toggle_night_mode
Hujjat 06.08.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 23-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil yoʻllarini rivojlantirish, ulardan foydalanish va yoʻl faoliyati sohasidagi (bundan buyon matnda avtomobil yoʻllari sohasi deb yuritiladi) munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun mulkchilik shakli va ahamiyatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha avtomobil yoʻllariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-modda. Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtomobil yoʻli — transport vositalarining belgilangan tezlikda, ogʻirlikda, oʻlchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishi uchun moʻljallangan, ajratilgan mintaqa doirasidagi yer uchastkasi va uning ustidagi yoki ostidagi konstruktiv elementlarni (yoʻl toʻshamasini, yoʻl qoplamasini va boshqalarni), yoʻl obyektlarini, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini oʻz ichiga oladigan transport infratuzilmasi obyekti;
avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish — avtomobil yoʻlining ishonchliligini, xavfsizligini va qulayligini taʼminlashga qaratilgan, shu jumladan uning texnik toifasini oʻzgartirgan holda, avtomobil yoʻlining yoki uning uchastkalarining transport-foydalanish koʻrsatkichlarini oʻzgartirishga doir ishlar majmuasi;
avtomobil yoʻlini saqlash — yil davomida yoʻlning butun uzunligi boʻylab yoʻlni, yoʻl inshootlarini va ajratilgan mintaqani saqlab turish, profilaktika qilish hamda mayda buzilishlarni bartaraf etish, harakat xavfsizligini tashkil etish va taʼminlash, shuningdek yoʻlni qishki davrda saqlash hamda obodonlashtirish (koʻkalamzorlashtirish) boʻyicha bajariladigan ishlar majmui;
avtomobil yoʻlini taʼmirlash — avtomobil yoʻlining konstruktiv elementlarini va yoʻl inshootlarini almashtirish, tiklash, shu jumladan uning birlamchi transport-foydalanish xususiyatlarini tiklash (qoplamaning yemirilishini bartaraf etish, uning ravonligini hamda avtomobil shinalarining yoʻl qoplamasi bilan ilashish (tishlashish) xususiyatlarini tiklash va yaxshilash, barcha deformatsiya va buzilishlarni bartaraf etish), istiqbolda harakatlar jadalligining hamda avtomobil oʻqiga tushadigan ogʻirlikning oʻsishini hisobga olgan holda, taʼmirlanayotgan yoʻl toifasiga mos meʼyor doirasida, yoʻlning butun uzunligi boʻylab yoʻl poyi kengligini oshirmasdan yoʻlning geometrik parametrlarini oshirish boʻyicha ishlar majmui;
avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar — yoʻl harakatining ishtirokchilari boʻlgan yoki ajratilgan mintaqa hamda yoʻl boʻyi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
avtomobil yoʻllarining egalari — ixtiyorida (egaligida, foydalanishida) yoki mulkida avtomobil yoʻli mavjud boʻlgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar;
ajratilgan mintaqa — avtomobil yoʻli, shu jumladan uning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek avtomobil yoʻlidan foydalanish uchun zarur boʻlgan boshqa inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda doimiy foydalanishga beriladigan yer uchastkasi;
ixtisoslashtirilgan yoʻl tashkilotlari — avtomobil yoʻlining egasi yoki operator bilan belgilangan tartibda tuziladigan shartnoma asosida avtomobil yoʻlini taʼmirlash va saqlash ishlarini amalga oshiradigan yuridik shaxslar;
yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlari — yoʻnalish boʻylab yoʻl harakati ishtirokchilariga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan binolar, inshootlar va boshqa obyektlar (avtoyoqilgʻi quyish stansiyalari hamda elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari, mehmonxonalar, kempinglar, motellar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, tibbiy yordam koʻrsatish punktlari, texnik xizmat koʻrsatish stansiyalari, hojatxonalar, shuningdek yoʻl ishtirokchilari uchun zarur boʻlgan dam olish joylari va transport vositalari uchun toʻxtab turish joylari hamda boshqa infratuzilma va xizmat koʻrsatish obyektlari);
yoʻl obyektlari — sunʼiy yoʻl inshootlari (koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar, estakadalar, quvurlar, tunnellar va boshqa muhandislik inshootlari), yoʻlni himoya qilish inshootlari (qor koʻchkilaridan, koʻchkilardan yoʻllarni himoya qilish qurilmalari, shovqindan, shamoldan himoya qilish qurilmalari va boshqa qurilmalar), avtomobil yoʻllarini jihozlash elementlari (bekat maydonchalari, yoʻlovchilar uchun pavilyonlar, dam olish maydonchalari, transport vositalari uchun toʻxtab turish joylari, toʻlov punktlari va boshqalar), shuningdek yoʻl boʻlimlariga tegishli binolar va inshootlar;
yoʻl taloni — pulli avtomobil yoʻlida harakatlanish uchun toʻlov hujjati (talon, transport vositasiga joylashtiriladigan stiker), shuningdek yoʻlda harakatlanish uchun toʻlov avtomatik tarzda, shu jumladan transport vositasining davlat raqami asosida amalga oshirish imkonini beruvchi elektron texnik moslama (dastur taʼminoti, transponderlar) yordamida amalga oshirilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat;
yoʻl faoliyati — avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash boʻyicha faoliyat, shuningdek mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa ishlar (xizmatlar);
operator — pulli avtomobil yoʻlining egasi tomonidan yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq oʻz zimmasiga pulli avtomobil yoʻlini taʼmirlash, saqlash va undan foydalanish, shuningdek toʻlovlarni yigʻish hamda pulli avtomobil yoʻlidan foydalanuvchilarga boshqa xizmatlar koʻrsatish majburiyatlari yuklatilgan yuridik shaxs;
pulli avtomobil yoʻli — toʻlov asosida foydalaniladigan avtomobil yoʻli (avtomobil yoʻlining uchastkasi);
toʻlov punkti — pulli avtomobil yoʻlining jihozlash elementi boʻlib, u oʻtkazish punktlarini va xizmat koʻrsatish inshootlarini, muhandislik uskunalarini va avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov olishning texnik vositalarini, shuningdek tezlikni oʻzgartirishning qatnov tasmalarini hamda transport vositalari uchun qoʻriqlanadigan toʻxtab turish joylarini oʻz ichiga oladi.
4-modda. Avtomobil yoʻllari sohasidagi asosiy prinsiplar
Avtomobil yoʻllari sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ilmiy asoslanganlik;
ochiqlik va oshkoralik;
xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish;
foydalanishdagi teng va qulay imkoniyatlar.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Avtomobil yoʻllarini rejalashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Ilmiy asoslanganlik prinsipi
Avtomobil yoʻllarini rejalashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va ulardan foydalanish avtomobil yoʻllarining sifati va xizmat qilish muddati oshishini taʼminlaydigan ilmiy yutuqlar va zamonaviy texnologiyalar, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va milliy standartlar qoʻllanilgan holda amalga oshirilishi kerak.
7-modda. Ochiqlik va oshkoralik prinsipi
Avtomobil yoʻllarida amalga oshirilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari, ularning buyurtmachilari va pudratchilari, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarning sarflanishi, respublika avtomobil yoʻllari tarmogʻidagi oʻzgarishlar, transport vositalarining harakatini vaqtinchalik cheklash va taqiqlash boʻyicha joriy etiladigan choralar toʻgʻrisidagi axborot ochiq boʻlishi hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga binoan undan yuridik va jismoniy shaxslar erkin foydalanishi uchun eʼlon qilinishi kerak.
8-modda. Xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish prinsipi
Avtomobil yoʻllarini rejalashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va ulardan foydalanish fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, avtomobil yoʻllarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda sifatli xizmat koʻrsatish zaruriyati hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
Avtomobil yoʻllarini rejalashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash ishlari ekologik xavfsizlikni hamda atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrilganidan keyin amalga oshirilishi kerak.
9-modda. Foydalanishdagi teng va qulay imkoniyatlar prinsipi
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarga umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan erkin hamda bepul foydalanish uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlanadi.
Pulli avtomobil yoʻllarini qurishga faqat muqobil bepul harakatlanish yoʻli mavjud boʻlganda ruxsat beriladi, pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov miqdori esa avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini hisobga olgan holda iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan boʻlishi kerak.
10-modda. Avtomobil yoʻllarining tasnifi
Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil yoʻllari quyidagicha tasniflanadi:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari;
shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari);
xoʻjalik avtomobil yoʻllari.
Avtomobil yoʻllari foydalanish rejimiga koʻra bepul yoki belgilangan tartibda pulli boʻlishi mumkin.
11-modda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining ixtiyorida boʻladi va cheklanmagan doiradagi shaxslarning transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangandir.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik yoʻllarga boʻlinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xalqaro avtomobil yoʻllari tarmogʻiga kiradigan, shuningdek qoʻshni davlatlar bilan transport aloqasini taʼminlaydigan yoʻllar xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlari va tumanlarining maʼmuriy markazlari, viloyat boʻysunuvidagi shaharlar, madaniyat hamda sanoat markazlari oʻrtasida transport qatnovini taʼminlaydigan, ushbu markazlarni esa xalqaro ahamiyatga molik yoʻllar, yirik transport uzellari, shuningdek qoʻshni davlatlar bilan bogʻlaydigan yoʻllar davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Tumanlarning maʼmuriy markazlarini shaharchalar, qishloqlar va ovullar bilan, shuningdek davlat ahamiyatiga molik yoʻllar bilan bogʻlaydigan yoʻllar mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
12-modda. Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari)
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari) shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullar doirasida oʻtadi, bundan ushbu koʻchalarning Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatiga belgilangan tartibda kiritilgan uchastkalari mustasno.
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari) davlat mulki boʻlib, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ixtiyorida boʻladi.
13-modda. Xoʻjalik avtomobil yoʻllari
Texnologik maqsadlar uchun xizmat qiladigan yoʻllar, shoxobcha, xizmat, patrul va boshqa shunga oʻxshash avtomobil yoʻllari xoʻjalik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Xoʻjalik avtomobil yoʻllari davlatning yoki yuridik yoxud jismoniy shaxslarning mulkidir.
14-modda. Avtomobil yoʻllarining toifalari
Avtomobil yoʻllarini toifalarga (birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi) ajratish avtomobil yoʻllarining transport-foydalanish xususiyatlari va isteʼmol xossalariga qarab, Oʻzbekiston Respublikasining milliy standartlarida hamda boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15-modda. Avtomobil yoʻllarini nomlash va ularning identifikatsiya raqami
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari yoʻl oʻtadigan hududlarning va aholi punktlarining yoki u bogʻlaydigan aholi punktlarining nomidan kelib chiqqan holda nomlanadi.
Xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllari quyidagi ikki belgidan iborat identifikatsiya raqamiga ega boʻladi:
birinchi belgi — yoʻlning ahamiyatini ifodalaydigan harflar: “A” yoki “M” (xalqaro), “D” (davlat);
ikkinchi belgi — yoʻlning tartib raqamini ifodalaydigan son.
Mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari quyidagi uchta belgidan iborat identifikatsiya raqamiga ega boʻladi:
birinchi belgi — yoʻlning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga, viloyatlarga yoki Toshkent shahriga tegishli ekanligini ifodalaydigan ikki xonali son;
ikkinchi belgi — “V” harfi yoʻlning mahalliy ahamiyatga molik ekanligini ifodalaydi;
uchinchi belgi — yoʻlning tartib raqamini ifodalaydigan uch xonali son.
Pulli avtomobil yoʻli “T” harfi va tartib raqami bilan belgilanadi.
2-bob. Avtomobil yoʻllarini joylashtirish uchun moʻljallangan yer uchastkalaridan foydalanish
16-modda. Avtomobil yoʻllarining yerlari
Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va ulardan foydalanish, shuningdek yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish hamda ulardan foydalanish uchun zarur yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasining yer toʻgʻrisidagi qonunchiligida belgilangan tartibda ajratiladi.
