Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QISHLOQ XOʻJALIGIDA ISLOHOTLARNI CHUQURLASHTIRISHNING ENG MUHIM YOʻNALISHLARI TOʻGʻRISIDA
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloqda ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirish, qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishini boshqarishning bozor tamoyillariga mos keladigan tashkiliy tuzilmasini tadbiq etish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mustaqilligini kengaytirish hamda ularning ishonchli huquqiy muhofazasini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar qishloq xoʻjaligida mulkchilik shakllarini oʻzgartirish va ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlari etib belgilansin:
sugʻorma dehqonchilik hamda sugʻoriladigan ekin maydonlari cheklanganligi sharoitida mulkchilikning ijara shakllari va shartnomaviy munosabatlarga asoslangan xoʻjalik yuritish tizimini rivojlantirish;
qishloqda asosiy ishlab chiqarish boʻgʻini hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini puxta taʼminlashga qaratilgan iqtisodiy va huquqiy shart-sharoit yaratish, tayyorlov, qayta ishlash korxonalari, moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar, moliya-bank muassasalar hamda boshqa xizmat koʻrsatish tashkilotlari faoliyatini ushbu maqsadga boʻysundirish;
xoʻjalik yuritishning shirkat, fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkiliy-huquqiy shakllarini saqlab qolish, istiqbolda asosiy qishloq xoʻjalik mahsuloti ishlab chiqaruvchi subyekt boʻlib qoladigan fermer xoʻjaliklarini rivojlantirishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilash.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, bunda:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining takliflariga muvofiq qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini umumlashtirish asosida joriy yilga paxta va don yetishtirish prognoz koʻrsatkichlari respublika va mintaqalar darajasida belgilanadi;
b) qishloq xoʻjalik tovar ishlab chiqaruvchilari xoʻjaliklarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda va tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga asosan qishloq xoʻjalik ekinlarini mustaqil ravishda joylashtiradilar;
v) xoʻjaliklar oʻz mehnati natijalarini, shu jumladan yetishtirilgan mahsulotni, oʻzlariga tegishli mol-mulk, moliyaviy va moddiy resurslarni oʻz xohishiga koʻra tasarruf etadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi bir oy muddatda Farmonning mazkur bandidan kelib chiqqan holda amaldagi barcha nizom va meʼyorlarni qayta koʻrib chiqsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish munosabatlarining asosiy shakli sifatida ijara munosabatlari keng rivojlanishini taʼminlasinlar. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2004-yildan boshlab barcha shirkat va fermer xoʻjaliklarini qishloq xoʻjalik ekinzorlaridan foydalanishning ijara shakliga oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari fermer xoʻjaliklari tuzish hamda ular faoliyatini tashkil qilish jarayonida quyidagi prinsipial qoidalarga amal qilsinlar:
fermer xoʻjaliklari, qoida tariqasida, tugatiladigan zarar bilan ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz shirkatlar negizida barpo etiladi;
fermer xoʻjaligi yuridik shaxs sifatida, asosan xususiy korxona shaklida, keyinchalik ular turli shakldagi kooperatsiyalarga birlashish huquqi bilan barpo qilinadi;
yer maydonlari fermerlarga tanlov asosida ellik yilgacha uzoq muddatli asosda, ijara muddati davomida meros qilib qoldirish huquqi bilan ijaraga foydalanish uchun beriladi;
fermer xoʻjaliklariga berilgan yer maydonlari shirkat xoʻjaliklarining balansidan chiqariladi;
fermer xoʻjaliklarini shakllantirish uchun yer maydonlari berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida Nizom bilan belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida nizomga qarang.
yetishtiriladigan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish hamda moddiy-texnika resurslari va xizmatlarni olish uchun shartnomalarni faqat fermer xoʻjaliklarining oʻzlari tayyorlov, qayta ishlash hamda xizmat koʻrsatish korxonalari va tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzadilar;
fermer bilan yollanma xodimlar, shu jumladan oila aʼzolari oʻrtasidagi mehnat munosabatlari amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomalariga asoslandi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birga ikki oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqib, tasdiqlasin:
mahalliy sharoitlarni, qishloq xoʻjalik yerlari, mehnat resurslari mavjudligini hamda shirkatlarni qayta tashkil etish natijasida boʻshab qoladigan xodimlarni ish bilan taʼminlash istiqbollarini chuqur tahlil etish asosida viloyat va tumanlar boʻyicha yaqin yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish Konsepsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan 2004—2006-yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturiga qarang.
