1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.03.00 Audit oʻtkazish tartibi]
[TSZ:
1.Moliya / Auditorlik faoliyati]
Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
Vazir oʻrinbosari
E.F. GADOYEV
1999-yil 4-avgust, 63-son
“TASDIQLANGAN”
“MUHIMLIK VA AUDITORLIK TAVAKKALChILIGI”
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDIT MILLIY STANDARTI 9-SON aMS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 3-sentabrda 813-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 10-iyundagi 296-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasida qilgan maʼruzasida bayon etilgan asosiy qoidalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
Standartning maqsadi va vazifalari
2. Mazkur standartning maqsadi xoʻjalik yurituvchi subyektni auditdan oʻtkazish davomida yuzaga keladigan, auditdagi muhimlilik darajasini baholash masalalari boʻyicha auditorlik tashkilotining harakatlarini belgilash hisoblanadi.
3. Standartning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
3.1. Auditda muhimlilik darajasi tushunchasini aniqlash va uni hisoblash tartibi.
3.2. Auditda risk tushunchasini va uning asosiy tarkibiy qismlarini aniqlash.
3.3. Auditorlik tashkilotlari ushbu tushunchalarni auditni amalga oshirish davomida foydalanib, rioya qilishlari shart boʻlgan yagona talablarni shakllantirish.
Amal qilish sohasi
4. Mazkur standartning talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni nazarda tutadigan auditni amalga oshirish paytida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, bundan ular tavsiya tusida ekanligi bevosita koʻrsatilgan qoidalar mustasno.
5. Mazkur standart talablari, tekshiruv natijalari asosida rasmiy auditorlik xulosasi tayyorlashni koʻzda tutmaydigan auditning amalga oshirilishida, shuningdek, auditga turdosh xizmatlar (konsalting xizmatlari) koʻrsatilishida tavsiyaviy tusga ega boʻladi. Aniq topshiriqni bajarish chogʻida mazkur standartning majburiy talablaridan chetga chiqilgan hollarda auditorlik tashkiloti buni oʻzining ish hujjatlarida hamda audit va (yoki) unga turdosh xizmatlarga buyurtma bergan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga beriladigan yozma hisobotda majburiy tartibda koʻrsatib oʻtishi lozim.
Muhimlilik tushunchasi
6. Auditda xoʻjalik yurituvchi subyekt moliyaviy hisobotining ishonchliligiga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan holatlar muhim holatlar deb tan olinadi.
7. Barcha muhim munosabatlarda moliyaviy hisobotning ishonchliligi deganda, moliyaviy hisobot koʻrsatkichlari aniqligining shunday bir darajasi tushuniladiki, bunda ushbu hisobotdan malakali foydalanuvchi bu asosida toʻgʻri xulosalar chiqarishga va toʻgʻri qarorlar qabul qilishga qodir boʻladi. Axborotning muhimliligi — bu uning xususiyati boʻlib, u mazkur axborotdan oqilona foydalanuvchining qarorlariga taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.
8. Muhimlilik darajasi deganda, moliyaviy hisobot buzilishining chegaraviy belgisi tushuniladi, undan boshlab ushbu hisobotning malakali foydalanuvchisi uning asosida toʻgʻri xulosalar chiqarish va toʻgʻri qarorlar qabul qilishga qodir boʻlmay qoladi.
9. Muhimlilik darajasining mutlaq ahamiyatini aniqlaganda, auditor xoʻjalik yurituvchi subyektning audit qilinadigan hisobotining ishonchliligini tavsiflaydigan eng muhim koʻrsatkichlarni asos sifatida qabul qilishi kerak, bundan keyin ular moliyaviy hisobotning bazaviy koʻrsatkichlari deb nomlanadigan xisobotni ishonchligini tavsiflaydigan eng muxim koʻrsatkichlarni asos sifatida qabul qilishi kerak.
10. Auditor quyidagi holatlarda muhimlilikni koʻrib chiqishi kerak:
auditorlik tartib-taomillarining tabiati, vaqti va batafsilligini belgilashda;
buzilishlar taʼsirini baholashda.
Auditorlik riski tushunchasi
11. Auditorlik riski — auditorlik tekshiruvi yakunlari boʻyicha auditor tomonidan subyektiv ravishda aniqlanadigan, moliyaviy hisobotning ishonchliligi tasdiqlanganidan keyin aniqlanmagan muhim buzilishlar boʻlishi mumkinligini eʼtirof etish yoki aslida bunday buzilishlar moliyaviy hisobotda boʻlmasada, unda muhim buzilishlar mavjud boʻlishi mumkinligini eʼtirof etish ehtimolligidir.
