1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-apreldagi 204-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 2-apreldagi PQ-134-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 2-apreldagi PQ-134-son qarori bilan aholining ehtiyojmand qatlamiga tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarorigailovaga muvofiq tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning tartib-taomillarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-fevralga qadar:
tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmolining bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqini qoplash uchun kompensatsiya (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya) tayinlash toʻgʻrisida onlayn ariza berish tizimini yoʻlga qoʻysin;
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali kompensatsiya tayinlash boʻyicha elektron shaklda davlat xizmati koʻrsatishni joriy etsin;
davlat xizmati koʻrsatishni “YAMIH” AT va YIDXP orqali joriy etish boʻyicha texnik hujjatlarning tasdiqlanishini hamda tegishli axborot tizimlarining oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, kompensatsiya oluvchi fuqarolarning mobil aloqa vositalariga kompensatsiya tayinlangani yoki kompensatsiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi SMS-xabarlarni yuborish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 31-dekabr,
848-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-dekabrdagi 848-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-apreldagi 204-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandning “a” kichik bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Ijtimoiy reyestrga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) kiritilgan, shuningdek, Reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga 2027-yilning 1-apreliga qadar elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha quyidagi miqdorlardagi isteʼmol uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya) qilib berish tartibi joriy etilishi”.
2. 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “qilib berish sxemasi” soʻzlari “qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
“Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament Ijtimoiy reyestrga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) kiritilgan, shuningdek, Reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — 18 yoshga toʻlgan kompensatsiya olish istagida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
bazaviy meʼyor — fuqarolarning bir oylik elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli miqdori boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan meʼyor;
vakolatli organ — “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari;
isitish mavsumi — tabiiy gaz isteʼmoli tabiiy ravishda ortadigan 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlarida yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qarorlari asosida belgilangan davr;
kompensatsiya — tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplash uchun ajratiladigan mablagʻ.
3. Reyestrga kiritilgan, shuningdek, Reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga quyidagi miqdorlardagi isteʼmol uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
tabiiy gaz uchun — isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi;
elektr energiyasi uchun — oyiga bazaviy meʼyordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.
4. Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
5. Kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim undirilmaydi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchi kompensatsiya tayinlash uchun har oyning 16-sanasiga qadar vakolatli organga quyidagi shakllarda murojaat qiladi:
bevosita davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali mustaqil ravishda.
7. Kompensatsiya tayinlash haqidagi murojaat:
a) davlat xizmatlari markazi orqali berilganda, mazkur markazning xodimi ariza beruvchining nomidan ushbu Reglamentga 2-ilovada nazarda tutilgan soʻrovnomani (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) toʻldiradi;
b) vakolatli organ yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali berilganda, vakolatli organning masʼul xodimi yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim “YAMIH” ATda ariza beruvchining nomidan soʻrovnomani toʻldiradi;
v) “YAMIH” AT yoki YIDXP orqali berilganda, ariza beruvchi soʻrovnomani mustaqil ravishda toʻldiradi.
Ushbu bandga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnomalar ariza beruvchi tomonidan imzoni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan (daktiloskopiya, “Face-ID”, “Mobile-ID” va boshqalar) tasdiqlanadi. Bunda ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomaning tasdiqlanishi unga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarni olish va ishlov berishga rozilikni bildiradi.
8. Oyning 16-sanasidan keyin taqdim etilgan murojaat keyingi oyda koʻrib chiqiladi.
9. Ushbu Reglamentning 6 va 7-bandlariga muvofiq kelib tushgan soʻrovnomalar avtomatik ravishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — “Yagona reyestr” AT) yuboriladi va kompensatsiya tayinlash bilan bogʻliq tartib-taomillar “Yagona reyestr” ATda amalga oshiriladi.
10. Ushbu Reglamentning 6 va 7-bandlariga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnoma asosida “Yagona reyestr” ATda avtomatik ravishda ariza beruvchiga doir quyidagi maʼlumotlar oʻrganiladi:
ariza beruvchining oilasi (keyingi oʻrinlarda — oila) Reyestrga kiritilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — “YAMIH” AT orqali;
oilaning elektr energiyasi va (yoki) tabiiy gaz isteʼmoli haqidagi maʼlumotlar — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va (yoki) “Hududgaztaʼminot” AJning tegishli axborot tizimlaridan idoralararo elektron hamkorlik orqali.
11. Oʻtkazilgan oʻrganish yakuni boʻyicha oila Reyestrga kiritilgani aniqlanganda, “Yagona reyestr” ATda keyingi oydan kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisidagi qaror avtomatik tarzda shakllantiriladi va oila kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatiga kiritiladi.
Oila Reyestrlarga kiritilmagani aniqlanganda, oilaning uy-joy va (yoki) avtotransport vositalari mavjudligi hamda jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmagani Reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasiga kiritish jarayonida baholashdan oʻtkazish tartibiga muvofiq aniqlanadi. Bunda oila ushbu xatboshida belgilangan mezonlarga mos kelganda “Yagona reyestr” ATda keyingi oydan kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisidagi qaror avtomatik tarzda shakllantiriladi va oila kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatiga kiritiladi.
