Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Aholi va xalq xoʻjaligining bozor iqtisodiyoti sharoitlarida zamonaviy texnika-texnologiya vositalariga asoslangan uzluksiz telekommunikatsiya aloqalariga boʻlgan sifat jihatdan oʻsgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, Davlat mulki qoʻmitasi, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Umumdavlat telekommunikatsiya aloqalari tarmogʻini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish
Milliy dasturi loyihasini, unda birinchi galdagi vazifalar sifatida 1997-yilgacha Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida shaharlararo va 400 ming nomerli yangi avlod shahar telefon stansiyalarini ishga tushirishni, 1995 — 1997-yillarda respublikada tolali-optik aloqa kabellarini, uzatish va kommutatsiya qilishning raqamli tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etishni, Oʻzbekiston umumdavlat telekommunikatsiya tarmoqlarini xorijiy kompaniyalar va moliya tashkilotlari kapitallarini tanlov asosida jalb qilib aksionerlashtirishni nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
2. Tarmoqni modernizatsiya qilish va rivojlantirishni mablagʻ bilan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash maqsadida Aloqa vazirligining 2 mln. soʻm ustav fondiga ega boʻlgan Respublika aksionerlik-tijorat banki — “Aloqabank” ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirsin.
“Aloqabank”ning taʼsischilari etib Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining korxonalari va tashkilotlari belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Aloqabank”ni tashkil etish va uning faoliyat koʻrsatishga oid masalalarni hal qilishda amaliy yordam bersin.
“Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” “Aloqabank” ka aktivlar va passivlarni boʻlish vedomostiga muvofiq belgilangan tartibda bersinlar.
3. Oʻzbekiston hududida Trans-Osiyo-Yevropa tolali-optik aloqa liniyasi (Shanxay-Frankfurt) qurilishiga muhim ahamiyat berib, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari texnik-iqtisodiy asoslashlarga muvofiq yer maydonlari ajratish, loyihalash, mazkur liniyani qurish bilan bogʻliq masalalarni hal qilsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari umumdavlat aloqa tarmoqlari texnik vositalari asosida tarmoq axborot tarmoqlarini yaratishni Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining texnik shartlari boʻyicha maʼlumotlarni uzatish umumrespublika tarmogʻini modernizatsiya qilish ishlarini mablagʻ bilan taʼminlashda albatta ishtirok etgan holda amalga oshirsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi 15361-son harbiy qismning muddatli xizmatdagi shaxsiy tarkibini, asosan, aloqa tarmogʻidan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar hisobidan butlashni amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R. R. Yunusov zimmasiga yuklansin.