2003—2005-yillarda qishloqda zamonaviy bozor infratuzilmasini kompleks rivojlantirish Dasturi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan 2004—2006-yillarda qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-avgustdagi PF-5134-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchinin yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 32-son, 793-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-avgustdagi PF-5134-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchinin yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 32-son, 793-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda tegishli tashkilotlar bilan birga quyidagilarni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin:
qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning viloyat va tuman boʻlinmalari toʻgʻrisidagi yangi nizomlar;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-sonli “Maʼmuriy islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori.
fermer xoʻjaligi va qishloq xoʻjalik kooperativ (shirkat)ning yangi namunaviy ustavlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Fermer xoʻjaligining namunaviy ustaviga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 5-noyabrdagi 486-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi)ning namunaviy ustaviga qarang.
Ushbu nizomlarni tayyorlash chogʻida qishloq xoʻjalik korxonalarining mustaqilligini kengaytirish, har bir boshqaruv va xoʻjalik yuritish subyektining vazifa hamda majburiyatlari aniq chegaralab qoʻyilishi, shirkat xoʻjaliklarida kadrlar masalalarini hal etishning demokratik shakllari, qishloq xoʻjalik tovar ishlab chiqaruvchilarining joriy faoliyatiga maʼmuriy aralashuvga barham berish koʻzda tutilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qishloq xoʻjalik mahsulotlari, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnomalarni qayta ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda yangi namunaviy shartnomalarni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Mazkur shartnomalarda quyidagilar koʻzda tutilsin:
asosiy qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtiruvchining tayyorlov, qayta ishlash va xizmat koʻrsatish tashkilotlari bilan ishlab chiqarish munosabatlarida ustuvor mavqeyi;
tomonlarning huquq va oʻzaro majburiyatlarini aniq belgilash;
mahsulot yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmat koʻrsatish hamda shartnomalar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarning tartibi va aniq muddatlarini belgilash;
shartnomaviy munosabatlar mazmuni va mohiyatini bosh vazifa — asosiy mahsulot hisoblangan paxta tolasi, don va boshqa mahsulotlarni eng kam sarf-xarajat bilan yetishtirish vazifasiga erishishga boʻysundirish;
shartnoma majburiyatlarining ijrosi uchun tomonlarning javobgarligini aniq belgilab qoʻyish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Namunaviy kontraktatsiya va Moddiy-texnika resurslari yetkazib berishga Namunaviy shartnomalariga qarang.
Mazkur shartnomalar agrotexnika tadbirlari amalga oshirila boshlashidan kechi bilan 1 oy oldin tuzilishi lozimligi belgilab qoʻyilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
qishloq xoʻjaligida shartnomalar tuzish va ularni bajarish chogʻida belgilangan norma hamda talablarga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rioya etishlari ustidan muntazam nazorat oʻrnatsin;
bir oy muddatda, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi bilan birgalikda respublika mintaqalarida qishloq xoʻjalik tovar ishlab chiqaruvchilarining shartnomaviy oʻzaro munosabatlardan kelib chiqadigan manfaatlari ishonchli himoya etilishini taʼminlaydigan huquqiy institutlarning rivojlangan tizimini shakllantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda qishloq xoʻjalik korxonalari faoliyatini baholashda statistik va moliyaviy koʻrsatkichlarning amaldagi tizimini oʻrgansinlar hamda ana shu asosda ularni tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritsinlar va bunda bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq ularni qisqartirish hamda yagona hisobot tizimini yaratishni koʻzda tutsinlar.
Ayni chogʻda vazirliklar va idoralar tomonidan barcha boshqaruv pogʻonalarida qoʻshimcha hisobot shakllari joriy etilishiga yoʻl qoʻyilmasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va N.S. Yusupov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 24-mart,
PF-3226-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 55-modda; 2017-y., 32-son, 793-modda)