Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FARGʻONA NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODINI REKONSTRUKSIYA QILISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jahon standartlari darajasidagi toza neft mahsulotlarining sifatli boʻlishini taʼminlash, ularning ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida zamonaviy xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish va ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasining dizel yonilgʻisini gidrotozalash va aminotozalash hamda oltingugurt olish qurilmalari qurilishini oʻz ichiga oluvchi Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini 1997—1999-yillarda rekonstruksiya qilish, shuningdek ishlab turgan qurilmalarni modernizatsiyalash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasiga mazkur loyiha boʻyicha “Mitsui” (Yaponiya) firmasi bilan bazaviy va batafsil loyihalash, asbob-uskunalar va materiallar yetkazib berish, qurish, ishga tushirishdan oldingi ishlarga, ishga tushirish va ishga tushirish-sozlash ishlariga texnik rahbarlik qilish yuzasidan moliyaviy taʼminlash xarajatlarini hisobga olmagan holda 9895 mln. yapon iyeni va 75,89 mln. AQSH dollaridan oshmaydigan summaga foydalanishga tayyor holda topshirish sharti bilan kontrakt tuzishga ruxsat etilsin.
3. “Oʻzneftqaytaishlash” davlat ishlab chiqarish birlashmasi loyihaning bosh buyurtmachisi etib belgilansin.
4. Ushbu loyihani moliyaviy taʼminlash Yaponiyaning Eksport-import banki hamda Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki tomonidan beriladigan kreditlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasiga beriladigan kredit hisobiga amalga oshirilsin.
Kreditlarni uzish “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi mablagʻlari hisobidan, kredit bitimlarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilsin.
5. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Yaponiyaning Eksport-import banki bilan kredit bitimini ishlab chiqishni tugallasin va kredit bitimi tuzsin;
olingan kredit buyurtmachiga belgilangan tartibda qayta moliyalashtirilishini taʼminlasin.
6. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda ikki oy muddatda Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki bilan kredit bitimini ishlab chiqishni tugallasin hamda kredit bitimi tuzsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Yaponiyaning Eksport-import bankiga va Yevropa qayta qurish va taraqqiyot bankkiga mazkur loyiha uchun jalb qilinayotgan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini berishga vakil qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlariga oid yuridik xulosalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
10. Mazkur loyiha boʻyicha “Mitsui” firmasi va uning xorijiy subpudratchilari kontraktni amalga oshirishning butun davrida:
barcha soliqlar va boj poshlinalari, shu jumladan kontraktni amalga oshirish bilan bogʻliq qurilishlar uchun jalb qilingan vositalarni keltirish va qaytarib olib ketishda soliqlar va poshlinalar;
“Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasining buyurtmanomalari boʻyicha yakka tartibda va guruh boʻlib keluvchi xodimlarning viza hujjatlarini rasmiylashtirganlik uchun konsullik yigʻimlari;
Oʻzbekiston Respublikasidagi turar joyda roʻyxatga olinganlik uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi va “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi, “Mitsui” firmasi yoki uning mazkur loyiha boʻyicha subpudratchilari buyurtmanomalari boʻyicha kelayotgan asbob-uskunalar va materiallar, shu jumladan, qurilish uchun asbob-uskunalar va materiallar uchun bojxona hujjatlarining oʻz vaqtida (uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda) rasmiylashtirilishini va ularning belgilangan joyga toʻsiqsiz olib kelinishini taʼminlasinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan “Mitsui” firmasi bilan, uning mazkur loyiha boʻyicha xorijiy pudratchilari va subpudratchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktlar boʻyicha erkin almashtiriladigan valyutada haq toʻlanadigan yetkazib berilgan mahsulotlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar hajmlari, koʻrsatib oʻtilgan yetkazib berilgan mahsulotlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar hajmlarini qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etgan holda, eksport sifatida hisoblansin.
13. “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning kompleks sugʻurtaviy himoyalanishini taʼminlashda koʻmaklashsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Q.J. Haqqulov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-noyabr,
397-son