Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
KINEMATOGRAFIYA SOHASIDA BOSHQARISHNI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizda erkin demokratik jamiyat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yutuqlarni, milliy istiqlol g‘oyasining mazmun-mohiyatini kino san’ati vositasida badiiy aks ettirish, kinematografiya sohasining xalqimiz hayotidagi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, g‘oyaviy-badiiy saviyasini oshirish, uni hozirgi zamon talablari asosida yanada takomillashtirish maqsadida:
1. “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston kinoarboblari birlashmasi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashining “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini “O‘zbekkino” Milliy agentligi etib qayta tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar “O‘zbekkino” Milliy agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
kino san’atining milliy madaniyatni rivojlantirish, jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda, bu sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
kino san’atida, kino-videofaoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxona va kinostudiyalarni, ijodiy jamoalarni qullab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
milliy kino san’atining eng yaxshi an’analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iqtidorli yosh kinematografchilarni tarbiyalash, ularning ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat filmlar fondi faoliyatini bugungi kun talablari negizida tashkil etish;
kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar tashkil etish orqali takomillashtirish va qayta texnik jihozlash, aholiga kino-video xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish;
mualliflik huquqlari himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga, ulardan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi zarur choralar ko‘rish;
import va eksport qilinadigan kino va video mahsulotlariga ekspert bahosi berilishini amalga oshirish, respublika hududida kino va videofilmlar ko‘rsatish va ulardan texnik jihatdan foydalanishning qoidalarini belgilash;
kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va kino ijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san’atini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish.
3. “Qoraqalpoqkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Qoraqalpoqkino” agentligi etib hamda “Kino-video” hududiy aksiyadorlik birlashmalari “O‘zbekkino” Milliy agentligi tegishli hududiy bo‘limlari etib qayta tashkil qilinsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
kino va videomahsulotlarini ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va prokat bo‘yicha faoliyat turlariga litsenziyalar berish, ularning amal qilishini tugatish va bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlar Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashining xulosasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi;
“O‘zbekkino” Milliy agentligi Vazirlar Mahkamasining litsenziyalash sohasidagi ishchi organi vazifasini bajaradi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 29-apreldagi “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-1427-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida mazkur Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-sonli ““O‘zbekkino” milliy agentligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 16-mart,
PF-3407-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 11-son, 126-modda)