1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.01.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasining umumiy qoidalari;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.01.00 Axborotlashtirish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Axborotlashtirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 11-dekabrdagi 561-II-sonli “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun axborot majmui faoliyatining iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslarini, uning Oʻzbekiston Respublikasida tutgan oʻrni va ahamiyatini belgilaydi, axborot egalari va axborotdan foydalanuvchilar boʻlmish davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadi.
2-modda. Qonunning amal qilish sohasi
Ushbu Qonun davlat organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning:
axborotlarni toʻplash, jamgʻarish, qayta ishlash, uzatish, qoʻllash va ruxsat etilmagan tanishuvdan saqlash;
axborot tizimlarini, maʼlumotlar bazalari va banklarini, axborotlarni qayta ishlash va uzatishning boshqa tizimlarini yaratish, joriy etish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun boshqa qonunlarning (ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi hamda boshqa qonunlarning) taʼsiri ostidagi axborotga, hujjatlashtirilmagan axborotga, shuningdek mualliflik va patent huquqi meʼyorlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarga taalluqli emas.
3-modda. Davlatning axborotlashtirish sohasidagi siyosati
Davlatning axborotlashtirish sohasidagi siyosatining asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublikani rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan hamda real ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda tasdiqlaydigan Oʻzbekiston Respublikasining axborotlashtirish konsepsiyasida belgilanib:
davlat va jamoat organlarining, fuqarolarning, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning (matnda bundan keyin “tashkilotlar” deb yuritiladi) axborotga boʻlgan ehtiyojini har tomonlama qondirishni;
axborotni bir tartibga solishni, standartlashtirishni, yagona axborot maydoni yaratishni hamda respublika jahon axborot hamjamiyatiga kirishi uchun sharoit yaratishni;
respublikada yaratilayotgan va chetdan keltirilayotgan texnik, dasturiy va texnologik axborot vositalari hamda resurslarini sertifikatsiya qilishni;
rivojlangan, ishlash bobida mukammal va ishonchli axborot infrastrukturasini shakllantirishni;
axborotlashtirishning texnik asoslarini tarkib toptirishda respublikaning suveren huquqlari va mintaqaviy tuzilmalarning manfaatlariga rioya etishni, axborot tizimlarini tashkil etish va amal qilish jarayonida ularning oʻzaro hamjihat harakat qilishlarini yoʻlga qoʻyishni;
respublikadagi ishlab chiqarish, boshqaruv, ilmiy va ijtimoiy sohalarda elektronika, hisoblash texnikasi va aloqa vositalarining yangi namunalarini yaratish hamda joriy etishni;
axborotlashtirishning bir yerda haddan ziyod quyuqlashuvi va axborot sohasida yakkahokimlik qilinishining oldini olish asosida axborotlashtirishni jadal rivojlantirish, axborot jarayonlarini davlat tomonidan markazlashtirilgan tartibda pul bilan taʼminlash va idora etish usullaridan tashkilotlarning mustaqilligiga va tadbirkorlikka oʻtish uchun
axborotlashtirish dasturi uchun davlat tasarrufida boʻlmagan mablagʻlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishni;
ommaviy foydalanuvchining qurbi yetadigan istiqbolli axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan ilmiy-texnik hamda ishlab chiqarish faoliyatini ragʻbatlantirishni;
ustuvor va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan axborot tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy ragʻbatlantirish va imtiyozlar tizimini, shuningdek boshqa chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda joriy etishni;
axborot resurslarini yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlariga rioya etish maqsadida axborotlarni hamda ularni qayta ishlash vositalarini himoya qilish yoʻllarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etishni;
davlat axborot resurslarining asralishi, jamgʻarilishi va ulardan samarali foydalanilishini taʼminlashni;
axborotlashtirishning jamiyat rivojiga taʼsirini oʻrganishni va baholashni nazarda tutadi.
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
II BOB. AXBOROT TIZIMLARI VA ULARNING MAJMUI
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining axborot majmui
Respublikaning axborot majmui davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlaridan tashkil topadi.
