toggle_night_mode
Hujjat 05.10.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining
Buyrugʻi
Davlat organlari va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 3-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3950]
Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-sentabr,
106-son
Kelishildi:
Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b. U. XUSAINOV
2026-yil 22-sentabr
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 22-sentabr
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K. RAFIKOV
2026-yil 17-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 24-sentabrdagi 106-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Ushbu Namunaviy nizom davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining (bundan buyon matnda ichki nazorat tuzilmalari deb yuritiladi) vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ichki nazorat tuzilmalari davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻrishga masʼul hisoblanadi.
2. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlariga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalar ichki nazorat tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, ushbu Namunaviy nizomga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
2-bob. Ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini tashkil etish
4. Ichki nazorat tuzilmalari xizmat va (yoki) boʻlinma koʻrinishida tashkil etiladi yoxud lavozimdan iborat boʻladi.
5. Ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
6. Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda Agentlikka boʻysunadi va uning oldida hisobdor boʻladi. Agentlik ichki nazorat tuzilmalarining faoliyatiga uslubiy va metodik jihatdan yordam koʻrsatib boradi.
7. Davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida bevosita davlat organi va tashkiloti rahbariga, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashiga (kuzatuv kengashi mavjud boʻlmagan hollarda korxona rahbariga) boʻysunadi va uning oldida hisobdor boʻladi.
8. Davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosar lavozimi joriy etilgan hollarda, ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida ushbu oʻrinbosarga boʻysunadi.
Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosar hamda ichki nazorat tuzilmalari faoliyati ustidan nazorat qilish alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
9. Davlat organlari va tashkilotlari hududiy boʻlinmalari va tarkibiy tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati ular tomonidan muvofiqlashtiriladi.
10. “E-anticor.uz” elektron platformasida ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestri yuritiladi, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qilingan ishlar haqidagi hisobot elektron shaklda taqdim etiladi, anonim soʻrovnomalar oʻtkazilib, natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
3-bob. Ichki nazorat tuzilmalarining masʼul lavozimlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar
11. Ichki nazorat tuzilmalarining masʼul lavozimlariga nisbatan ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasiga doir quyidagi minimal talablar belgilanadi:
yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, tizimli tahlil, menejment yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklari boʻyicha oliy maʼlumot;
ichki nazorat tuzilmalari boshligʻi lavozimi uchun mutaxassisligi boʻyicha kamida 4 yillik, boshqaruv xodimlari uchun 3 yillik ish staji. Bunda komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi ish stajiga ustuvorlik beriladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus oʻquv kurslaridan oʻtganlik toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlish. Sertifikatga ega boʻlgan mutaxassislar Agentlikda yuritiladigan ichki nazorat tuzilmalariga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.
4-bob. Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish hamda ularni intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini kelishish
12. Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlashni, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, boʻsh lavozimlarga muqobillik asosida, ochiq va shaffof tanlovlar orqali amalga oshiriladi.
13. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tanlov bosqichlarining boshlanishi va natijalari toʻgʻrisida Agentlikka maʼlumot taqdim etib boriladi. Bunda nomzodlarning umumiy malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi. Tanlov oʻtkazilish kuni va vaqti toʻgʻrisida Agentlik tanlov boshlanishidan kamida 3 kun oldin xabardor qilinadi.
14. Davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlash qonunchilik hujjatlariga muvofiq Agentlik bilan birgalikda oʻtkaziladigan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Bunda tanlov natijalari boʻyicha komissiya xulosasi Agentlik bilan kelishiladi.
15. Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimdan ozod qilish masalasi Agentlik bilan kelishiladi. Bunda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan Agentlikka ichki nazorat tuzilmalari rahbari va xodimini lavozimdan ozod qilish haqida taqdimnoma yuboriladi. Taqdimnomada xodimni lavozimidan ozod qilish sabablari, motivlari koʻrsatiladi va ularni tasdiqlovchi hujjatlar (xodimning arizasi, ichki mehnat tartibi qoidalarini buzganligiga oid maʼlumotlar va boshqalar) ilova qilinadi.
16. Agentlik tomonidan ichki nazorat tuzilmalari rahbari va xodimini lavozimidan ozod etish sabablari, motivlari yetarli emas deb hisoblangan taqdirda, shu jumladan ularning taʼqib qilinayotganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlsa, ushbu masalada ichki nazorat tuzilmalari rahbari va xodimi bilan suhbat oʻtkaziladi.
