toggle_night_mode
Hujjat 29.11.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida “Ekologik transport” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoniga muvofiq respublika hududida ekologik talablarga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalari ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash, ularning atmosfera havosiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoniga muvofiq 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlarga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash;
Vazirlar Mahkamasining “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 29-martdagi 166-son qaroriga asosan barcha toifalardagi avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish boʻyicha “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda:
hududlarni ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida ekologik zonalarga ajratib borish;
avtotransport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimi yordamida ekologik stikerlar berish orqali avtotransport vositalarini “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratib borish;
ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya toʻlovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Ekologik transport” tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etilsin.
3. “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida quyidagilar:
Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi boʻyicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikada ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarini texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi koʻrsatiladi.
Bunda sotuvga chiqarilayotgan avtotransport vositalari elektron hisob-maʼlumotnomalarida ularning ekologik sinflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
avtotransport vositalarining elektron hisob-maʼlumotnomalari asosida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Avtomototransport hisobi” moduliga avtotransport vositalarining ekologik sinfiga oid maʼlumotlar kiritib borilishini;
Transport vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvarga qadar respublikada foydalanishda boʻlgan, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarining (turi, rusumi, modeli boʻyicha) ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) doir maʼlumotlarni umumlashtirib, tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Ichki ishlar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalaridan ekologik zonalar hududida ekologik kompensatsiya toʻlovlarini toʻlagan holda foydalanish uchun ruxsatnomani ushbu qarorda belgilangan tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirish hamda ekologik kompensatsiya toʻlovlarini elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlash imkoniyatini yaratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishini;
oʻzlari qabul qilgan idoraviy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishni;
ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati jamoatchilik oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov hamda ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-noyabr,
750-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-son qaroriga
1-ILOVA
Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom avtotransport vositalaridan (keyingi oʻrinlarda — transport vositalari) chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga (keyingi oʻrinlarda — normativlar) mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari quyidagi transport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan;
belgilangan tartibda vaqtincha (toʻqson kalendar kungacha) Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan;
elektromobillar, elektromototsikllar, mototsikllar, skuterlar, mopedlar, uch gʻildirakli transport vositalari;
tezkor va maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli boʻyoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari hamda jamoat transporti (taksi va yoʻnalishli taksidan tashqari);
qishloq xoʻjaligi texnikalari;
“nogironligi boʻlgan shaxs” belgisi oʻrnatilgan transport vositasi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
diagnostika tekshiruvi — transport vositalaridan ishlatilgan gazlar chiqarib yuborilganda, ulardagi ifloslantiruvchi moddalarning miqdorini aniqlash;
ifloslantiruvchi moddalar — kimyoviy moddalar, shu jumladan, boshqa moddalar uchun belgilangan normativlardan ortiq miqdorda va (yoki) konsentratsiyalarda atrof-muhitga, inson hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan moddalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Avtomototransport hisobi” moduli (keyingi oʻrinlarda — “Avtomototransport hisobi” moduli) — Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda “ekologik transport” tizimi faoliyati bilan bogʻliq elektron maʼlumotlar bazasi;
normativ — transport vositasidan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan miqdori;
ekologik toifa — transport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik darajasi;
ekologik sinf (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) — transport vositasidan ishlatilgan gazlar chiqarib yuborilganda, ulardagi ifloslantiruvchi moddalarni miqdoriga qarab tavsiflovchi tasnif kodi;
ekologik stiker — transport vositasining ekologik toifasini tasdiqlovchi elektron maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yorliq;
ekologik operator — Ichki ishlar vazirligining “Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasining transport vositalarini diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish uchun maxsus bilim va tajribaga ega boʻlgan masʼul xodimi;
ekologik stikerga talabgor — tasarrufidagi transport vositasining ekologik toifasini aniqlash istagini bildirgan jismoniy va yuridik shaxs.
