Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Sugʻurta toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida transport vositalaridan foydalanish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining davlat majburiy sugʻurtasi joriy etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan mulkchilikning barcha shakllaridagi transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining davlat majburiy sugʻurtasiga jalb qilinadilar.
2. Transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta puli va bitta transport vositasi uchun bir yilda bir marta olinadigan sugʻurta tariflari stavkalari miqdori
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Har yili sugʻurta toʻlovlarini toʻlash uchun quyidagi muddatlar belgilansin:
yuridik shaxslar uchun — 1-iyulgacha;
jismoniy shaxslar uchun — 1-sentabrgacha.
Sugʻurta toʻlovlarini toʻlash uchun belgilangan muddat tamom boʻlgancha, toʻlanmagan pul qarz deb hisoblansin va toʻlash muddati oʻtib ketgan har bir kun uchun qarzning 0,1 foizi miqdorida jarima (penya) hisoblangan holda undirib olinsin.
4. Transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining davlat majburiy sugʻurtasi toʻlovlari toʻlanishini nazorat qilish Davlat avtomobil nazorati, Davlat qishloq xoʻjaligi texnika nazorati va “Oʻzdavsugʻurta” organlariga yuklansin.
5. Tushgan sugʻurta toʻlovlaridan fuqarolar halok boʻlishining va ularning mol-mulki nobud boʻlishining oldini olish tadbirkorlariga ajratmalar summasi 5 foiz miqdorida belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi
yoʻriqnomani hamda fuqarolar halok boʻlishining va ularning mol-mulkini nobud boʻlishining oldini olish tadbirlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash uchun toʻlanadigan sugʻurta pulining cheklangan miqdori quyidagichadir:
mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplash uchun — Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida;
oʻlimga olib kelgan zararni qoplash uchun — eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdorida.