toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.09.1995
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYAVIY SUDI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisning 1995-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻisida”gi Qonunni amalga kiritish haqida”gi 104-I-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida Konstitutsiyaning muqarrar ustunligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi zimmasiga yuklatiladi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy nazoratning oliy sud organi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sodiqlik, mustaqil, bamaslahat ish yuritish, oshkoralik va sudyalar huquqlarining tengligi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatining asosiy qoidalaridir.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qilgan boshqa hujjatlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumat va davlat hokimiyati mahalliy idoralari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomalari va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan oʻziga berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham koʻrib chiqadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudini saylash
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Konstitutsiyaviy sudning raisi, Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy sudning kotibi va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan vakil boʻlgan sudyani qoʻshgan holda Konstitutsiyaviy sudning 8 aʼzosidan iborat tarkibda saylanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari va Konstitutsiyaviy sudning kotibini qoʻshgan holda sud tarkibidan kamida 7 kishi saylangan taqdirda oʻz faoliyatini boshlashga haqlidir.
4. Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tarkibidan chiqib ketgan taqdirda Oliy Majlis ushbu moddada belgilangan tartibda boshqa shaxsni saylaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 97-moddasiga binoan vakolati tugashi munosabati bilan isteʼfoga chiqqan Prezident umrbod Konstitutsiyaviy sud aʼzosi lavozimini egallaydi.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining vakolat muddati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud 5 yil muddatga saylanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi doimiy ishlovchi organ hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislari zaruratga qarab oʻtkaziladi.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mustaqilligi
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi hamda uning sudyalari oʻz faoliyatlarida oʻz vakolatlari muddatida mustaqildirlar va faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga boʻysunadilar.
2. Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilar ekanlar, amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalari, siyosiy moyillik va boshqa tashqi taʼsirlardan holi boʻlgan, oʻz huquqiy nuqtai nazarlarini ifodalaydilar.
3. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashuv man etiladi va bu qonunga binoan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi sudyalari huquqlarining tengligi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida masalalarni muhokama qilishda va qarab chiqilayotgan masalalar boʻyicha ovoz berishda Konstitutsiyaviy sudning raisi, Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy sudning kotibi va Konstitutsiyaviy sudning aʼzolari teng huquqlarga egadirlar.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi xulosalarining majburiyligi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining xulosalari barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining xulosalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti eʼtiboriga yetkaziladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining oʻziga maʼlum boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi buzilganligi hollariga barham berish, shuningdek meʼyoriy va boshqa huquqiy hujjatlarning matnlarini, hujjatlar va ularning nusxalarini taqdim etish toʻgʻrisidagi, Konstitutsiyaviy sudda qarab chiqilayotgan masalalar yuzasidan tushuntirish, maslahat berish hamda mutaxassis fikrini bayon etish xususidagi talabnomalari bu talabnomalar yuborilgan barcha idoralar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qonunchilik tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida qonunchilik tashabbusi bilan chiqish huquqiga ega.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Ish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarini tayyorlash, Konstitutsiyaviy sud majlislarida masalalarni koʻrib chiqish tartibi, uning majlislarini oʻtkazish yoʻsini, sudyalar oʻrtasida ishlarni taqsimlash qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi xodimlariga qoʻyiladigan talablar, ish yuritishning oʻziga xos xususiyatlari va boshqa shunga oʻxshash masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qabul qiladigan Ish tartibi bilan belgilanadi.
II BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDI SUDYaLARINING MAQOMI
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar
Siyosat va huquq sohasi mutaxassislari jumlasidan boʻlgan, kamida 35 yoshga toʻlgan, qoida tariqasida yuridik ixtisosi boʻyicha ish staji 10 yildan kam boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi vazifasini bajarish uchun talab qilinadigan yuksak malakaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylanishi mumkin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasining qasamyodi
Oliy Majlis Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari etib saylangan shaxslarni qasamyod qildiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi etib saylangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga boʻysunishga va boshqa hech kimga boʻysunmaslikka tantanali qasamyod qilaman”.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi vazifasi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, raisining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy sud kotibi va aʼzosi vazifalarini bajarish bilan deputatlik mandatiga ega boʻlish, siyosiy partiyalarga aʼzolik, harakatlarda ishtirok etish va haq toʻlanadigan boshqa lavozimni egallash oʻzaro nomuvofiqdir.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasini almashtirib boʻlmaslik
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasini almashtirib boʻlmaydi va uning vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartib hamda asoslardan oʻzga tarzda toʻxtatilishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin emas.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasining daxlsizligi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi daxlsizdir. U Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi, ushlab keltirilishi yoki maʼmuriy jazo choralariga duchor etilishi mumkin emas.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasiga nisbatan jinoiy ish, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik yuzasidan ish yuritish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasining turar joyiga yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki uning foydalanishida boʻlgan transportga kirish, u yerda tekshiruv, tintuv oʻtkazish yoki narsalarni olib qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasini shaxsan tekshirish yoki shaxsan tintish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining ijozatisiz amalga oshirilishi mumkin emas.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasining vakolatlarini toʻxtatish
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasining vakolatlari:
u isteʼfo berish toʻgʻrisida iltimos qilganligi;
uning toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjudligi;
u tibbiyot komissiyasining xulosasi boʻyicha uzoq davom etayotgan kasalliligi;
u Oʻzbekiston Respublikasidan chetga chiqib ketganligi sababli Oliy Majlis qarori bilan toʻxtatiladi.
III BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDININGFAOLIYAT YuRITISh TARTIBI
15-modda. Bamaslahat ish yuritish
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida ishlarni qarab chiqish va xulosalar berish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari roʻyxatdagi tarkibining kamida 7 aʼzosidan iborat tarkibda bamaslahat amalga oshiriladi.
16-modda. Oshkoralik
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislari, odatda, ochiq oʻtadi. Sud majlisi boʻlayotgan xonaga sud raisining qaroriga binoan ommaviy axborot vositalarining vakillari kiritilishi mumkin.
17-modda. Sudlov tili
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilida amalga oshiriladi.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida masalalarni qarab chiqish muddatlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, agar olingan materiallar ushbu Qonun talablariga javob bersa, ularni olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatdan kechiktirmay oʻrganib chiqishga kirishadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida tegishli material olingan paytdan eʼtiboran olti oy ichida koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan qaror qabul qilinadi.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga masalalarni kiritish tartibi toʻgʻrisida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi nomidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy idorasi, Oliy Majlisning bir guruh deputatlari (kamida 50 kishi), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida koʻrib chiqish uchun masala kiritish huquqiga egadirlar.
Masala Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining kamida toʻrt sudyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan ham kiritilishi mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faqat konstitutsiyaviyligi shubha ostiga olingan muayyan koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar chiqaradi va xulosalar beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi normativ hujjatning konstitutsiyaviyligini tekshirib, ayni chogʻda tekshirilgan normativ hujjatlar asos qilib olingan, yoxud uning qoidalarini takrorlovchi hujjatlarga nisbatan, garchi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida qarab chiqish uchun kiritilgan masalada ular xususida soʻz yuritilmagan boʻlsa ham, qaror chiqarishi mumkin.
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlislarining qatnashchilari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri qatnashishlari mumkin. Ular koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bayon etishga haqlidirlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasining oliy mansabdor shaxslari ishtirok etish huquqiga egadirlar.
21-modda. Tomonlarning chiqimlarini qoplash manbai
1. Tomonlar konstitutsiyaviy sudlov ishlarida ishtirok etish va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi joylashgan manzilda boʻlish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz mablagʻlari hisobidan qoplaydilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudidagi sudlov ishlari va u joylashgan manzilda boʻlish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar qilgan tomonlar bu xarajatlarni fuqarolik sudlovi tartibida qoplanishini talab qilishi mumkin.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislariga chaqirish
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisiga zarur maʼlumot yoki materiallarga ega shaxslar guvoh sifatida hamda qarab chiqilayotgan masala sohasida maxsus bilimga ega shaxslar ekspert sifatida chaqirilishlari mumkin.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarori
1. Davlatlararo shartnomaning konstitutsiyaviyligi yuzasidan qarab chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining yakuniy toʻxtami qaror deb ataladi. Qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
2. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining yakuniy toʻxtami xulosa deb ataladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining talablari uning hal qiluv qarorlarida ifodalanishi yoxud boshqa shaklga ega boʻlishi mumkin.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
2. Sudya ovoz berishda betaraf qolishga yoki qatnashmaslikka haqli emas.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarori, agar unga majlisda qatnashayotgan sudyalarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarori yoki xulosasiga qoʻshilmagan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi oʻz fikrini yozma tarzda bayon qilish va uni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisi bayoniga tirgab qoʻyishga haqlidir.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hal qiluv qarorining kuchga kirishi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudning qarorlari matbuotda eʼlon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarorlari qatʼiy va uning ustidan shikoyatga oʻrin yoʻq.
26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarorini qaytadan koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarori, basharti:
hal qiluv qarori qabul qilingan paytda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga nomaʼlum boʻlgan yangi ahamiyatli jihatlar ayon boʻlib qolsa;
hal qiluv qarori qabul qilinayotganda asoslanilgan konstitutsiyaviy norma oʻzgartirilgan boʻlsa, Konstitutsiyaviy sudining oʻz tashabbusi bilan qaytadan koʻrib chiqiladi.
27-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining materiallarini eʼlon qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarorlari, xulosalari va boshqa qarorlari Oliy Majlisning Axborotnomasida hamda Oliy Majlisning boshqa matbaa nashrlarida chop etiladi.
IV BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh VA UNINGFAOLIYATIGA DOIR BOShQA MASALALAR
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining ishini moliyaviy taʼminlash
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining ishini moliyaviy taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining hal qiluv qarorlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni tegishli talablarni ijro etish zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar koʻtaradilar.
29-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi faoliyatining taʼminoti
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga saylangan shaxslar faoliyati taʼminotining shartlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlariga tenglashtiriladilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalarining pensiya taʼminoti tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qoʻyiladi.
30-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini qoʻriqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi egallab turgan binolarni, zarurat boʻlganda esa Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalarini hamda ularning oila aʼzolarini, ular yashab turgan turar joylarni va ularning mol-mulkini qoʻriqlash ichki ishlar organlariga yuklanadi.
31-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalarining guvohnoma va koʻkrakka taqiladigan nishonlari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydigan namunadagi guvohnoma va koʻkrakka taqiladigan nishon beriladi.
32-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining muhri
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-may,
820-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., № 5, 204-modda)