Respublika, hududiy, tarmoq, mahalliy axborot tizimlari va shoxobchalari, shuningdek ularda ishlatiladigan aloqa vositalari respublika axborot majmuining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu axborot tizimlari tashkiliy-tarkibiy xususiyatlariga, mavzusiga texnologik va boshqa belgilariga qarab shakllantiriladigan hujjatlashtirilgan axborotlarga qayta ishlov berilishini taʼminlaydi.
5-modda. Davlat organlarining axborot tizimlari
Respublika budjeti hisobidan vujudga keltirilgan hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining faoliyat koʻrsatishini taʼminlovchi axborotlarga ishlov berish tizimlari, maʼlumot bazalari va banklari, ekspert va axborot-qidiruv tizimlari hamda shoxobchalari Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining axborot tizimiga kiradi.
6-modda. Hududiy axborot tizimlari
Hududiy axborot tizimlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tahlil etish va boshqarish vazifalarini taʼminlash uchun tashkil etiladi.
7-modda. Tarmoqlar va tashkilotlarning axborot tizimlari
Tarmoqlar va tashkilotlarning axborot tizimlari vazirliklar va idoralar, mulk shaklidan qatʼi nazar, konsernlar, korporatsiyalar, ishlab chiqarish birlashmalari, tashkilotlar va korxonalarning ishlashini taʼminlovchi axborotlarga ishlov berish tizimlaridan, maʼlumot bazalari va banklaridan iboratdir.
Avtomatlashtirilgan kredit-bank va birja tizimlari hamda pulsiz muomala tizimlari ham tarmoq axborot tizimlariga kiradi.
8-modda. Avtomatlashtirilgan kredit-bank va birja tizimlari
Avtomatlashtirilgan kredit-bank va birja tizimlari oʻzaro hisob-kitoblar jadal oʻtkazilishini taʼminlash, kredit-moliya operatsiyalarini amalga oshirish, shuningdek birja faoliyatini, brokerlik va maklerlik xizmatlarini avtomatlashtirish, soliq va auditorlik faoliyatlarini amalga oshirish (budjetlarni, kapital mablagʻlarni, soliq nazoratini shakllantirish) uchun tuziladi.
Pulsiz muomalaning avtomatlashtirilgan tizimlari kredit kartochkalari va pulsiz moliya hujjatlarining boshqa turlaridan foydalangan holda oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazishda aholiga qulaylik yaratish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi Jamgʻarma banki tizimi, shuningdek boshqa banklar, manfaatdor vazirliklar va idoralar asosida tashkil etiladi.
10-modda. Axborot uzatish
Tarmoq, hududiy va davlat axborot tizimlari oʻrtasida axborotlar uzatish zarur roʻyxat, maʼlumotlar tarkibi va hajmlari doirasida oldindan kelishgan holda amalga oshiriladi.
11-modda. Xususiy va davlat tasarrufida boʻlmagan boshqa axborot tizimlari
Jismoniy shaxslarning (Oʻzbekiston Respublikasi, boshqa davlatlar fuqarolarining) axborot tizimlari oʻz mablagʻlari hisobiga tashkil etiladi va ular tomonidan belgilangan tartibda ruxsatnoma olingan taqdirdagina ishlatiladi.
Davlat tasarrufida boʻlmagan axborot tizimlari oʻz muassislarining mablagʻlari hisobiga tashkil etiladi va ular tomonidan axborot mahsulotlari yaratish va xizmatlari tashkil etish uchun foydalaniladi.
12-modda. Aloqa va maʼlumotlar uzatish tizimlari
Aloqa va maʼlumotlar uzatish tizimlari axborotlashtirishninng kommunikatsiyaviy asosi hisoblanadi. Mazkur tarmoqlar aloqaga qoʻshilish, maʼlumotlarni qabul qilish va uzatishga oid xalqaro standartlar va protokollar talablariga rioya etish asosida tuziladi, ular esa aloqa tarmoqlari tuzilmasining yangi turlarini yaratish va axborot xizmatining yangi turlarini tashkil etish imkoniyatini taʼminlaydi.
