Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Kichik va mikro moliyalashtirishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va mikro moliyalashtirishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki huzuridagi Moliyaviy sektorni rivojlantirish agentligi xodimlari, chet ellik maslahatchilar va ekspertlar ishlashi uchun joy berish, shuningdek, telefon aloqasi xizmatlari shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Markaziy bank tomonidan ulush qoʻshilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Moliyaviy sektorni rivojlantirish agentligi loyihaga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qoʻshilayotgan ulush belgilangan tartibda hisobga olinishini taʼminlasin.
2. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va mikro moliyalashtirishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish kengashining yangilangan tarkibi
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va mikro moliyalashtirishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 11-avgustdagi 348-son qaroriga
2-ilova;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash hamda baʼzilariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 13-modda) 2-ilovaning
20-bandi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A.Golishev zimmasiga yuklansin.