toggle_night_mode
Hujjat 15.07.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Suv fondi yerlarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida” 2024-yil 7-maydagi PF-74-son hamda “Suv xoʻjaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 26-maydagi PF-99-son farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xoʻjaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 26-maydagi PF-99-son Farmoniga muvofiq suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat muassasasi) yagona buyurtmachi etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Davlat muassasasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
suv fondi yerlarida yer tuzish, loyiha, geodeziya, xatlov, marksheyderlik xizmatlarini koʻrsatish va ushbu yer uchastkalarining ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida realizatsiya qilish orqali tushadigan tushumlar hamda ijara haqi mablagʻlari;
daryolar oʻzanlarini tozalash maqsadida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida realizatsiya qilish orqali tushadigan tushumlar hamda daryo oʻzanlarini tozalash natijasida olingan qum-shagʻal materiallari uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar;
suv omborlari va sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy koʻllar hamda gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalash ishlariga tashabbuskor tadbirkorlik subyektlarini eng yaxshi takliflari asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb qilish orqali tushadigan tushumlar;
Suv xoʻjaligi vazirligining Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
Davlat muassasasining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitiga joylashtirish hisobidan tushadigan foiz tarzidagi daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Davlat muassasasi mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
davlat muassasasini saqlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda moddiy-texnik taʼminlash, asbob-uskunalar, transport vositalari, maxsus texnikalarni xarid qilish, ishlatish va taʼmirlash;
davlat muassasasi xodimlari malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash, ularning xizmat safarlari, shu jumladan, xorijiy davlatlarga xizmat safarlari hamda boshqa tadbirlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash;
suv fondi yerlarida yer tuzish, loyiha, geodeziya, xatlov va marksheyderlik ishlarini bajarish hamda daryo oʻzanlarini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish, majburiy sugʻurtalash, suv obyektlari va ularning foydalanishidagi yer uchastkalarini ijaraga berish va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;
Suv xoʻjaligi vazirligining soʻroviga asosan Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga mablagʻlar oʻtkazish.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining oʻrganish dalolatnomalariga asosan sel toshqini xavfi mavjud daryolardan shartnomaga muvofiq noruda materiallarni qazib olish hajmlarini yakuniga yetkazmagan tadbirkorlik subyektlariga, istisno tariqasida, noruda materiallarni toʻliq qazib olishga ruxsat berilsin.
5. Suv xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi buyurtmasiga asosan suv fondi yerlarini ijaraga berish uchun materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, ijara shartnomasini rasmiylashtirish hamda ijaraga berilgan suv fondi yerlari hisobotini onlayn yuritish imkonini beruvchi “Suv-yer-ijara” axborot tizimi ishga tushirilishini, shuningdek, “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish va suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-iyul,
362-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 362-son qaroriga
1-ILOVA
Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish va suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Suv xoʻjaligi vazirligi) hisobidagi ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarining aholi gavjum hududlar, shuningdek, magistral yoʻllarga tutash hududlarda joylashgan qismini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi, Yer kodeksi hamda shaharsozlik norma va qoidalari asosida ishlab chiqilgan.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
balansda saqlovchi — ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkasi va unda joylashgan suv xoʻjaligi obyekti biriktirilgan yuridik shaxs;
buyurtmachi — suv fondi yer uchastkasini ijaraga berish boʻyicha savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdosini tashkil etish va oʻtkazish haqida buyurtma yuborgan yuridik shaxs;
“E-auksion” elektron savdo platformasi (keyingi oʻrinlarda — elektron savdo platformasi) — elektron onlayn-auksion savdolari va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, istagi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning bunday auksion va tanlovlar jarayoniga kirish hamda ularda qatnashish imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi;
yopiq-yotiq drenaj — drenaj suvlarini toʻplashga hamda sugʻoriladigan maydonlar, aholi punktlari, gidrotexnika inshootlaridan tashqariga chiqarib tashlashga moʻljallangan yopiq-yotiq turdagi suv xoʻjaligi obyekti;
kollektor-drenaj tarmogʻi — yerosti sizot suvlarini va tashlama suvlarni toʻplash hamda chiqarib tashlashga moʻljallangan ochiq va yopiq turdagi suv xoʻjaligi obyekti;
kollektor-drenaj suvlari — yerosti sizot suvlari va tashlama suvlar;
kollektor — asosan drenaj va tashlama suvlarni qabul qilish hamda uzatishga, shuningdek, sugʻoriladigan maydonlardan tashqariga chiqarib tashlashga moʻljallangan suv xoʻjaligi obyekti (inshootlar bilan birga);
lot — buyurtmachi tomonidan elektron savdo platformasida ijaraga berish uchun savdoga qoʻyilgan suv fondi yer uchastkasi;
operator — elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolarini tashkil etish hamda oʻtkazish vakolati berilgan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” aksiyadorlik jamiyati;
ochiq drenaj — yopiq-yotiq drenaj suvlarini toʻplash hamda sugʻoriladigan maydondan tashqariga chiqarishga moʻljallangan ochiq turdagi suv xoʻjaligi obyekti (inshootlar bilan birga);
elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibi — lot boʻyicha eng yuqori ijaraga olish narxini tasdiqlab, gʻolib deb eʼtirof etilgan ishtirokchi.
3. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ijaraga beriladi.
4. Ushbu Nizom suv xoʻjaligi, kommunal xizmatlar, shaharsozlik va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun tegishliligi boʻyicha majburiy hisoblanadi.
5. Yopiq-yotiq drenaj tarmoqlari shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda ekologik talablarga muvofiq loyihalashtirilishi va qurilishi lozim.
2-bob. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish
6. Tuman (shahar) hokimliklari suv obyektini balansda saqlovchi tashkilotlar bilan birgalikda ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga murojaat qiladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflarini umumlashtirib, “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasiga (keyingi oʻrinlarda — davlat muassasasi) murojaat qiladi.
8. Davlat muassasasi ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻrganib chiqadi, oʻrganish natijalarining ijobiy xulosasi asosida drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron savdo platformasida oʻtkaziladigan elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berishga rozilik beradi yoki asoslarni koʻrsatgan holda rad etadi.
9. Rozilik berilgan loyiha takliflari davlat muassasasi tomonidan belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun uch ish kuni ichida “OʻzGIP” MCHJ yoki “Suvloyiha” MCHJga taqdim etiladi.
Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari besh ish kuni ichida “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va Davlat ekologik ekspertizasi markaziga ekspertiza xulosasini olish uchun belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Bunda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar davlat muassasasining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
10. Davlat muassasasi yopiq-yotiq drenajlarning suv fondi yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarishda boshlangʻich narxga loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda ekspertiza xulosasi uchun sarflangan mablagʻlarni qoʻshib hisoblaydi.
11. Operator davlat muassasasi tomonidan ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkalari boʻyicha elektron onlayn-auksion savdolarini Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda oʻtkazadi.
12. Balansda saqlovchi elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibiga suv fondi yer uchastkasining chegaralari joyini belgilab, uni ajratib beradi hamda ushbu yer uchastkasini ajratish boʻyicha tegishli dalolatnomani rasmiylashtiradi.
13. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish boʻyicha qurilish-montaj ishlari elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarining suv fondi yer uchastkalaridan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori asosida avvaldan foydalanib kelayotgan yuridik shaxslarga ushbu yer uchastkalari Meliorativ ekspeditsiyalarning ijobiy xulosasi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻn yil muddatgacha ijaraga beriladi.
15. Tadbirkorlik subyektlariga ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkalarining ijara haqi qiymati Suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda koʻrsatilgan miqdorlarda belgilanadi.
3-bob. Mablagʻlar taqsimoti
16. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalariga ijara huquqini elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar loyiha va ekspertiza xarajatlari chegirib qolingan holda quyidagicha taqsimlanadi:
40 foizi — balansda saqlovchi tashkilotga;
40 foizi — Davlat muassasasiga;
10 foizi — Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markaziga;
10 foizi — “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJga.
4-bob. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirishda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va nazorat qilish
17. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish boʻyicha qurilish-montaj ishlari elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan parametrlarda amalga oshiriladi.
18. Elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish boʻyicha qurilish-montaj ishlarini shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiradi.
19. Loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan parametrlarda qurilish-montaj ishlarining amalga oshirilishi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasasi tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.
Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda loyiha-smeta hujjatlaridan chetga chiqish holatlari aniqlanganda, elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibiga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xati yuboriladi.
Bunda elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibi ogohlantirish xatida koʻrsatilgan kamchiliklarni oʻn kun ichida toʻliq bartaraf etishi shart.
20. Elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibi ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish boʻyicha qurilish-montaj ishlarini toʻliq yakunlaganidan soʻng kollektor-drenaj tarmoqlarini balansda saqlovchi tashkilot bilan dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Dalolatnomada qurilish-montaj ishlarining loyiha-smeta hujjatlariga mosligi boʻyicha maʼlumotlar aks ettiriladi.
5-bob. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirishda suv fondi yer uchastkalaridan foydalanish
21. Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalarining yer toifasini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Ijaraga berilgan suv fondi yer uchastkasi hududida yopiq-yotiq drenajlarni soz holatda saqlash va joriy taʼmirlash ishlari (loyiha-smeta hujjatida koʻrsatilgan) elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
24. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish va suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish orqali paydo boʻlgan suv fondi yer uchastkalarini ijaraga berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Tuman va shahar hokimliklari, balansda saqlovchi tashkilotlar

