asosida pudrat tashkilotlari oʻrtasida taqsimlash;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq, keyinchalik jismoniy va yuridik shaxslarga sotish uchun koʻchmas mulk bozoridan mavjud uy-joy fondini sotib olish, uni taʼmirlash borasidagi ishlarni amalga oshirish.
4. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilar “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”ning nomlari koʻrsatilgan uy-joy obligatsiyalari boʻyicha uy-joylarni sotib olish huquqiga egadirlar:
18 yoshga toʻlgan va Toshkent shahrida kamida 3 yil doimiy roʻyxatdan oʻtib istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslar — mahalla qoʻmitalari va tuman hokimliklarining tavsiyanomalari boʻyicha;
Toshkent shahrida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan barcha mulkchilik shaklidagi yuridik shaxslar oʻz xodimlari uchun — mehnat jamoalarining qarorlari boʻyicha.
5. Belgilab qoʻyilsinki, jismoniy shaxslar “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”ning uy-joy obligatsiyalari boʻyicha sotib oladigan uy-joy qiymatining 50 foizi davlat budjetining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Yuridik shaxslar bundan istisnodir.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” tomonidan mazkur shartlar asosida jismoniy shaxslarga beriladigan uy-joylarning taxmin qilinayotgan hajmlarini hisobga olgan holda ushbu bankka moliyalash hajmlarining 50 foizini aniq maqsad uchun ajratib bersin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” bilan birgalikda ushbu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlarni moliyalash Tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
6. “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” omonatchilariga quyidagi imtiyozlar berilsin:
jismoniy shaxslar nomi koʻrsatilgan uy-joy obligatsiyalarini sotib olishga va “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” kreditini toʻlashga sarflaydigan daromadining qismidan daromad soligʻi toʻlashdan;
yuridik shaxslar “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha oʻz xodimlari uchun uy-joy sotib olishga foydalanadigan daromad (foyda) qismidan daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan;
jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” tuzgan shartnomalar boʻyicha uy-joy qurilishi qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan;
“Toshkentuyjoyjamgʻarmabank” davlat tomonidan roʻyxatga olingan paytdan boshlab 5 yil mobaynida soliqlar toʻlashdan va qonunlarda belgilangan majburiy toʻlovlardan ozod qilinsinlar. Bunda boʻshab qolgan mablagʻlarni ustav fondini koʻpaytirishga, bankning moddiy texnika va resurs bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirish shart.
7. Shu narsa belgilab qoʻyilsinki, har bir jismoniy shaxs mazkur imtiyozlarni qoʻllangan holda faqat bitta kvartirani sotib olishi mumkin.
Uy-joy sotib olingan kundan boshlab 5 yil mobaynida u sotiladigan yoki boshqacha tarzda kimgadir topshiriladigan, ijaraga beriladigan hollarda, olingan kreditlar va tegishli imtiyozlar hamda soliqlar uy-joy sotilgan yoki kimgadir topshirilgan kuni amalda boʻlgan stavkalar boʻyicha toʻliq miqdorda toʻlanadi.
8. Belgilab qoʻyilsinki, uy-joy qurilishi va uni sotib olish uchun shartnomalarni tuzish chogʻida “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”ning nomlari koʻrsatilgan uy-joy obligatsiyalarining dastlabki turkumi:
jismoniy shaxslar uchun — sotib olinishi taxmin qilinayotgan uy-joy maydonining kamida 20 foiziga;
oʻz xodimlariga uy-joy sotib oluvchi yuridik shaxslar uchun — uy-joy maydonining kamida 50 foiziga muvofiq boʻlishi kerak.
Uy-joy qiymatining qolgan qismiga “Toshkentuyjoyjamgʻarmabank”:
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 24-martdagi 1739-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 87-modda)
yuridik shaxslarga — amaldagi takror moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida bir yilgacha muddat bilan qisqa muddatli kredit bersin.
9. Jismoniy shaxs uy-joy sotib olish va qurish uchun olgan kreditini muddatidan ilgari toʻlagan taqdirda belgilangan imtiyozli foiz stavkalari uch yilgacha boʻlsa — 50 foizga, besh yilgacha boʻlsa — 30 foizga kamaytiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat sugʻurtasi bosh boshqarmasining uy-joy qurilishi uchun moʻljallangan fuqarolarning aniq maqsad yoʻlidagi barcha omonatlari jamiki tavakkalchiliklardan imtiyozli shartlar bilan sugʻurtalanishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda mazkur Farmon qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid takliflarni taqdim etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 31-yanvar,
PF-1366-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 1-2-son, 9-modda; 1997-y., 3-son, 87-modda)