toggle_night_mode
Hujjat 11.01.2006 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 5-yanvardagi PF-3706-son Farmonini amalga oshirish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 5-yanvardagi PF–3706-son Farmonini amalga oshirish yuzasidan va ayniqsa qishloq joylardagi ish bilan band boʻlmagan aholini uyda mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish ishlarini bajarishga jalb etish uchun ish beruvchilarga real ragʻbatlar yaratish, kasanachilarning qonun hujjatlarida belgilangan ijtimoiy va mehnat kafolatlarini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Kasanachilik toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Ish beruvchining buyurtmasi boʻyicha kasanachi tomonidan ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) uchun namunaviy mehnat shartnomasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
2006-2007-yillarga va keyingi yillarga moʻljallangan aholini ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik va raqobatni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish hududiy dasturlarida kasanachilik mehnatini rivojlantirishga doir aniq chora-tadbirlarni nazarda tutsinlar;
kasanachilik mehnatini rivojlantirish negizida sanoat korxonalari va xizmatlar koʻrsatish oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha faoliyat muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar hamda tarmoq va hududiy darajalarda ular amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borsinlar. Yilning har choragida hududlar va umuman respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini chiqarishda koʻrib chiqish uchun mehnatning kasanachilik shakllari rivojlanishi toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlasinlar.
3. Tarmoqlar xoʻjalik boshqaruvi organlari tarmoqlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda murakkab texnologiyalar va katta energetika xarajatlarini talab etmaydigan tovarlarni, butlovchi buyumlarni ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish uchun fuqarolarning kasanachilik mehnatidan keng foydalanish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutsinlar.
4. Belgilansinki, kasanachilik mehnati bilan shugʻullanadigan shaxslar mehnat shartnomasi boʻyicha ishlarni bajarish uchun isteʼmol qilinadigan kommunal xizmatlarga aholi uchun qoʻllaniladigan tariflar boʻyicha qatʼiy ravishda oʻlchov asboblari koʻrsatkichlari boʻyicha haq toʻlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi kasanachilik mehnati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda kasanachilik mehnatidan foydalanayotgan korxonalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan soliq imtiyozlari berilishini taʼminlasinlar;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻn kun muddatda har bir tumanda (shaharda) korxonalar bilan uyda mahsulotlar ishlab chiqaradigan va xizmatlar koʻrsatadigan fuqarolar oʻrtasida kooperatsiyani muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hokimlarning iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari (komissiya raisi) hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy organlari rahbarlari (komissiya raisining oʻrinbosari) boshchilik qiladigan ishchi komissiyalar tashkil etsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Quyidagilar ishchi komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblansin:
yirik sanoat korxonalarining buyurtmalari boʻyicha kasanachilik mehnatini rivojlantirish uchun joylardagi mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni aniqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
sanoat korxonalari bilan kasanachilik oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish, korxonalarning buyurtmalari boʻyicha uyda ishlaydigan fuqarolarni asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar bilan taʼminlash uchun barqaror shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ishlab chiqarilgan mahsulotni topshirish va uning uchun oʻz vaqtida haq toʻlash kafolatlari masalalarini tezkor hal etish;
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi davlat statistika hisoboti shakllariga korxonalar tomonidan korxonalarning kasanachilik mehnati bilan band boʻlgan xodimlari soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilishini kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlar mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-yanvar,
4-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 11-yanvardagi 4-son qaroriga
1-ILOVA
Kasanachilik toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 5-yanvardagi PF–3706-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida kasanachilikni tashkil etish shartlarini, shu jumladan kasanachilar bilan mehnat shartnomalarini tuzish tartibini, ularga asbob-uskunalar, jihozlar, xom ashyo va materiallar berish, ular mehnatiga haq toʻlash va muhofaza qilish, kasanachilarni ijtimoiy sugʻurta qilish tartibini hamda kasanachilar mehnatidan foydalanayotgan ish beruvchilar uchun belgilangan soliq imtiyozlari qoʻllanilishi ustidan nazorat qilish mexanizmini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun “kasanachilik” tushunchasi tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs — kasanachining yashash joyi boʻyicha yoki unga yoki uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha kasanachi tomonidan amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.
2. Kasanachi — 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi jismoniy shaxs.
Basharti kasanachilik xususiyati kasanachi bilan toʻliq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzilishi zarurligini taqozo etsa, 18 yoshga toʻlgan shaxslar kasanachilikni amalga oshirishga qoʻyiladilar.