Kelib tushgan takliflar asosida ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari

Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantirish toʻgʻrisida davlat muassasasiga xat bilan murojaat qiladi.

Besh ish kunida

3-bosqich

“Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi

Loyiha takliflarini belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun “OʻzGIP” MCHJ yoki “Suvloyiha” MCHJga taqdim etadi.

Uch ish kunida

4-bosqich

“Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi

Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va Davlat ekologik ekspertizasi markaziga ekspertiza xulosasini olish uchun belgilangan tartibda taqdim etadi.

Besh ish kunida

5-bosqich

“Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi

Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida yopiq-yotiq drenajlarning suv fondi yer uchastkalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ochiq elektron onlayn-auksion savdolariga chiqaradi.

Uch ish kunida

6-bosqich

Elektron onlayn-auksion savdosi gʻolibi

Ochiq turdagi kollektor-drenaj tarmoqlarini yopiq-yotiq drenajlarga aylantiradi.

Belgilangan muddatda

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 362-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Daryolar oʻzanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik subyektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2018-yil 3-dekabrdagi 981-son qarorida:
a) nomidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-banddagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilovada:
nomidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “daryolar” soʻzi “suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-banddagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-bandining birinchi, ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “daryolar” soʻzi “suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-bob nomidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandning uchinchi xatboshisidagi va 28-banddagi “Daryo” soʻzi “Suv obyekti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilovada:
ilova belgisi va nomidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-bosqich “Tadbirlar” ustunidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-bosqich “Tadbirlar” ustunidagi “daryolar” soʻzi “suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-ilovaning belgisidagi “Daryolar” soʻzi “Suv obyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 2-sentabrdagi 441-son qarorida:
a) nomidagi “Davlatga tegishli suv havzalarini” soʻzlari “Suv fondi yer uchastkalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) muqaddimadagi “Baliqchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qarori” soʻzlari “tegishli farmonlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, suv fondi yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 2-bandda:
birinchi xatboshidagi “Davlatga tegishli suv havzalarini” soʻzlari “Suv fondi yer uchastkalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilardagi “havzasini” soʻzi “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “havzalarini” soʻzi “fondi yer uchastkalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
d) 1-ilovada:
nomidagi “Davlatga tegishli suv havzalarini” soʻzlari “Suv fondi yer uchastkalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1 va 2-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida (keyingi oʻrinlarda — elektron savdo platformasi) elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish tartibini belgilaydi.
2. Suv fondi yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksiga hamda “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunlariga rioya qilgan holda foydalanish sharti bilan quyidagi faoliyat turlarini tashkil etish uchun elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi:
suv obyektlari foydalanishidagi suv fondi yer uchastkalari — baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash uchun;
turizm xizmatlari, suv boʻyida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, suvda suzuvchi uskunalar va suv sayohati xizmatlarini koʻrsatish;
qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va parrandachilikda foydalanish;
yengil konstruksiyali qurilmalarni (oʻtovlar, konteynerlar, tapchanlar, umumiy ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish, savdo shoxobchalari, avtomobillarni yuvish majmuasi va boshqa maishiy xizmat koʻrsatish markazlarini) joylashtirish uchun.
Bunda suv fondi yer uchastkalariga yengil konstruksiyali qurilmalar (oʻtovlar, konteynerlar, tapchanlar, savdo shoxobchalari, avtomobillarni yuvish majmuasi, umumiy ovqatlanish va boshqa maishiy xizmatlar koʻrsatish markazlari) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtiriladi.