17-modda. Ajratilgan mintaqa
Ajratilgan mintaqaning oʻlchami avtomobil yoʻlining toifasiga qarab, uning rivojlanish istiqbollarini, shuningdek unda konstruktiv elementlarni va yoʻl obyektlarini joylashtirish zaruriyati hisobga olingan holda belgilanadi.
Ajratilgan mintaqa umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻlining ikki tomoni boʻylab yoʻlning toifasidan kelib chiqqan holda qonunchilikda belgilanadigan oʻlchamlardagi xavfsizlik mintaqalarini oʻz ichiga oladi.
Ajratilgan mintaqada avtomobil yoʻliga xizmat koʻrsatish va yoʻl harakatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlmagan obyektlar hamda inshootlar qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridagi ajratilgan mintaqaning minimal oʻlchamlari quyidagilardan iborat:
I toifa avtomobil yoʻllarida — 80 metr;
II toifa avtomobil yoʻllarida — 60 metr;
III va IV toifa avtomobil yoʻllarida — 40 metr;
V toifa avtomobil yoʻllarida — 25 metr.
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari) uchun ajratilgan mintaqa oʻlchamlari shaharsozlik normalari va qoidalari bilan belgilanadi.
Ajratilgan mintaqada muhandislik kommunikatsiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari avtomobil yoʻlining egasi bilan kelishiladi.
Ajratilgan mintaqa uchastkalari atrof-muhitni muhofaza qilish va harakat xavfsizligini taʼminlash sharti bilan yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ijaraga berilishi mumkin.
18-modda. Yoʻl boʻyi mintaqasi
Yoʻl boʻyi mintaqasi — bu ajratilgan mintaqaga ikkala tomonidan tutashgan, chegaralarida transportning harakatlanish xavfsizligini taʼminlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasidir, bundan toʻrtinchi va beshinchi toifadagi avtomobil yoʻllari, shuningdek aholi punktlari chegarasida joylashgan avtomobil yoʻllari mustasno.
Xalqaro va davlat ahamiyatiga molik umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uchun yoʻl boʻyi mintaqasining kengligi har tomondan ajratilgan mintaqa chegarasidan kamida 50 metr, mahalliy ahamiyatga molik umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uchun esa kamida 25 metr boʻlishi kerak.
Yoʻl boʻyi mintaqasi doirasida binolar va inshootlarni qurish taqiqlanadi, bundan avtomobil yoʻli egasi bilan kelishilgan holda joylashtiriladigan yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlari mustasno.
3-bob. Avtomobil yoʻllari sohasini davlat tomonidan tartibga solish
19-modda. Avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
jamiyatning, davlatning, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini koʻzlab, avtomobil yoʻllari tarmogʻini yaratish va undan foydalanish hamda yoʻl faoliyatini amalga oshirish asoslarini belgilash;
avtomobil yoʻllarini rivojlantirish, ularning texnik darajasi va ulardan foydalanilish holatini yaxshilash, harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, xizmat koʻrsatish darajasi yuqori boʻlgan pulli avtomobil yoʻllari tarmogʻini yaratish;
respublikaning transport-tranzit va logistika salohiyatini oshirish, xalqaro transport tarmogʻiga integratsiyalashgan avtomobil yoʻllari tarmogʻini xalqaro standartlar asosida shakllantirish;
yoʻl faoliyati sohasida samarali boshqaruv tizimini, raqobat va qulay investitsiya muhitini shakllantirish;
budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash, shu jumladan sohani davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirishning muqobil manbalaridan foydalanilishini kengaytirish;
yoʻl qurilishiga ilgʻor texnologiyalar va standartlarni, avtomobil yoʻllarining sifati hamda xizmat qilish muddati oshirilishini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar va materiallarni joriy etish.
20-modda. Avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat boshqaruvi
Avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat boshqaruvi quyidagi organlar tomondan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
avtomobil yoʻllarini, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllarini rivojlantirishga, avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni tasdiqlaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining avtomobil yoʻllari sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini tasdiqlaydi;
avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
respublika avtomobil yoʻllarida harakatlanish uchun transport vositalarining (yuk bilan yoki yuksiz) ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlarini belgilaydi;
avtomobil yoʻllari sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining pulli avtomobil yoʻllarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;
pulli avtomobil yoʻllarida harakatni tashkil etish xizmatlarini koʻrsatish va ushbu yoʻllardan foydalanish qoidalarini, shuningdek pulli avtomobil yoʻllarida harakatlanish uchun toʻlovlarni hisoblash uslubiyatini tasdiqlaydi;
avtomobil yoʻllarini, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish istiqbollarini belgilaydi, avtomobil yoʻllarini, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllarini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi;
avtomobil yoʻllari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
avtomobil yoʻllari sohasidagi investitsiya loyihalarini va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
avtomobil yoʻllarining xalqaro tranzit yoʻlaklarini shakllantiradi;
pulli avtomobil yoʻllaridan harakatlanish uchun toʻlovlarning eng yuqori stavkalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
avtomobil yoʻllari sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini moddiy-texnikaviy hamda moliyaviy jihatdan taʼminlagan holda tashkil etadi;
boshqaruvning zamonaviy usullariga asoslangan yaxlit avtomobil yoʻllari tizimini yaratish choralarini koʻradi;
avtomobil yoʻllari sohasidagi xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va xalqaro miqyosda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi avtomobil yoʻllari sohasidagi maxsus vakolatli organdir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli organ deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli organ:
avtomobil yoʻllari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini va sunʼiy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, avtomobil yoʻllaridagi tabiiy ofatlarning oldini olish hamda ushbu ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha yagona buyurtmachi vazifasini bajaradi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, saqlash, jihozlash ishlarini tashkil etadi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan belgilanadigan pulli avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqqan holda pulli avtomobil yoʻllarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
avtomobil yoʻllarining hududiy arxitektura-badiiy tuzilishiga va landshaft dizayniga taalluqli zamonaviy yondashuvlarni shakllantiradi hamda amalga oshiradi;
avtomobil yoʻllarining yoʻl boʻyi mintaqasini transportdan ifloslanishdan hamda chiqindilardan himoya qilishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etadi;
avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini taʼminlaydi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash ishlari sifatini nazorat qiladi;
innovatsion axborot texnologiyalarini joriy etish orqali avtomobil yoʻllari sohasini raqamlashtirish choralarini koʻradi;
yirik gabaritli va (yoki) ogʻir vaznli, shu jumladan xalqaro tashishlarni amalga oshiruvchi transport vositalarining respublika avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanish yoʻnalishlarini belgilaydi;
yirik gabaritli va (yoki) ogʻir vaznli transport vositalarining respublika avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishiga doir maxsus ruxsatnomalar beradi va yigʻimlar undiradi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining, shuningdek pulli avtomobil yoʻllarining davlat kadastrini yuritadi;
avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash, shuningdek ularni jihozlash hamda obodonlashtirish (koʻkalamzorlashtirish) jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni va zamonaviy standartlarni joriy etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini shakllantiradi, shuningdek uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Maxsus vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat nazorati organidir (bundan buyon matnda davlat nazorati organi deb yuritiladi).