Xizmatlarning yangi turlari axborot egalarining tashabbusi bilan ham, axborotlardan foydalanuvchilarning tashabbusi bilan ham joriy etilishi mumkin.
Aloqa va maʼlumotlar uzatish tizimlarini barpo etish va ulardan foydalanish, shuningdek ularning faoliyatini toʻxtatish qoidalari mazkur tizimlardan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
13-modda. Axborotlashtirishda tizim, dastur va tarmoq taʼminoti birligi
Axborotlashtirishda tizim, dastur va tarmoq taʼminoti birligi axborotlashtirish jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishi prinsiplariga, shuningdek axborot vositalari va mahsullari ishlab chiqarishda hamda ulardan foydalanishda yagona standartlarga, sifat sertifikatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvining maxsus organlari faoliyatiga asoslanadi.
III BOB. AXBOROTLAShTIRISh INFRASTRUKTURASI VA SANOATI
14-modda. Axborotlar infrastrukturasi
Oʻzbekiston Respublikasining axborotlar infrastrukturasini — axborotlarni qayta ishlovchi va axborotga oid boshqa xizmat koʻrsatuvchi, avtomatlashtirilgan tizimlarga servis xizmati koʻrsatuvchi; xodimlar va foydalanuvchilarga oʻrgatuvchi; maslahat beruvchi va uslubiyatga doir ishlarni bajaruvchi, foydalanuvchilarga axborot xizmati koʻrsatish sifatini oshirishga doir boshqa yordamchi foydali faoliyatni amalga oshiruvchi mulkchilikning barcha shakllaridagi ilmiy va ishlab chiqarish tuzilmalari tashkil etadi.
Axborotlar infrastrukturasi sohasida tashkilotlar amalga oshiradigan faoliyat xalq xoʻjaligi tizimida “Axborot xizmati” yordamchi tarmogʻi sifatida hisobga olinadi.
15-modda. Axborotlashtirish sanoati
Davlat organlari tomonidan, shuningdek ustavida axborotlashtirish mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanish nazarda tutilgan, yuridik shaxslar, shu yoʻnalishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar tomonidan axborotlashtirish mahsuloti ishlab chiqarish — axborotlashtirish sanoatidan iborat iqtisodiy faoliyat tarmogʻini tashkil etadi.
Axborotlashtirish sanoatining dasturlari, moddiy, texnikaviy, moliyaviy, tashkiliy va oʻzga xil resurslari davlat statistika organlarida hisobga olinmogʻi lozim.
Davlat statistika organlariga beriladigan maʼlumotlar roʻyxati va ularni taqdim etish shakllari axborotlashtirish sanoati subyekti toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash bilan bir vaqtda belgilanadi.
16-modda. Axborot majmuining texnika bazasi
Oʻzbekiston Respublikasi axborot majmuining texnika bazasi zamonaviy kompyuter texnikasini, dasturiy mahsullarni, kommunikatsiya va aloqa vositalarini oʻz ichiga oladi. Texnika bazasi ruxsatnomalar, shartnomalar hamda bitimlar asosida respublikada chiqariladigan va respublikaga olib kelinadigan dasturiy-apparat vositalari negizida vujudga keltiriladi.
17-modda. Axborotlar, axborotlashtirish mahsulotlari va axborot xizmatlari bozori
Axborotlar, axborotlashtirish mahsulotlari va axborot xizmatlari bozori ushbu Qonunning qoidalari hisobga olingan holda shakllantiriladi. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxslar, shuningdek jismoniy shaxslar axborotlar, axborotlashtirish mahsulotlari va axborot xizmatlari bozorida teng mavqeli sheriklar sifatida qatnashadilar.