3. Ish beruvchi — kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachi uchun ishlab chiqarish binosini belgilaydigan, uni asbob-uskunalar, jihozlar, materiallar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va boshqa ishlab chiqarish vositalari bilan taʼminlaydigan, bajarilgan ishni qabul qilib oladigan va unga haq toʻlaydigan yuridik shaxs.
4. Kasanachilikni tashkil etishga agar mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachilikni bajarish uchun kasanachi oʻz yashash joyida zarur binolarga, shu jumladan turar joy binosiga, shuningdek ishni bajarish uchun amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishi, yoxud malakaga oʻqitilishi sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Kasanachilik amalga oshiriladigan turar joy binolarini noturar joy binolar toifasiga oʻtkazish talab qilinmaydi.
5. Kasanachilik texnologiya jarayoni va boshqa shart-sharoitlar uy sharoitlarida butlovchi buyumlar, yarim tayyor mahsulotlar va mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish imkonini beradigan sanoat tarmoqlari va xizmat koʻrsatish sohalarida korxonalar bilan korxonalarning buyurtmalari boʻyicha uyda mahsulotlar ishlab chiqarayotgan va xizmatlar koʻrsatayotgan fuqarolar oʻrtasidagi kooperatsiya asosida tashkil etiladi.
6. Qonun hujjatlarida belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga litsenziya olish talab qiladigan, shuningdek, uyda quvvatli, energiyani koʻp talab qiladigan va texnik asbob-uskunalardan, shuningdek, uy sharoitlarida nazorat qilib boʻlmaydigan maxsus texnika xavfsizligiga rioya etishni talab etadigan xavfli kimyoviy komponentlardan foydalanib kasanachiga ishlarni bajarishga (xizmatlar koʻrsatishga) va mahsulotlar ishlab chiqarishga (xizmatlar koʻrsatishga) yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Yongʻin xavfsizligining belgilangan qoidalariga, sanitariya va gigiyena normalariga, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek, kasanachilarning uy-joy-maishiy sharoitlari xususiyatlariga muvofiq kasanachilikning ayrim turlariga yongʻin va sanitariya inspeksiyasi, shuningdek, Davlat mehnat texnik inspeksiyasi organlarining ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin.
8. Kasanachilar ishining aniq turlari ularning kasb malakasi, salomatligi hisobga olingan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi (ish xususiyati, foydalaniladigan asbob-uskunalar va jihozlar, xom ashyo, materiallarning xossalari, nogironlarga nisbatan TMEK tavsiyalari eʼtiborga olinadi).
Keyingi tahrirga qarang.
Kasanachilik mehnati qishloq joylarda ayollar uchun, shuningdek, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida koʻrsatilgan fuqarolar toifalari uchun ustuvor tartibda tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Kasanachilar tomonidan ishlarni bajarish kasanachi oilasining aʼzolari ishtirokida (yordamida) ish beruvchining roziligisiz amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachi unga yordam beradigan oila aʼzolari tomonidan bajariladigan ishlar sifati uchun ish beruvchi oldida javob beradi.
Kasanachiga yordam beradigan uning oila aʼzolariga mazkur Nizomning amal qilishi tatbiq etilmaydi, basharti ular bilan alohida mehnat shartnomasi tuzilmagan boʻlsa.
II. Kasanachi bilan mehnat shartnomasi tuzish tartibi
10. Korxonalar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga ega boʻlgan kasanachilar ish bilan band boʻlgan aholi toifasiga kiritiladi va ularga mehnat daftarchasi beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ish beruvchi korxona rahbari kasanachi bilan yozma shaklda mehnat shartnomasi tuzadi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
ish joyi va kasanachining ish oʻrni joylashgan manzil;
xodimning mehnat funksiyasi, yaʼni mutaxassislik, malaka, shuningdek, kasanachi bajarishi zarur boʻlgan ish turlari;
ish boshlanadigan kun, mehnat shartnomasining amal qilish muddati (muayyan muddatga yoki ayrim ishlarni bajarish davriga mehnat shartnomasi tuzishda);
mehnatga haq toʻlash miqdori va muddatlari;
kasanachi tomonidan mehnat funksiyalari amalga oshirilishi uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi;
xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish va topshirish tartibi;
moddiy javobgarlik shartlari;
mehnatni muhofaza qilish va uning shart-sharoitlarining zarur qoidalariga rioya etish boʻyicha ish beruvchi va kasanachining majburiyatlari;
taʼtillar berish, ijtimoiy sugʻurta, kasanachining pensiya taʼminoti shartlari;
ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachining oʻz asbob-uskunalari, jihozlari va inventaridan foydalanilgan taqdirda kasanachining xarajatlarini qoplash tartibi va shartlari;
ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan foydalanilgan kasanachining energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarini qoplash (kompensatsiya) tartibi;
kasanachi mehnat funksiyalarini amalga oshirish uchun unga berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarni taʼmirlash boʻyicha ish beruvchining majburiyatlari;
kasanachining aybi bilan materiallar, asbob-uskunalar, jihozlar buzilishi bilan bogʻliq, shuningdek mahsulot toʻliq yoki qisman yaroqsizligi uchun zararni ish beruvchiga qoplash shartlari;
kasanachiga foydalanish uchun berilgan asbob-uskunalar, jihozlar, inventar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni xatlovdan oʻtkazish hamda ish beruvchi va nazorat organlari vakillarining kasanachilik mehnati amalga oshirayotgan joylarga kirishi shartlari;
kasanachiga bogʻliq boʻlmagan holatlar (elektr energiyasi, suv, gaz va hokazolar yoʻqligi) munosabati bilan buyurtmani belgilangan muddatlarda bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda bu haqda ish beruvchini xabardor qilish boʻyicha kasanachining majburiyatlari.
