Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.01.2021
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
KONSESSIYALAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-yanvardagi OʻRQ-669-sonli “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Konsessiya tushunchasi
Konsessiya chet ellik investorga xoʻjalik faoliyatining muayyan turi bilan shugʻullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma boʻlib, bu faoliyatni amalga oshirish uchun davlat chet ellik investorga konsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, yer va yer osti uchastkalarini topshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 2-bandining oʻn uchinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizom 2-bandining sakkizinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 2-bandining sakkizinchi xatboshisi.
2-modda. Konsessiyachilik faoliyatini qonunlar bilan tartibga solish
Konsessiyachilik faoliyatida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar ushbu Qonun bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida konsessiyachilik faoliyati jarayonida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Konsessiyachilik faoliyatining asosi
Oʻzbekiston Respublikasida konsessiyachilik faoliyati quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
oʻzaro foydalilik;
konsessiyachilarni tanlov, auksion asosida ajratib olish;
konsessiyachining Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq olib borayotgan xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslik;
mehnatni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni himoyalash, ekologiya va sanitariya-gigiyena xavfsizligi sohalarida Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan qonun hujjatlariga rioya etish;
agar Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda oʻzgacha shartlar nazarda tutilgan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasida amal qilib turgan standartlar va normativ hujjatlarga mos keladigan mahsulot ishlab chiqarilishini taʼminlash.
4-modda. Konsessiya obyektlari
Chet ellik investorga mol-mulkni, yer va yer osti uchastkalarini berib qoʻyish bilan bogʻliq boʻlgan xoʻjalik faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlab qoʻyilmagan ayrim turlari konsessiya obyektlari boʻladi.
5-modda. Konsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlari
Quyidagilar konsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlaridir:
konsessiya organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakil qilgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari;
konsessiyachi — konsessiya shartnomasi tuzilgan chet ellik investor.
6-modda. Konsessiyachilik faoliyatida mulkchilik munosabatlari
Davlat konsessiyachiga konsessiyachilik faoliyati bilan bogʻliq mol-mulkka, yer va yer osti uchastkalariga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqini berib, ularni tasarruf etishdan iborat alohida huquqni oʻzida saqlab qoladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 88-bandining oltinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 91-bandining oltinchi xatboshisi.
Konsessiyachining konsessiyachilik faoliyati natijasida olgan mahsuloti va daromadlari konsessiya shartnomasida belgilab qoʻyilgan hajmda uning mulkidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 88-bandining yettinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 91-bandining yettinchi xatboshisi.
Oʻzbekiston Respublikasi konsessiyachidan mahsulot olishda ustun huquqqa ega.
II. DAVLAT HOKIMIYATI VA BOShQARUVI ORGANLARINING KONSESSIYA MUNOSABATLARINI TARTIBGA SOLIShDAGI VAKOLATLARI
7-modda. Konsessiya munosabatlari sohasida davlat boshqaruvi
Konsessiya munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvini Vazirlar Mahkamasi, tegishli vakolat olgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar Vazirlar Mahkamasi ixtiyorida boʻladi:
konsessiyachilik faoliyatining ustun yoʻnalishlari dasturlarini ishlab chiqish;
konsessiya berish uchun tanlovlar hamda auksionlar oʻtkazish tartibi va shartlarini belgilash;
konsessiya loyihalari va dasturlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartibini belgilash;
konsessiya shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilash;
konsessiyaga berilmaydigan yoki konsessiyaga berish cheklanadigan obyektlar roʻyxatini belgilash;
konsessiya shartnomalarining shartlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish;
konsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-apreldagi PF-2598-son “Neft va gaz konlarini razvedka qilish hamda ularni qazib chiqarishga bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni 8-bandining uchinchi xatboshisi.
9-modda. Vakolat olgan davlat boshqaruvi organining huquqlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar vakolat olgan davlat boshqaruvi organining ixtiyorida boʻladi:
tanlovlar va auksionlar tashkil etish hamda ularni oʻtkazish;
oʻziga berilgan vakolatlar doirasida konsessiya shartnomalarini tuzish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qilish.