Axborot mahsulotlari va axborot xizmatlarining sifati va boshqa isteʼmol xususiyatlari davlat standartlarida, texnikaviy shartlarda yoxud texnik topshiriqlarda yoki bevosita ularni ishlab chiqarish uchun tuzilgan shartnomada belgilab qoʻyiladi.
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.02.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasida boshqaruv. Elektron hukumat / 12.02.01.00 Axborotlashtirishni boshqarish organlari]
IV BOB. AXBOROTLAShTIRISh SOHASIDAGI BOShQARUV
18-modda. Axborotlashtirish sohasidagi davlat boshqaruv organlari
Axborotlashtirish sohasidagi boshqaruvni Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi amalga oshiradi. Axborotlashtiriish mahsullari va tizimlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish uchun maxsus xizmatlar — Dasturiy mahsullar davlat reyestri, Maʼlumot bazalari davlat reyestri va Axborot tizimlari davlat reyestri tashkil etiladi. Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar faoliyati natijasida hosil qilingan va Davlat reyestrlarida qayd etilgan dasturiy mahsullar va maʼlumotlar bazalarining jamlamasi Dasturiy-axborot mahsulotlari milliy fondini tashkil etadi.
19-modda. Davlat boshqaruv organlarining axborotlashtirish sohasidagi vakolatlari va masʼuliyati
Axborotlashtirish sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlariga:
axborotlashtirish sohasida davlat siyosatining asoslarini ishlab chiqish, davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning axborotlashtirish zaxiralarini hosil etish hamda ulardan foydalanish ishlarini muvofiqlashtirib borish, subyektlarning axborotlashtirish sohasidagi munosabatlarga taalluqli huquqlari va kafolatlarini himoya qilish;
axborotlashtirish sohasidagi umumdavlat dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishga rahbarlik qilish, ana shu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash, istiqbolga moʻljallangan axborot texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlarni, loyihalarni muvofiqlashtirish va ragʻbatlantirish, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilish;
davlat boshqaruv organlarini axborotlar bilan taʼminlash tartibi va shartlarini belgilash;
avtomatlashtirilgan axborot va axborot-hisoblash tizimlari hamda tarmoqlari yaratishni, shu jumladan ularni hisobga olish, sertifikatsiyalash hamda litsenziya berishni tartibga solish;
axborotlashtirish infrastrukturasining umumiy kommunikatsiya muhitini va boshqa tarkibiy qismlari yaratilishini taʼminlash, axborotlashtirish sohasidagi bozor omillarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish;
axborotlashtirish sohasidagi loyihalar va takliflarni ekspertizadan oʻtkazish, bu sohada tarmoq hujjatlari va standartlarining yagona tizimini joriy etish hamda ularga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
axborotlashtirish sohasida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish hamda ilmiy-texnikaviy aloqalarni uygʻunlashtirish kiradi.
Davlat boshqaruv organlari tomonidan hujjatlarni birxillashtirish tizimining tarkibi, davlat va jamoat faoliyatining barcha sohalarida toʻplanadigan hamda ishlov beriladigan axborotlarga, shuningdek odamlarning huquqlari va manfaatlari muhofaza hamda himoya etilishini taʼminlash maqsadida foydalaniladigan xususiy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotlarga doir klassifikatorlar, standartlar belgilanadi.
20-modda. Dasturiy mahsullarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatsiyalash
Axborotlashtirish mahsullarining raqobat qobiliyatini taʼminlash va uning sifatiga davlat taʼsirini kuchaytirish, shuningdek ichki bozorni himoya qilish maqsadida ana shunday mahsullar ekspertizadan oʻtkaziladi va sertifikatsiyalanadi.
Dasturiy mahsullarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatsiyalash Dasturiy mahsullarning davlat reyestri va Maʼlumot bazalari davlat reyestri asosida amalga oshiriladi.
Dasturiy mahsullar davlat reyestrining, Maʼlumot bazalari davlat reyestrining meʼyoriy-texnik bazasi, ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatsiyalash qoidalari xalqaro meʼyorlar va bitimlarga muvofiq boʻlishi kerak.