Suv fondi yer uchastkalari tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ijaraga beriladi”.
3-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xususiy mulkda boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlariga”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
4-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari va belgilari boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar, yerosti suvli qatlamlar) va sunʼiy (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek, buloqlar va boshqa obyektlar;
suv fondi yer uchastkasi — suv havzalari (daryolar, koʻllar, suv omborlari va shu kabilar), gidrotexnika va boshqa suv xoʻjaligi inshootlari egallab turgan, shuningdek, suv havzalarining va boshqa suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻylab ajratilgan mintaqadagi suv xoʻjaligi ehtiyojlari uchun vakolatli tashkilotlarga belgilangan tartibda berilgan yerlar”;
toʻrtinchi xatboshidagi “yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar” soʻzlari “jismoniy va yuridik shaxslar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
ijaraga beruvchi — Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi”;
oltinchi xatboshidagi “havzasi hamda” soʻzlari “obyekti foydalanishidagi suv fondi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “suv havzasini” soʻzlari “suv obyektlari foydalanishidagi suv fondi yer uchastkalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandda:
birinchi xatboshidagi “havzasining (yer uchastkasining)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari, “10 yil” soʻzlari “10 yilgacha” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijaraga berilayotgan suv fondi yer uchastkalarida suv obyektlariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyatini yuritish va kapital qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi hamda oqim yoʻnalishi, hajmi va tezligi oʻzgarishi, ekologik vaziyat yomonlashishi, bioxilma-xillik, noyob hayvonot va oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazmasligi kerak”;
2-bob nomidagi “havzasi va” soʻzlari “fondi” soʻzi bilan almashtirilsin;
6-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7 va 8-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Ijaraga beruvchi tadbirkorlik subyektining taklifi asosida ikki kun muddatda balansda saqlovchiga suv fondi yer uchastkasini ijaraga berish boʻyicha munosabat bildirish yuzasidan soʻrov yuboradi.
Ijaraga beruvchi foydalanilmayotgan suv fondi yer uchastkasini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkasini ijaraga berish boʻyicha oʻz tashabbusi bilan balansda saqlovchiga soʻrov yuborishi mumkin.
Quyidagi hollarda balansda saqlovchi suv fondi yer uchastkasini ijaraga berish taklifini rad etadi:
suv fondi yer uchastkasi strategik ahamiyatga ega boʻlgan obyektlar toifasiga kiritilgan taqdirda;
suv fondi yer uchastkasi amalda ijaraga berilgan boʻlsa.
8. Suv fondi yer uchastkasini ijaraga berishni rad etishga ushbu Nizomning 7-bandida keltirilgan asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, balansda saqlovchi suv fondi yer uchastkasini ijaraga berish uchun quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatib, besh kun ichida ijaraga beruvchiga ariza taqdim etadi:
ijaraga berilayotgan suv fondi yer uchastkasining nomi, tavsifi, joylashgan joyi (manzili);
suv fondi yer uchastkasining umumiy maydoni, chegaralari koʻrsatilgan chizmasi va fotosurati;
ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkasi boʻyicha ushbu Nizomning 35 va 36-bandlarida keltirilgan formula asosida hisoblangan yillik ijara haqi miqdori;
suv fondi yer uchastkasidan foydalanish maqsadi va qoʻshimcha shartlari”;
12-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzi bilan almashtirilsin;
3-bob nomidagi “havzasi va” soʻzlari “fondi” soʻzi bilan almashtirilsin;
13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Suv fondi yer uchastkasi balansda saqlovchining arizasiga asosan ijaraga beruvchi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga muvofiq elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi”;
14-bandda:
birinchi xatboshidagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bunda elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga olinadigan suv fondi yer uchastkalari uchun toʻlovlar 15 ish kuni ichida toʻliq toʻlanishi shart.
Sotilmagan lotlar har besh kunda lotning narxini 10 foizdan boshlangʻich narxning 20 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirgan holda takroran elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi”;
15-bandda:
birinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijara shartnomasi loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi hamda “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunlari talablarini hisobga olgan holda tayyorlaydi;
