|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
KOREYA RESPUBLIKASI HUKUMATINING GRANT MABLAGʻLARINI JALB ETGAN HOLDA ILMIY-TEXNIKA ADABIYOTLARI ELEKTRON KUTUBXONASINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida elektron axborot-kutubxona resurslarini yaratish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-texnika adabiyotlarining elektron manbalarini shakllantirish va toʻplashning zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etish hamda respublika fuqarolarining undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan 2008-2009-yillar mobaynida ilmiy-texnika adabiyotlari elektron kutubxonasini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga jami 2 mln. AQSH dollari miqdorida grant mablagʻlari berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Belgilansinki, Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablagʻlari doirasida olib kelinadigan uskunalar va materiallar, shuningdek koʻrsatiladigan texnik yordam Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi negizida ilmiy-texnika adabiyotlari elektron kutubxonasini tashkil etishga yoʻnaltiriladi.
2. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi mazkur grant mablagʻlarini olish uchun barcha zarur tartib-qoidalarni Koreya tomoni bilan kelishib olingan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga Koreya Respublikasi tomonidan berilgan grant mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish vazifasi;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi zimmasiga loyihani samarali amalga oshirish, grant mablagʻlari doirasida olib kelinadigan uskunalar va materiallardan maqsadli foydalanish masʼuliyati yuklansin.
4. Grant mablagʻlari hisobidan Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi negizida ilmiy-texnika adabiyotlari elektron kutubxonasini tashkil etish loyihasi boʻyicha:
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi — buyurtmachi etib;
“Aloqaloyiha” loyihalashtirish instituti — bosh loyihalashtiruvchi etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki — grant mablagʻlari hisobidan hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshiruvchi bank etib belgilansin.
5. Ilmiy-texnika adabiyotlari elektron kutubxonasini tashkil etish uchun Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablagʻlari hisobidan olib kelinadigan uskunalar va materiallar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK mazkur grant doirasida olib kelinadigan uskunalar va materiallarni aeroportlarda hamda temir yoʻl stansiyalarida yigʻimlar undirib olinmagan holda yuklarni topshirish ishlari amalga oshirilishi hamda saqlanishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi talabnomalariga koʻra, loyihaning xorijiy qatnashchilariga koʻp martalik vizalar berish va muddatini uzaytirish, shuningdek ularning istiqomat joyida vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2010-yildan boshlab Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga grant doirasida olib kelinadigan jihozlarga texnik xizmat koʻrsatish uchun budjetdan ajratib beriladigan mablagʻlar chegarasidagi xarajatlarni nazarda tutsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 26-avgust,
PQ-952-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 35-36-son, 345-modda)