21-modda. Axborotlashtirish sohasidagi faoliyatni ragʻbatlantirish va davlat tomonidan tartibga solib borish
Davlat boshqaruv organlari axborot texnologiyasi, axborotlashtirish sanoati yaratuvchilarini iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydilar, ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarishning ustuvor yoʻnalishlari rivojlantirilishini ragʻbatlantiradilar, axborot mahsullarining raqobat qobiliyatini oshirishga koʻmaklashadilar, mutlaqo yangi yechimlarni patentlashni va axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishni taʼminlaydilar.
Qonunda belgilangan hollarda davlat organlari muayyan axborot texnologiyalari, mahsullari va axborot xizmatlarining eksporti va importini, ularning ichki bozorda sotilishini cheklashga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar zimmasiga standartlashtirish va sifatning zarur darajasini taʼminlash vazifasini yuklashga haqlidirlar.
Davlat mulki boʻlgan axborot resurslarini shakllantirish va ularni foydalanuvchilarga berish ishlarini tashkil etish ana shunday axborot resurslariga doir ishlarni bajarishi lozim boʻlgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari zimmasiga yuklatiladi.
Davlat mulki qatoriga qoʻshilishi mumkin boʻlgan axborot turlari va axborot resurslarining tarkibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.01.00 Axborotlashtirish;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
V BOB. AXBOROTLAR VA AXBOROT TIZIMLARINING HUQUQIY REJIMI
22-modda. Axborotdan foydalanishning huquqiy rejimi
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilab berilgan huquqlari va majburiyatlariga muvofiq holda axborotlashtirish sohasida huquqiy munosabatlarning subyektlari sifatida ish koʻradilar.
Axborotdan foydalanishning huquqiy rejimi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari oʻz vakolatlari doirasida chiqaradigan Oʻzbekiston Respublikasining hujjatlarida va meʼyoriy hujjatlarida, axborotlashtirish sohasidagi munosabatlar qatnashchilarining shartnoma va bitimlarida belgilab qoʻyiladi.
Axborotlardan foydalanuvchilar toifasi va axborotlarni qoʻriqlash tartibi mazkur Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlovchi boshqa qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
23-modda. Axborotlarga nisbatan mulkchilik huquqi
Axborot davlat organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyat mahsuli sifatida moddiy yoki intellektual mulk obyekti boʻlishi mumkin. Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar axborotlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan mulkiy huquqqa egadirlar.
Hujjatlashtirilgan axborot mulk obyekti sifatida alohida hujjat yoki hujjatlar toʻplami shaklida (kutubxona, arxiv, fond, bilimlar bazasi va boshqa shakllarda) namoyon boʻladi.
Axborot egasi oʻz mulkining obyektiga nisbatan har qanday qonuniy xatti-harakatlarni sodir etishi, shuningdek axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi yoki uni tasarruf etuvchi shaxsni tayinlashi mumkin.
Quyidagilar:
oʻz kuchi bilan va oʻz hisobidan axborot yaratish;
axborot yaratishga doir shartnoma;
axborotga nisbatan mulkdorlik huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish shartini oʻzida aks ettirgan oldi-sotdiga, yetkazib berishga doir shartnoma yoki boshqa kelishuv shartnomasi;
merosga olish va tortiq qilish axborotga nisbatan mulkdorlik huquqi paydo boʻlishiga asos boʻladi.
Axborotga nisbatan mulkdorlik huquqini roʻyobga chiqarishning oʻziga xos jihatlari amaldagi mualliflik huquqiga doir qonunlar bilan belgilab qoʻyiladi.
Davlat mulki hisoblangan axborotga himoya sertifikatiga ega boʻlgan tizimlardagina qayta ishlov berilishi lozim.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yordamida kiritiladigan va uzatiladigan hujjatlarning yuridik kuchi elektron imzo bilan tasdiqlanishi mumkin. Elektron imzoning yuridik kuchi avtomatlashtirilgan tizimda imzolarning bir xilligini taʼminlovchi sertifikatsiyalangan dasturiy-texnika vositalari mavjud boʻlgan taqdirda eʼtirof etiladi.
