|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2008
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SOLIQ KODEKSIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 29-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 1-dekabrda maʼqullangan
2006-yil 29-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 1-dekabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan 396-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 4-5-songa ilova, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 5, 89-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 4-5, 74-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda, № 9, 310, 311, 312, 313-moddalar, № 12, 415, 416-moddalar; 2006-yil, № 6, 259, 260-moddalar, № 10, 536-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 8-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8-modda. Ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga soliq solish xususiyatlari
Ushbu Kodeks yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan belgilangan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilar uchun soliq solishning quyidagilarni toʻlashni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilishi mumkin:
1) yagona soliq toʻlovini;
2) yagona yer soligʻini;
3) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliqni.
Mikrofirmalar va kichik korxonalar soliq solishning yagona soliq toʻlovi toʻlashni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibini yoki umumbelgilangan tartibdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashni tanlashga haqli, ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va toʻqqizinchi qismlarida nazarda tutilgan mikrofirmalar va kichik korxonalar bundan mustasno.
Alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq toʻlovi toʻlashga oʻtishga haqli emas.
Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, lotereyalar, totalizatorlar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil qilish doirasida faoliyat koʻrsatadigan yuridik shaxslar, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar yagona soliq toʻlovi toʻlaydilar hamda umumbelgilangan tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashga oʻtishga haqli emas.
Yagona soliq toʻlovi toʻlovchilar yagona soliq toʻlovini budjetga toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasiga, biroq bir vaqtning oʻzida ellik foizdan koʻp boʻlmagan miqdorga kamaytirgan holda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashga haqlidirlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan soliqlar barcha umumbelgilangan tartibdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar oʻrniga toʻlanadi, quyidagilar bundan mustasno:
1) yuridik shaxslar uchun:
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajarilgan (koʻrsatilgan) ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi;
aksiz soligʻi (aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda);
yer ostidan foydalanganlik uchun soliq;
bojxona toʻlovlari;
davlat bojlari;
ayrim tovar turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim;
yagona ijtimoiy toʻlov;
davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar (yagona soliq toʻlovi toʻlovchilar bundan mustasno);
olingan va vaqtinchalik olib kiriladigan avtotransport vositalari qiymatidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim;
2) yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun:
aksiz soligʻi (aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda);
yer ostidan foydalanganlik uchun soliq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (tadbirkorlik faoliyati uchun suv resurslaridan foydalanilganda);
yer soligʻi;
mol-mulk soligʻi;
bojxona toʻlovlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari;
davlat bojlari;
olingan va vaqtinchalik olib kiriladigan avtotransport vositalari qiymatidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim.
Soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllovchi yuridik shaxslarda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlov manbaida ushlab qolish hamda budjetga oʻtkazish majburiyatlari ham saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan konchilik sanoati tarmoqlarining ayrim korxonalari uchun ustama foyda soligʻi toʻlanishini nazarda tutadigan foydaning bir qismiga soliq solishning alohida tartibi joriy etilishi mumkin.
Mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda qatnashayotgan investorlarga, ularning pudratchilariga va ikkilamchi pudratchilariga soliq solish “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan belgilanadi.
Soliq solishning ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlariga ega boʻlgan yuridik shaxslar soliq solinishi maqsadidan kelib chiqib, tegishli faoliyat turlarining alohida buxgalteriya hisobini yuritishlari shart”;
2) 19-modda birinchi qismining:
toʻrtinchi xatboshisidagi “(banklarning, kredit uyushmalari, sugʻurta tashkilotlari, videosalonlarning, videokoʻrsatuv, video va audio yozuv punktlarining, auksionlar, kazinolarning, ommaviy konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazuvchi tashkilotlarning xarajatlari bundan mustasno)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
oʻn uchinchi xatboshisidagi “qonun hujjatlariga muvofiq normalar boʻyicha” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
oʻn beshinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat hokimiyati organlari tasdiqlagan normativlarga muvofiq” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) 31-moddaning birinchi qismi 16 va 19-bandlari hamda ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
4) 32-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida asosiy ishlab chiqarishni rivojlantirish, kengaytirish va rekonstruksiya qilishga” degan soʻzlar “asosiy ishlab chiqarishni rivojlantirish, kengaytirish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) 34-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida bajargan ishlaridan, koʻrsatgan xizmatlaridan olgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlarga kirmaydi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
6) 55-modda birinchi qismining jadvali quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
Jami daromad miqdori |
Soliq summasi |
| eng kam ish haqining besh baravari miqdorigacha | daromad summasining 13 foizi |
| eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan (+1 soʻm) oʻn baravari miqdorigacha | eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan olinadigan soliq + besh baravaridan oshadigan summaning 18 foizi |
| eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan (+1 soʻm) va undan yuqori miqdoridan | eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan olinadigan soliq + oʻn baravaridan oshadigan summaning 25 foizi |
7) 57-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida bajargan ishlaridan, koʻrsatgan xizmatlaridan olgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlarga kirmaydi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
8) 641-modda chiqarib tashlansin;
9) 71-modda:
20-bandidagi “tibbiy” degan soʻz chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 35 va 36-bandlar bilan toʻldirilsin:
“35) tibbiy (veterinariya) xizmatlar (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno), shuningdek tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari va buyumlarni, shu jumladan mazkur vosita va buyumlarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan ularni realizatsiya qilish oborotlari;
36) oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish oborotlari”;
ikkinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari (veterinariya preparatlari) va buyumlar, shuningdek tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan dori-darmon vositalari va buyumlar ishlab chiqarish uchun olib kirilayotgan xomashyo”;
10) 92-moddaning birinchi qismi:
sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qishloq xoʻjaligi (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik) mahsulotlarini ishlab chiqarish va saqlash uchun foydalaniladigan mol-mulkning”;
11) 93-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan normalar doirasida pensionerlarning, shuningdek I va II guruh nogironlarining”;
12) 102-modda uchinchi qismining 4-bandi chiqarib tashlansin;
13) 108-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Keng tarqalgan foydali qazilmalar qazib olishni oʻzlariga berilgan yer uchastkalari doirasida xoʻjalik va maishiy ehtiyojlar uchun belgilangan tartibda amalga oshirayotgan yer egalari hamda yerdan foydalanuvchilar yer ostidan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2006-yil 30-dekabrdagi 254 (4153)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
OʻRQ-74-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 502-modda)