12. Quyidagi hollarda kompensatsiya tayinlash rad etiladi:
a) oilaning jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan yuqoriligi aniqlanganda;
b) ariza beruvchi yoki uning oila aʼzolarining mulkida yoki foydalanuvida jami bittadan ortiq koʻchmas mulk va yer uchastkasi yoki bir va undan ortiq noturar joylari mavjud boʻlganda;
v) ariza beruvchi yoki uning oila aʼzolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomiga rasmiylashtirilgan yoki foydalanuvida boʻlgan yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud boʻlganda:
ishlab chiqarilgan muddati 12 yil (oila aʼzosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron boʻlsa, 7 yil)dan oshmagan, texnik holati soz boʻlgan yengil avtotransport vositasi;
ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz boʻlgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarimtirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz boʻlgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarimtirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
g) ariza beruvchi oilasiga kompensatsiya tayinlangani.
Kompensatsiya tayinlashni ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Kompensatsiya miqdori oilaning soʻrovnomada koʻrsatilgan uy-joy boʻyicha soʻrovnoma toʻldirilgandan oldingi oydagi isteʼmolidan kelib chiqib, 2024-2025-yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigida belgilangan narxlar asosida ushbu Reglamentning 3-bandi talablarini inobatga olgan holda “Yagona reyestr” ATda avtomatik ravishda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun alohida belgilanadi hamda toʻlov roʻyxatida koʻrsatiladi. Bunda oilaning elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli miqdori ushbu Reglament 10-bandining uchinchi xatboshisiga muvofiq olingan maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Isitish mavsumi uchun tabiiy gazga kompensatsiya miqdorini hisoblashda mavsumning boshlanishi yoki tugashi belgilangan sanadagi oy isitish mavsumi oyi sifatida hisobga olinadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “Yagona reyestr” AT orqali:
shakllangan kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatlarini soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 5-sanasiga qadar AT “Xalq banki”ga yuboradi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlovini toʻlab berish uchun zarur mablagʻlarni har oyning 5 — 25-sanasiga qadar AT “Xalq banki”ga oʻtkazib beradi.
15. AT “Xalq banki” ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar kompensatsiya toʻlovini kompensatsiya oluvchining ijtimoiy kartasi yoki bank kartasiga toʻlab beradi.
Kompensatsiya oluvchining nomida ijtimoiy karta va bank kartasi mavjud boʻlmaganda, AT “Xalq banki”da uning oila aʼzolari nomiga ochilgan ijtimoiy karta yoki bank kartasiga toʻlab berilishi mumkin.
16. Kompensatsiya oluvchi oilalar toʻgʻrisidagi ushbu Reglamentning 10-11-bandlarida keltirilgan maʼlumotlar har oyda “Yagona reyestr” ATda avtomatik ravishda oʻrganiladi.
Oʻrganish natijasi boʻyicha ushbu Reglamentning 12-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari aniqlanmagan taqdirda, keyingi oylar uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya toʻlovi davom ettiriladi.
17. Quyidagi hollarda kompensatsiya toʻlash toʻxtatiladi:
oʻrganish natijasiga koʻra ushbu Reglamentning 12-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari aniqlanganda;
ariza beruvchi kompensatsiya toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisida murojaat qilganda;
“YAMIH” ATdagi yoki manfaatdor vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik tizimidagi texnik nosozlik natijasida, maʼlumotlar elektron ravishda toʻliq yoki qisman taqdim etilmagani sababli, shuningdek, arizani kiritishdagi texnik xatolar oqibatida notoʻgʻri tayinlangani aniqlangan taqdirda;
kompensatsiya toʻlash muddati tugaganda.
18. Kompensatsiya toʻlash toʻxtatilgan oydan boshlab “Yagona reyestr” ATdagi oʻrganish oʻtkazilmaydi, kompensatsiyani tayinlash toʻgʻrisida umumiy asoslarda qaytadan murojaat qilingan holatlar bundan mustasno.
19. Kompensatsiya tayinlangani yoki kompensatsiya tayinlash rad etilgani haqida ariza beruvchining mobil telefon raqamiga SMS-xabar hamda “YAMIH” AT va YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga xabar yuboriladi.
20. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. “Yagona reyestr” ATda ishlashga ruxsat berilgan tashkilot va idoralar oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
22. Ushbu Reglamentda belgilangan talablarga rioya etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilib boriladi.
23. Ariza beruvchi mazkur davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
24. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Ariza beruvchi
Kompensatsiya tayinlash uchun quyidagi shakllarda soʻrovnoma asosida murojaat qiladi:
bevosita davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali.
Xohishiga koʻra, biroq har oyning 16-sanasiga qadar
“YAMIH” AT yoki YIDXP orqali mustaqil ravishda.
Soʻrovnoma avtomatik ravishda “Yagona reyestr” ATga yuboriladi.