10-modda. Joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlari
Konsessiya munosabatlari sohasida quyidagilar joylardagi davlat hokimiyati organlarining ixtiyorida boʻladi:
konsessiya shartnomalari tuzilishi mumkin boʻlgan oʻz ixtiyorlaridagi obyektlarni aniqlash;
oʻz ixtiyorlaridagi obyektlar boʻyicha tanlovlar va auksionlar tashkil etish hamda ularni oʻtkazish;
oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida konsessiya shartnomalari tuzish, shuningdek oʻzlariga qarashli hududlardagi obyektlar boʻyicha boshqa konsessiya shartnomalarining shartlarini kelishish;
konsessiya munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni qonun hujjatlariga muvofiq hal qilish.
III. KONSESSIYALAR BERISh TARTIBI VA ShARTLARI
11-modda. Konsessiya xususida takliflar tayyorlash
Konsessiya xususidagi takliflar konsessiya organlari tomonidan konsessiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi uchun muhimligiga hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligiga qarab tayyorlanadi va faoliyat turini aniqlashni hamda beriladigan mol-mulkning roʻyxatini oʻz ichiga oladi.
12-modda. Konsessiyalarni berish tartibi
Konsessiyalar tanlov, auksionlar asosida beriladi. Istisno tarzida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, konsessiyalar konsessiya organi bilan potensial investor oʻrtasida bevosita muzokaralar olib borish asosida beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 43-bandi.
Konsessiyalar berishning tanlov yoki auksion usulini konsessiya organi tanlaydi.
13-modda. Tanlov, auksionlar tashkil etish va konsessiya shartnomalari tuzish
Konsessiya boʻyicha tanlov, auksion oʻtkazilishi haqidagi xabar uch oy oldin, alohida hollarda esa besh oy oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinib, ularni oʻtkazish vaqti va joyi, shuningdek buyurtmanomalar berish muddati koʻrsatiladi.
Tanlovda, auksionda qatnashish uchun buyurtmanomalar potensial konsessiyachilar tomonidan konsessiya organiga yuboriladi.
Konsessiya shartnomasi chet ellik investor bilan tegishli konsessiya organi oʻrtasida tuziladi va roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 88-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 40-bandi.
14-modda. Tanlovda, auksionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilishni rad etish
Tanlovda va (yoki) auksionda qatnashish haqidagi buyurtmanomani qabul qilish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
konsessiya berish haqidagi buyurtmanomani belgilangan talablarni buzgan holda taqdim etish;
buyurtmachi oʻzining moliyaviy va texnik imkoniyatlari toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etishi.
15-modda. Konsessiya shartnomalarining mazmuni
Konsessiya shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
shartnoma nimaga tegishliligi, berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati;
er va yer osti uchastkalarining makon chegaralari;
konsessiya shartnomasining amal qilish va ishlarning boshlanish muddatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
belgilangan soliqlar va boshqa toʻlovlarning miqdori, ularni toʻlash tartibi, muddatlari;
har yilgi investitsiyalarning qatʼiy belgilab qoʻyilgan miqdori hamda ularni solish muddatlari, shuningdek ishlab chiqilgan biznes-rejaga muvofiq chiqariladigan mahsulot hajmi;
atrof muhitni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borish talablari;
konsessiyachilik faoliyati jarayonida olinadigan axborot borasida tomonlarning haq-huquqlari;
xodimlar yollash, oʻqitish va ish oʻrgatish hamda ularni sugʻurtalashning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan shartlari;
mol-mulk, yer va yer osti uchastkalarini bosqichma-bosqich qaytarib berish tartibi va shartlari;
favqulodda va oldini olib boʻlmaydigan hodisalarning yuridik, iqtisodiy hamda tashkiliy oqibatlari;
nizolarni hal qilish tartibi, shartnoma shartlarini buzganlik uchun tomonlarning javobgarligi;
tomonlarning moliyaviy kafolatlari, yuridik manzillari hamda bank rekvizitlari;
konsessiya shartnomasini oʻzgartirish va toʻxtatish shartlari.
Konsessiya shartnomasiga amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 41-bandi.
16-modda. Konsessiyachining toʻlovlari
Konsessiyachi quyidagilarni toʻlaydi:
konsessiya shartnomasini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun haq;
konsessiya uchun konsessiya shartnomasida belgilangan tartibda haq;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan soliqlar va boshqa toʻlovlar.
