toggle_night_mode
Hujjat 16.04.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini joriy etish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarorida kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) joriy etish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga ilovaga muvofiq kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish pasportini tasdiqlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
3. Adliya vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
koʻchmas mulk bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida koʻchmas mulkning kommunal tarmoqlarga ulanmaganlik maʼlumotlari mavjud axborot tizimi “E-notarius.uz” axborot portaliga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda ijro ishlari doirasida fuqarolar toʻlagan kommunal toʻlovlar boʻyicha elektron maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
YIDXPda ushbu xizmatlarni koʻrsatishning har bir bosqichida ariza beruvchilarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
Ushbu bandda koʻrsatilgan axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro elektron hamkorlik va axborot almashinuv jarayoni “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshiriladi.
4. Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari belgilangan tartibi koʻrsatilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-aprel,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-apreldagi 171-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “51” raqami “52” raqami bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 52-ilova bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga
52-ILOVA
Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish
PASPORTI

1. Davlat xizmati nomi

Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma

2. Davlat xizmatidan foydalanuvchilar toifasi

Jismoniy va yuridik shaxslar

3. Davlat xizmatini koʻrsatuvchi vakolatli organ(lar)

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Issiqliktaʼminoti” AJ va “VEOLIA ENERGY TASNKENT” MCHJ XK

4. Davlat xizmatidan foydalanish uchun talab etiladigan maʼlumotlar

1. Soʻrovnomada shaxsga oid quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

ariza beruvchi jismoniy shaxs uchun:

familiyasi, ismi va otasining ismi (oʻzgargan boʻlsa, bu haqida maʼlumotlar koʻrsatiladi);

pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (JSHSHIR maʼlumotlari);

maʼlumotnoma tili (oʻzbek/rus);

elektron manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;

kadastr raqami;

Ariza beruvchi yuridik shaxs uchun:

toʻliq nomi;

telefon raqami;

STIR;

kadastr raqami;

abonent hisobraqami (mavjud boʻlsa).

2. Notarial tasdiqlangan ishonchnoma (agar uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilinayotgan boʻlsa).

5. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun undiriladigan yigʻim miqdori

Bepul

6. Davlat xizmatini koʻrsatish muddati

Real vaqt rejimida

7. Izoh

Ariza beruvchining xohishiga koʻra bir vaqtning oʻzida bir yoki bir nechta kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga soʻrov yuborish imkoniyati yaratiladi.

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2026-y., 09/26/171/0354-son)