balansda saqlovchining arizasiga asosan ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkasi toʻgʻrisidagi (loyiha) maʼlumotlarni va ijara shartnomasi loyihasini elektron savdo platformasiga joylashtiradi;
ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkasining nomi, tavsifi, joylashgan joyi (manzili), maydoni, chegaralari koʻrsatilgan chizmasi va fotosurati, yillik ijara haqi miqdori, ulardan foydalanish maqsadi va qoʻshimcha shartlarini Suv xoʻjaligi vazirligining hamda “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning rasmiy veb-saytlari orqali tadbirkorlarga yetkazadi”;
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Sohilboʻyi suv fondi yer uchastkalari ushbu suv obyektida ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik subyektlarining baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash boʻyicha faoliyatiga toʻsqinlik qilmagan holda ijaraga beriladi”;
20-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “havzasining (yer uchastkasining)” soʻzlari “fondi yer uchastkasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi va yettinchi xatboshilardagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshidagi “havzasining (yer uchastkasining)” soʻzlari “fondi yer uchastkasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻninchi xatboshidagi “havzasini” soʻzi “obyektini” soʻzi bilan almashtirilsin;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Suv fondi yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi rasmiylashtirilgandan soʻng besh ish kuni ichida ijaraga beruvchi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.”;
23-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Balansda saqlovchi tomonidan suv obyektini rivojlantirish boʻyicha talabgorlarga qoʻyiladigan investitsiya va boshqa majburiyatlar (shartlar) har bir fondi yer uchastkasining xususiyati, joylashgan joyi va maydonining hajmini inobatga olgan holda quyidagicha belgilanishi mumkin”;
ikkinchi xatboshidagi “havzasida” soʻzi “obyektida” soʻzi bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “havzasini” soʻzi “obyektini” soʻzi bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “havzasiga” soʻzi “obyektiga” soʻzi bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “havzasini” soʻzi “obyektini” soʻzi bilan almashtirilsin;
24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Ijaraga beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
Balansda saqlovchining arizasiga asosan ijaraga beriladigan suv obyektlari foydalanishidagi ijaraga berilishi taklif etilayotgan suv fondi yer uchastkalari loyihasini ishlab chiqish va elektron savdo platformasiga joylashtirish;
ijaraga oluvchining suv fondi yer uchastkasidan belgilangan yoʻnalishda maqsadli foydalanishi, ijara haqini belgilangan miqdor, tartib va muddatlarda toʻlashini monitoring qilish;
shartnomaning amal qilish muddati uzaytirilishida ijaraga oluvchi keyingi muddatga belgilanayotgan ijara haqi toʻlov stavkasidan norozi boʻlgan taqdirda, shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi shartnomani (kelishuvni) imzolashni rad etish;
ijaraga oluvchi tomonidan suv fondi yer uchastkasidan foydalanish davrida tabiatni muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish uchun tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qilish;
ijaraga oluvchidan shartnoma munosabatlariga oid maʼlumotlar va axborotlarni soʻrab olish;
zarurat tugʻilganda, ijaraga oluvchiga shartnomani muddatidan oldin oʻzaro kelishib bekor qilish yoki uni oʻzgartirish haqida taklif kiritish;
ijaraga oluvchi tomonidan balansda saqlovchining suv fondi yer uchastkasiga nisbatan egalik huquqi buzilmasligini taʼminlash”;
25-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “havzasiga (yer uchastkasiga)” soʻzlari “fondi yer uchastkasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “havzasidan (yer uchastkasidan)” soʻzlari “fondi yer uchastkasidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
26-bandda:
ikkinchi xatboshi “koʻrsatilgan muddatlarda va miqdorda” soʻzlaridan keyin “ijaraga beruvchining tranzit hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
uchinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi “bajarilmasdan kelinayotganligi aniqlangan taqdirda,” soʻzlaridan keyin “ijaraga beruvchi bilan birgalikda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
27-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilardagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
28-banddagi “sud orqali qoplanadi” soʻzlari “iqtisodiy sudlarda koʻrib chiqiladi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
29-banddagi “havzasining (yer uchastkasining)” soʻzlari “fondi yer uchastkasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
30-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