17. Quyidagilar ichki nazorat tuzilmalari rahbari va xodimini lavozimidan ozod qilish masalasini Agentlik tomonidan kelishishni rad etish uchun asos boʻladi:
lavozimdan ozod etish uchun sabablar yetarli emas deb topilganda;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va majburiyatlar doirasidan tashqari vazifalarni bajarmaganligi yoki oʻziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarganligi uchun taʼqib qilinganligi holati aniqlanganda.
18. Taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqilib, tegishli davlat organi va tashkilotiga ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimini lavozimdan ozod qilishni kelishish yoki kelishishning rad etilganligi sabablari koʻrsatilgan xat yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan ichki nazorat tuzilmasi rahbari yoki xodimini egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga nomuvofiq deb topish toʻgʻrisida tegishli davlat organi va tashkilotiga taqdimnoma kiritilgan taqdirda, uni lavozimidan ozod qilish masalasi Agentlik bilan kelishilmaydi.
19. Ichki nazorat tuzilmalarining xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish masalasi Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda davlat organi yoki tashkilot rahbari tomonidan ichki nazorat tuzilmalarining xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha Agentlikka taqdimnoma kiritiladi.
20. Taqdimnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlgan holatlar va ularning tavsifi;
aniqlangan qoidabuzarlik yoki kamchiliklar boʻyicha xizmat tekshiruvi materiallari;
xodimning tushuntirish xati yoki uni taqdim etishdan bosh tortganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma;
qoʻllash taklif etilayotgan intizomiy jazo turi.
21. Quyidagilar ichki nazorat tuzilmalari rahbari va xodimini intizomiy javobgarlikka tortish masalasini Agentlik tomonidan kelishishni rad etish uchun asos boʻladi:
intizomiy javobgarlikka tortish uchun sabablar yetarli emas deb topilganda;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va majburiyatlar doirasidan tashqari vazifalarni bajarmaganligi yoki oʻziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarganligi uchun taʼqib qilinganligi holati aniqlanganda;
intizomiy jazo turi amaldagi qonunchilikka zid boʻlsa.
22. Taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqilib, tegishli davlat organi va tashkilotiga ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimini intizomiy javobgarlikka tortishni kelishish yoki kelishishning rad etilganligi sabablari koʻrsatilgan xat yuboriladi.
5-bob. Ichki nazorat tuzilmalari rahbar va xodimlari faoliyatiga nisbatan samaradorlik koʻrsatkichlarini qoʻllash
23. Davlat organi va tashkilotlar xodimlari uchun belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlarining faoliyatiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Bunda samaradorlik koʻrsatkichlaridan (KPI) kelib chiqadigan ustamalar tegishli lavozim uchun belgilangan maksimal miqdorda tatbiq etiladi.
24. Ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va xodimlari faoliyatiga nisbatan samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) pasaytirish masalalari Agentlik roziligi bilan amalga oshiriladi.
25. Davlat organi yoki tashkilot rahbari tomonidan ichki nazorat tuzilmalari rahbar va xodimlariga nisbatan samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) pasaytirish boʻyicha Agentlikka taqdimnoma kiritiladi.
26. Samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) pasaytirishga quyidagilar asos boʻladi:
ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etilmaganligi;
xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaslik yoki intizomiy jazo qoʻllanilganligi;
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi toʻliq joriy etilmaganligi yoki samarali faoliyat yuritmayotganligi;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrilmaganligi.
27. Davlat organi yoki tashkiloti tomonidan taqdim etilgan asoslantiruvchi hujjatlar Agentlik tomonidan ular berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqilib, ichki nazorat tuzilmalari rahbar va xodimlariga nisbatan samaradorlik koʻrsatkichlarini pasaytirishni kelishish yoki kelishishning rad etilganligi sabablari koʻrsatilgan xat taqdim etiladi.
6-bob. Ichki nazorat tuzilmalari vazifa va funksiyalari
28. Ichki nazorat tuzilmalarining asosiy maqsadi davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalarida (bundan buyon matnda tashkilot tizimi deb yuritiladi) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ISO 37001:2025 Korrupsiyaga qarshi xalqaro standarti talablariga javob beruvchi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish va rivojlantirish, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, tashkilot tizimi xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, korrupsiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini taʼminlashdan iborat.
