Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“FUQAROLARNING OʻZINI OʻZI BOShQARISh ORGANLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 1999-yil 14-aprelda yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan amalda oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalga kiritilsin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni “Xalq soʻzi” gazetasining 1993-yil 21-sentabrdagi 184 (679)-sonida eʼlon qilingan.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi Hukumat qarorlarini “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirsin.
3. Tumanlar va shaharlarning hokimlari joriy yilning 1-dekabrigacha oʻzini oʻzi boshqarish organlari amal qiladigan hududlarning tegralarini belgilab olsinlar hamda yigʻinlarning raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini oʻtkazsinlar.
4. Oʻzini oʻzi boshqarish organlari amal qiladigan hududlarning tegralari aniqlangunga hamda yigʻinlarning raislari (oqsoqollari) Qonunda belgilangan tartibda saylangunga qadar ularning vazifalarini bajarib turish xalq deputatlari shaharcha, qishloq va ovul Kengashlarining raislari zimmasiga, mahallalarda esa — mahalla qoʻmitalarining raislari zimmasiga yuklatilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida”gi Kodeksi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq holga keltirgunga qadar ilgari xalq deputatlari tuman, shahar, shahardagi tuman, shaharcha, qishloq, ovul Kengashlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi maʼmuriy komissiyalar ixtiyoriga berilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlari tegishli ravishda tuman, shahar hokimliklari va shaharcha, qishloq, ovul oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi maʼmuriy komissiyalar koʻrib chiqiladi.
6. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
1980-yil 14-marta qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari posyolka Soveti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1980-yil, № 9, 108-modda);
1980-yil 14-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari qishloq Soveti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1980-yil, № 9, 109-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi shaharlari, posyolkalari va qishloqlaridagi mahalla (kvartal) komitetlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Rayosatining 1983-yil 4-iyuldagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1983-yil, № 20, 330-modda);
Oʻzbekiston Respublikasida grajdanlarning istiqomat joylaridagi umumiy yigʻilishlari, yigʻinlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Rayosatining 1988-yil 30-noyabrdagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1988-yil, № 34, 398-modda).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
916-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 323-modda)