Mehnat shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Bajarilayotgan ishning xususiyati va uni bajarish shart- sharoitlari hisobga olingan holda kasanachi bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Kasanachini ishga qabul qilishda va u bilan mehnat shartnomasi tuzishda undan talab qilinadigan hujjatlar roʻyxati Mehnat kodeksining 80-moddasiga muvofiq belgilanadi.
14. Kasanachining mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan yuritiladi va mehnat shartnomasi amal qilishining butun davrida unda saqlanadi. Ilgari ishlamagan va mehnat daftarchasiga ega boʻlmagan kasanachi uchun mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan ochiladi.
Ish beruvchi mehnat daftarchasiga mehnat shartnomasi tuzilishi va toʻxtatilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritishi shart. Kasanachi bilan mehnat shartnomasi toʻxtatilgan taqdirda ish beruvchi mehnat daftarchasini kasanachiga berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Kasanachi bilan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 97113-moddalariga muvofiq holatdan boshqacha tarzda toʻxtatilishi mumkin emas.
16. Korxonaning jamoa shartnomasi shartlari kasanachilarga tatbiq etiladi, basharti ushbu korxonada jamoa shartnomasi tuzilgan boʻlsa.
III. Kasanachiga asbob-uskunalar, jihozlar, inventarlar, xom ashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlar berish tartibi, mahsulotlarni olib ketish hamda bajarilgan ishlar uchun hisob- kitob qilish kafolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
17. Ish beruvchi kasanachiga mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlar (xizmatlar)ni bajarish uchun zarur asbob-uskunalar, jihozlar, inventar taqdim etadi (beradi).
Kasanachiga asbob-uskunalar, jihozlar, inventar yozma shaklda tuzilgan toʻliq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Asbob-uskunalar, jihozlar, inventar ish beruvchi tomonidan kasanachiga tekin foydalanish uchun yoki ijara shartlarida, shu jumladan lizing (moliyaviy ijara) shartlarida berilishi mumkin.
Ish beruvchi kasanachiga berilayotgan asbob-uskunalar, jihozlar, inventar alohida hisobga olib boradi.
19. Kasanachiga asbob-uskunalar, jihozlar, inventarni ijara shartlarida, shu jumladan lizing (moliyaviy ijara) shartlarida berish Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida va “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Ish beruvchi mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlar (xizmatlar)ni bajarishi uchun zarur boʻlgan xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarni kasanachiga berishi hamda yetkazib berishni taʼminlashi shart.
21. Kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq ishlarni bajarish uchun xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarni mustaqil ravishda sotib olishga haqli emas.
22. Ish beruvchi kasanachiga ishlab chiqarilgan mahsulotlarning olib ketilishi uchun transport berishni kafolatlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Buyurtmaga muvofiq bajarilgan mahsulotlarni ish beruvchi tomonidan qabul qilib olish, qoidaga koʻra, kasanachining ishlarni bajargan joyida amalga oshiriladi.
Qabul qilib olish vaqtida mahsulotlarni topshirish — qabul qilib olish dalolatnomasi tuziladi, unda ishlab chiqarilgan mahsulot (buyumlar, xizmatlar)ning miqdori, ish beruvchi tomonidan buyumlar (mahsulotlar, xizmatlar)ning sifat standartlariga qoʻyiladigan talablarga muvofiq sifati koʻrsatiladi.