29. Quyidagilar ichki nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki siyosat amalga oshirilishi hamda ushbu sohadagi faoliyat muvofiqlashtirilishida bevosita ishtirok etadi;
davlat organi va tashkiloti faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini taʼminlaydi;
davlat organi va tashkiloti tizimida qonunga rioya etish, unga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish va bu borada aholining ijobiy fikrini shakllantirish choralarini koʻradi;
davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, budjet mablagʻlari aylanmasini nazorat qiluvchi boʻlinmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik boʻlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni tizimli tahlil qilish va baholash, bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha zarur choralarni ishlab chiqadi hamda ularning ijrosini tashkil etadi;
davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni takomillashtirib borish choralarini koʻradi;
davlat organi va tashkiloti faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, affillanganlik hamda manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshiradi;
davlat organi va tashkilotida korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazilishini hamda qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilishini tashkil etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
30. Ichki nazorat tuzilmalari asosiy vazifalarini amalga oshirish maqsadida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki siyosat amalga oshirilishi hamda ushbu sohadagi faoliyat muvofiqlashtirilishida bevosita ishtirok etish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining ISO 37001:2025 Korrupsiyaga qarshi xalqaro standarti talablariga mosligini taʼminlaydi;
davlat organlari va tashkilotlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun tashkilot rahbariga kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholaydi, ularning natijalari boʻyicha aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqadi va tashkilotda korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxatini yaratadi;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻxshash huquqbuzarliklar sodir etilishi ehtimolini baholash maqsadida davlat hokimiyatining boshqa organlarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yoʻnalishlari haqida maʼlumot toʻplaydi, tahlil qiladi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
b) davlat organi va tashkiloti faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini taʼminlash sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar loyihalarini tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga mosligi, maqbulligi va dolzarbligi nuqtai nazaridan baholaydi va xulosalar beradi;
davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ichki idoraviy hujjatlarda aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqadi va choralar koʻradi;
maxsus axborot aloqa kanallari orqali tashkilot xodimlari tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar va huquqbuzarliklar haqida kelib tushadigan murojaatlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi va choralar koʻriladi;
aniqlangan huquqbuzarliklar yoki kelib tushgan xabarlar asosida xizmat tekshiruvlarini oʻtkazadi;
davlat organlari va tashkilotlarida yuritiladigan xizmat tekshiruvlari reyestri yoki oʻtkazilgan xizmat tekshiruvlarini roʻyxatga oladigan boshqa tegishli hujjatda korrupsiya faktlariga doir xizmat tekshiruvlari boʻyicha maʼlumotlarning toʻgʻri va toʻliq aks ettirib borilishini nazorat qiladi;
v) davlat organi va tashkiloti tizimida qonunga rioya etish, unga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish va bu borada aholining ijobiy fikrini shakllantirish choralarini koʻrish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari tizimi xodimlari va fuqarolar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot tadbirlarida ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlarida tashkilotga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlaydi, monitoring qiladi va ijrosi ustidan nazoratini amalga oshiradi;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaviy holatlarni va xavf-xatarlarni aniqlash maqsadida aholi va xodimlar orasida soʻrovlar oʻtkazadi;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, shu jumladan korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori boʻlgan lavozimlardagi xodimlar uchun korrupsiyaning oldini olish boʻyicha oʻquv materiallarini ishlab chiqadi;
oʻquv rejaga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha treninglar oʻtkazadi;
davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytidagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish” boʻlimi hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga joylashtirilgan maʼlumotlarning yangilanib borilishini taʼminlaydi;
davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi xodimlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va tashkilotning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha ichki hujjatlariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qiladi;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha tushuntirish va tavsiyalar beradi;
korrupsiya faktlari haqida xabar berishga moʻljallangan maxsus axborot aloqa kanallarining faoliyat natijalarini tahlil qiladi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
g) davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, budjet mablagʻlari aylanmasini nazorat qiluvchi boʻlinmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik boʻlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
davlat organi va tashkiloti tomonidan budjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat xaridlari va moliyaviy operatsiyalar jarayonida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularning oldini olish boʻyicha mablagʻlari aylanmasi bilan bogʻliq shaffof boʻlmagan yoki xavfli jarayonlarni aniqlashda budjet mablagʻlari aylanmasini nazorat qiluvchi boʻlinmalar bilan birgalikda yoki oʻzi mustaqil monitoring oʻtkazadi va tegishli choralarni koʻrib boradi;
oʻz vakolati doirasidagi yirik investitsiya loyihalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ekspertiza qiladi va baholaydi;
ichki audit xizmati bilan birgalikda asosiy vositalar boʻyicha davlat xaridining qonuniyligini oʻrganadi va tegishli yozma xulosalarini xarid komissiyasiga taqdim etadi;
