toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOSHKENT SHAHRI VA TOSHKENT VILOYATIDA YOʻLOVCHILAR TASHISH XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan nazoratning susayishi natijasida yoʻlovchilar tashish xavfsizligi talablarini qoʻpol ravishda buzish hollari va odamlar qurbon boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalari soni ortgani qayd etib oʻtilsin.
Toshkent shahar IIBB va Toshkent viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi organlari yoʻlovchilar tashiydigan avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va nosozlarini, shuningdek, foydalanishga yaroqsizlarini aniqlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyishmoqda. Shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida qatnaydigan avtotransport vositalari yoʻnalishga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazilmasdan foydalanilmoqda, haydovchilar esa tibbiy koʻrikdan oʻtmayaptilar. Toshkent shahar hokimligining shahar yoʻlovchi transportini boshqarish boʻyicha vakolatli organlari tomonidan shahar yoʻnalishlariga litsenziya berishning belgilangan talablariga rioya qilinmayapti, yoʻlovchilarni tashuvchilar ustidan yoʻnalish nazorati qoniqarsiz olib borilmoqda.
Fuqarolarning hayoti va salomatligi xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida:
1. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash ishlarida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyganliklari uchun Toshkent shahar Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmati (YHXDX) organi rahbari S. Irisbekov va Toshkent viloyati YHXDX organi rahbari A. Hamidullayev Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXDX organlari rahbariyati tomonidan (G. Boltaboyev) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va yoʻlovchi transporti sohasidagi qoidabuzarliklarning oldini olish, shuningdek, yoʻlovchilar tashiydigan transport vositalarining texnik holatini nazorat qilish boʻyicha yuklangan majburiyatlar ijrosiga nisbatan masʼuliyatsiz munosabatda boʻlayotgani koʻrsatib oʻtilsin.
2. Toshkent shahar hokimi A. Toʻxtayev va Toshkent viloyati hokimi M. Kuchchiyev, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. Abduvaliyevga yoʻlovchi transportini nazorat qilish susaytirilgani, yoʻlovchilar tashishni amalga oshirish uchun litsenziya berishning belgilangan talablari bajarilmayotgani hamda avtotransport vositalariga zarur va xavfsiz ish sharoitlari taʼminlanmayotgani qatʼiy koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ikki oy muddatda avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va ularning texnik holatini nazorat qilishda YHXDX organlari shaxsiy tarkibi masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
tijorat asosida yoʻlovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalari ikki oy muddatda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlasin, bunda ularning texnik holati sifatiga va jihozlanishi yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga, shuningdek, ularning qayd etish maʼlumotlariga mos kelishiga alohida eʼtibor qaratsin.
4. Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari zarur shart-sharoitlar yaratilishini hisobga olgan holda yoʻlovchi tashuvchilar, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning avtotransport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan joylarni aniqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari mazkur yoʻlovchi tashuvchilar oʻrtasida transport vositalarining tegishli texnik holatini taʼminlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5525-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda mintaqalarda yoʻlovchi tashishni litsenziyalash va muvofiqlashtirish boʻyicha ijro etuvchi hokimiyat organlari huzuridagi tuzilmalar faoliyatini Toshkent shahrida yaratilgan namuna asosida tashkil etish toʻgʻrisida takliflar, shuningdek, Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom loyihasini kiritsin.
7. Belgilansinki, avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishda aybdor boʻlgan shaxslar sud orqali bazaviy hisoblash miqdorining 20 dan 150 barobarigacha miqdorda jarima solish yoʻli bilan maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan soʻng bir yil mobaynida ayni shunday huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, yoʻlovchi tashish transporti huquqbuzarlik vositasi sifatida musodara qilinadi va aybdor shaxs qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1763-moddasi, Jinoyat kodeksining 190-moddasi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Avtotransport vositalari haydovchilarini imtihondan oʻtkazish va ularga haydovchilik guvohnomasini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash (malakasini oshirish) tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun kiritsin, bunda yoʻlovchilar tashishda ishtirok etuvchi haydovchilar tarkibini oʻqitish va tayyorlash qoidalarini takomillashtirish, imtihon oʻtkazish va haydovchilik guvohnomalari berish, transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan hujjatni olishga oʻqitadigan instruktorlarga nisbatan qoʻyiladigan malaka talablarini oshirish nazarda tutilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 28-fevral,
PQ-294-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 9-son, 64-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)