Davlat nazorati organi:
yoʻl-qurilish obyektlarida texnik nazorat va mualliflik nazorati tartibiga, shuningdek bajariladigan qurilish-taʼmirlash ishlarida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, shu jumladan ularda qoʻllaniladigan materiallar hamda konstruksiyalarning ushbu hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoʻl faoliyatini amalga oshirishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
qurilishi tugallangan yoʻl obyektidan foydalanish uchun ruxsatnoma beradi;
respublika hududida (bundan Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari mustasno) transport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar tomonidan rioya etilishini nazorat qiladi;
pulli avtomobil yoʻllarida harakatni tashkil etish xizmatlarining koʻrsatilishi va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Davlat nazorati organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati avtomobil yoʻllari sohasida “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
26-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining avtomobil yoʻllari sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻz vakolatlari doirasida shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalarini (ichki avtomobil yoʻllarini) rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi, shuningdek ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
tegishli hududdagi shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalarini (ichki avtomobil yoʻllarini) rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda ishlab chiqadi hamda ularni tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritadi, shuningdek tasdiqlangan dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etadi;
shaharlarning va boshqa aholi punktlari koʻchalarining (ichki avtomobil yoʻllarining) hamda xoʻjalik avtomobil yoʻllarining hisobini yuritadi;
shaharlarning va boshqa aholi punktlari koʻchalarining (ichki avtomobil yoʻllarining) davlat kadastrini yuritadi;
shaharlarning va boshqa aholi punktlari koʻchalarining (ichki avtomobil yoʻllarining) tarmogʻini rivojlantirish hamda takomillashtirish istiqbollarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda belgilaydi;
avtomobil yoʻllarini, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga pulli avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha takliflar kiritadi.
Tuman va shahar hokimliklari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlangan tegishli hududdagi shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalarini (ichki avtomobil yoʻllarini) rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va ularning ijrosini taʼminlaydi;
shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarining (ichki avtomobil yoʻllarining) mavjud tarmogʻi saqlanishini va ularning holati tegishli transport-foydalanish darajasida boʻlishini taʼminlaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Yoʻl faoliyatini tashkil etish
27-modda. Yoʻl faoliyatini rejalashtirish
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga oid yoʻl faoliyatini rejalashtirish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning davlat va hududiy dasturlari doirasida tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalariga (ichki avtomobil yoʻllariga) oid yoʻl faoliyatini rejalashtirish shaharsozlik faoliyati doirasida amalga oshiriladi.
Yoʻl faoliyatini rejalashtirishda “toʻsiqsiz” muhitni yaratish va piyodalar xavfsizligi ustuvorligini taʼminlash, xalqaro standartlarga mos zamonaviy yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish, shuningdek atrof-muhitga salbiy taʼsirlarning oldini olish hamda yoʻl faoliyati rejalashtirilayotgan hudud aholisining fikrini oʻrganish boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutilishi kerak.
28-modda. Yoʻl faoliyatini moliyalashtirish
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga oid yoʻl faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari, davlat-xususiy sheriklik asosida jalb etilgan mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini moliyalashtirishga ajratilgan mablagʻlar belgilangan maqsadga ega boʻladi hamda tegishli avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun olib qoʻyilmaydi yoki sarflanmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalariga (ichki avtomobil yoʻllariga) oid yoʻl faoliyatini moliyalashtirish mahalliy budjet mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Xoʻjalik avtomobil yoʻllariga oid yoʻl faoliyatini moliyalashtirish ushbu yoʻllarning egalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish uchun xususiy sherikka berilgan avtomobil yoʻllariga doir yoʻl faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga va mazkur bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunni.
Yoʻl faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni jamlash va ularni maqsadli sarflash uchun avtomobil yoʻllarini rivojlantirishning maqsadli jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin.
29-modda. Avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish
Avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
Avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan va yoʻl harakati xavfsizligi auditidan oʻtkazilishi kerak.
Avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ishlab chiqilgan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Agar umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻli bilan tutashgan yoki kesishgan avtomobil yoʻli shaharsozlik normalari va qoidalari buzilgan holda qurilgan boʻlsa, maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi uni qayta qurish haqida yoxud hududni dastlabki holatiga keltirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari ajratilgan mintaqadagi mavjud kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish hamda yangilarini qurish ishlari toʻliq yakunlanganidan keyin amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining qatnov qismi ostida yangi muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlarini loyihalashtirishda va qurishda ularni boʻylama joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ajratilgan mintaqada muhandislik kommunikatsiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ushbu yoʻl egasi bilan kelishiladi, avtomobil yoʻlining va ajratilgan mintaqaning avvalgi holatini tiklash ishlariga doir xarajatlarning oʻrni muhandislik kommunikatsiyalarining egasi hisobidan qoplanadi.