Kasanachi tomonidan ish beruvchi talab qiladigan standartlarga muvofiq mahsulotlarni topshirish-qabul qilib olish dalolatnomasi qabul qilingandan keyin, mahsulotlarning keyinchalik sotilishidan qatʼi nazar, ular uchun ish beruvchi tomonidan haq toʻlanishi shart.
24. Kasanachilar tomonidan buyurtmachi korxonalarning ishlab chiqarish texnologiyasiga toʻliq rioya qilingan taqdirda, kasanachilik sharoitlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni va koʻrsatilgan xizmatlarni qoʻshimcha ravishda sertifikatlash va standartlashtirish talab qilinmaydi.
Uyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifatining belgilangan standartlariga rioya etilishi uchun javobgarlik, ular sanoat korxonalariga qaytarilgan taqdirda — kasanachilarga yuklanadi, oxirgi isteʼmolchilarga sotilgan taqdirda esa — sanoat korxonasiga yuklanadi.
IV. Kasanachining mehnatiga haq toʻlash shartlari
25. Kasanachilar ishiga, qoidaga koʻra, ishbay haq toʻlanadi. Haq toʻlash amalda bajarilgan ishlar uchun yoki sifati boʻyicha belgilangan talablarga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarilgani uchun amalga oshiriladi.
26. Unumdorlik normalari va ishbay narxlar tomonlarning kelishuviga koʻra, tegishli ishlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan normal ish vaqti hisobidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ishbay haq toʻlanadigan aniq ish uchun kasanachining ish haqi miqdori ish beruvchining oʻz ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlari singari boʻlishi kerak.
27. Kasanachining ish haqi, uning tomonidan mehnat normalari va mehnat majburiyatlari bajarilgan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Kasanachining mehnatiga haq yo har bir tugallangan ish topshirigʻi, ishlar hajmi topshirilganda yoxud mehnat qonunchiligida belgilangan muntazam vaqt oraligʻida toʻlanishi kerak. Mehnat shartnomasida kasanachi mehnatiga avans tarzida haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
29. Agar kasanachi oʻz mehnatini amalga oshiradigan joyda ish haqiga tuman koeffitsiyenti belgilangan boʻlsa kasanachi mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyentni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
30. Kasanachi ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlaydi, uning bajargan barcha ishi uchun bir hissa miqdorda haq toʻlanadi va unga ish vaqtidan ortiqcha ishlaganlik, dam olish va bayram kunlarida ishlaganlik, shuningdek tungi vaqtda ishlaganlik uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi.
31. Kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq, ish beruvchidan quyidagilar uchun toʻlov (kompensatsiya) oladi:
ish bilan bogʻliq ravishda energiya, suv, aloqa, mashina va asbob-uskunalarga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash, transport xarajatlari uchun;
transport xarajatlari va ulardan foydalanish xarajatlari amortizatsiyasi, shuningdek, ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun foydalaniladigan va kasanachining oʻz mulki hisoblangan jihozlar va boshqa asbob-uskunalar amortizatsiyasi uchun.
Kasanachining kasanachilik ishlari amalga oshiriladigan xona (uy-joy) uchun toʻlov xarajatlari, shuningdek uy-joydan foydalanish xarajatlari qoplanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Ish beruvchi kasanachiga yuklangan ish topshiriqlari roʻyxatini yuritishi kerak, roʻyxatda quyidagilar koʻrsatiladi:
ish topshirigʻini bajarish uchun ajratilgan vaqt;
mehnatga haq toʻlash stavkalari;
paydo boʻlgan chiqimlar, agar kasanachi tomonidan bunday chiqimlar amalga oshirilgan boʻlsa;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq daromadlardan soliq organlariga va Pensiya jamgʻarmasiga ajratmalar;
Keyingi tahrirga qarang.
toʻlanishi kerak boʻlgan umumiy haq va toʻlangan haq.
V. Kasanachining ish vaqti, dam olish va taʼtil muddati
33. Kasanachi ishlab chiqarish topshirigʻi hajmidan hamda mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda oʻzi uchun ish vaqti muddatini, ish jadvali va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
34. Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirigʻini belgilashda ishlarning ayrim turlarini bajarish uchun vaqt normativlarini hisobga olishi kerak, bunda butun ishlar kompleksini bajarish uchun ish vaqtining umumiy muddati Mehnat kodeksining 116-moddasida belgilangan normal yoki qisqartirilgan ish vaqti muddatidan oshmasligi kerak, agar bu mehnat shartnomasida koʻrsatilgan yoxud qonun hujjatlarida belgilangan boʻlsa (18 yoshga toʻlmagan shaxslar va nogironlar uchun).
