Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qoʻqon nostandart asbob-uskunalar va jihozlar tajriba-eksperimental zavodini jahon bozorida raqobatga qobil xalq isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashtirish masalalarining hal etilishini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-yanvardagi 28-son
qarori qisman oʻzgartirilib, Qoʻqon nostandart asbob-uskunalar va jihozlar tajriba-ekspertimental zavodi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi tarkibidan “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi ixtiyoriga berilsin.
Zavodni topshirish 1994-yil 1-yanvarga boʻlgan holatiga koʻra bir oy muddatda balansdan balansga tekinga amalga oshirilsin, buning uchun qoʻshma buyruq bilan qabul qilish-topshirish komissiyasi tuzilsin.
2. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi (Ismoilov):
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi tomonidan “Indiana va DDS GMBX” (Germaniya) kompaniyasi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy texnologiyalardan foydalaniladigan, ishlab chiqariladigan mahsulotning bir qismini chet elda sotish uchun yetkazib berish kafolatlangan kalava ip ishlab chiqarish, sport kiyimi, poyabzali, sport buyumlari va anjomlari tayyorlash boʻyicha ochiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisidagi masala ishlab chiqilganligi va hal etilganligini maʼlumot uchun qabul qilsin;
ikki hafta muddatda zavodni qayta ixtisoslashtirish, qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha “Indiana va DDS GMBX” kompaniyasi bilan birgalikda olib borilgan ishlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan tegishli materiallarni koʻrib chiqsin va qayd etib oʻtilgan kompaniya bilan bundan keyin hamkorlik qilish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda Qoʻqon nostandart asbob-uskunalar va jihozlar tajriba-eksperimental zavodini qayta ixtisoslashtirishning keyingi bosqichlari, moʻljallanayotgan mahsulotni ishlab chiqarishni tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni qoʻshimcha ravishda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.