4. Transport vositasining ekologik toifasi uning ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) muvofiq belgilanadi.
5. Transport vositasining ekologik sinfi (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) aniq boʻlmaganda, uning ekologik toifasi diagnostika tekshiruvi natijalariga koʻra ekologik operator tomonidan aniqlanadi.
2-bob. Transport vositalarining ekologik toifasini belgilash hamda diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish tartibi
6. Transport vositalari uchun birinchi marta, shuningdek, bir yil ichida bir marotaba qayta ekologik toifani belgilash, shu jumladan, diagnostik tekshiruvdan oʻtkazish va ekologik stiker berish alohida toʻlov undirilmasdan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida Ichki ishlar vazirligining “Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish hamda normativlarga mosligi darajasini diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish ularni Davlat yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarida roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida, foydalanishda boʻlgan transport vositalari esa egasining ixtiyoriy murojaati asosida mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
8. Ishlab chiqaruvchi tomonidan ekologik sinfi (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) tasdiqlangan transport vositalarini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olishda ularni diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish talab etilmaydi.
Bunda transport vositalari quyidagi mezonlarga koʻra ekologik toifalarga ajratiladi:
a) benzin, siqilgan va suyultirilgan gaz yoqilgʻisi bilan harakatlanuvchi:
“Yevro-2” va undan yuqori ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi transport vositalari — “toza” ekologik toifaga;
“Yevro-0” va “Yevro-1” (va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari — “oʻrta” ekologik toifaga;
b) dizel yoqilgʻi turi bilan harakatlanuvchi:
“Yevro-4” va undan yuqori ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi transport vositalari — “toza” ekologik toifaga;
“Yevro-3” (va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari — “oʻrta” ekologik toifaga;
“Yevro-0”, “Yevro-1” va “Yevro-2” (va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) ekologik sinfiga kiruvchi transport vositalari — “zararli” ekologik toifaga;
v) gibrid avtomobillar, muqobil yoqilgʻi turlarida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi transport vositalari hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan transport vositalari — “toza” ekologik toifaga ajratiladi.
9. Transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish Oʻzbekiston Respublikasida foydalanishda boʻlgan transport vositalarining tasdiqlangan ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) doir maʼlumotlar bazasi asosida “Avtomototransport hisobi” modulida avtomatik tarzda belgilanadi.
10. Ekologik sinfini (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) aniqlash imkoni boʻlmagan transport vositalarining ekologik toifasini belgilash uchun ular roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida diagnostika tekshiruvidan quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
diagnostika tekshiruvi ekologik operator tomonidan natijalarini avtomatik baholash tizimiga asoslangan oʻlchov vositalariga muvofiq amalga oshiriladi;
diagnostika tekshiruvi natijalari “Avtomototransport hisobi” modulida avtomatik tarzda qayd etiladi;
“Avtomototransport hisobi” modulining diagnostika tekshiruvi natijalariga koʻra avtotransport vositalari mazkur Nizomga 1-ilovadagi transport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlari asosida “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga avtomatik tarzda ajratiladi.
11. Transport vositasining diagnostika tekshiruvi natijalari, oʻlchov vositalarining metrologik nazorati natijalarini eʼtirof etish sertifikati, tekshiruvni oʻtkazgan ekologik operator hamda tekshiruv oʻtkazilgan sana va vaqtga doir elektron maʼlumotlar onlayn tartibda “Avtomototransport hisobi” modulida aks ettiriladi.
12. Transport vositasining egasi diagnostika tekshiruvi natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, transport vositasini ixtiyoriy ravishda qayta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazishi mumkin. Bunda qayta diagnostika tekshiruvi mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Ilgari oʻtkazilgan diagnostika tekshiruvi natijasiga koʻra “oʻrta” yoki “zararli” ekologik toifaga ajratilgan va unga mos ekologik stiker berilgan transport vositasi egasi ixtiyoriy ravishda bir yilda bir marta ushbu xizmatlar uchun alohida toʻlov undirilmasdan, aynan shu transport vositasining ekologik toifasini “toza” yoki “oʻrta” ekologik toifaga yaxshilash maqsadida qayta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish va natijalari boʻyicha yangi ekologik stikerga ega boʻlishi mumkin.
Transport vositasini mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilanganidan ortiqcha har bir qayta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish va natijalari boʻyicha yangi ekologik stiker olish xizmatlari toʻlov asosida koʻrsatiladi.
Bunda qayta diagnostika tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq koʻrsatilgan har bir xizmat uchun toʻlov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.
14. Transport vositasini toʻlov asosida qayta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazishdan kelib tushadigan mablagʻlar quyidagicha taqsimlanadi:
15 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga;
15 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi shaxsiy hisobvaragʻiga;
70 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga.
15. Ekologik stikerga talabgor quyidagi huquqlarga ega:
Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida transport vositasini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida elektron navbatdan oʻtish va unda belgilangan vaqtda transport vositasini diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish;
ekologik operatordan diagnostika oʻlchov vositalarining metrologik nazorati natijalarini eʼtirof etish sertifikatini soʻrash;
transport vositasining diagnostika tekshiruvi natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, uni qayta diagnostika tekshiruvidan oʻtkazishni talab qilish;
transport vositasi diagnostika tekshiruvidan oʻtkazilgandan soʻng ekologik stikerni olish hamda transport vositasining belgilangan qismiga yelimlash.
16. Diagnostika oʻlchov vositalari muvofiqlik tekshiruvi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tomonidan oʻtkaziladi.
3-bob. Transport vositalariga ekologik stiker berish tartibi
17. Ilgari ekologik stiker olganligidan qatʼi nazar, transport vositalarini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida ularning toifalariga mos ravishdagi “yashil”, “sariq” yoki “qizil” rangli ekologik stikerlar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalarida ekologik operatorlar tomonidan beriladi.
18. Transport vositalarini roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida:
ishlab chiqaruvchi tomonidan ekologik sinfi (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) tasdiqlangan transport vositalariga mazkur Nizomning 8-bandida belgilangan mezonlar asosida diagnostika tekshiruvlarisiz aniqlanadigan ekologik toifaga mos boʻlgan rangdagi;
ekologik sinfini (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) aniqlash imkoni boʻlmagan transport vositalariga mazkur Nizomning 10-bandiga muvofiq oʻtkaziladigan diagnostika tekshiruvlari natijalari asosida avtomatik tarzda aniqlangan ekologik toifaga mos boʻlgan rangdagi ekologik stiker rasmiylashtirib beriladi.
Bunda ekologik stiker transport vositasini roʻyxatga olish (qayta roʻyxatga olish) amaliyoti oʻtkazilgan joyda maxsus texnika vositalarida avtomatik tarzda chop etiladi va transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma hamda biriktirilgan davlat raqami belgisi bilan birga transport vositasining egasiga topshiriladi.
19. Foydalanishda boʻlgan transport vositalariga ekologik stikerlar quyidagi tartibda beriladi:
a) transport vositasining egasi (keyingi oʻrinlarda — murojaat etuvchi) ixtiyoriy ravishda transport vositasiga ekologik stiker olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) uning rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali quyidagilarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
belgilangan shakldagi elektron ariza;
transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnomaning elektron shakldagi nusxasi;
ekologik stiker pochta orqali yuborilishi koʻrsatilgan manzil;
b) vakolatli organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda quyidagilarni amalga oshiradi:
murojaatda koʻrsatilgan transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Avtomototransport hisobi” moduli orqali tekshiradi;
ishlab chiqaruvchi tomonidan ekologik sinfi (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) tasdiqlangan avtotransport vositalarining ekologik toifasini mazkur Nizomning 8-bandida belgilangan mezonlar asosida “Avtomototransport hisobi” moduli orqali avtomatik tarzda aniqlaydi;
transport vositasining ekologik toifasiga mos ekologik stikerni rasmiylashtirib (stiker rekvizitlari avtomatik toʻldiriladi) maxsus texnik vositalarda chop etadi va murojaat etuvchi hisobidan uning murojaatida koʻrsatilgan manzilga pochta orqali yuboradi. Bunda pochta xarajatlari murojaat etuvchi tomonidan vakolatli organ veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborish vaqtida oldindan elektron toʻlov shaklida amalga oshiriladi.
Pochta xarajatlari bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida belgilanadi;
v) murojaatda koʻrsatilgan transport vositasining ekologik sinfini (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) aniqlash imkoni boʻlmagan holatlarda, murojaat etuvchiga transport vositasining ekologik toifasini belgilash uchun diagnostika tekshiruvidan oʻtkazish toʻgʻrisida asoslantirilgan elektron javob xati yuboradi.
20. Transport vositasiga uning ekologik toifasiga mos boʻlgan mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunadagi ekologik stikerlardan biri beriladi.
21. Transport vositasining ekologik toifasi va unga berilgan ekologik stiker rekvizitlari toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar “Avtomototransport hisobi” modulida saqlanadi.
22. Ekologik stiker transport vositasining old oynasining pastki oʻng burchagiga ichki tomondan oʻrnatiladi (yelimlanadi).
Ekologik stikerni transport vositasining boshqa qismlariga oʻrnatish (yelimlash) va oʻzboshimchalik bilan ekologik stikerni oʻrnatilgan (yelimlangan) joyidan ajratish va qayta oʻrnatish (yelimlash) mumkin emas.
4-bob. Ekologik stikerlarning amal qilish muddati
23. Ekologik stikerlar muddatsiz davrga beriladi.
24. Quyidagi holatlarda ekologik stikerlar toʻlov asosida qayta rasmiylashtirilishi mumkin:
transport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazishda yoxud fuqaroning doimiy yashash manzili yoki yuridik shaxsning roʻyxatga olingan manzili oʻzgarishi, qayta tashkil etilishi munosabati bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda, shuningdek, transport vositasining davlat raqamlari oʻzgartirilganda;
ekologik stikerning shikastlanishi yoki rangining oʻchishi natijasida undagi transport vositasining davlat raqamini oʻqish imkoni boʻlmaganda;
transport vositasining old oynasi yaroqsiz holga kelganda.
25. Ekologik stikerlar mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayta rasmiylashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
27. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan
NORMATIVLARI