31-bandda:
ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilardagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijaraga olingan suv fondi yer uchastkasining maydonida oʻzgarish boʻlganda, shu jumladan, suv obyektida suv hajmi kamaygan yoki koʻpaygan taqdirda, tegishli vakolatli tashkilotlar qayta oʻlchash ishlarini oʻtkazishi va ushbu tashkilotlarning xulosalari (dalolatnomalari) asosida kalendar yil uchun belgilangan ijara haqi va chora-tadbirlar rejasiga oʻzgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqish.”;
33-bandda:
toʻrtinchi xatboshidagi “havzasidan (yer uchastkasidan)” soʻzlari “fondi yer uchastkasidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “havzasining (yer uchastkasining)” soʻzlari “fondi yer uchastkasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “havzasidan (yer uchastkasidan)” soʻzlari “fondi yer uchastkasidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻninchi xatboshidagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Suv kodeksining 9, 27, 75, 77, 98, 99, 100 va 101-moddalari talablariga, shuningdek, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 41-moddasida belgilangan rejimga qatʼiy rioya etish”;
oʻn toʻrtinchi xatboshidagi “havzasida” soʻzi “obyektida” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn beshinchi xatboshidagi “havzalarida” soʻzi “obyektlarida” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn yettinchi xatboshidagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“har yili 15-yanvarga qadar oʻtgan yilda bir gektar suv obyektida ovlangan (sotilgan) baliqning (turlari boʻyicha) oʻrtacha miqdori va baliq ovlash xoʻjaligi tomonidan oʻtgan yilda bir gektar suv obyektini oʻrtacha baliq (turlari boʻyicha) chavoqlari bilan baliqlantirish miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni balansda saqlovchi va ijaraga beruvchiga taqdim etish (taqdim etilgan maʼlumotlar haqqoniyligiga ijaraga oluvchi shaxsan javobgar hisoblanadi)”;
8-bob nomidagi “havzasi va yer uchastkasidan” soʻzlari “fondi yer uchastkasidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
34-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34. Ijaraga berilgan suv fondi yer uchastkasi uchun bir yillik ijara haqi toʻlovining boshlangʻich narxi ijaraga beruvchi tomonidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda hisoblanadi.
Suv omborlari va sel-suv omborlarining suvdan boʻshagan suv fondi yer uchastkalarini ikkinchi yildan boshlab yillik ijara haqini belgilash ishlari boʻyicha monitoring dalolatnomasi rasmiylashtirilib, yerdan foydalanilgan oylar boʻyicha hisoblanadi”;
35-bandda:
birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Baliq va uni ovlash uchun ijaraga beriladigan suv fondi yer uchastkasi uchun bir yillik ijara haqi toʻlovining boshlangʻich narxi (auksionga chiqarish) quyidagi formula va unga berilgan sharh quyidagi formula boʻyicha belgilanadi:
“Ih = H1 * Ms * Bs/10, bunda:
Ih — ijara haqi;
H1 — bir gektarning oʻrtacha baliq mahsuldorligi (10 kg belgilangan oʻzgarmas koeffitsiyent);
Ms — suv obyektining suvli maydoni, ga;
Bs — ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining foiz stavkasi, soʻmda; (boshlangʻich narxni shakllantirish uchun BHMning 100% miqdori olinadi);
10 — oʻzgarmas koeffitsiyent”;
quyidagi mazmundagi izoh qismi bilan toʻldirilsin:
“Izoh. Ikkinchi kalendar yildan BHM oʻzgarishi bilan birga ijara haqi summasining miqdori ham BHMning oʻzgargan foiziga oʻzgaradi”;
36-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36. Ijaraga beriladigan sohilboʻyi mintaqa zonalaridagi suv fondi yer uchastkasi uchun bir yillik ijara haqi toʻlovining boshlangʻich narxi (auksionga chiqarish) quyidagi formula boʻyicha belgilanadi”;
quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“suv fondi yer uchastkalari boʻyicha tadbirkorlik subyektlari bilan vaqtincha foydalanish maqsadida tuzilgan ijara shartnomalari shartnoma muddati yakunlangunga qadar yillik ijara toʻlovi ushbu Nizomda koʻrsatib oʻtilgan suv fondi yer uchastkasi uchun bir yillik ijara haqi toʻlovining hisoblash formulasi (Ts = Es * Kz * (Kh + Ko) boʻyicha hisoblanadi”;
40-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
10-bob nomidagi “havzasi va yer uchastkasini” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
43-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
44-bandda:
birinchi xatboshidagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzlari “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
45-banddagi “havzasini (yer uchastkasini)” soʻzi “fondi yer uchastkasini” soʻzlari bilan, “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
48-banddagi “havzasi (yer uchastkasi)” soʻzlari “fondi yer uchastkasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