Soʻrovnoma tasdiqlangandan soʻng avtomatik ravishda
2-bosqich
“Yagona reyestr” AT
Ariza beruvchining oilasi boʻyicha oʻrganish oʻtkazilib, oʻrganish yakuni boʻyicha oilaga kompensatsiya tayinlaydi va kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatiga kiritadi yoki kompensatsiya tayinlashni rad etadi.
Soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng avtomatik ravishda
3-bosqich
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatlarini AT “Xalq banki”ga yuboradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 5-sanasiga qadar
4-bosqich
Ijtimoiy himoya milliy agentligi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlovini toʻlab berish uchun zarur mablagʻlarni AT “Xalq banki”ga oʻtkazib beradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 25-sanasiga qadar
5-bosqich
AT “Xalq banki”
Kompensatsiya toʻlovini ijtimoiy karta yoki bank kartasi orqali toʻlab beradi.
Agar ariza beruvchining nomida bank kartasi mavjud boʻlmasa, AT “Xalq banki”da uning oila aʼzolari nomiga ochilgan bank kartasiga toʻlab berilishi mumkin.
Soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar
6-bosqich
“Yagona reyestri” AT
1. Kompensatsiya oluvchi oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrganib boradi.
2. Oʻrganish natijasiga boʻyicha kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari aniqlanmagan taqdirda, keyingi oylar uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya toʻlovini davom ettiradi.
Har oyda
Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
______________
______________
_____(sana)
(raqam)_____
Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish boʻyicha
SOʻROVNOMA
I. Murojaat qiluvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar:
1. Xizmat turi
Tabiiy gaz va elektr energiyasi isteʼmoli uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq uchun kompensatsiya olish
2. Familiyasi
3. Ismi
4. Otasining ismi (mavjud boʻlsa)
5. Tugʻilgan sanasi
6. Mahalla fuqarolar yigʻini
6.1. Koʻcha(mavze)
6.2. Uy
6.3. Xonadon
6.4. Oilaning foydalanuvida boʻlgan elektr energiyasi boʻyicha abonent raqami
6.5. Oilaning foydalanuvida boʻlgan tabiiy gaz boʻyicha abonent raqami
7. Telefon raqami
8. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)
II. Oilaning mavjud chorva mollari, parrandalari hamda ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq oila foydalanuvida boʻlgan avtotransport vositalari, noturar joy binolari, koʻchmas mulklari, bogʻ va dehqon xoʻjaligi yerlari
T/r
Koʻrsatkichlar
Miqdori
1.
Uy xoʻjaligining (murojaat etgan kunda) mavjud chorva mollari va parrandalari soni:
1.1
Buqa va sigirlar
1.2
Yosh qoramollar
1.3
Ot va tuyalar
1.4
Katta yoshdagi choʻchqalar
1.5
Qoʻylar
1.6
Katta yoshdagi parrandalar
1.7
Yosh parrandalar
2.
Ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq oila foydalanuvida boʻlgan:
2.1
Yuk avtotransport vositalari soni
2.1.1
Ishlab chiqarilgan yili
2.1.2
Davlat raqami belgisi
2.2
Yengil avtotransport vositalari soni
2.2.1
Ishlab chiqarilgan yili
2.2.2
Davlat raqami belgisi
2.3
Daromad keltiruvchi noturarjoy binolari soni
2.4
Sugʻoriladigan bogʻ va dehqon xoʻjaligi yerlari maydoni (sotix)
III. Ilova qilinadigan hujjatlar:
Boshqa hujjatlar (mavjud boʻlsa)
Soʻrovnomada rozilik beriladigan ofertalar:
1) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazini oila tarkibi (bola tugʻilgani, vafot etgani yoki boshqa holatlar), yashash joyim oʻzgargani va kompensatsiya toʻlashga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar yoki oʻzgarishlar sodir boʻlganda, oʻz vaqtida xabardor qilish majburiyatini olaman. Taqdim etilgan hujjatlarning ishonchligini kafolatlayman.
Mening va oila aʼzolarimning ish haqlarini va boshqa barcha daromadlarini hamda mulkiy va moddiy holatimizning “Yagona reyestr” AT orqali tekshirilishiga hamda kompensatsiya toʻlovini bank kartasi orqali amalga oshirilishiga rozilik beraman.
AT “Xalq banki”da mening yoki oila aʼzolarim nomiga bank kartasi ochilmagan boʻlsa, AT “Xalq banki”da nomimga yangi bank kartasini ochishda amaliy yordam berishingizni soʻrayman;
2) Xoʻjaligimizda mavjud chorva mollari, parrandalari soni, oila aʼzolarim nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq oilamning foydalanuvida boʻlgan avtotransport vositalari, noturar joy binolari, qoʻshimcha turarjoy koʻchmas mulklari hamda bogʻ va dehqon xoʻjaligi yerlari toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javobgarlikni tushunaman va toʻliq qabul qilaman hamda yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda, qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob berishim haqida xabardorman.
Ushbu maʼlumotlar haqqoniyligini mahalla fuqarolar yigʻiniga biriktirilgan masʼul xodimlar tomonidan xonadonimga kelib oʻrganish oʻtkazilishiga roziman”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2026-y., 09/26/848/0001-son)