toggle_night_mode
Hujjat 04.03.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlar va pedagog xodimlarning xorijda taʼlim olishlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xorijdagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va boshqa tashkilotlarda yoshlar va pedagog xodimlarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy soha, davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarning taʼlim olishlari uchun imtiyozli taʼlim krediti ajratishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga bir oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda taʼlim krediti ajratish tizimi joriy etilsin.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklariga resurslar Iqtisodiyot va moliya vazirligining “resurs.imv.uz” platformasi orqali ajratiladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga taʼlim kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
taʼlim krediti uchun mablagʻ ajratiladigan banklarni muvofiqlik mezonlari asosida belgilash;
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun taʼlim kreditini ajratishni rasmiylashtirish;
taʼlim krediti miqdorini belgilash, uni qaytarish va kredit monitoringini yuritish.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Markaziy bank, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, taʼlim krediti tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 605-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-mart,
88-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-martdagi 88-son qaroriga
1-ILOVA
Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga taʼlim kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan yoshlar va pedagog xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan imtiyozli taʼlim kreditini (keyingi oʻrinlarda — taʼlim krediti) ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.
2. Taʼlim krediti banklar tomonidan ularning qaytarilishi, toʻlovliligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida belgilangan talablarga muvofiq ajratiladi.
3. Taʼlim krediti QS (Quacquarelli Symonds) yoki TNE (TheTimes Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining TOP-300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda boʻlgan) va pedagog xodimlarga (keyingi oʻrinlarda — kredit oluvchi) banklar tomonidan bakalavriat hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun ajratiladi.
Bunda kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar taʼlim krediti shartnomasida birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.
4. Taʼlim krediti xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagidagi kredit oluvchilarga bir oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.
5. Taʼlim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Bunda taʼlim krediti uchun foizlarni hisoblash va toʻlash oliy taʼlim tashkilotiga mablagʻ oʻtkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa kredit oluvchi tomonidan oliy taʼlim tashkilotida taʼlimning tegishli shakli boʻyicha oʻqishning rasmiy belgilangan muddati tugallangandan soʻng yettinchi oydan boshlab amalga oshiriladi.
2-bob. Banklarga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlari va ularga mablagʻ ajratish tartibi
6. Jamgʻarma tomonidan taʼlim krediti uchun mablagʻ ajratishda banklarga nisbatan quyidagi muvofiqlik mezonlari belgilanadi:
bankda taʼlim kreditini ajratish yuzasidan ichki tartibning mavjudligi;
bank “Fitch Ratings” yoki “Standard & Poorʼs” reyting agentliklarining “B” darajasidan yoki “Moodyʼs Investors Service” reyting agentligining “B2” reytingidan past boʻlmagan darajada kredit reytingiga ega boʻlishi;
oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlar boʻyicha auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasi mavjudligi;
agar bank uch yildan kam muddat faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bankning faoliyat yuritgan yillari uchun moliyaviy hisobotlari boʻyicha auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasi mavjudligi;
bankning regulyativ kapitali 1 trln soʻmdan kam boʻlmasligi;
bank Davlat budjeti mablagʻlari, shu jumladan, Vazirlik tomonidan joylashtirilgan mablagʻlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikka ega boʻlmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi oʻrinlarda — Markaziy bank) tomonidan belgilangan prudensial normativlar buzilgani sababli unga nisbatan taʼlim krediti berilishiga toʻsqinlik qiluvchi amaldagi chora va sanksiyalarning mavjud emasligi.
Vazirlik ushbu bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni murojaat etuvchi banklardan, yettinchi xatboshisida keltirilgan maʼlumotlarni Markaziy bankdan belgilangan tartibda soʻrab oladi.
Vazirlik banklarning muvofiqlik mezonlariga mos kelishini baholashda Markaziy bankdan ularning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin.
7. Banklar ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat va maʼlumotlarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjat va maʼlumotlar Jamgʻarma tomonidan besh ish kuni ichida ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan oʻrganiladi.