Avtomobil yoʻllarini qurishda yoki rekonstruksiya qilishda ularning egalari avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni ushbu ishlarni tugatish muddatlari va aylanib oʻtish yoʻllari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilishi shart.
30-modda. Avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash
Avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari mazkur yoʻl egalari tomonidan, shu jumladan ixtisoslashtirilgan yoʻl tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi.
Avtomobil yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha loyiha hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan va yoʻl harakati xavfsizligi auditidan oʻtkazilishi kerak.
Avtomobil yoʻli egasining balansida avtomobil yoʻlini taʼmirlash va saqlash uchun ishlatiladigan yordamchi binolar hamda inshootlar (yoʻl boʻlimi binolari, ishlab chiqarish zavodlari va sexlari, yoʻl texnikasini taʼmirlash va saqlash avtosaroylari, yordamchi inshootlar majmuasi, ustaxonalar, materiallarni qishda saqlash uchun bostirmalar, omborxonalar, toifalangan obyektlarni qoʻriqlash xizmatining binolari hamda yordamchi inshootlari va boshqalar) boʻlishi mumkin.
Temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarini, estakadalarni, parom kechuvlarini, tramvay yoʻllarini hamda avtomobil yoʻllaridagi boshqa inshootlarni taʼmirlash va saqlash ishlari ushbu inshootlarning egalari tomonidan amalga oshiriladi.
31-modda. Yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar
Yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlarida transport vositalari uchun toʻxtab turish joylari, avtomobil yoʻlidan ularga borish uchun shoxobcha yoʻllar (kirish-chiqish yoʻllari va tutashmalar) mavjud boʻlishi kerak. Shoxobcha yoʻllar boshqa avtomobil yoʻli bilan tutashganda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun borish yoʻllari tezlikni oʻzgartirish tasmalari va avtomobil yoʻli elementlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Transport vositalari uchun toʻxtab turish joylarini, shoxobcha yoʻllarni (kirish-chiqish yoʻllarini va tutashmalarni), tezlikni oʻzgartirish tasmalarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash ishlari yoʻl boʻyi infratuzilmasining hamda xizmat koʻrsatish obyektining egasi tomonidan amalga oshiriladi.
32-modda. Yoʻl faoliyati sohasidagi kafolat muddatlari
Qonunchilik hujjatlarida, shuningdek davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarda avtomobil yoʻlini va yoʻl inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari natijalarining kafolatli muddatlari, shuningdek normativlarga nomuvofiqlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.
5-bob. Avtomobil yoʻllaridan foydalanish
33-modda. Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan, shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari) boʻylab erkin va bepul harakatlanish, shuningdek foydalanish uchun ochiq boʻlgan xoʻjalik avtomobil yoʻllaridan harakatlanish;
avtomobil yoʻllarida yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish;
yoʻl sharoitlari, avtomobil yoʻllarida harakatlanish vaqtinchalik cheklanishi yoki taqiqlanishi, transport vositalarining ruxsat etilgan harakat tezligi, vazni va gabaritlari toʻgʻrisida tezkor axborot olish;
avtomobil yoʻlidagi nosozliklar tufayli, shuningdek avtomobil yoʻllari egalari tomonidan avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi sababli yetkazilgan zararning oʻrnini belgilangan tartibda undirib olish;
operatordan pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish qoidalari, harakatlanish uchun toʻlov, toʻlovni toʻlash tartibi va usullari, toʻlovga kiritilgan xizmatlar roʻyxati va boshqa shu kabi xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida, shuningdek muqobil bepul harakatlanish yoʻnalishlari haqida maʼlumot olish;
operator bilan tuzilgan ommaviy shartnomaga muvofiq pulli avtomobil yoʻlida harakatlanish.
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar:
avtomobil yoʻllarining soz holatda boʻlishini taʼminlaydigan transport vositalaridan foydalanishi, shu jumladan ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etishi;
atrof-muhitning va ajratilgan mintaqaning ifloslanishiga, avtomobil yoʻllarining va yoʻl obyektlarining shikastlanishiga yoʻl qoʻymasligi;
transport vositasida operator talablariga muvofiq yoʻl talonlari mavjud boʻlmagan yoki u avtomatik elektron toʻlovni amalga oshiruvchi texnik vositalar bilan jihozlanmagan taqdirda, pulli avtomobil yoʻllaridan faqat toʻlov punktlari orqali harakatlanishi;
operator tomonidan belgilangan yoʻlda harakatlanish tartibiga, tezlik chegaralariga rioya etishi, shuningdek tasdiqlangan toʻlov stavkalariga muvofiq pulli avtomobil yoʻllarida harakatlanish uchun toʻlovni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirishi shart.
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
34-modda. Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning javobgarligi
Avtomobil yoʻllariga zarar keltirgan avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ushbu yoʻllarni tiklash ishlari qiymatining oʻrnini qoplaydi.
Pulli avtomobil yoʻlida harakatlanish uchun toʻlovni oʻz vaqtida, toʻliq amalga oshirmagan foydalanuvchilar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq javobgarlikka tortiladi va operatorga keltirilgan zararning oʻrnini qoplaydi.
35-modda. Avtomobil yoʻllari egalarining huquq va majburiyatlari
Avtomobil yoʻllarining egalari quyidagi huquqlarga ega:
avtomobil yoʻllarini qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda, shuningdek taʼmirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish;
oʻzining ixtiyorida boʻlgan yoki mulki boʻlgan avtomobil yoʻllaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish.