Balansda saqlovchining arizasiga asosan ijaraga beriladigan suv obyektlarining foydalanilmasdan boʻsh turgan suv fondi yer uchastkalarini aniqlaydi.

Doimiy

2-bosqich

Tadbirkorlik subyekti

Ijaraga beruvchiga:

suv obyektlari foydalanishidagi ijaraga berilishi taklif etilayotgan suv fondi yerlarining tavsifi va joylashgan joyini;

suv obyektlari foydalanishidagi ijaraga berilishi taklif etilayotgan suv fondi yer uchastkalarining balansda saqlovchisini (bunday maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda) koʻrsatgan holda oʻz taklifini taqdim etadi.

Oʻz xohishiga koʻra

3-bosqich

Ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

Tadbirkorlik subyektining taklifi asosida suv obyektining balansda saqlovchisiga suv obyekti foydalanishidagi suv fondi yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha munosabat bildirish yuzasidan soʻrovnoma yuboradi.

2 kun muddatda

4-bosqich

Balansda saqlovchi,

ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

Suv obyektini ijaraga berishni rad etishga asoslar boʻlmasa, suv havzasini ijaraga berish uchun ijaraga beruvchiga quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatib, ariza taqdim etadi:

ijaraga berilayotgan suv obyektining nomi, tavsifi, joylashgan joyi (manzili);

suv obyektining umumiy maydoni, chegaralari koʻrsatilgan chizmasi va fotosurati;

ijaraga beriladigan suv obyekti boʻyicha ushbu Nizomning 35 va 36-bandlarida keltirilgan formula asosida hisoblangan yillik ijara haqi miqdori;

suv obyektidan foydalanish maqsadi va qoʻshimcha shartlari.