12. Auditorlik riski oʻz ichiga ikkita tarkibiy qismni oladi:
12.1. Ajralmas risk;
12.2. Nazorat riski;
12.3. Moliyaviy hisobotdagi xatolar va buzilishlarni aniqlamaslik riski.
13. Auditor auditni oʻtkazish paytida auditorlik riskini oqilona eng kam darajagacha pasaytirish uchun zaruriy choralarni koʻrishi kerak.
Ajralmas risk
14. Ajralmas risk balans yoki operatsiyalar toifasining moddiy xaraktyerga ega boʻlgan buzilishlarga moyilligidan iboratdir. Ajralmas riskka buxgalteriya balansi yoki operatsiyalar toifasining xarakteri taʼsir koʻrsatadi.
15. Ajralmas riskni baholash auditorning mijoz faoliyati xususiyatlarini, uning tashkiliy tuzilishini va korxonani boshqarish tavsifnomalarini bilishiga asoslanadi.
16. Auditning umumiy rejasini tayyorlashda, auditor oʻz kasbiy malakasidan foydalanib, balans moddalari va moliyaviy hisobot koʻrsatkichlariga nisbatan ajralmas riskni baholashi kerak.
17. Ajralmas riskni baholashda auditor oʻtgan yillar auditi materiallaridan foydalanishi mumkin, bunda u ana shu baholangan riskning tekshirilayotgan yil uchun ham toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishi kerak.
18. Ajralmas riskka quyidagi omillar taʼsir koʻrsatishi mumkin:
18.1. Oddiy hisob-kitoblarga qaraganda murakkab hisob-kitoblarda moddiy jihatdan buzib koʻrsatish ehtimolining darajasi katta boʻladi.
18.2. Naqd pullar oʻgʻirlanishga moyil boʻladi.
18.3. Nisbatan barqaror haqiqiy maʼlumotlardan iborat boʻlgan schyotlarga qaraganda smeta taxminlaridan kelib chiqadigan summalardan iborat boʻlgan schyotlar riskning yuqori darajasini yuzaga keltiradi.
18.4. Texnologik yutuqlar zaxiralarning sezilarli oshishiga sabab boʻlib, har qanday muayyan mahsulotni eskirgan mahsulotga aylantirishi mumkin.
18.5. Inqiroz holatidagi tarmoqda boʻlgan va biznesda koʻpgina muvaffaqiyatsizliklarga uchragan hamda yetarli darajadagi oborot kapitali ega boʻlmagan mijozning kompaniya rahbariyati moliyaviy hisobotni buzib koʻrsatishga moyilligi boʻladi.
Nazorat riski
19. Nazorat riski xoʻjalik yurituvchi subyektda mavjud boʻlgan va muntazam ravishda qoʻllanadigan buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimi vositalari alohida olingan yoki umumiy holatda jiddiy buzilishlarni oʻz vaqtida aniqlamasligi va ularni tuzatmasligi va (yoki) bunday buzilishlarning paydo boʻlishiga toʻsqinlik qilaolmaslik ehtimolini ifodalaydi.
20. Nazorat riski xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimining ishonchlilik darajasini tavsiflaydi.
21. Auditor oʻz kasb malakasidan foydalanib, audit davomida xoʻjalik yurituvchi subyektning nazorat tizimini, nazorat muhitini va alohida nazorat vositalarini baholashi shart.
22. Nazorat vositalari riskini baholash uchun auditor nazorat vositalarini test sinovidan oʻtkazishi kerak.
23. Nazorat vositalarini test sinovidan oʻtkazish quyidagilardan iborat:
23.1. Moliya-xoʻjalik operatsiyalarini oʻtkazishni aks ettiradigan hujjatlarni tekshirish va shu munosabat bilan auditorlik dalillarini olish nazorat vositalarining yetarli tarzda faoliyat koʻrsatganligini aniqlash.
23.2. Toʻgʻridan-toʻgʻri hujjatlar bilan tasdigʻini olish imkoni boʻlmagan hollarda, nazorat vositalarining faoliyat koʻrsatishiga oid auditorlik dalillarini olish maqsadida operatsiyalarni rasmiylashtirish ustidan kuzatuvlar va soʻrovnomalar oʻtkazish.
23.3. Nazorat vositalarining ish qobiliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun boshqa auditorlik tartib-taomillarining natijalaridan foydalanish.
