O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Ixtisoslashtirilgan valyuta almashtirish punktlari ishining natijalari respublikada valyuta bozorini shakllantirishning tanlangan yo‘nalishlari to‘g‘riligini tasdiqlamoqda. Milliy valyutaning ichki erkin muomaladagi valyutaga aylanishiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun zarur zamin yaratildi, boshqa mamlakatlarning ijobiy tajribasi hisobga olindi.
Shu bilan birga erkin almashtiriladigan naqd valyutani almashtirish operatsiyalarini o‘tkazish huquqining faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy bankining ixtisoslashtirilgan punktlariga berilishi valyutani almashtirishning resurs bazasini toraytiradi, bank tizimi imkoniyatlarini cheklaydi.
Bayon etilganlardan kelib chiqib hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasining ichki erkin almashinuvini ta’minlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1994-yil 21-iyuldagi 379-son
qarorini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vakil qilingan tijorat banklariga 1994-yil 1-sentabrdan boshlab jismoniy shaxslarning naqd “So‘m” larini belgilangan tartibda o‘zlarida mavjud bo‘lgan valyuta resurslari doirasida erkin muomaladagi valyutaga almashtirishni amalga oshirish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakil qilingan banklarga, ularning tayyorgarliklariga ko‘ra, naqd “So‘m” larni EVM ga almashtirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan punktlarni ochishga ruxsatnomalar bersin.
3. Vakil qilingan banklarga xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklifni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursini hisobga olib ixtisoslashtirilgan almashtirish punktlarida almashtirish kursini mustaqil belgilashga ruxsat etilsin.
4. Vakil qilingan banklar ixtisoslashtirilgan almashtirish punktlarining samarali ishlashini tashkil etish uchun mijozlar doirasini kengaytirish va yuridik hamda jismoniy shaxslar schyotlariga erkin muomaladagi valyutani jalb qilish yo‘li bilan valyuta resurslarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakil qilingan banklarning valyuta almashtirish operatsiyalarini amalga oshirish tartibi va qoidalari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarga rioya qilishlari, shuningdek, mijozlarga zarur sharoitlar yaratilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
Vakil qilingan banklar o‘tkazilgan valyuta almashtirish operatsiyalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga har oyda hisobot taqdim etsinlar.
Ko‘rsatib o‘tilgan shartlarga rioya etilmagan taqdirda Markaziy bank tijorat banklarini EVM ga almashtirish operatsiyalarini o‘tkazish huquqidan mahrum qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S.Hamidov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.