1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.02.00 Tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqaruvi]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IQTISODIY ALOQALAR VAZIRLIGINING RESPUBLIKA EKSPORT IMKONIYATLARINI RIVOJLANTIRISh BOSh BOShQARMASINI TAShKIL QILISh VA UNING FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-yanvardagi 17-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish strategiyasini, uning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ekspert qilish operatsiyalarining oʻtkazilishini tashkil etish va nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda respublikaning eksport imkoniyatlarini rivojlantirish strategiyasi va istiqbolini ishlab chiqish;
respublika korxonalari va xoʻjaliklari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning jahon bozoriga chiqishi uchun ularning iqtisodiy, moliyaviy, texnologik va boshqa imkoniyatlarini oʻrganish hamda tahlil qilish;
Vazirlar Mahkamasiga respublikaning eksport imkoniyatlarini oshirishga oid takliflarni kiritish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi markaziy apparatning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida respublika eksport imkoniyatlarini rivojlantirish Bosh boshqarmasini tashkil qilsin.
Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari ekanligi belgilab qoʻyilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqish;
markazlashtirilgan eksport, hukumatlararo bitimlar boʻyicha mahsulot yetkazib berishni tartibga solishni va nazorat qilishni taʼminlash;
mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga sotishga oid tavsiyalarni tayyorlash maqsadida marketing tadqiqotlarini, shuningdek, davlat sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa korxonalarning eksport resurslarining tahlilini amalga oshirish.
3. Respublika eksport imkoniyatlarini rivojlantirish Bosh boshqarmasi xodimlariga vakolatlari doirasida davlat korxonalari, tashkilotlari va muassasalarining materiallari hamda hujjatlari bilan tanishish huquqi berilsin.
Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari respublika eksport imkoniyatlarini rivojlantirish masalalariga oid zarur axborotning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga yuklangan qoʻshimcha vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining talabnomasi boʻyicha qoʻshimcha telefon liniyalari, shu jumladan, xalqaro va hukumat aloqa liniyalarini oʻrnatsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun tegishli budjet mablagʻlari ajratsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.