17-modda. Konsessiya shartnomasining amal qilish muddati
Konsessiya shartnomasi oʻn besh yilgacha muddatga tuziladi. Zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq shartnoma uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-apreldagi PF2598-son “Neft va gaz konlarini razvedka qilish hamda ularni qazib chiqarishga bevosita xorijiy sarmoyalarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 2-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3561-son “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 8-bandining yettinchi xatboshisi, 88-bandning ikkinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PQ-3892-son “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 7-bandining oltinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 12-bandining beshinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizom 91-bandining ikkinchi xatboshisi.
18-modda. Konsessiya shartnomalarini oʻzgartirish va bekor qilish
Konsessiya shartnomasi shartlarini oʻzgartirishga shartnomada belgilangan tartibda yoki tomonlarning kelishuviga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 47-bandi.
Konsessiya shartnomasi tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq yoki tomonlardan biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda sud qaroriga muvofiq, shuningdek konsessiyachi shartnoma tuzish chogʻida taqdim etgan maʼlumotlar notoʻgʻri ekanligi maʼlum boʻlib qolgan taqdirda konsessiya organi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 48-bandi.
Konsessiya shartnomasi Davlat reyestridan chiqarib tashlangan paytdan boshlab toʻxtatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori bilan tasdiqlangan “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 49-bandi.
19-modda. Konsessiya shartnomalari boʻyicha huquqlar va majburiyatlarning uchinchi shaxslarga oʻtishi
Konsessiya shartnomasi tomonlaridan biri qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquqlari va majburiyatlari, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki shartnoma shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uning huquqiy vorislariga oʻtadi.
Konsessiyachining huquqlarini, konsessiya shartnomasi obyektining hammasini yoki bir qismini uchinchi shaxslarga berish konsessiya organining roziligi bilan amalga oshiriladi.
20-modda. Sugʻurta
Konsessiyachi konsessiya shartnomalari bilan bogʻliq tavakkalchilikni, konsessiyachilik faoliyatini va oʻz xodimlarini mustaqil sugʻurta qiladi.
IV. KONSESSIYAChINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
21-modda. Konsessiyachining huquqlari
Konsessiyachi quyidagi huquqlarga ega:
ajratilgan yer uchastkasidan, suv resurslaridan, energiya manbalaridan, muhandislik kommunikatsiyalaridan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish, foydalanilayotgan hududda binolar, inshootlar, shoxobcha yoʻllar, shosselar, telegraf va telefon aloqa liniyalari qurish;
mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan oʻzgartishlarni mustaqil kiritish, uni qayta qurish, kengaytirish, texnika bilan qayta qurollantirish;
oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari va xodimlarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulk va zarur materiallar olib kirish;
oʻz mol-mulkini va oʻzi ishlab chiqargan mahsulotni olib chiqib ketish;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining, mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish.
Konsessiyachi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 90-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 93-bandi.
22-modda. Konsessiyachining majburiyatlari
Konsessiyachi quyidagilarni bajarishi shart:
konsessiya shartnomasi shartlariga rioya qilish;
xoʻjalik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va konsessiya shartnomasiga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirish;
konsessiya shartnomasining amal qilishi tamom boʻlganidan yoki u bekor qilinganidan keyin ikki oylik muddatda shartnomaga muvofiq oʻziga berib qoʻyilgan mol-mulkni va obyektlarni konsessiya organiga qaytarib topshirish, shuningdek oʻz mol-mulkini tasarruf etish;
hisob va hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan tartibda yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 91-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 94-bandi.
23-modda. Konsessiyachi oladigan foyda
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlab boʻlinganidan keyin konsessiyachida qoladigan foyda batamom uning tasarrufiga oʻtadi.
(23-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
V BOʻLIM. YAKUNLOVChI QOIDALAR
24-modda. Nizolarni qarab chiqish tartibi
Konsessiyachi bilan konsessiya organi oʻrtasidagi nizolar, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlarida koʻrib chiqilmogʻi kerak.
(24-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Konsessiyachilarning oʻz faoliyatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari, jamoat uyushmalari va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan nizolari, shuningdek konsessiyachilar oʻrtasidagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasining sudlarida, shuningdek tomonlarning kelishuviga muvofiq chet elda hakamlar va xolislar tomonidan koʻrib chiqilishi kerak.
25-modda. Konsessiya munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Konsessiya shartnomasi tuzgan tomonlar uning bajarilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va shartnomada koʻzda tutilgan tartibda javobgar boʻladilar.
26-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda koʻzda tutilganidan boshqacha qoidalar koʻzda tutilgan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
110-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 185-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda)