Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.08.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH, SHUNINGDEK BAʼZILARINI OʻZ KUCHINI YOʻQOTGAN DEB HISOBLASH TOʻGʻRISIDA (“ADLIYA ORGANLARI VA MUASSASALARI FAOLIYATI TAKOMILLASHTIRILISHI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA” OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2010-YIL 14-SENTABRDAGI OʻRQ-255-SONLI QONUNI)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-avgustdagi 456-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mehnat kodeksiga va “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-255-sonli Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 18-yanvardagi 26-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 1-son, 4-modda) bilan tasdiqlangan Notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar roʻyxatiga quyidagi mazmundagi XII boʻlim qoʻshilsin:
“XII. Xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha qarzni undirish
16. Xodimning zararni boʻlib-boʻlib toʻlagan holda uni ixtiyoriy qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyati.
Ijro xati olish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
a) xodimning toʻlovning aniq muddatlari koʻrsatilgan zararni ixtiyoriy qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyatining asl nusxasi;
b) yetkazilgan zararning toʻlanmagan qismi miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar;
v) oʻzi yetkazgan zararni qoplashdan bosh tortgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning nusxasi;
g) qarzdorning ogohlantirishni olganligi toʻgʻrisidagi tilxati bilan birga qarzni toʻlash haqida qarzdorga berilgan ogohlantirish xatining nusxasi”.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berish va litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 1997-yil 10-martdagi 126-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1997-yil 7-avgustdagi 392-son qaroriga ilovaning 11-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.A. Muhitdinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-dekabr,
280-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 49-son, 452-modda)