24. Nazorat riskini baholashda auditor, oʻtgan yillar auditining materiallaridan foydalanishi mumkin,
bunda u ana shu tegishli nazorat vositalari uchun oʻtgan yillarda baholangan riskning tekshirilayotgan yil uchun ham toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishi kerak.
25. Nazorat riskini baholash natijalarini auditor auditning umumiy rejasida aks ettirishi kerak.
Aniqlamaslik riski
26. Aniqlamaslik riski auditor tomonidan subyektiv ravishda aniqlanadigan ehtimollik boʻlib, auditor tekshiruv davomida qoʻllaydigan auditorlik tartib-taomillari buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda haqiqatda mavjud boʻlgan, alohida olinganda yoki umumiy holatda muhim xaraktyerga ega boʻlgan xatolar va buzilishlarni aniqlash imkonini bermasligini ifodalaydi.
27. Aniqlamaslik riski auditor ishi sifatining koʻrsatkichi boʻlib, auditor malakasiga va oʻtkazilayotgan auditorlik tekshiruvining xususiyatlariga bogʻliqdir.
28. Auditor, ajralmas va nazorat risklarini baholash asosida oʻz ishida yoʻl qoʻyiladigan aniqlamaslik riskini aniqlashi va aniqlamaslik riskini iloji boricha kamaytirishni hisobga olgan holda tegishli auditorlik tartib-taomillarini rejalashtirishi shart.
29. Aniqlamaslik riski bilan ajralmas va nazorat risklarining kombinatsiyalashgan darajasi oʻrtasida teskari aloqa mavjud:
29.1. Agar ajralmas va nazorat risklari yuqori boʻlsa, u holda auditorlik riskini maqbul darajaga qadar kamaytirish uchun aniqlamaslik riski yetarlicha past boʻlishi kerak.
29.2. Agar ajralmas va nazorat risklari past boʻlsa, u holda auditor aniqlamaslik riskini ancha yuqori belgilashi va shu tarzda auditorlik riskini maqbul darajagacha kamaytirishi mumkin.
30. Aniqlamaslik riskini pasaytirish uchun auditor quyidagilarni bajarishi shart:
30.1. Qoʻllanilayotgan auditorlik tartib-taomillarini modifikatsiyalab ularning sonini koʻpaytirishni va (yoki) ularning mohiyatini oʻzgartirishni nazarda tutishi.
Muhimlilik bilan auditorlik riski oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik
31. Auditni rejalashtirishda auditor qanday harakatlar va operatsiyalar moliyaviy hisobotda muhim buzilishlarga olib kelishini koʻrib chiqadi. Alohida schyotlar boʻyicha qoldiqlarga va bitim turlariga nisbatan muhimlilikni auditorlik baholash, auditorga qanday masalalar va qanday moddalarni oʻrganishi, qanday tanlashdan foydalanishi va qanday tahliliy tartib-taomillarni oʻtkazishi boʻyicha qarorlar qabul qilishiga yordam beradi. Bu hol auditorga umumiy auditorlik riskini maqbul boʻlgan past darajagacha kamaytirishga yordam beradi.
32. Auditorlik riskining darajasi bilan muhimlilik oʻrtasida teskari aloqa mavjud: muhimlilik darajasi qancha yuqori boʻlsa, auditorlik riski shuncha past boʻladi va aksincha.
33. Agarda auditorlik tartib-taomillari rejalashtirilganidan keyin auditor muhimlilikning maqbul darajasini past deb qaror qabul qilsa, u holda auditorlik riski koʻtariladi. Auditor buni quyidagi yoʻllar bilan aniqlashi kerak boʻladi:
- imkoni boʻlganda nazoratning chuqurlashtirilgan yoki qoʻshimcha testlarni oʻtkazish yoʻli bilan pasaytirilgan darajani saqlash orqali nazorat riskining baholanayotgan darajasini pasaytirish,;
- mustaqil (asosiy) tartib-taomillar darajasi, vaqti va xarakterini modifikatsiyalash yoʻli bilan aniqlamaslik riskini kamaytirish orqali.
34. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, ajralmas riskning darajasi doimiy boʻladi va ular faqat, tekshirishning umumiy rejasini tayyorlash davomida hisobga olinmagan, obyektiv ravishda mavjud faktlar aniqlangan taqdirdagina oʻzgarishi mumkin.
Kuchga kirish sanasi
35. Mazkur Auditning milliy standarti 2000-yilning1-yanvaridan kuchga kiradi.