24-modda. Axborotga nisbatan mulkdorlik huquqi subyektlari
Davlat oʻzining hokimiyat va boshqaruv organlari timsolida, yuridik va jismoniy shaxslar axborotga nisbatan mulkiy huquq subyekti boʻlishlari mumkin.
Davlat organlari, tashkilotlar axborotga nisbatan oʻzlarining mulkiy huquqlarini davlat hokimiyati organlari toʻgʻrisidagi, korxonalar, jamoat birlashmalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, muayyan yuridik shaxslarning, axborotlashtirish sohasidagi munosabatlar boshqa subyektlarining nizomlari va ustavlariga muvofiq roʻyobga chiqaradilar.
Shaxsiy axborot hamda uning moddiy ashyolari fuqarolarning mulki hisoblanadi va ular tegishli maʼlumotlar bankiga yoki arxivga saqlash uchun topshirilgan hollaridagina ularni rasmiy axborotlar qatoriga qoʻshish mumkin.
25-modda. Xususiy shaxslarga doir axborotlarni qayta ishlash
Xususiy shaxslarga doir axborotlarni qayta ishlashning tizimlari aholining talab-ehtiyojlari va manfaatlaridagi oʻzgarishlarni, fuqarolarning ijtimoiy fikrlarini oʻrganish, jinoiy harakatlarga qarshi kurash, Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlarini, iqtisodiyotga oid sirlarini va boshqa sirlarini qoʻriqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil etish, davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni boshqarish hamda uning istiqlolini taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari, boshqa tashkilotlar tomonidan vujudga keltiriladi.
Avtomatlashtirilgan tizimlar va boshqa tizimlardagi xususiy shaxslarga doir axborotlardan ularning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklab qoʻyish uchun foydalanilmasligi lozim.
Xususiy shaxslarga doir axborotlarni davlat tasarrufida boʻlmagan tashkilotlar tomonidan qayta ishlash ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Oʻz vakolatlariga muvofiq xususiy shaxslarga doir axborotlarga egalik qiluvchi va ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ana shunday axborotlardan foydalanish tartibi hamda qoidalarini buzganlik uchun intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgar boʻladilar.
26-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻzlariga doir axborotlar bilan tanishuvi
Yuridik va jismoniy shaxslar axborotning toʻliq va ishonchli boʻlishini taʼminlash maqsadida oʻzlariga doir axborotlar bilan tanishish, ularga aniqliklar kiritish, ana shu axborotdan kim va qanday maqsadda foydalanayotganini bilish huquqiga egadirlar.
Axborot tizimlarida xususiy shaxslarga doir maʼlumotlari boʻlgan davlat organlari, jamoat tashkilotlari, basharti, axborotni bu tarzda taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan qoʻriqlanadigan sirlar oshkor etilishiga sabab boʻlmasa, xususiy shaxslarga taalluqli axborotni ularning talabiga koʻra taqdim etishlari shart.
Axborotni bermaganlik yoki uni yashirganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
27-modda. Axborotning egasi va undan foydalanuvchi oʻrtasidagi munosabatlar
Axborotning egasi va u vakolat bergan shaxslar axborotlarni qayta ishlash hamda ulardan foydalanishning amaldagi qonunlarga zid kelmaydigan rejimi va qoidalarini belgilaydilar.
Axborotning egasi undan foydalanish shartlarini belgilaydi yoxud oʻz huquqini shartnoma asosida boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga beradi.
Axborot egasining qaroriga binoan axborot undan foydalanuvchiga shartnomaviy narxlarda yoki axborot xizmatlari uchun belgilangan tariflardagi narxlarda berilishi mumkin.
Axborotning egasi axborot xizmatlari toʻgʻrisidagi shartnomada qayd etilganidek, axborot hamda uni qayta ishlash dasturlari toʻliq, ishonchli va sifatli boʻlishini taʼminlashi shart.