Belgilangan mezonlarga muvofiq deb topilgan banklar bilan Vazirlik oʻrtasida taʼlim krediti uchun mablagʻ ajratish yuzasidan Bosh bitim (keyingi oʻrinlarda — Bosh bitim) tuziladi.
Jamgʻarma tomonidan ushbu Nizom doirasida ajratiladigan mablagʻlar bankning birinchi darajali regulyativ kapitalidan oshib ketmasligi lozim.
8. Banklar ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan muvofiqlik mezonlariga mos emas deb topilganda, ular bilan Bosh bitim tuzishni rad etish haqida yozma tarzda xabardor qilinadi.
9. Vazirlik ushbu Nizom doirasida Bosh bitim tuzilgan banklarning roʻyxatini oʻz rasmiy veb-saytida joylashtiradi va doimiy ravishda yangilab boradi.
10. Vazirlik banklarga taʼlim krediti ajratish uchun 15 yildan koʻp boʻlmagan muddatga depozit mablagʻlarni joylashtiradi.
11. Banklar taʼlim krediti olish istagini bildirgan kredit oluvchilar reyestrini shakllantiradi va u asosida Jamgʻarmaga taʼlim krediti uchun mablagʻ olish maqsadida buyurtmanomani taqdim qilib boradi.
12. Kredit oluvchi oʻquv yili davomida toʻlov-kontrakt miqdori oʻzgargan hollarda, bu haqda toʻlov-kontrakt miqdori oʻzgargan kundan boshlab besh ish kuni ichida kredit ajratgan bankni xabardor qilishi lozim.
13. Jamgʻarmaga buyurtmanomalar kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida banklar bilan Vazirlik oʻrtasida taʼlim krediti uchun mablagʻ ajratish boʻyicha depozit shartnomasi imzolanadi hamda Jamgʻarma ushbu mablagʻlarni banklarning tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
14. Bosh bitimga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlarni banklarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz past stavkada joylashtiradi.
15. Vazirlik tomonidan banklarga joylashtirilgan taʼlim krediti uchun mablagʻlarni qaytarish va ular boʻyicha foizlarni toʻlash banklar va Vazirlik oʻrtasida tuzilgan depozit shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
16. Taʼlim krediti boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kredit tavakkalchiliklarini oʻzaro taqsimlash maqsadida Vazirlik tomonidan Bosh bitimga muvofiq banklarga joylashtirilgan mablagʻlarining 50 foizini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan banklarga garov depoziti sifatida qoʻyish boʻyicha banklar va Vazirlik oʻrtasida garov shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — garov shartnomasi) tuziladi.
3-bob. Taʼlim kreditini rasmiylashtirish va ajratish tartibi
17. Kredit oluvchi taʼlim kreditini olish uchun bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
taʼlim krediti olish toʻgʻrisidagi ariza;
ariza beruvchi (birgalikda qarz oluvchi)larning amalda boʻlgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari nusxasi;
taʼlim tashkilotidan talabaning qabul qilingani toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat (1-kurs talabalari uchun);
har bir oʻqish davrining (semestr, trimestr, yarim yillik va yillik) yakunlari boʻyicha akademik oʻzlashtirish natijalari toʻgʻrisidagi hujjat (2-kursdan boshlab);
toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma hamda oliy taʼlim tashkilotining bank rekvizitlari (hisobvaraq raqami, SWIFT kodi) koʻrsatilgan invoys;
birgalikda qarz oluvchilarning soʻnggi 12 oylik daromadlari yuzasidan maʼlumot;
oʻttiz yoshdan oshgan pedagog xodimlar uchun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan yuklangan mehnat daftarchasidan koʻchirma nusxasi (mazkur hujjat kredit oluvchining pedagog xodim ekanligini aniqlash uchun foydalaniladi);
bankning ichki qoidalarida belgilangan boshqa hujjatlar.
18. Kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni bankka taqdim etish bilan bir vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi. Bank taqdim etilgan hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqli.
19. Oʻqishning keyingi bosqichlariga oʻtgan hamda xorijda boʻlgan talabalar belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosida oʻzlarining qonuniy vakili orqali bankka murojaat qilishlari va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishlari mumkin.
20. Banklar kredit oluvchi tomonidan taʼlim krediti berishni soʻrab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni besh ish kuni ichida koʻrib chiqishi va taʼlim krediti shartnomasini imzolashi yoki kredit berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, qaror qabul qilingan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmasdan kredit oluvchiga kredit berishning rad etilishi sababi koʻrsatilgan holda javob xati berishi lozim.
21. Taʼlim krediti shartnomasi kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan talaba va taʼlim tashkiloti oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma (kontrakt)da koʻrsatilgan, biroq ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan miqdordan oshmagan summa doirasida tuziladi.