Keyingi tahrirga qarang.
35. Mehnat taʼtili muddatini hisoblash va har yilgi asosiy taʼtilga chiqish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun, dam olish va bayram kunlarini hisobga olgan holda, mehnat shartnomasida koʻrsatilgan ishlar hajmini bajarish uchun zarur boʻlgan normativ vaqt qabul qilinadi. Bunda kasanachining ishlab chiqarish topshirigʻi hajmi bir oy hisobiga ushbu Nizomning 34-bandida koʻrsatilgandan oshmasligi kerak.
36. Kasanachining har yilgi mehnat taʼtili muddati, agar kasanachi qonun hujjatlariga muvofiq koʻproq davom etadigan har yilgi asosiy taʼtilga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, 15 ish kunidan kam boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Taʼtillar berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishuv boʻyicha ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.
VI. Kasanachilarni ijtimoiy sugʻurta qilish va ijtimoiy muhofaza qilish
37. Kasanachi majburiy tartibda davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurta qilinadi.
38. Ish beruvchi va kasanachi davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurta badallarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda toʻlaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Kasanachining ishlagan vaqti pensiyalar va ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalar miqdorlarini tayinlash uchun mehnat stajiga qoʻshiladi.
40. Kasanachiga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni toʻlash, belgilangan tartibga muvofiq ish beruvchining ishlab chiqarish xonalarida ishlaydigan xodimlar singari amalga oshiriladi.
41. Kasanachilik mehnati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning pensiya taʼminotiga boʻlgan huquqi ular pensiya yoshiga yetganda yoki “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan hollarda boshlanadi.
42. Kasanachining jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida qatnashishi majburiydir.
Kasanachining jamgʻarilib boriladigan shaxsiy pensiya hisob raqamini ochish va unga badallar toʻlash ish beruvchi tomonidan “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
43. Kasanachiga pensiyalar yashash joyidagi ijtimoiy taʼminot organlari tomonidan toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Kasanachining mehnat xavfsizligi
44. Ish beruvchi quyidagilarga majbur:
kasanachiga mumkin boʻlgan barcha xavf-xatarlar toʻgʻrisida va kasanachi oʻzi olgan ish topshiriqlari munosabati bilan koʻrilishi kerak boʻlgan ehtiyotkorlik choralari toʻgʻrisida yoʻriqnomalar berish, zarur boʻlgan taqdirda uni tegishli ravishda oʻqitish;
kasanachiga beriladigan mashinalar, jihozlar yoki boshqa asbob-uskunalarning texnik xavfsizligini taʼminlash, ularda tegishli himoya moslamalari mavjudligini va ularning soz holatda boʻlishini taʼminlash;
kasanachini yakka tartibdagi himoyalanishning barcha zarur vositalari bilan tekin taʼminlash.
45. Kasanachi quyidagilarga majbur:
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha belgilangan barcha koʻrsatmalarni bajarish;
oʻz xavfsizligini ehtiyotlash va oʻzining harakatlari yoki ishdagi kamchiliklari natijasida shikastlanishi mumkin boʻlgan boshqa shaxslarning sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha oqilona choralar koʻrish, shu jumladan materiallar, mashinalar, jihozlar va oʻz tasarrufiga berilgan boshqa asbob-uskunalardan toʻgʻri foydalanish.
46. Kasanachi, agar u ishni oʻz xavfsizligi yoki salomatligi uchun muqarrar va jiddiy xavf tugʻdiradi deb hisoblashi uchun asosli sabablarga ega boʻlsa, ishlarni bajarishdan voz kechishi hamda roʻy bergan holatlar toʻgʻrisida ish beruvchini xabardor qilishi shart.
Ushbu holatlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar tomonidan tasdiqlangan taqdirda uyda ishlashni davom ettirish ahvolni tuzatish uchun zarur choralar koʻrilmagungacha vaqtinchalik toʻxtatib turilishi kerak.
VIII. Kasanachilar mehnatidan foydalanadigan ish beruvchilarga beriladigan imtiyozlar va ularning qoʻllanishini soliq organlari tomonidan nazorat qilish
47. Ish beruvchining buyurtmasi yuzasidan tuzilgan shartnoma boʻyicha ishlarni bajarish uchun kasanachiga tekin foydalanish uchun korxona tomonidan berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarlar foydalanish davrida mulk soligʻi toʻlovidan ozod qilinadi.