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan organlar va tashkilotlarga hujjatlashtirilgan axborotlarni berishlari shart.
28-modda. Axborot egasining javobgarligi
Axborot egasi atayin notoʻgʻri, chala, muddatni buzib axborot berganlik uchun foydalanuvchi oldida javobgar boʻladi, shu tufayli foydalanuvchiga yetkazilgan zararni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq qoplaydi.
Zararni qoplash shartlari shartnoma bilan belgilanadi. Zararni qoplash miqdorini tomonlar mustaqil belgilaydilar, nizoli hollarda esa uni sud, xoʻjalik sudi belgilaydi.
29-modda. Axborotlashtirish sohasidagi munosabatlar subyektlarining huquqlarini himoya qilish
Axborotga va axborot mahsuliga doir nizolar hamda ularga egalik qilish huquqlari qonunlar asosida hal etiladi.
Axborot resurslari, shu jumladan avtomatlashtirilgan axborot tizimlarida axborot resurslari toʻplash va ulardan foydalanish sohasidagi huquqiy munosabatlar subyektlarining huquqlarini yuridik jihatdan himoya qilish, gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish, qoidabuzarlarni javobgarlikka tortish, subyektlarning buzilgan huquqlarini tiklash va yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadlarida amalga oshiriladi.
Davlat tasarrufida boʻlmagan axborot tizimlarida ishlov beriladigan axborotlar ushbu axborotlar tizimi Axborot tizimlari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan va uning egasi axborotga ishlov berish uchun ruxsatnoma olgan hollardagina qoʻriqlanadi. Ishlov berishdan koʻzlangan maqsad va xizmat koʻrsatish qoidalari ruxsatnomada koʻrsatib oʻtiladi.
Axborotlar hamda axborot jarayonlari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy, fuqarolik, mehnat, jinoyat qonunlarining meʼyorlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
30-modda. Shaxsiy axborotlarni va xususiy shaxslarga doir axborotlarni himoya qilish
Shartnomaga asosan avtomatlashtirilgan tizimga kiritilgan shaxsiy axborotlar va xususiy shaxslarga doir axborotlardan foydalanishning belgilangan qoidalarini buzganlik hollari sud tomonidan aniqlanadi.
Axborotning egasi yoki undan foydalanuvchi tomonidan huquqlari yoxud manfaatlari buzilgan xususiy shaxslar oʻz huquqlari tiklanishini, yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi va koʻrilgan maʼnaviy zarar uchun tovon toʻlanishini sud organlari orqali talab qilishlari mumkin.
(30-moddaning 2-qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-yil, 1-2-son, 23-modda)
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.01.00 Umumiy qoidalar]
31-modda. EHM uchun yaratilgan dasturga mualliflik huquqi
Ijodiy faoliyati natijasida EHM uchun dastur yaratgan jismoniy shaxs uning muallifi deb eʼtirof etiladi. Basharti, EHM uchun dastur ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy faoliyati natijasida yaratilgan boʻlsa, dastur har biri mustaqil ahamiyatga ega qismlardan iboratmi-yoʻqmi yoki uning boʻlinish-boʻlinmasligidan qatʼi nazar, bu shaxslardan har biri bunday dasturning muallifi deb eʼtirof etiladi.
EHM uchun yaratilgan dasturga mualliflik huquqi jismoniy shaxsga yoki jamoaga Dasturiy mahsullar davlat reyestri beradigan shahodatnoma bilan guvohlantiriladi.
EHM uchun yaratilgan dastur muallifi uning mulkiy huquqlaridan qatʼi nazar:
mualliflik huquqi — EHM uchun yaratilgan dastur muallifi deb hisoblanish huquqi;
nomlash huquqi — EHM uchun yaratilgan dasturda muallif nomini koʻrsatish shaklini: oʻz nomi bilan, shartli nom (tahallus) bilan yoki xufyona nom bilan atashni belgilash huquqi; hamda
daxlsizlik (bus-butunlik) huquqi — EHM uchun yaratilgan dasturning oʻzini ham, uning nomini ham muallifning shon-sharafiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan buzib koʻrsatishlar va boshqa tajovuzlardan himoya qilish huquqidan iborat shaxsiy huquqlarga ega boʻladi.
