OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
Respublikada radioaktiv materiallarni qazib olish, yadro xavfi boʻlgan obyektlardan foydalanishda ishlarning xavf-xatarsiz amalga oshirilishi ustidan davlat nazoratini tashkil etish, shuningdek, MAGATE bilan hamkorlikni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yadro qurilmalarida atom energiyasidan xavf-xatarsiz foydalanilishi va xavfli yuklarni tashish shart-sharoitlari ustidan davlat nazoratini taʼminlash, tekshirish va tartibga solish vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Uning tarkibida xodimlari son 5 nafar boʻlgan atom nazorati, xodimlari soni 6 nafar boʻlgan xavfli yuklarni tashish shart-sharoitlari ustidan nazorat inspeksiyalari tashkil etilsin.
Qoʻmita markaziy apparati tuzilmasiga xodimlari soni 5 nafar boʻlgan xavfli ishlab chiqarishlar hamda obyektlarni ekspertiza qilish va baholash boʻlimi kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika budjetida “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi apparatidagi qoʻshimcha shtatlarni taʼminlash uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda yangi tashkil etilayotgan inspeksiyalar hamda boʻlim toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, “Boshgidromet” va Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda, tasdiqlasin.
4. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga respublikada radiatsiya nazorati asboblarini ishlab chiqaruvchi quvvatlarni tashkil etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar.