toggle_night_mode
Hujjat 02.03.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatimizda sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini, shu jumladan, atmosfera havosiga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoniga muvofiq atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlarini ragʻbatlantirish maqsadida quyidagi tartibni joriy etish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) birinchi bosqichda — atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan korxonalarga:
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish;
b) ikkinchi bosqichda — monitoring stansiyalarini oʻrnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish;
v) yuqorida nazarda tutilgan imtiyozlarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YAIDPX) orqali Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) tomonidan beriladigan xulosa asosida taqdim etish.
2. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalari (keyingi oʻrinlarda — sanoat korxonalari) quyidagi hollarda ragʻbatlantiriladi:
a) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan sanoat korxonalariga:
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi;
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizi sanoat korxonalariga qaytariladi;
b) fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan sanoat korxonalari kelgusi bir yil davomida chang-gaz tozalash uskunasi va lokal suv tozalash uskunasini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizi sanoat korxonalariga qaytariladi;
v) tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining tegishli qismi Ekologiya qoʻmitasining YIDXP orqali kelib tushgan xulosasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining axborot tizimi orqali sanoat korxonasiga ikki yil davomida teng ulushlarda sanoat korxonasining tijorat bankidagi hisobvaragʻiga avtomatlashtirilgan tarzda qaytariladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya, qoʻmitasi hamda Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqishini tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan texnologik asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni kiritish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi, Ekologiya qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan belgilanayotgan sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish uchun belgilangan imtiyozlarni taqdim etish yuzasidan murojaatlarni elektron shaklda qabul qilish, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining tegishli foizdagi qismi sanoat korxonalariga qaytarilishi boʻyicha axborot tizimlarining oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-fevral,
85-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 85-son qaroriga
1-ILOVA
Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining (keyingi oʻrinlarda — sanoat korxonalari) atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlari quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
a) birinchi bosqichda — atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini (keyingi oʻrinlarda — monitoring stansiyasi) oʻrnatgan sanoat korxonasiga:
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi;
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizi ikki yil davomida qaytariladi;
b) ikkinchi bosqichda — monitoring stansiyasini oʻrnatgan sanoat korxonasi kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal oqova suv tozalash uskunalarini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizi ikki yil davomida qaytariladi.
3. Sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) tomonidan beriladigan xulosa asosida ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq ragʻbatlantiriladi.
2-bob. Xulosa olish uchun hujjatlarni taqdim etish tartibi
4. Sanoat korxonasi monitoring stansiyasi, chang-gaz va (yoki) lokal oqova suv tozalash uskunasini oʻrnatgani toʻgʻrisida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Ekologiya qoʻmitasiga mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq xabarnoma yuboradi.
5. Xabarnomaga quyidagi hujjatlar nusxasi ilova qilinadi:
monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlari xarid qilingani toʻgʻrisidagi bitim (invoyslar va xarid qilinganini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar);
monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarining pasporti;
monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarining muvofiqlik sertifikati;
chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarining akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarining oʻlchov natijalariga asosan aniqlangan haqiqatda tozalash samaradorligi koʻrsatkichlarini tasdiqlovchi hujjat.
Sanoat korxonasidan mazkur bandda koʻzda tutilmagan hujjatlarni talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Sanoat korxonasi tomonidan mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda, xabarnomadagi maʼlumotlar notoʻgʻri koʻrsatilganda yoki toʻliq koʻrsatilmaganda, Ekologiya qoʻmitasi ikki ish kunida sanoat korxonasiga kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda, xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun kamida besh ish kunidan iborat muddat (imkoniyat) beradi.
Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnoma Ekologiya qoʻmitasi tomonidan YIDXP orqali shu kunning oʻzida elektron shaklda sanoat korxonasiga yuboriladi.
7. Sanoat korxonasi YIDXP orqali xabarnoma bergan taqdirda, xabarnomaga tegishli maʼlumotlar kiritilib, unga ilova qilinadigan hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻng sanoat korxonasi uni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan (elektron raqamli imzo, mobil-ID va boshqalar) tasdiqlaydi.
8. Sanoat korxonasi xulosa olishda xabarnomani koʻrib chiqish uchun taqdim etiladigan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javobgardir.
3-bob. Xabarnomani koʻrib chiqish tartibi
9. Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Ekologiya qoʻmitasi tomonidan xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
Bunda xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Ekologiya qoʻmitasi va (yoki) uning hududiy organlari tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganilishi mumkin.
10. Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqqanlik uchun toʻlov undirilmaydi.
11. Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqish natijasi boʻyicha sanoat korxonasini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Ekologiya qoʻmitasining xulosasi rasmiylashtiriladi.
12. Ekologiya qoʻmitasi xulosa rasmiylashtirilgandan soʻng bir ish kunida ushbu Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda, uni sanoat korxonasiga Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali yuboradi.
Sanoat korxonasini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi xulosaning bir nusxasi YIDXP orqali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga yuboriladi.
13. Quyidagi hollar sanoat korxonasini ragʻbatlantirishni rad etish uchun asos boʻladi:
mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan shartlar bajarilmaganda;
mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan muddat ichida xabarnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlardagi xato hamda kamchiliklar bartaraf etilmaganda;
sanoat korxonasi tomonidan qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi aniqlanganda;
taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqiqatda oʻrnatilgan monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlari parametrlariga nomuvofiq boʻlganda;
mazkur Nizomga muvofiq sanoat korxonasi avval ragʻbatlantirilganda.
Sanoat korxonasini ragʻbatlantirishni mazkur bandda koʻzda tutilmagan boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Ekologiya qoʻmitasi sanoat korxonasini ragʻbatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunida rad etish sabablarini koʻrsatgan holda, sanoat korxonasiga Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali xabarnoma yuboradi.
4-bob. Sanoat korxonasini ragʻbatlantirish tartibi
15. Sanoat korxonasi quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
a) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan sanoat korxonasiga:
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi.
Bunda sanoat korxonasini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida xulosa berilgan kundan boshlab besh ish kuni davomida avtomatik tarzda Ekologiya qoʻmitasining tegishli axborot tizimi orqali tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi va bu haqida sanoat korxonasi xabardor qilinadi;
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizi sanoat korxonasiga qaytariladi;
b) monitoring stansiyasini oʻrnatgan sanoat korxonasi kelgusi bir yil davomida chang-gaz tozalash uskunasi va (yoki) lokal suv tozalash uskunasini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizi sanoat korxonasiga qaytariladi.
Bunda tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining tegishli qismi Ekologiya qoʻmitasining YIDXP orqali kelib tushgan xulosasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining axborot tizimi orqali sanoat korxonasiga ikki yil davomida teng ulushlarda sanoat korxonasining tijorat bankidagi hisobvaragʻiga avtomatlashtirilgan tarzda qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Ekologiya qoʻmitasi sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish masalasini koʻrib chiqish jarayonida oʻrnatilgan monitoring stansiyalari majburiy tartibda Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga ulanishini taʼminlaydi.
17. Ekologiya qoʻmitasi sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish yuzasidan masʼul hisoblanadi.
18. Ekologiya qoʻmitasi sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida taqdim etilgan har bir xulosa boʻyicha alohida elektron shaklda hisobot yuritadi.
19. Sanoat korxonalari monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarini talab etiladigan samaradorlik darajasida saqlash hamda ularga doimiy ravishda texnik xizmat koʻrsatib borilishini taʼminlashi lozim.
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish boʻyicha harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochi

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Sanoat korxonalari

Xabarnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarni Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Ekologiya qoʻmitasiga taqdim etadi.

Sanoat korxonalarining xohishiga koʻra

2-bosqich

Ekologiya qoʻmitasi

1. Taqdim etilgan hujjatlarni zaruratga koʻra joyiga chiqqan holda oʻrganadi.

2. Taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqish natijasi boʻyicha sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida xulosa beradi yoki xulosa berishni rad etadi.

Xabarnoma qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh ish kunida

3-bosqich

Ekologiya qoʻmitasi

1. Ragʻbatlantirish toʻgʻrisida xulosa berganda, uni Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali sanoat korxonasiga yuboradi.

2. Ragʻbatlantirishni rad etish toʻgʻrisida rad etish sabablarini koʻrsatgan holda, Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali sanoat korxonasiga xabarnoma yuboradi.

Xulosa berish yoki xulosa berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunida

4-bosqich

Ekologiya qoʻmitasi

Atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini oʻrnatgan sanoat korxonasiga tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan avtomatik tarzda voz kechadi va bu haqida sanoat korxonasini xabardor qiladi.

Sanoat korxonalarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi xulosa berilgan kundan boshlab besh ish kuni davomida

5-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

1. Atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini oʻrnatgan sanoat korxonasiga Ekologiya qoʻmitasining YIDXP orqali kelib tushgan xulosasiga asosan tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizini qaytaradi.

2. Fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan sanoat korxonasi kelgusi bir yil davomida chang-gaz tozalash uskunasi va lokal suv tozalash uskunasini oʻrnatganda, Ekologiya qoʻmitasining YIDXP orqali kelib tushgan xulosasiga asosan tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizini sanoat korxonasiga qaytaradi.

Ikki yil davomida

Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasi, chang-gaz va (yoki) lokal oqova suv tozalash uskunasi oʻrnatilgani toʻgʻrisida
XABARNOMA

Xabarnoma roʻyxatga olingan sana 20___ yil “____” _____________

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi

Roʻyxatga olish raqami ___________________________
 

(korxonaning nomi va uning tashkiliy-huquqiy shakli, STIRi)

(korxonaning yuridik manzili)

telefon raqami, elektron pochta manzili

Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlarini ragʻbatlantirish bosqichi.

birinchi bosqich:

tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;

tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizini qaytarish.

ikkinchi bosqich:

tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan ikki yillik kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizini qaytarish.

1.

(bitim, shartnoma, invoys va boshqalarga muvofiq fon monitoringi stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal oqova suv tozalash inshootlarining nomi, rusumi, markasi)

20___ yil “____” ____________dagi ____________________-son bitim(lar) (shartnoma, invoys) boʻyicha

________________________________________________________________________ umumiy summadagi

TIF TN boʻyicha kodi ______________________________________________________________________

Ishlab chiqaruvchi mamlakat, firma: __________________________________________________________

2. Xabarnomaga ilova qilingan hujjatlar:

Korxona rahbari ___________________________________________________________________

________________________________

(elektron raqamli imzo)

(F.I.O)

QR-kod

Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish yuzasidan
XULOSA

20 yil “____” _____________

_____________-son

Ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan berilgan.

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

manzilida joylashgan

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

(sanoat korxonasining nomi)

Ragʻbatlantirish asosi (monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi yoki lokal oqova tozalash inshootining turi, rusumi samaradorligi koʻrsatilgan holda)

__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ boʻlgan.

20___ yil “____” ______________dagi ______-son bitim(lar) (shartnoma. invoys) boʻyicha

qiymati __________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ boʻlgan

(monitoring stansiyasi, chang-gaz yoki lokal tozalash inshootining shartnomada koʻrsatilgan qiymati)

________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

_____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ miqdorda

(qoʻllanilgan ragʻbatlantirish shakli toʻliq yoziladi)

__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ uchun

Laboratoriya xulosasining sanasi va raqami: ___________________________________________________________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

Uskunani ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan taqdim etilgan sertifikat sanasi va raqami:

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

Izoh: ___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________

__________________________

_____________

F.I.O, lavozimi,

QR kod

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 85-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 25-noyabrdagi 783-son qarorida:
a) 2-bandning uchinchi xatboshisi “chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish” soʻzlaridan keyin “va mavjudlarini modernizatsiya qilish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“avtomatlashgan kichik stansiyalar va avtomatik kuzatuv postlari Oʻzbekiston Respublikasining OʻzMSt 194:2024 “Atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring stansiyalari. Umumiy texnik shartlar” milliy standartiga, tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari Oʻzbekiston Respublikasining OʻzMSt 195:2024 “Tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari. Umumiy texnik shartlar” milliy standartiga muvofiq boʻlishi shart;
avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv postlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421) hamda lokal suv tozalash inshootlarining (TIF TN kodi 8421) texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash hamda oʻlchash vositalarini metrologiya tekshiruvidan oʻtkazish Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tomonidan amalga oshiriladi;
beshinchi xatboshidagi “Ekologiya vazirligi” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2-ilovaning nomi “chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish” soʻzlaridan keyin “va mavjudlarini modernizatsiya qilish” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 20-yanvardagi 20-son qarorida:
a) 1-banddagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi)” soʻzlari “Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
b) 2, 3 va 8-bandlardagi “Ekologiya vazirligi” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2026-y., 09/26/85/0186-son)