32-modda. EHM uchun yaratilgan dastur va boshqa dasturiy-axborot mahsullariga boʻlgan mulkiy huquq
Oʻz mablagʻi hisobiga dastur yoki boshqa dasturiy-axborot mahsullari yaratgan yoki ana shu huquqni dastur muallifi yoxud boshqa mulkdordan qonuniy asosda olgan yuridik yoki jismoniy shaxs EHM uchun yaratilgan dastur va boshqa dasturiy-axborot mahsullarining egasi hisoblanadi.
Agar EHM uchun yaratilgan dasturga boʻlgan mulkiy huquq yuridik shaxsga yoki davlatga tegishli boʻlsa, unda EHM uchun yaratilgan dasturga mualliflik huquqi guvohnomasi muallifning (mualliflarning) dastur yaratilgan joydan moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish olishiga, undan nusxa koʻpaytirilgan va mulkdor tomonidan sotilgan hollarda esa mualliflik huquqlari toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq muallifga (mualliflarga) bunda mulkdor olgan foydaning (daromadning) bir qismini ajratib berishga asos boʻlishi mumkin.
Axborot mahsullarining moddiy ashyolari ashyoviy mulk obyektlari sifatida muhofaza qilinadi.
Dasturning asl nusxasiga mulkiy huquq Dasturiy mahsullar davlat reyestri beradigan maxsus guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Dasturning hisobga olingan koʻchirmasiga nisbatan mulkiy huquq dasturni yetkazib berishga (dasturning oldi-sotdisiga) doir shartnomada tasdiqlanadi.
33-modda. Axborotlashtirish sohasidagi nizolarni qarab chiqish tartibi
Axborotlashtirish sohasidagi sud tasarrufiga kirmagan nizolarni qarab chiqish uchun axborotlashtirishni boshqaruvchi davlat organlari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari asosida ish koʻruvchi muvaqqat va doimiy komissiyalar tuzilishi mumkin.
VI BOB. AXBOROTLAShTIRISh SOHASIDA XALQARO HAMKORLIK
34-modda. Davlatlararo munosabatlar
Axborotlashtirish sohasidagi davlatlararo munosabatlar ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlar, yuridik shaxslarning oʻzaro yaxlit, birgalikdagi, jamoa, dasturiy va texnikaviy jihatdan oʻzaro bir butun axborot tizimlari, shuningdek axborotlashtirishning boshqa masalalari boʻyicha tuzadigan birgalikdagi ilmiy-texnika dasturlari, shartnomalari va majburiyatlari asosida tarkib topadi. Axborotlashtirish sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro shartnomalar va bitimlar asosida amalga oshiriladi.
35-modda. Xalqaro kommunikatsiya tarmoqlariga qoʻshilish
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, yuridik va jismoniy shaxslar shartnomalar asosida oʻz axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga qoʻshishga haqlidirlar. Cheklangan tarzda axborotga ishlov beruvchi axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga qoʻshilishiga faqat zarur himoya chora-tadbirlari koʻrilganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Yuridik va jismoniy shaxslarga qarashli axborot tizimlarining axborotlar tarmoqlariga gʻayriqonuniy ravishda qoʻshilishi, xuddi shuningdek ulardan gʻayriqonuniy yoʻl bilan axborotlar olishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
36-modda. Xalqaro ayirboshlash chogʻida axborotlarni himoya qilish
Xalqaro ayirboshlash chogʻida axborotlarni himoya qilish, basharti, xalqaro shartnomalar va bitimlarda oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1993-yil 7-may,
868–XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 252-modda; 2001-yil, 1-2-son, 23-modda)