toggle_night_mode
Hujjat 18.04.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qarori ijrosini taʼminlash, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlarining faoliyatini rivojlantirish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
volontyorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball berish uchun tavsiyanoma (keyingi oʻrinlarda — tavsiyanoma) berish tartibi;
koʻngilli qutqaruvchilarga “mahalla yettiligi” tavsiyanomasiga asosan hududiy qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilish boʻyicha tanlovda ustuvorlik berish tartibi.
2. Belgilansinki, volontyorlarga beriladigan tavsiyanoma blankalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida har yili nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida “Davlat belgisi” MCHJ tomonidan tayyorlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ikki oy muddatda belgilangan tartibda:
volontyorlarga tavsiyanoma berish uchun tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiya reglamentini;
tavsiyanoma berish uchun tanlovda volontyorlar faoliyatini baholash tartibini tasdiqlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 533-band bilan toʻldirilsin:
“533. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga muvofiq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda faollik koʻrsatgan, natijalari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan volontyorlarga Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyanomasiga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda oʻzlari toʻplagan ballarning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball koʻrinishida imtiyoz beriladi”.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-aprel,
181-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-apreldagi 181-son qaroriga
ILOVA
Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga (keyingi oʻrinlarda — jamoatchilik guruhlari) jalb etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini belgilaydi.
2. Jamoatchilik guruhlari har bir mahallada yoshlar orasida volontyorlardan va aholi oʻrtasida koʻngilli qutqaruvchilardan iborat tarkibda tegishli hududda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish orqali ushbu mahallani favqulodda vaziyatlardan xoli hududga aylantirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamoatchilik guruhlarining aʼzolariga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda faollik koʻrsatgan, natijalari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan volontyorlarga Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyanomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda oʻzlari toʻplagan ballarning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball berish;
koʻngilli qutqaruvchilarga “mahalla yettiligi” tavsiyanomasiga asosan hududiy qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilish boʻyicha tanlovda belgilangan tartibda ustuvorlik berish.
2-bob. Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni jamoatchilik guruhlariga jalb etish
4. Jamoatchilik guruhlariga faqat oʻn sakkiz yoshdan katta boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jalb etiladi.
5. Quyidagi fuqarolarning jamoatchilik guruhlariga jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan;
muomalaga layoqati belgilangan tartibda cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
oʻziga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, shuningdek, qasddan jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlangani olib tashlanmagan;
jinoiy jazoni oʻtayotgan;
belgilangan vazifalarni amalga oshirishga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsoni mavjud boʻlgan;
haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar.
6. Jamoatchilik guruhlariga aʼzo boʻlish istagidagi shaxslar Volontyorlar elektron platformasi (volontyor.uz) orqali belgilangan tartibda hisobga qoʻyilgandan soʻng hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga (bosh boshqarmalariga) ariza bilan murojaat qiladi.
7. Hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari):
ariza beruvchilarning ushbu Nizomning 5-bandi talablariga muvofiqligini tegishli davlat organlari va tashkilotlardan, shu jumladan, axborot tizimlari orqali belgilangan tartibda olingan maʼlumotlar asosida aniqlaydi;
tegishli talablarga javob beruvchi fuqarolarni 24 soatlik oʻquv dasturi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tayyorgarlikdan va attestatsiyadan oʻtkazadi;
attestatsiyadan oʻtgan fuqarolarga “volontyor qutqaruvchi” maqomini va “qutqaruvchi daftarchasi”ni beradi hamda ularning hisobini yuritadi.
8. Kelgusida Akademiyaga oʻqishga kirish istagida boʻlgan fuqarolar jamoatchilik guruhi volontyori sifatida, favqulodda vaziyatlar organlariga qutqaruvchi lavozimiga ishga kirmoqchi boʻlgan fuqarolar jamoatchilik guruhi koʻngilli qutqaruvchisi sifatida roʻyxatga olinadi.
9. Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish ishlariga ixtiyoriylik tamoyili asosida jalb etiladi.
10. Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ularning “qutqaruvchi daftarchasi”ga tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi tomonidan qayd etib boriladi.
3-bob. Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash
1-§. Volontyorlarga tavsiyanoma berish
11. Akademiyaga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball berish uchun tavsiyanoma Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etiladigan tanlovda gʻolib boʻlgan volontyorlarga beriladi.
Tanlov 18 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan volontyorlar ishtirokida ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
12. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari raisligida komissiya tuziladi.
Kamida besh nafar rahbar-xodimlar va mutaxassislardan iborat boʻlgan komissiya tarkibi, shuningdek, komissiya reglamenti har yili 10-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi vakili ham kiradi, shuningdek, unga boshqa vazirlik va idoralarning soha mutaxassislari ham jalb etilishi mumkin.
13. Volontyorlarning faoliyati tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida quyidagi mezonlar asosida toʻplangan ballar orqali baholanadi:
“mahallabay” tamoyili asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha amalga oshirgan ishlari;
favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlaridagi ishtiroki;
favqulodda vaziyatlar zonasida aholiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va evakuatsiya tadbirlaridagi ishtiroki;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirgan ishlari;
qoʻmondonlik hamda maxsus-taktik mashqlardagi ishtiroki.
Volontyorlarni ushbu mezonlar asosida saralash va baholash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
14. Tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimlari bilan birgalikda har yili 1-martga qadar volontyorlarni saralaydi hamda faoliyati eng yuqori baholangan 3 nafar volontyor nomzodiga tegishli quyidagi hujjatlarni hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga (bosh boshqarmalariga) elektron shaklda taqdim etadi:
volontyorlar roʻyxati;
volontyorlarning identifikatsiyalovchi ID-kartalari (biometrik pasporti) nusxalari (“Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali real vaqt rejimida olinadi);
volontyorlarning faoliyati boʻyicha tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻining hisobotlari;
volontyorlarning “qutqaruvchi daftarchasi” nusxalari;
tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻining fikrnomalari;
volontyorlarning tegishli mezonlar boʻyicha bajargan ishlarini tasdiqlovchi foto va videomateriallar.
Bunda volontyorlarni saralashda ularning faoliyati boʻyicha hisobotlar, “qutqaruvchi daftarchasi” hamda foto va videomateriallardagi maʼlumotlarning oʻzaro mutanosibligi oʻrganilishi shart.
15. Hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) tomonidan taqdim etilgan volontyorlarni belgilangan tartibda saralaydi hamda faoliyati eng yuqori baholangan 3 nafar volontyor nomzodini tegishli hujjatlar bilan birgalikda har yili 15-martga qadar komissiyaga taqdim etadi.
16. Komissiya hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni har yili 1-aprelga qadar belgilangan tartibda saralaydi va ularning faoliyatini baholaydi.
17. Baholash natijalariga koʻra har bir hududdan bir nafardan jami 14 nafar volontyorga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda tavsiyanoma beriladi.
18. Tavsiyanoma berilgan volontyorlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining buyrugʻi bilan har yili 10-aprelga qadar tasdiqlanadi.
19. Tavsiyanomalar volontyorlarga hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) tomonidan har yili 1-mayga qadar taqdim etiladi.
20. Tavsiyanoma bir oʻquv yili uchun amal qiladi.
2-§. Koʻngilli qutqaruvchilarga ishga qabul qilishda ustuvorlik berish
21. Hududiy qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi lavozimiga ishga kirish istagini bildirgan 30 yoshdan oshmagan koʻngilli qutqaruvchilar mahalla fuqarolar yigʻini raisiga tavsiyanoma olish uchun ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga fuqaroning “qutqaruvchi daftarchasi” nusxasi ilova qilinadi.
22. “Mahalla yettiligi” aʼzolari arizani bir hafta muddatda tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) boshliqlari bilan birgalikda koʻrib chiqadi.
23. Arizani koʻrib chiqishda “qutqaruvchi daftarchasi”da quyidagi maʼlumotlar qayd etilganiga eʼtibor qaratiladi:
favqulodda vaziyatlarda qidiruv-qutqaruv ishlaridagi ishtiroki;
favqulodda vaziyatlar zonasida aholiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va evakuatsiya tadbirlaridagi ishtiroki;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirgan ishlari;
qoʻmondonlik hamda maxsus-taktik mashqlardagi ishtiroki.
Bunda ushbu bandda nazarda tutilgan maʼlumotlardan kamida ikkitasi “qutqaruvchi daftarchasi”da qayd etilgan taqdirda, koʻngilli qutqaruvchiga tavsiyanoma beriladi.
24. Tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) tomonidan tavsiyanomalarning hisobi yuritiladi.
25. Tavsiyanoma bir yil davomida amal qiladi.
26. Tegishli qutqaruv tuzilmasida qutqaruvchi lavozimiga tanlov eʼlon qilinganda, tavsiyanoma koʻngilli qutqaruvchi tomonidan boshqa hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi.
27. Tavsiyanoma egalari qutqaruvchi lavozimiga ishga kirishda tanlovda antropometrik parametri (boʻyi) boʻyicha ustuvorlikka ega boʻladi hamda test sinovlaridan ozod etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
29. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Volontyorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball berish uchun tavsiyanoma berish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Oʻtkaziladigan tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) tuman (shahar), yoshlar ishlari boʻlimlari