davlat organi va tashkilotida xodimlar oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvi, xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan tegishli boʻlinmalar bilan qoʻshma profilaktik tadbirlarni tashkil etadi;
korrupsiyaviy huquqbuzarlik alomatlari yoki qonun buzilishi holatlari yuzasidan kelib tushgan maʼlumotlarni oʻrganishda shaxsiy xavfsizlik xizmati bilan oʻzaro axborot almashinuvini taʼminlaydi;
budjet mablagʻlari aylanmasini nazorat qiluvchi boʻlinmalar tomonidan aniqlangan qonunbuzarlik sabablari va shart-sharoitlarini tahlil qilgan holda, ularni bartaraf etish boʻyicha yagona yondashuv va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi;
d) korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni tizimli tahlil qilish va baholash, bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha zarur choralarni ishlab chiqadi hamda ularning ijrosini tashkil etish sohasida:
aniqlangan xavflarni baholaydi hamda davlat organi va tashkilotning “Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi”ni tuzadi va muntazam yangilab boradi;
davlat organi va tashkilotida korrupsiya xavf-xatarlarining oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etadi va nazorat qiladi;
xavflarni kamaytirish choralarining samaradorligini monitoring qilib, rahbariyatga tegishli axborot va takliflar kiritib boradi;
e) davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni takomillashtirib borish choralarini koʻrish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq funksiyalarni amalga oshirishda byurokratik holatlar va korrupsiyaviy omillarni aniqlaydi;
davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasi va tizimda mavjud byurokratik toʻsiqlar va korrupsiyaviy omillar boʻyicha axborot-tahliliy maʼlumotlar tayyorlaydi, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, shu jumladan sohada raqamlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va taqdim etadi;
davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkonini beruvchi situatsion markazlar faoliyatini tashkil etadi va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
amalga oshirilgan monitoring, xizmat tekshiruvlari va nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining natijadorligini doimiy ravishda baholab boradi (indikatorlar asosida) va tizimni yanada rivojlantirish boʻyicha rahbariyatga asoslangan takliflar kiritadi;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish hamda ekspertiza yakunlari boʻyicha aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omilni bartaraf etish choralarini koʻradi yoki bekor qilish boʻyicha davlat organlari yoki tashkilotlari rahbariga taklif kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish yuzasidan xorijiy mutaxassislarni jalb etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
j) davlat organi va tashkiloti faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, affillanganlik hamda manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshirish sohasida:
davlat organi va tashkiloti faoliyatining ochiqligini oshirish, jamoatchilik oldida hisobdorlikni taʼminlash hamda rasmiy veb-saytlar va axborot resurslarida joylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning muntazam yangilab borilishini monitoring qiladi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan barcha turdagi ichki buyruq va qarorlarni shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaror, Farmon va farmoyishlari bilan tashkil etilgan komissiya va kengashlarning bayonnomalarini “E-qaror” tizimi orqali qabul qilinishini (tizimda eʼlon qilinishini) nazorat qilib boradi;
davlat xaridlari va tanlovlarning shaffof oʻtkazilishi yuzasidan ichki nazoratni amalga oshiradi;
davlat xaridlarida ishtirok etuvchi shaxslarning oʻzaro affillanganlik holatlarini (manfaatlar bogʻliqligini) tekshiradi va maxsus reyestrlarni yuritadi;
davlat xaridlari va tanlovlar jarayonlarida manfaatdor shaxslar ishtirok etishining oldini olish boʻyicha preventiv choralarni koʻradi;
xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini bajarishida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlaydi, baholaydi va uni hal etish choralarini koʻradi;
manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish tizimini joriy etadi va bu borada xodimlar tomonidan deklaratsiyalar oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qiladi;
shaxsiy manfaatdorlik bilan bogʻliq korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida taʼsirchan ichki nazorat mexanizmlarining faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi hamda belgilangan talablarni buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash yuzasidan tashkilot rahbariyatiga asoslangan takliflar kiritadi;
z) davlat organi va tashkilotida korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazilishini hamda qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilishini tashkil etish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar boʻyicha xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish tashabbusini ilgari suradi va unda ishtirok etadi;
korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tizimdagi faoliyati yuzasidan nazorat tadbirlarini amalga oshiradi;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati uning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki hujjatlariga hamda xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazadi;
koʻrilgan javobgarlik choralarining ijrosini nazorat qiladi va kelgusida bunday huquqbuzarliklar takrorlanishining oldini olish boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
i) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi:
korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha vakolatli organlar bilan tezkor axborot almashinuvini taʼminlaydi, ularning soʻrovlariga asosan zaruriy maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etadi;
korrupsiyaviy xatti-harakatlarni bartaraf qilish yoki korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hujjatlar va maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etadi, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar boʻyicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha toʻxtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritadi.
31. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalar va funksiyalarni ham amalga oshiradi.
32. Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari zimmasiga ularning vazifalaridan kelib chiqmaydigan topshiriqlar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat xaridlari, shu jumladan xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan, davlat-xususiy sheriklik hamda ishonchli boshqaruvga berish sohalaridagi tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi.
7-bob. Ichki nazorat tuzilmalarining huquq va majburiyatlari
33. Davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat organi va tashkiloti tizimidagi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot hamda maʼlumotlar bazalaridan foydalanish;
davlat organi va tashkilotida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi choralarni hamda nazorat tadbirlarini mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda tashkil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish, ularni belgilangan tartibda jalb etish choralarini koʻrish;
korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularning oldini olish va korrupsiya holatlariga chek qoʻyish maqsadida shaxslarning xatti-harakatlarini, hodisalarni hamda jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan maʼlumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlarni va materiallarni soʻrash va olish;
vakolatini amalga oshirish doirasida zarurat tugʻilganda tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining obyektlariga toʻsqinliksiz kirish;
davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiya holatlari boʻyicha yuqori turuvchi komplayens xizmatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri mustaqil ravishda xabardor qilish;
davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash hamda ularga chek qoʻyish maqsadida muayyan shaxslar bilan belgilangan tartibda nooshkora hamkorlik oʻrnatish;
davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlari boʻyicha toʻplangan materiallarni qonuniy chora koʻrish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bevosita ularning ichki nazorat tuzilmalariga taqdim etish;
davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilishi hollarining oldini olish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar va ushbu hollarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish.
34. Ichki nazorat tuzilmalari quyidagilarga majbur hisoblanadi:
ushbu Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Prezident Administratsiyasining topshiriqlari va qonunchilik hujjatlari bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish;
qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilish va oʻz vakolat doirasidan chetga chiqmaslik;
davlat organlari va tashkilotlari tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganligi toʻgʻrisida zudlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori turuvchi organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-axloq qoidalarining korrupsiyaga oid qismining buzilganligi fakti yuzasidan tashkilot rahbariyatiga maʼlumotnomalar kiritish;
har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning birinchi oʻn kunligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar va chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi oylik hisobotni davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbariga taqdim etish.
8-bob. Ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish
35. Agentlik ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularni tahliliy va huquqiy-uslubiy jihatdan taʼminlaydi, shuningdek, ushbu tuzilmalar xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan oʻtkazadi hamda malakasini oshiradi.
36. Davlat organlari va tashkilotlari hududiy boʻlinmalari va tarkibiy tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari (agar mavjud boʻlsa, uning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
37. Davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati qonunchilik hujjatlariga asosan muvofiqlashtirib boradi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati tegishli davlat organi yoki tashkilotining ichki nazorat tuzilmalari rahbarini yoki xodimni malakasi yetarli boʻlmaganligi qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlangan taqdirda egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida davlat organlari yoki tashkilotlariga ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishga haqlidir.
38. Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli (hujjatlar bilan tasdiqlangan va asosli dalillar) asoslar mavjud boʻlganda ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati bilan (ichki nazorat tuzilmalari esa komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosar yoki tegishlicha yuqori turuvchi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan) kelishgan holda tegishli hujjatlar va maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar boʻyicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha toʻxtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega boʻladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasidadir.
40. Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.
41. Ushbu Namunaviy nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga asosan javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 24-sentabrdagi 106-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2026-yil 28-martdagi 84-son “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3829, 2026-yil 6-may) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 10/26/3829/0468-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 17-sentabrdagi 31-mh-son “Vazirlik va idoralar tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3942, 2026-yil 17-sentabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2026-y., 10/26/3942/0953-son) ilovaning 5-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2026-y., 10/26/3950/1002-son)