Bunda keyingi oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnomada belgilangan toʻlov miqdori va taʼlim krediti olish toʻgʻrisidagi arizadan kelib chiqib, kredit miqdori taʼlim krediti shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv imzolash orqali oshirib boriladi.
22. Banklar tomonidan kredit oluvchiga ajratiladigan taʼlim kreditining stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
23. Taʼlim krediti kredit oluvchi tomonidan ssuda hisobvaragʻidagi kredit mablagʻini taʼlim tashkilotiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomasini bergan kundagi bankning rasmiy almashinuv kursi boʻyicha xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish orqali ajratiladi.
Bunda konvertatsiya jarayonida kredit oluvchidan qoʻshimcha komissiya undirilmaydi.
24. Banklar tomonidan taʼlim krediti kredit oluvchining ssuda hisobvaragʻidan uning shaxsiy yozma topshirigʻi asosida kredit oluvchi va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida shartnoma (kontrakt) yoki hisob varaqasi (fakturasi)da (invoysida) koʻrsatib oʻtilgan xorijdagi taʼlim tashkilotining bank hisobvaragʻiga SWIFT tizimida mablagʻ oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
25. Banklar Vazirlikdan ajratilgan, biroq kredit oluvchi tomonidan taʼlim kreditining oʻzlashtirilmagan qismi miqdoridagi mablagʻlarni Vazirlikka qaytaradi.
26. Kredit oluvchining bankdan olgan taʼlim krediti boʻyicha muddati oʻtgan foiz qarzdorligi mavjud boʻlsa yoki muntazam ravishda toʻlov muddatini oʻtkazib kelgan boʻlsa, bank taʼlim krediti shartnomasida belgilangan tartibda kredit oluvchiga toʻlov-kontraktning navbatdagi qismi boʻyicha yoki keyingi yillar uchun taʼlim kreditini ajratishni rad etishga haqli.
4-bob. Kreditni qaytarish va kredit monitoringini yuritish tartibi
27. Asosiy qarz va foiz toʻlovlari kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) tomonidan taʼlim krediti shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda toʻlanadi.
28. Kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) taʼlim kreditini taʼlim krediti shartnomasida belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqlidir.
29. Kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) taʼlim krediti boʻyicha foiz toʻlovlari va asosiy qarzni taʼlim krediti shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarmasa, bank taʼlim krediti boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikni oʻzining ichki qoidalariga asosan qaytarish choralarini koʻradi.
30. Bank davriy ravishda kredit oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) oʻqishga qabul qilingan oliy taʼlim tashkilotidan rasmiy xat yoki shartnomaning davomiyligi haqida rasmiy hujjat soʻrashga haqli.
31. Taʼlim kreditining asosiy qarzi va (yoki) foizi boʻyicha 180 kundan ortiq muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganda, bank garov shartnomasiga muvofiq oʻzining Vazirlik oldidagi majburiyatlarini taʼlim kreditining asosiy qarzi qoldigʻining 50 foizi miqdoriga kamaytirish yuzasidan tegishli buxgalteriya oʻtkazmasini amalga oshiradi va bu haqda hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar Vazirlikni yozma ravishda xabardor qiladi.
32. Bankning Vazirlik oldida oʻz majburiyatini ushbu Nizomning 31-bandida koʻrsatilgan holatlarda kamaytirishi kredit oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) bankka taʼlim krediti boʻyicha foiz va asosiy qarzni toʻliq toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi.
33. Agar taʼlim krediti bankning Vazirlik oldidagi majburiyati kamaytirilgandan soʻng toʻliq yoki qisman qaytarilsa, bank qaytarilgan mablagʻning 50 foiziga teng miqdorda oʻzining Vazirlik oldidagi majburiyatini oshiradi va qaytgan mablagʻdan ushbu majburiyatni soʻndiradi.
Bank qaytarilgan mablagʻning qolgan qismini kredit oluvchining bank oldidagi qarzdorligini soʻndirishga yoʻnaltiradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
35. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-martdagi 88-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 605-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1 va 2-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom yotoqxona bilan qamrab olinmagan va oʻziga yoki ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli boʻlmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining ijarada yashayotgan talabalariga davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz), Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus platforma) orqali oylik ijara toʻlovining bir qismini qaytarish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga, xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — davlat oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan hamda ijara huquqi asosida yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, shuningdek, respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan talaba;
ijara huquqi asosida yashaydigan talaba — yotoqxonada, ota-otasi yoki yaqin qarindoshi bilan birga yashamaydigan, oʻziga yoki ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli boʻlmagan uyda ijarada yashovchi talaba;