48. Ushbu imtiyozni qoʻllanish ustidan nazoratni amalga oshirish uchun korxona (ish beruvchi) soliq organlariga hisobotlar taqdim etishda kasanachiga berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarlarning qoldiq qiymatini, ularning roʻyxatini koʻrsatishi shart.
49. Tovarlar ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun kasanachilarga buyurtmalar bergan korxonalar kasanachilar mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasidan yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashdan 2006-yil 1-fevraldan boshlab besh yilga ozod qilinadi.
Shu bilan birga, ish beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish hajmidan Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ish beruvchi tomonidan kasanachilar mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasining alohida hisobi yuritiladi va yagona ijtimoiy toʻlov hisob-kitoblari bilan birga davlat soliq xizmatiga tegishli maʼlumotnoma taqdim etiladi.
50. Kasanachilar faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan buyurtmachi-korxonani tekshirish vaqtida oʻtkazilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
IX. Yakuniy qoidalar
51. Ish beruvchi va kasanachi oʻrtasidagi mehnat nizolarini tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
52. Kasanachilik mehnatini tartibga soluvchi qoidalarga rioya qilinishini taʼminlash vazifasi zimmasiga yuklangan mansabdor shaxslar mulkdor va kasanachining roziligi bilan uyning kasanachilik ishlari amalga oshirilayotgan qismiga yoki boshqa xususiy xonaga kirishlari mumkin.
Uyda ishlarni bajarish tartibining jiddiy yoki bir necha marta buzilishi qayd etilgan taqdirda mansabdor shaxslar ishlarni toʻxtatish boʻyicha choralar koʻrishi, shu jumladan, bu toʻgʻrida ish beruvchini xabardor qilgan holda, uyga ish berishni taqiqlashi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 11-yanvardagi 4-son qaroriga
2-ILOVA
Ish beruvchining buyurtmasi boʻyicha kasanachi tomonidan ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) uchun NAMUNAVIY MEHNAT SHARTNOMASI
_________ shahar (tuman, qishloq) 20__ y. “_____________”
________________________________________________________________ korxonasi
(nomi)
nomidan ish koʻruvchi __________________________________________ asosida faoliyat
(ustav, nizom)
koʻrsatuvchi, keyingi oʻrinlarda “Ish beruvchi” deb yuritiladigan _____________________________________________________ bir tomondan va keyingi
(lavozimi, F.I.O.)
oʻrinlarda “Kasanachi” deb yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi________________________________________________________________

‎‎(familiyasi, ismi, otasining ismi)

ikkinchi tomondan ushbu shartnomani quyidagilar toʻgʻrisida tuzishdi:
1. Mehnat shartnomasi predmeti
1.1. Ushbu shartnomada belgilangan shartlarda oldindan belgilangan toʻlov uchun tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) yuzasidan ish beruvchi uchun quyidagi ishlarni uyda bajarish: ________________________________________________ ___________________________________________________________________________
1.2. Kasanachi __________________________________________________________________
sifatida ishga qabul qilinadi.
(belgilanmagan muddatga, besh yildan koʻp boʻlmagan
‎‎___________________________________________________________________

muayyan muddatga, maʼlum bir ishni bajarish vaqtiga)

1.4. Kasanachining ish joyi: ________________________
1.5. Kasanachi 20__ y. “___” _________ dan ishga tushishi shart.
1.6. Mehnatga haq toʻlash:
a) Kasanachiga mehnat haqi Ish beruvchining buyurtmasini bajarish jadvaliga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlar (koʻrsatilgan xizmatlar) hajmiga bogʻliq holda ishbay tarzda belgilanadi.
Ish beruvchi buyurtmasini bajarish jadvali Kasanachi bilan kelishgan holda belgilanadi va ushbu Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi;
b) Ish beruvchi huquqlari va moliyaviy imkoniyatlari doirasida quyidagi qoʻshimcha ish haqlarini belgilaydi (ustama, mukofot, ragʻbatlantirish va boshqa toʻlovlar):
_____________________________________________________________________________
‎‎_____________________________________________________________________________

(qoʻshimcha ish haqi, ustama, mukofot va boshqa toʻlovlar nomi va miqdori)

1.7. Kasanachi mehnatiga haq toʻlash kasanachi tomonidan mehnat normalari va mehnat majburiyatlari bajarilgan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan past boʻlishi mumkin emas va biron-bir eng yuqori ish haqi miqdori bilan chegaralanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kasanachiga mehnatiga haq toʻlash naqd pul shaklida amalga oshiriladi.