5 kun muddatda

5-bosqich

Ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

Tadbirkorlik subyektining taklifini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha va qabul qilingan qaror haqida tadbirkorlik subyektiga xabar yuboradi.

Taklif olingan paytdan boshlab bir hafta muddatda

6-bosqich

Ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi))

Balansda saqlovchining arizasiga asosan ijaraga beriladigan suv obyektlari foydalanishidagi ijaraga berilishi taklif etilayotgan suv fondi yer uchastkalarining loyihasini ishlab chiqadi va elektron savdo platformasiga joylashtiradi.

2 ish kuni ichida

7-bosqich

Ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

tadbirkorlik subyekti

Auksion savdosi natijasiga koʻra gʻolib boʻlgan ijaraga oluvchi bilan elektron ijara shartnomasini imzolaydi.

Elektron onlayn-auksion savdolari natijalari toʻgʻrisidagi elektron bayonnoma imzolangandan soʻng 10 ish kuni ichida

8-bosqich

Balansda saqlovchi,

ijaraga beruvchi

(Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi)

tadbirkorlik subyekti

Ijara shartnomasi imzolangandan soʻng suv obyektlari foydalanishidagi ijaraga berilishi taklif etilayotgan suv fondi yer uchastkalarini ijaraga oluvchiga topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida topshiriladi va ijaraga oluvchi tomonidan qabul qilib olinadi.

Ijara shartnomasi imzolangandan soʻng 5 kun ichida

2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suv fondi yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Suv obyektlari boʻyicha ijara haqi toʻlovini hisoblashda suv obyekti mahsuldorligiga bogʻliq holda qoʻllanadigan stavkalar
MIQDORI

Mahsuldorlik,

ga/kg

Bazaviy hisoblash miqdori,

foiz

Ijara haqini hisoblash formulasi

10 gacha

100

(10 x 1 x 100 foiz BHM/10)

10,1 — 30 gacha

90

(10 x 1 x 90 foiz BHM/10)

30,1 — 70 gacha

80

(10 x 1 x 80 foiz BHM/10)

70 dan yuqori

70

(10 x 1 x 70 foiz BHM/10)

Izoh:
1) bir gektarning oʻrtacha mahsuldorligi, kg (10 kg belgilangan oʻzgarmas koeffitsiyent);
2) suv fondi yer uchastkalarining suvli maydoni, gektar;
3) 1 gektar suv obyektiga qoʻllanadigan bazaviy hisoblash miqdorining foiz stavkasi;
4) bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravari miqdorida.
Bunda yuqoridagi formulaga asosan 1 gektar suv obyektidagi mahsuldorlikdan kelib chiqib, bir yillik eng kam ijara haqining miqdori quyidagi tartibda hisoblanadi:
1) 10 x 1 x 100 foiz x 412 000/10 — 412 000 soʻm — 10 kg;
2) 10 x 1 x 90 foiz x 412 000/10 — 370 800 soʻm — 30 kg;
3) 10 x 1 x 80 foiz x 412 000/10 — 329 600 soʻm — 70 kg;
4) 10 x 1 x 70 foiz x 412 000/10 — 288 400 soʻm — 70,1 kg dan yuqori.
1 gektar suv fondi yer uchastkasining eng past 70 foizli stavka boʻyicha hisoblangan bir oylik ijara haqining miqdori — (10 x 1 x 70 foiz BHM) — 24 033,33 soʻm.
Bazaviy hisoblash miqdori oʻzgarishi bilan birga ijara haqi summasining miqdori ham oʻzgaradi va tuzilgan shartnomalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
4-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasining mablagʻlari”;
yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/362/0737-son)