Avtomobil yoʻllarining egalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Avtomobil yoʻllarining egalari:
avtomobil yoʻllarini soz holatda saqlashi, ulardan transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlashi;
ajratilgan mintaqada davlat standartlariga muvofiq yoʻl belgilarini va harakat xavfsizligini taʼminlovchi boshqa texnik vositalarni oʻrnatishi;
avtomobil yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlarini bajarish chogʻida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida ushbu ishlar olib boriladigan uchastkalar tegishli tarzda jihozlanishini, shu jumladan kunduzgi va tungi vaqtlarda yaxshi koʻrinadigan toʻsiqlar, yoʻl belgilari va koʻrsatkichlar oʻrnatilishini, zarur boʻlganda aylanib oʻtish yoʻllari tashkil etilishini taʼminlashi;
yoʻnalishli transport vositalarining bekatlari mavjud boʻlgan hollarda yoʻlovchilarning chiqishi va tushishi uchun maydonchalar yaratilishini taʼminlashi;
haydovchilar dam olishi uchun moʻljallangan joylarda transport vositalarining tegishli shart-sharoitlarga ega boʻlgan toʻxtab turish joylarini barpo etishi;
avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar avtomobil yoʻllarining (yoʻl uchastkalarining) holati toʻgʻrisidagi axborotni olishi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
yoʻl sharoitlari bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining sabablari doimiy ravishda oʻrganilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan yaqin hamkorlikda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilanishini taʼminlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan majburiyatlar avtomobil yoʻllarining egalari tomonidan yoʻllarni taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun jalb etiladigan ixtisoslashtirilgan yoʻl tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Avtomobil yoʻllari egalarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
36-modda. Avtomobil yoʻliga tutashgan yoki yoʻl boʻyi mintaqasida joylashgan yer uchastkalari mulkdorlarining, egalarining va ulardan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Avtomobil yoʻliga tutashgan yoki yoʻl boʻyi mintaqasida joylashgan yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar:
avtomobil yoʻliga qoʻshiladigan va shoxobcha yoʻllarni texnik soz holatda saqlashi;
ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlashga koʻmaklashishi;
avtomobil yoʻliga tutash butalarni parvarishlashi va imoratlarni soz holatda saqlashi shart.
Yoʻl boʻyi mintaqasida joylashgan yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar ushbu yer uchastkalarida toshlar, shox-shabba, konstruksiyalar va boshqa materiallar toʻplanishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Avtomobil yoʻliga tutashgan yoki yoʻl boʻyi mintaqasida joylashgan yer uchastkalari mulkdorlarining, egalarining va ulardan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
37-modda. Avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan belgilanadi.
Shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalaridan (ichki avtomobil yoʻllaridan) foydalanish tartibi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan belgilanadi.
Xoʻjalik avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi ushbu avtomobil yoʻllarining egalari tomonidan belgilanadi.
Avtomobil yoʻllarida sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Xorijiy davlatlar transport vositalarining avtomobil yoʻllarida harakatlanishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq va qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
38-modda. Avtomobil yoʻllaridan ularning asosiy vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda foydalanish tartibi
Avtomobil yoʻllaridan ularning asosiy vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda foydalanish tartibi mazkur yoʻlning egasi tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Agar qonunda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, yoʻl egalari bilan kelishmasdan turib:
ajratilgan mintaqada yoʻl axborotiga aloqasi boʻlmagan reklama peshtaxtalari, peshlavhalar, eʼlonlar oʻrnatish va joylashtirishga;
sport musobaqalari va ommaviy tadbirlar oʻtkazishga;
ajratilgan mintaqa doirasida koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borishga;
kommunikatsiya tarmoqlarining avtomobil yoʻllarini kesib oʻtishiga;
tutashma va chiqish yoʻllari qurishga;
koʻpriklar va suv quvurlari yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolar va zovurlarning oʻzanlarini chuqurlashtirishga;
avtomobil yoʻliga qoʻshilib ketgan shlyuzlar, toʻgʻonlar va boshqa melioratsiya hamda gidrotexnika inshootlarini taʼmirlashga;
avtomobil yoʻllari chetlarida hamda yoʻl koʻtarmalari yoki oʻyimlarining qiyaliklarida joylashgan, foydalanilayotgan aloqa va elektr uzatish liniyalarini rekonstruksiya qilish ishlarini bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
39-modda. Avtomobil yoʻllarida harakatlanishni vaqtinchalik cheklash yoki taqiqlash
Avtomobil yoʻllari egalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda quyidagi hollarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini xabardor qilgan va avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni oldindan ogohlantirgan holda avtomobil yoʻllaridagi (yoʻl uchastkalaridagi) harakatlanishni vaqtinchalik cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega:
tabiiy ofatlar, yongʻinlar sodir boʻlgan, avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarining yuk koʻtarish qobiliyati yoʻqolgan va boshqa shunga oʻxshash hollarda;
avtomobil yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotganda, shuningdek ajratilgan mintaqada transport vositalari va piyodalarning harakat xavfsizligiga daxl qiladigan ishlar bajarilayotganda.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda avtomobil yoʻlining yuk koʻtarish qobiliyati pasayishiga olib keladigan noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida asfaltbeton qoplamali avtomobil yoʻllarida ogʻir vaznli yuk transport vositalari harakatini “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga binoan vaqtinchalik cheklashi yoki taqiqlashi mumkin.
Harakatlanishni vaqtinchalik cheklash yoki taqiqlash toʻgʻrisidagi qarorda cheklov yoki taqiq joriy etilayotgan avtomobil yoʻllari (yoʻl uchastkalari), harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash davri, shuningdek, zarur hollarda, yuk transport vositalarining ruxsat etilgan vazn parametrlari va harakatlanishi toʻxtatiladigan davr koʻrsatiladi.
Vaqtinchalik cheklovlar va taqiqlar tabiiy ofatlar hamda boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan yuklarni, shuningdek avariya-tiklash va taʼmirlash ishlarini bajarishda ishlatiladigan yoʻl-qurilish hamda yoʻllardan foydalanish uchun moʻljallangan texnika vositalari va materiallarini tashishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
40-modda. Avtomobil yoʻllarida yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi
Yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining avtomobil yoʻllarida harakatlanishiga faqat maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining (yuk bilan yoki yuksiz) harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma harakat yoʻnalishi belgilangan holda va bunday transport vositalarining harakatlanishi uchun toʻlov toʻlanganidan keyin beriladi.
Yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakat yoʻnalishi pulli avtomobil yoʻli boʻylab oʻtgan taqdirda, ushbu yoʻnalish operator bilan kelishilishi shart.
Respublika hududi doirasida yuklarni tashish uchun ayrim toifadagi vazn parametrlari belgilangan meʼyordan ortiq boʻlgan transport vositalarining harakatlanishi uchun koʻp martalik maxsus ruxsatnoma qonunchilikda belgilangan tartibda berilishi mumkin.
Yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining avtomobil yoʻlida harakatlanishi uchun toʻlov stavkalari, koʻp martalik maxsus ruxsatnoma berilishi mumkin boʻlgan, vazn parametrlari belgilangan meʼyordan ortiq boʻlgan transport vositalarining toifalari, shuningdek yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining avtomobil yoʻllarida harakatlanishi qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
6-bob. Pulli avtomobil yoʻllari
41-modda. Pulli avtomobil yoʻllarini tashkil etish
Pulli avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qaror (bundan buyon matnda pulli avtomobil yoʻlini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Pulli avtomobil yoʻlini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror rejalashtirilayotgan pulli avtomobil yoʻli bilan bogʻliq hududlar oʻrtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi avtomobil yoʻllari boʻylab muqobil bepul harakatlanishni taʼminlash sharti bilan qabul qilinadi.
Pulli avtomobil yoʻlini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda pulli avtomobil yoʻlining yoʻnalishi, boshlangʻich va oxirgi punktlari, texnik tavsiflari, uzunligi va undan haq toʻlash asosida foydalanish muddatlari, shuningdek muqobil bepul harakatlanishni taʼminlaydigan avtomobil yoʻli koʻrsatiladi.
Pulli avtomobil yoʻlini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror uning konsepsiyasi (pulli avtomobil yoʻli davlat-xususiy sheriklik asosida quriladigan boʻlsa), texnik-iqtisodiy asoslash va loyihaoldi hujjatlari tasdiqlanganidan keyin qabul qilinadi.
Pulli avtomobil yoʻlini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va undan foydalanish shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Qonunchilikda pulli avtomobil yoʻlini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va undan foydalanishda umumeʼtirof etilgan xalqaro yoki ilgʻor xorijiy normalarni qoʻllash tartibi nazarda tutilishi mumkin.
42-modda. Pulli avtomobil yoʻllariga boʻlgan huquqlar va ularning oʻtkazilishi tartibi
Pulli avtomobil yoʻllari davlat mulki boʻlib, ular maxsus vakolatli organ ixtiyorida boʻladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yoki foydalanilayotgan pulli avtomobil yoʻllari ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish muddatiga xususiy sherikka egalik qilish yoki foydalanish uchun, shu jumladan begʻaraz foydalanish uchun oʻtkazilishi mumkin.
43-modda. Pulli avtomobil yoʻllarini tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish
Pulli avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish loyihalari ularni amalga oshirish shakliga qarab investorlarning, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari, shuningdek davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb qilingan mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
44-modda. Pulli avtomobil yoʻllarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari
Pulli avtomobil yoʻllarini tashkil etish (loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish), taʼmirlash, saqlash hamda ulardan foydalanish ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq tuziladigan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim asosida amalga oshiriladi.
Pulli avtomobil yoʻllari sohasidagi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari bilan bir qatorda quyidagilar nazarda tutiladi:
bitim taraflarining pulli avtomobil yoʻlini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash va undan foydalanish xarajatlari boʻyicha majburiyatlari;
xususiy sherikning pulli avtomobil yoʻlini taʼmirlash, saqlash va undan foydalanish boʻyicha majburiyatlari;
pulli avtomobil yoʻlining oʻtkazuvchanlik qobiliyati va undan foydalanish rejimiga qoʻyiladigan talablar;
davlat sherigining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan miqdorda va tartibda xususiy sherikka erkin foydalanish uchun toʻlov toʻlash boʻyicha majburiyati;
pulli avtomobil yoʻlida transport vositalarining harakatlanishi uchun toʻlovni belgilash va oʻzgartirish tartibi hamda shartlari, toʻlovlarni yigʻish, bitim taraflari oʻrtasida mablagʻlarni taqsimlash tartibi;
davlat sherigining pulli avtomobil yoʻli joylashgan hududda uning mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish boʻyicha majburiyati;
xususiy sherikning toʻlov punktlarida foydalanuvchilarni pulli avtomobil yoʻlining boshlanishi, uzunligi, harakatlanish uchun toʻlov va muqobil bepul yoʻl orqali harakatlanish imkoniyatlari toʻgʻrisida xabardor qiladigan axborotni joylashtirish boʻyicha majburiyati;
xususiy sherikning davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishini taʼminlash usullari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻliga tutash hududlarni obodonlashtirish, yoʻl boʻyi infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish, shuningdek pulli avtomobil yoʻlining yoʻq boʻlishi yoki shikastlanishi xavfini sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatlari;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati tugaganidan keyin pulli avtomobil yoʻlini davlat sherigiga oʻtkazish tartibi va shartlari;
bitim taraflarining oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi;
ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
45-modda. Pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish
Pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish foydalanuvchi va operator oʻrtasidagi ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi, unga koʻra operator ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanuvchiga transport vositasida pulli yoʻldan harakatlanish huquqini taqdim etishi va yoʻl harakatini tashkil etishi, foydalanuvchi esa koʻrsatilgan xizmat uchun haq toʻlashi shart.
Foydalanuvchi transport vositasida pulli yoʻldan harakatlanish uchun quyidagi usullardan biri orqali operator bilan ommaviy shartnoma tuzadi:
pulli avtomobil yoʻliga kirish;
harakatlanish uchun toʻlovni toʻlov punktida toʻlash;
yoʻl talonini sotib olish.