1.8. Kasanachi davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurta qilinadi.
2. Tomonlarning majburiyatlari
2.1. Kasanachi quyidagilarga majbur:
2.1.1. Ishlarning quyidagi turlarini bajarish:
_____________________________________________________________________________
‎‎_____________________________________________________________________________
‎‎_____________________________________________________________________________
_____________________________________________________________________________‎‎

(ishning asosiy tavsifi va ularni bajarishga qoʻyiladigan talablar koʻrsatiladi)

2.1.2. Ushbu shartnomaning 2.1.1-bandida koʻrsatilgan majburiyatlarni bajarishga vijdonan munosabatda boʻlish.
2.1.3. Ish beruvchi tomonidan oʻziga berilgan mol-mulk (asbob-uskunalar, jihozlar, inventarlar)ning saqlanishini taʼminlash.
2.1.4. Ish beruvchi tomonidan talab qilinadigan sifat standartlariga asosan mahsulotlarni Ish beruvchiga topshirishga jadvalga muvofiq oʻz vaqtida tayyorlash.
Oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablar bilan (elektr energiyasi, suv, gaz va hokazolar boʻlmaganda) buyurtmani bajarish va mahsulotlarni topshirish imkoniyati boʻlmaganda, bu toʻgʻrida muddati kelgunga qadar ___ kundan kechikmasdan Ish beruvchini xabardor qilish.
2.1.5. Materiallar, asbob-uskunalar, jihozlar buzilishi, shuningdek belgilangan normativlar doirasida hamda tegishli dalolatnomaga asosan toʻliq yoki qisman yaroqsiz boʻlgan mahsulotlar bilan bogʻliq zararni Ish beruvchiga qoplash.
2.1.6. Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlarni bajarish uchun isteʼmol qilinadigan kommunal xizmatlar haqini qatʼiy ravishda oʻlchov asboblari koʻrsatkichlari boʻyicha aholi uchun qoʻllaniladigan tariflarga muvofiq toʻlash.
2.1.7. Mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya qilish.
2.1.8. Mehnat tashkil qilingan xonaga xatlov oʻtkazish davrida ish beruvchining va ish beruvchini hujjatli tekshirish oʻtkazilayotganda soliq xizmati organlarining vakillari kirishiga ruxsat berish.
2.1.9. Ish beruvchining unga berilgan texnologiyasining maxfiyligiga rioya qilish.
2.1.10. Boshqa ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini imzolash uchun Ish beruvchining yozma roziligini olish.
2.1.11. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
2.2. Ish beruvchi quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:
2.2.1. Ushbu mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq Kasanachiga ish (buyurtma) berish.
2.2.2. Kasanachini topshirish dalolatnomasiga muvofiq Buyurtmani bajarish uchun zarur boʻlgan texnik jihatdan xavfsiz asbob-uskunalar, jihozlar, inventar bilan taʼminlash.
2.2.3. Belgilangan jadvalga asosan buyurtmani bajarish uchun Kasanachini tegishli sifatdagi xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash va ularni yetkazib berish.
2.2.4. Kasanachi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar jadvalga muvofiq olib ketilishini taʼminlash.
2.2.5. Ushbu shartnoma shartlariga muvofiq tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) boʻyicha Kasanachining mehnat haqini oʻz vaqtida toʻlash.
2.2.6. Kasanachining buyurtmanomasi boʻyicha buyurtmani bajarish uchun unga berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarni taʼmirlash, shuningdek zarur ehtiyot qismlar bilan taʼminlash.
2.2.7. Ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun Kasanachining asbob-uskunalari, jihozlari va inventaridan foydalanilgan taqdirda, ijara shartnomasiga muvofiq (ijara toʻlovi Ish beruvchi tomonidan naqd pul bilan amalga oshiriladi) uning xarajatlarini qoplash.
2.2.8. Ish beruvchining buyurtmasini bajarish bilan bogʻliq foydalanilgan energiya, suv, aloqa uchun Kasanachining xarajatlarini qoplash (kompensatsiya qilish).
2.2.9. Kasanachiga mehnat xavfsizligi qoidalari va berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventardan foydalanish toʻgʻrisida yoʻriqnomalar berish.
Buyurtma boʻyicha ishlarni bajarishda zarur boʻlgan shaxsiy himoyalanish vositalari bilan Kasanachini bepul taʼminlash.