Volontyorlarni saralaydi hamda faoliyati eng yuqori baholangan 3 nafar volontyor nomzodiga tegishli hujjatlarni hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga (bosh boshqarmalariga) taqdim etadi.

Har yili 1-martga qadar

2-bosqich

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun komissiya tarkibini tasdiqlaydi.

Har yili 10-martga qadar

3-bosqich

Hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari)

1. Tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari (boshqarmalari) tomonidan taqdim etilgan volontyorlarni saralaydi.

2. Faoliyati eng yuqori baholangan 3 nafar volontyor nomzodiga tegishli hujjatlarni komissiyaga taqdim etadi.

Har yili 15-martga qadar

4-bosqich

Komissiya

Hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni saralaydi va ularning faoliyatini baholaydi.

Har yili 1-aprelga qadar

5-bosqich

Favqulodda vaziyatlar vaziri

Tavsiyanoma berilgan volontyorlarning roʻyxatini tasdiqlaydi.

Har yili 10-aprelga qadar

6-bosqich

Hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari)

Tavsiyanomalarni volontyorlarga taqdim etadi.

Har yili 1-mayga qadar

Volontyorlar va koʻngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASIGA OʻQISHGA KIRISH UCHUN BERILADIGAN TAVSIYANOMA BLANKASINING
SHAKLI

TAVSIYANOMA

FVV 000000

_______-yilda tugʻilgan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi _______________________________________________________________________________________

_____________________________________________________________________________________________________________________________________ga

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda faol ishtirok etib, boshqalarga oʻrnak boʻlgani uchun berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda oʻzi toʻplagan ballning besh foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.

Tavsiyanoma Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 20___-yil “___” _________-dagi ____-son buyrugʻiga asosan berildi.

Tavsiyanoma rasmiylashtirilib berilgan sanadan eʼtiboran bir yil muddat davomida kuchga ega boʻladi.

M.Oʻ.___________________________________________________________________________________

Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri

(imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 09/26/181/0382-son)