toggle_night_mode
Hujjat 24.12.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish;
Jamgʻarma faoliyatini boshqarish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan hisob, hisobot va nazorat tartibi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-dekabr,
814-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-dekabrdagi 814-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Sanepidqoʻm) budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi.
Jamgʻarma Sanepidqoʻmning budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiritiladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi va tushumlar doirasida ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar boʻyicha sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
sanitariya qonunchiligini buzganlik uchun Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlari tomonidan qoʻllanilgan jarimalar va jarimalarni toʻlash kechiktirilgani uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablagʻlarning 50 foizi (nazorat tadbirlari boshqa davlat organlari bilan birgalikda amalga oshirilganda, jarima hamda jarimalarni toʻlash kechiktirilgani uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablagʻlarning 25 foizi);
Sanepidqoʻmning idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushgan tushumlarning 5 foizi;
turli soha xodimlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida malakasini oshirishdan tushgan mablagʻlar (ularni amalga oshirishga ketgan jami xarajatlar qoplangandan keyin qolgan summasi);
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mablagʻlari Jamgʻarmaga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etiladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
6. Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
7. Daromadlar va xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Sanepidqoʻm raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
8. Jamgʻarmaning daromad va xarajatlar smetasiga, qoida tariqasida, har chorakda bir marotaba oʻzgartirishlar belgilangan tartibda kiritilishi mumkin.
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, turar joy ijarasi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
b) xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish (mahalliy va xorijiy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tashkilotlar) hamda konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarda qatnashishi uchun xorijiy xizmat safari xarajatlarini qoplash;
v) Sanepidqoʻmning boshqaruv funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni, shu jumladan, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va tibbiy profilaktika boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni, yuqumli boʻlmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlarini, fuqarolarni gigiyena qoidalariga oʻqitishni tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlarini qoplash;
g) Sanepidqoʻm tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan:
kapital va joriy taʼmirlash, zarur tibbiy, diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash va ularni saqlash xarajatlarini qoplash;
axborot-kommunikatsiya, multimedia va tarmoq qurilmalari, texnika vositalari hamda dasturiy taʼminotlar, mebel va inventarlar bilan jihozlash, videokuzatuv, nazorat vositalari hamda qurilmalari bilan taʼminlash;
d) sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga tashxis qoʻyish boʻyicha laboratoriyalar faoliyatini uzluksiz va samarali tarzda yoʻlga qoʻyish, xususan, tibbiy, diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, tibbiy va sarflash buyumlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
e) Sanepidqoʻm faoliyatini samarali tashkil etish, unga yuklangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy institutlar, kompaniyalar, mutaxassislar va ekspertlarni shartnoma asosida jalb qilish;
j) xalqaro va mahalliy konferensiyalar, forum, ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etish va ularda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarni, shu jumladan:
xorijiy delegatsiyalarni kutib olish bilan bogʻliq (mehmonlarni kutib olish, transport, tarjimonlarni yollash, esdalik sovgʻalarini xarid qilish va boshqa) xarajatlarni qoplash;
oʻtkaziladigan tadbirlarning tashkiliy xarajatlarini qoplash.
10. Sanepidqoʻm raisi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
4-bob. Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish
11. Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi Sanepidqoʻm raisi tomonidan muntazam baholanib boriladi.
12. Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlari mehnatiga toʻlanadigan ish haqi asosiy (bazaviy) va qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismlardan iborat boʻladi.
Bunda ish haqining:
asosiy (bazaviy) qismi ushbu ish beruvchida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash tizimi asosida belgilanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak;
qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismini qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, shuningdek, mukofotlar va kompensatsiya yoki ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar tashkil etadi.
13. Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlarga bayramlar, shu jumladan, kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan beriladigan mukofotlar va davlat mukofotlari kiradi.
14. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlariga xodimlarning mehnatiga haq toʻlash tizimiga kiruvchi quyidagi toʻlovlar toʻlanadi:
a) tegishli boshqarma yoki boʻlim boshligʻining tavsiyasiga koʻra alohida muhim topshiriqlarni bajarishda jamoa orasida jonbozlik koʻrsatayotgan, bajarayotgan ishining murakkabligi, mehnatda erishgan natijalari va shaxsiy tashabbuslari uchun oylik lavozim maoshiga nisbatan 200 foizgacha (40 foiz ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) boʻlgan miqdorda oylik ustamalar;
b) uzoq muddatli xizmati uchun quyidagi miqdorlardagi oylik ustama (40 foiz ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
3 yildan 5 yilgacha — 0,5;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan 20 yilgacha — 1,5;
20 yildan ortiq — 1,8.
Bunda uzoq muddatli xizmati uchun oylik ustama olish huquqini beruvchi ish staji Sanepidqoʻm raisi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblab chiqiladi;
v) ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarigacha, yoʻlkira xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravarigacha boʻlgan kompensatsiya (qoʻshimcha) toʻlovlari;
g) xodimlar va ularning farzandlarining nikoh toʻyi munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida moddiy yordam.
15. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlariga ularning mehnatiga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan quyidagi mukofotlar beriladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan umumxalq bayramlari (ishlanmaydigan bayram kunlari), shuningdek, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha boʻlgan mukofot pullari;
b) Sanepidqoʻmning yubiley sanalarida, pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha miqdorda mukofot pullari.
16. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Sanepidqoʻmning markaziy apparati xodimlariga quyidagi holatlarda va miqdorlarda moddiy yordam ajratiladi:
a) bir yilda bir marotaba qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha miqdorda moddiy yordam;
b) baxtsiz hodisa, xodimning kasalligi sababli davolanish bilan bogʻliq xarajatlarni qisman qoplash uchun bir martalik lavozim maoshining bir baravari miqdorida moddiy yordam;
v) xodimning vafoti sababli uning yaqin qarindoshlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha miqdorda moddiy yordam.
17. Ushbu Nizomning 16-bandi “b” kichik bandida keltirilgan miqdordagi moddiy yordam xodimga ajratilishi uchun xodim tomonidan tegishli mazmundagi ariza va asoslovchi hujjatlarni Sanepidqoʻmga taqdim etish talab etiladi.
18. Sanepidqoʻm markaziy apparati xodimlariga ushbu Nizomning 14 — 16-bandlarida keltirilgan toʻlovlar Sanepidqoʻm raisining buyrugʻiga asosan amalga toʻlanadi.
5-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish
19. Jamgʻarma faoliyati Jamgʻarma faoliyatini boshqarish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan boshqariladi va uning mablagʻlari taqsimlanadi.
Sanepidqoʻm raisi Komissiya raisi hisoblanadi.
Komissiya Sanepidqoʻm raisining buyrugʻi bilan kamida yetti nafardan iborat Sanepidqoʻm raisining oʻrinbosarlari, Sanepidqoʻmning boshqarma, boʻlim boshliqlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Komissiya aʼzolarning ishtirok etish ixtiyoriyligi va koʻrilayotgan masalalarni hal etishda teng huquqlilik tamoyillari asosida shakllantiriladi.
Komissiya yigʻilishi aʼzolarning uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi yigʻilmaganda, Komissiya yigʻilishi boshqa sanaga koʻchiriladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Komissiya yigʻilishining bayonnomasi va qarori Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Komissiya yigʻilishlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etish;
Sanepidqoʻmni rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarmaga xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mablagʻlari jalb etilishiga koʻmaklashish.
Komissiyaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vazifalar ham yuklanishi mumkin.
21. Komissiya raisi:
Komissiya yigʻilishi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Komissiya tomonidan belgilangan limitlar doirasida xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi va ularga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi, shuningdek, Jamgʻarmaning zaxira mablagʻlaridan foydalanishni belgilaydi.
22. Komissiya kotibi:
Komissiya yigʻilishiga kun tartibi boʻyicha barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Komissiya yigʻilishi oʻtkazilishini tashkil etadi;
Komissiya aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni yigʻilishning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibidan xabardor qiladi;
Komissiya yigʻilishi qarorlarining bajarilishi boʻyicha monitoringlar oʻtkazadi;
Komissiya bayonnomalarini rasmiylashtiradi va qabul qilingan qarorlarni Komissiya aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
23. Komissiya oʻz yigʻilishlarini har chorakda kamida bir marta oʻtkazadi.
24. Komissiya yigʻilishini Komissiya raisi, u boʻlmagan taqdirda — Komissiya raisining oʻrinbosari boshqaradi.
25. Sanepidqoʻmning Moliya-iqtisod boʻlimi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
Ishchi organ:
Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetalarini tayyorlaydi va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kelishish uchun kiritadi;
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga qonunchilik hujjatlarida va ushbu Nizomda belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
tushumlar manbalari boʻyicha Jamgʻarmaning daromadlari hamda xarajatlarining asosiy yoʻnalishlari hisobini yuritadi;
har chorakda kamida bir marta Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi va uni Komissiyaga taqdim etadi.
6-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan hisob, hisobot va nazorat
26. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar Sanepidqoʻmning budjetdan tashqari boshqa mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
27. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, tushumlar manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha) va Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
28. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasining bajarilishi boʻyicha yillik hisobot Komissiyaning yigʻilishida koʻrib chiqiladi va har yili 15-martgacha Komissiya tomonidan tasdiqlanadi. Yillik hisobot nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.
29. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.
30. Ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan manbalardan Jamgʻarmaga ajratmalar tegishli tashkilotlar tomonidan hisobot oyi uchun keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay oʻtkaziladi.
Jamgʻarmaga ajratmalar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishi uchun javobgarlik Sanepidqoʻmning tizim tashkilotlari rahbarlari va bosh buxgalterlari zimmasiga yuklanadi.
31. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Komissiya Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgar hisoblanadi.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-dekabrdagi 814-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish
3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sanitariya-epidemiologik xulosa majburiy tartibda olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari
ROʻYXATI