Operator ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shartnomani tuzishda pulli avtomobil yoʻlining bir foydalanuvchisiga boshqa foydalanuvchilariga nisbatan ustunlik berishga haqli emas.
Shartnoma tuzishdan oldin operator foydalanuvchiga koʻrsatiladigan xizmatlar hamda ularni tanlash imkoniyati haqida toʻliq va ishonchli axborotni taqdim etishi shart. Axborot davlat tilida va, zarur hollarda, boshqa tillarda taqdim etiladi.
Axborot shartnoma shartlarini va operator tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov tartibini oʻz ichiga olishi kerak, shu jumladan:
pulli avtomobil yoʻli sxemasini;
harakatlanish uchun toʻlov miqdorini, tartibini, usullarini (shakllarini);
harakatlanish uchun toʻlovlarni toʻlamagan holda harakatlanish huquqiga ega boʻlgan foydalanuvchilarning roʻyxatini;
operatorning avariya xizmati manzilini va aloqa maʼlumotlarini;
foydalanuvchilarning murojaatlarini qabul qiluvchi operator boʻlimining manzilini va aloqa maʼlumotlarini;
pulli avtomobil yoʻlida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining manzilini va aloqa maʼlumotlarini.
46-modda. Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov olish tartibi
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov transport vositalarining yuqori tezlik rejimini va butun yoʻnalish boʻylab yuqori darajadagi servis xizmatini taʼminlash sharti bilan joriy etiladi.
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov miqdori operator tomonidan belgilanadi va, agar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, belgilangan toʻlov miqdorining eng yuqori stavkasidan oshmasligi kerak.
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov miqdori barcha foydalanuvchilar uchun bir toifadagi transport vositalariga nisbatan teng belgilanadi.
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov qatʼiy belgilangan boʻlishi yoki bosib oʻtilgan har bir kilometr uchun hisoblanishi yoxud transport vositalarining toifasi, kunning vaqti, haftaning kuni yoki yilning oyiga qarab tabaqalashtirilishi mumkin.
47-modda. Harakatlanish uchun toʻlovni toʻlamagan holda pulli avtomobil yoʻllaridan harakatlanish huquqi
Transport vositalarining pulli avtomobil yoʻllaridan harakatlanishi uchun toʻlovni toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadi:
yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, yongʻindan saqlash xizmati, avariya-qutqaruv xizmati, tez tibbiy va shoshilinch yordam, davlat transport nazorati organi faoliyatida foydalaniladigan maxsus transport vositalari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning maxsus transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari;
favqulodda holat joriy etilganda, tabiiy yoki texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar roʻy bergan holatlarda, shuningdek urush holatida barcha transport vositalari.
Qonun hujjatlarida pulli avtomobil yoʻllaridan harakatlanish uchun toʻlovni toʻlamagan holda harakatlanish huquqiga ega boʻlgan boshqa toifadagi foydalanuvchilar ham nazarda tutilishi mumkin, bundan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan yoki foydalanilayotgan pulli yoʻllar mustasno.
Davlat-xususiy sheriklik asosida pulli avtomobil yoʻllaridan foydalanilgan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa foydalanuvchilarga harakatlanish uchun toʻlovni toʻlamagan holda harakatlanish huquqini berish, agar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, xususiy sherik bilan kelishilishi lozim.
Muqobil bepul yoʻldan harakatlanish imkoniyatidan foydalanishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda, ushbu holatlar bartaraf etilgunga qadar pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlovni olish toʻxtatib turiladi.
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov olishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror avtomobil yoʻlining egasi tomonidan, agar pulli avtomobil yoʻlidan davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanilsa, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran bir sutka ichida davlat sherigining talabiga binoan xususiy sherik tomonidan qabul qilinadi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov olish davlat sherigining talabiga binoan toʻxtatib turilgan taqdirda, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartibda xususiy sherik kompensatsiya toʻlashni talab qilishga haqli.
Operator tomonidan toʻlov punktlarida toʻlov toʻlamagan holda pulli avtomobil yoʻllaridan harakatlanish huquqi berilgan transport vositalarining harakatlanishiga imkoniyatlar yaratiladi.
48-modda. Pulli avtomobil yoʻlidan foydalanishni toʻxtatish va tugatish
Pulli avtomobil yoʻlidan foydalanishni toʻxtatish pulli avtomobil yoʻlini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin, davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan pulli avtomobil yoʻlidan foydalanishni toʻxtatish esa davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.
Pulli avtomobil yoʻlining sifati va foydalanilish holati yomonlashib, uning xizmat koʻrsatishi va yuqori harakatlanish tezligi rejimida tegishli darajada xavfsiz harakatlanishni taʼminlash imkonini bermagan taqdirda, pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish uning egasi tomonidan qisman cheklanishi yoki toʻxtatilishi kerak.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
49-modda. Nizolarni hal etish
Avtomobil yoʻllari sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
50-modda. Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
51-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076-modda, № 11, 1190-modda, № 12, 1283, 1284, 1296, 1297-moddalar; 2025-yil, № 2, 188, 194-moddalar, № 4, 519, 520, 521, 522-moddalar, № 5, 644, 645-moddalar, № 6, 729, 731-moddalar, № 8, 971-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 411-modda uchinchi qismining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari”;
2) 426-modda ikkinchi qismining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari egallagan yerlar”.
52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktabrda qabul qilingan “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-117-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 10, 472-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-381-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 20-moddasi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-486-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 25-moddasi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 185-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrda qabul qilingan “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-871-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 10, 795-modda) 7-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 23-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1021-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2025-yil, № 1, 7-modda) 4-moddasi.
53-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
54-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan pulli avtomobil yoʻllarida harakatni tashkil etish xizmatlarini koʻrsatish va ushbu yoʻllardan foydalanish qoidalarini, shuningdek pulli avtomobil yoʻllarida harakatlanish uchun toʻlovlarni hisoblash uslubiyatini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
55-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 6-bobining moddalari ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-avgust,
OʻRQ-1162-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2026-y., 03/26/1162/0821-son)