vakolatli organ — davlat oliy taʼlim muassasasi;
davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha talabgorlarni tanlab olish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — komissiya) — talabalarning arizasini koʻrib chiqish, oʻrganish va oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish boʻyicha qaror qabul qilishga masʼul boʻlgan, ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan tasdiqlanadigan, jamoatchilik asosida doimiy ishlaydigan tuzilma;
talabgor — ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisida komissiya tomonidan ijobiy xulosa olgan talaba”.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Ariza beruvchi arizaning davlat xizmatini koʻrsatish doirasida koʻrib chiqish holatini YIDXP yoki Maxsus platforma orqali kuzatib borishi mumkin”.
3. 2-bob quyidagi mazmundagi 71 — 77-bandlar bilan toʻldirilsin:
“71. YIDXP va vakolatli organ oʻrtasidagi elektron davlat xizmatini koʻrsatish doirasida axborot almashinuvi “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshiriladi.
72. Talabalar oʻzlarining doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan qatʼi nazar, istalgan Markazga davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilishi mumkin.
73. Davlat oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun oylik ijara toʻlovining bir qismini qaytarish boʻyicha davlat xizmati ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
74. Ariza beruvchi davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXP yoki Maxsus platformadan roʻyxatdan va (yoki) avtorizatsiyadan oʻtadi.
75. Ariza beruvchi Markazga oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP yoki Maxsus platforma orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnoma boʻyicha maʼlumotlarni elektron ravishda kiritadi. Bunda ariza beruvchining murojaatiga oid quyidagi maʼlumotlar “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali avtomatik tarzda aniqlanadi:
shaxsga doir maʼlumotlar — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentining elektron axborot tizimi orqali;
doimiy yashash manzili — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining manzil-maʼlumot elektron axborot tizimi orqali;
tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasi boʻyicha taʼlim maʼlumotlari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish — HEMIS” axborot tizimi orqali;
koʻchmas mulk ijara shartnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining “Soliq toʻlovchilar tomonidan koʻchmas mulkni ijaraga berish yoki bepul foydalanish shartnomalarini soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — ijara.soliq.uz) orqali.
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi.
Ariza beruvchi tomonidan ariza yuborishda amalda qabul qilingan arizasi mavjud boʻlmasligi talab etiladi. Bunda ariza beruvchining tegishli maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, qayta ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali davlat xizmatidan foydalanganda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
76. Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar rasmiylashtirib, kiritilgandan soʻng Markaz xodimi ariza beruvchiga QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan soʻrovnomani ikki nusxada chop etib, taqdim etadi. Ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi, bir nusxasini oʻzida olib qoladi va ikkinchi nusxasini Markaz xodimiga beradi.
Soʻrovnoma ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng Markaz xodimining ERIsi bilan tasdiqlangan holda, Maxsus platformaga avtomatik tarzda kiritiladi.
77. Vakolatli organ tomonidan arizalar har oyning 15-sanasiga qadar koʻrib chiqiladi. Bunda oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan ijara komissiyalar tomonidan talabalarning arizalari asosida bayonnoma elektron raqamli imzo (ERI) orqali tasdiqlanadi va buyruqlar shakllantiriladi. Oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) komissiya aʼzolari tomonidan kelishilgan buyruqni elektron raqamli imzo orqali tasdiqlaydi. Tasdiqlangan buyruq asosida talabalarga ijara toʻlovlarining bir qismi qoplab beriladi.
Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishda uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning murojaati koʻrilmasdan qoldiriladi.
Ariza beruvchi tomonidan ariza maʼlumotlarini ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda, ariza yuborilgan platforma orqali yuklab olish imkoniyati yaratiladi”.
4. 5-bob quyidagi mazmundagi 321 — 323-bandlar toʻldirilsin:
“321. Markazlar, oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan ariza beruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydi.
322. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
323. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markazlar ushbu Nizom talablarining ijrosi yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoring qilib boradi”.
5. 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Ariza beruvchi

1. Oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar)ga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoxud Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus platformasi orqali (keyingi oʻrinlarda — Maxsus platforma) roʻyxatdan oʻtadi.

2. Markazlarga yoki YIDXP yoxud Maxsus platforma orqali murojaat etganda, belgilangan shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi. (Bunda talabgorning ijara shartnomasi maʼlumotlari Soliq qoʻmitasining ijara.soliq.uz platformasidan integratsiya orqali avtomatik tarzda olinadi. Mazkur holatda 1-bosqich talabalaridan joriy oʻquv yilining sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etilmaydi.)

3. Maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani tasdiqlaydi.

Har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar

2-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi

(Kotib)

1. Arizalar asosida bayonnoma shakllantiradi, Maxsus platformada yaratilgan bayonnoma belgilangan mezonlar boʻyicha avtomatik tekshiriladi. Shuningdek, tyutorlar bilan birgalikda ariza beruvchining maʼlumotlarini komissiyaga taqdim etish uchun har tomonlama oʻrganadi.

2. Ijara komissiyasi aʼzolariga bayonnomani tasdiqlash uchun axborot tizimida SMS-xabarnoma orqali bayonnomani koʻrib chiqish havolasini yuboradi.

Har oyning 7-sanasidan 13-sanasiga qadar

3-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi

(Aʼzolar)

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi kotibi tomonidan yuborilgan bayonnomalarni elektron raqamli imzo orqali tasdiqlaydi yoki rad etadi.

Har oyning 14-sanasiga qadar

4-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi

(Rais)

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi aʼzolari tomonidan tasdiqlangan bayonnoma qarorini elektron raqamli imzo orqali tasdiqlaydi yoki rad etadi.

Har oyning 14-sanasiga qadar

5-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi

(Buyruqni kelishuvchilar)

Axborot tizimida tasdiqlangan bayonnoma asosida avtomatik tarzda shakllangan buyruqni elektron raqamli imzo orqali tasdiqlaydi yoki rad etadi.

Har oyning 14-sanasiga qadar

6-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi rektori

(direktori)

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi aʼzolari tomonidan kelishilgan buyruqni Elektron raqamli imzo orqali tasdiqlaydi yoki rad etadi.

Har oyning 14-sanasiga qadar

7-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi buxgalteriyasi

Oliy taʼlim muassasasida tasdiqlangan buyruq asosida ariza beruvchining ijara toʻlovlarining bir qismini qoplab berish miqdorini hisoblash hujjatini yaratadi hamda tegishli toʻlovlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Har oyning 15-sanasiga qadar

8-bosqich

Oliy taʼlim muassasasi ijara komissiyasi

(Kotib)

Ariza beruvchini davlat xizmatini koʻrsatish natijasi haqida xabardor qiladi.

Har oyning 15-sanasiga qadar

.

6. Quyidagi mazmundagi 3 va 4-ilovalar bilan toʻldirilsin:
“Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

NAMUNA

SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchining shaxsiy maʼlumotlari

1.1. Familiyasi, ismi va otasining ismi

1.2. Tugʻilgan sanasi

1.3. Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari (seriyasi va raqami, JSHSHIR maʼlumotlari)

1.4. Fuqaroligi

1.5. Doimiy yashash manzili

1.6. Telefon raqami

1.7. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)

1.8. Jinsi

1.9. Ijtimoiy holati

II. Ariza beruvchining taʼlim maʼlumotlari

2.1. Tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasi nomi

2.2. Fakulteti

2.3. Taʼlim yoʻnalishi

2.4. Taʼlim shakli

2.5. Taʼlim bosqichi

2.6. Guruhi

2.7. Taʼlim tili

III. Ariza maʼlumotlari

3.1. Ijara shartnomasi ID raqami

3.2. Ijaraga olingan uy-joy hududi va manzili

3.3. Uy-joyning ijara summasi

3.4. Ijara shartnomasining amal qilish muddati

3.5. Ijara beruvchining familiyasi, ismi va otasining ismi

3.6. Bank plastik kartasi maʼlumotlari (MFO, bank plastik kartasi turi, hisobvaragʻi)

Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

NAMUNA

ARIZA

1. Talaba F.I.O.

2. Talaba manzili

3. Tugʻilgan sanasi

4. Jinsi

5. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR)

6. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

Oʻqish joyi

Taʼlim yoʻnalishi

Taʼlim shakli

Taʼlim bosqichi

7. Ijaraga olingan uy-joy hududi va manzili

8. Uy-joyning ijara summasi

Men davlat tomonidan oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berilishidan manfaatdorligimni bildiraman.

9. Pasportim va ijtimoiy holatimni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini ilova qilmoqdaman. Ushbu ariza va unga ilova qilinayotgan hujjatlarda koʻrsatilgan barcha maʼlumotlarning haqiqiyligini tasdiqlayman.

Qabul qilingan sana

Qabul qilgan shaxs

(QR kod)

Ariza holati:

Axborot tizimi nomi

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2026-y., 09/26/88/0192-son)