T/r

Nomi

TIF TN kodi

1.

Goʻsht va oziq-ovqat holida isteʼmol qilinadigan goʻsht mahsulotlari (hayvonot dunyosiga tegishli boʻlgan kalla-pocha, ichak-chovoq va ichki aʼzolari), shu jumladan, qadoqlangan (farmatsevtika sohasida foydalaniladigan hayvonot dunyosiga tegishli boʻlgan ichak va ichki aʼzo mahsulotlari bundan istisno)

0201 — 0210

(istisno: 0206 10 100 0, 0206 22 000 1, 0206 29 100 0, 0206 30 000 1, 0206 30 000 3, 0206 41 000 1, 0206 49 000 1, 0206 80 100 0, 0206 90 100 0)

2.

Baliq, qisqichbaqasimonlar, mollyuska va boshqa suvda yashovchi umurtqasizlar

0301 — 0308

(istisno: 0301 11 000 0 va 0301 19 000 0, *0306391000, *0307609000 *0308902000)

3.

Sut mahsulotlari (istisno: xomashyo tariqasidagi sut); parranda tuxumi (istisno: inkubatsiyalanadigan tuxum); tabiiy asal; kelib chiqishi hayvonot olamiga mansub boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari (faqat oziq-ovqat holida isteʼmol qilinadigan)

0401 — 0406, 0407, 0408

(istisno: 0408 11 200 0, 0408 19 200 0, 0408 91 200 0, 0408 99 200 0),

0409 00 000 0, 0410 00000 0

4.

Hayvonot dunyosiga tegishli boʻlgan mahsulotlarning (istisno: baliq mahsulotlari) but yoki boʻlaklangan, yangi, sovitilgan, muzlatilgan, tuzlangan, tuzli suvga solingan, quritilgan yoki dudlangan ichaklari, qopchalari va oshqozonlari

0504 00 000 0

5.

Oziq-ovqat holida isteʼmol qilinadigan mevalar va yongʻoqlar, sitrus mevalar poʻstlari yoki qovunning poʻchoq va ildizlari

0801 — 0814 00 000 0

6.

Qahva, quruq choy va xushboʻy ziravorlar

0901 — 0910

7.

Don mahsulotlari (istisno: urugʻlik materiallari)

1001 — 1008

(istisno: 1008 30 000 0, 1001 11 000 0, 1001 91, 1002 10 000 0, 1003 10 000 0, 1004 10 000 0, 1005 10, 1006 10 100 0, 1007 10, 1008 10 000 1, 1008 21 000 0)

8.