2.2.10. Kasanachining mehnat daftarchasiga belgilangan tartibda yozuvlarni qayd etish, uni saqlash va ishdan boʻshatilgan kunda Kasanachiga berish.
2.2.11. Mehnat shartnomasi amal qilish davrida Kasanachining ijtimoiy sugʻurtasini amalga oshirish.
2.2.12. Kasanachining jamgʻarib boriladigan shaxsiy pensiya hisob raqamini ochish va unga badallarni oʻz vaqtida toʻlash.
2.2.13. Kasanachiga davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha (vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi hollarida, homiladorlik va tugʻish boʻyicha, bola tugʻilganda va dafn etish uchun) nafaqalarni toʻlash.
2.2.14. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
3. Ish tartibi
3.1. Kasanachi ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlaydi, u bajargan barcha ishlarga bir hissa miqdorda haq toʻlanadi va unga ish vaqtidan tashqari ishlaganlik, dam olish va bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganlik uchun mehnatga haq toʻlash shartlari qoʻllanmaydi.
3.2. Kasanachiga ish haqi saqlangan holda ___ kundan iborat taʼtil beriladi.
3.3. Kasanachiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qoʻshimcha taʼtil beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3.4. Taʼtilni pul kompensatsiyasi bilan almashtirishga ruxsat etilmaydi, berilgan taʼtildan foydalanmagan Kasanachini ishdan boʻshatish hollari bundan mustasno.
4. Tomonlarning javobgarligi
4.1. Kasanachi ushbu shartnomada koʻrsatilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki zarur darajada bajarmagan, mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar buzilgan, shuningdek moddiy zarar yetkazgan taqdirda, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy, moddiy va boshqa javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4.2. Agar buyurtma berilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda uzilishlar Kasanachiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra (elektr energiyasining oʻchirilishi, gazning yoʻqligi yoki past bosimligi va hokazolar) sodir boʻlgan boʻlsa (bu toʻgʻrida Kasanachi buyurtma berilgan mahsulotlarni topshirish muddatlari kelgunga qadar agar buning imkoni boʻlmasa — mumkin qadar qisqa muddatda Ish beruvchini xabardor qilishga majbur) Kasanachiga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanilmaydi.
4.3. Shartnomada belgilangan muddatlar va hajmlarda xom ashyo, materiallarni yetkazib berish, tayyor mahsulotlarni olib ketishda uzilishlar boʻlgan hollarda, bajarilgan ishlar uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilinmaganda, shuningdek ushbu shartnoma bajarilmasligining boshqa barcha hollarida Ish beruvchi amaldagi qonun hujjatlariga asosan moddiy va boshqacha tarzda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mehnat shartnomasini toʻxtatish
5.1. Ushbu mehnat shartnomasini toʻxtatish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
5.1.1. Tomonlarning kelishuvi.
5.1.2. Mazkur shartnomaning 1.1-bandida koʻrsatilgan ishlarning bajarib boʻlinishi.
5.1.3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 99-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra mehnat shartnomasining Kasanachining tashabbusi bilan bekor qilinishi.
5.1.4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra mehnat shartnomasining Ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi.
5.2. Mehnat shartnomasining toʻxtatilishi tomonlarni shartnoma bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
6. Alohida shartlar
6.1. Ushbu mehnat shartnomasi shartlari tomonlar uchun majburiy yuridik kuchga ega. Mazkur mehnat shartnomasiga barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar ikki tomonlama yozma kelishuv bilan rasmiylashtiriladi.
6.2. Mazkur shartnomada nazarda tutilmagan boshqa barcha holatlarda tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.3. Mehnat shartnomasini bajarish chogʻida tomonlar oʻrtasida kelib chiqadigan nizolar amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.4. Shartnoma bir xil yuridik kuchga ega boʻlgan ikki nusxada tuzildi, uning bir nusxasi Ish beruvchida, ikkinchi nusxasi Kasanachida saqlanadi.
Tomonlarning imzolari: ‎
Ish beruvchi: ‎
‎‎____________________________________________(______________________)
Yuridik manzili:‎‎___________________________________________________
M.Oʻ. ‎
Kasanachi: ‎
‎‎____________________________________________(_____________________)
‎‎Pasport seriyasi ____________ № _________, ___________________________
‎‎__________________________________________________________ berilgan

(kim tomonidan, qachon)‎

Yashash joyi manzili _________________________________________________
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 2-son, 9-modda; 2008-y., 33-son, 318-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda, 23-son, 182-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 25.07.2023-y., 09/23/307/0519-son)