Un-yorma mahsulotlari; solod; kraxmal; inulin; bugʻdoy kleykovinasi

1101 00 — 1109 00 000 0

9.

Qovurilmagan yoki boshqa usulda qayta ishlov berilmagan, qobiqsizlantirilgan yoki qobiqsizlantirilmagan, maydalangan yoki maydalanmagan yer yongʻoq (istisno: urugʻlik materiallari)

1202

(istisno: 1202 30 000 0)

10.

Sharbatlar va oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan ekstraktlar; pektin moddalar, pektinat va pektatlar; agar — agar va oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan quyuqlashtirgichlar, koʻrinishi oʻzgartirilgan yoki oʻzgartirilmagan

1302

(istisno*1302390000)

11.

Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga yoki oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan moy va yogʻlar hamda ularning parchalanishi natijasida kelib chiqqan mahsulotlar; tayyorlangan oziq-ovqat moylari; hayvonot yoki oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan mumlar

1501 — 1517

(istisno: 1501 10 100 0, 1501 20 100 0, 1502 10 100 0, 1502 90 100 0, 1503 00 110 0, 1503 00 300 0, 1507 10 100 0, 1507 90 100 0, 1508 10 100 0, 1508 90 100 0, 1511 10 100 0, 1511 90 910 0, 1512 11 100 0, 1512 19 100 0, 1512 21 100 0, 1512 29 100 0, 1513 11 100 0, 1513 19 300 0, 1513 21 100 0, 1513 29 300 0, 1514 11 100 0, 1514 19 100 0, 1514 91 100 0, 1514 99 100 0, 1515 19 100 0, 1515 21 100 0, 1515 29 100 0, 1515 50 110 0, 1515 50 910 0, 1515 90 210 0, 1515 90 310 0, 1515 90 400 0, 1515 90 600 0, 1516 20 950 0), 1518 00 910,

(istisno 1521 90 910 0, 1521 90 990 0)

12.

Goʻsht, baliq yoki qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar yoki boshqa suvda yashovchi umurtqasizlardan tayyorlangan tayyor oziq-ovqat holida isteʼmol qilinadigan mahsulotlari

1601 00 — 1605

13.

Shakar va shakar asosida tayyorlangan qandolat mahsulotlari

1701 — 1704

(istisno *1701999009,*1702901000)

14.

Kakao va kakao asosida tayyorlangan qandolat mahsulotlari

1801 00 000 0 — 1806

15.

Boshoqli oʻsimlik dunyosiga tegishli boʻlgan don, un, kraxmal yoki sutli; unli qandolat mahsulotlari

1901 — 1905

16.

Sabzavot, meva, yongʻoq va oʻsimliklarning boshqa qismlaridan qayta ishlangan mahsulotlar

2001 — 2009

17.

Turli oziq-ovqat mahsulotlari

2101 — 2106

(istisno *2106 90 980 8 — Xamirturish hujayra devori (Veast Call Wall) — hayvonlar ozuqa qoʻshimchalari)

18.

Spirtsiz ichimliklar va sirka (uksus)

2201 — 2202, 2209 00

19.

Aholiga savdo tarmoqlari orqali savdo qilinadigan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan tayyorlanadigan oziq-ovqat, oshpazlik masalliqlari va yarim tayyor mahsulotlar

Nomi 0201 dan 2106 gacha boʻlgan tovar pozitsiyalarida keltirilgan mahsulotlardan tayyorlangan

20.

Tuz (faqat isteʼmol qilinadigan tuz uchun)

2501 00 911 0, 2501 00 919 0

.

Izohlar:
Ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi.
* 0306391000 — mayda Avstraliya qisqichbaqasi;
* 0307609000 — Nelix Aspersa Muller (Chigʻanoqlar);
* 0308902000 — “Dengiz yulduzi” suv assortimentidagi manzarali baliqlar;
* 1302390000 — Setogum G-12 (oziq-ovqat boʻlmagan) yordamchi toʻqimachilik mahsuloti;
* 1701999009 — Saccharose Pharmur;
* 1702901000 — Moltoza monogidrat — reaktiv;
* 2106909808 — Xamirturish hujayra devori (Veast Call Wall) — hayvonlar ozuqa qoʻshimchalari.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2025-y., 09/25/814/1201-son)