Avtotransport toifasi

Oʻlchanadigan zararli modda

Tirsakli valning aylanish tezligi

Belgilangan normativlarni amalga kirish sanasi

Ekologik toifalar normativlari

“toza”

“oʻrta”

“zararli”**

“yashil”

“sariq”

“qizil”

I. Benzin yoqilgʻisida ishlashga moʻljallangan avtotransport vositalari uchun

M va N, 1986-yil 1-oktabrdan avval ishlab chiqarilganlari*

SO (uglerod oksidi), hajm ulushi, foiz

minimal

2026-yil 1-yanvar

-

3,5 foizgacha

3,5 foizdan 5,5 foizgacha

M va N, ishlab chiqarilgan gazlarni tozalash moslamasi yoʻq

SO (uglerod oksidi), hajm ulushi, foiz

minimal

2026-yil 1-yanvar

1,0 foizdan past

1,0 foizdan 1,5 foizgacha

1,5 foizdan 3,5 foizgacha

minimal

2028-yil 1-yanvar

0,9 foizdan past

0,9 foizdan 1,4 foizgacha

1,4 foizdan 3,5 foizgacha

minimal

2029-yil 1-yanvar

0,8 foizdan past

0,8 foizdan 1,3 foizgacha

1,3 foizdan 3,5 foizgacha

M va N, ishlab chiqarilgan gazlarni tozalash moslamasi bor

SO (uglerod oksidi), hajm ulushi, foiz

minimal

2026-yil 1-yanvar

0,9 foizdan past

0,9 foizdan 1,5 foizgacha

1,5 foizdan 2,5 foizgacha

yuqori

2026-yil 1-yanvar

0,7 foizdan past

0,7 foizdan 1,3 foizgacha

1,3 foizdan 2,5 foizgacha

minimal

2028-yil 1-yanvar

0,7 foizdan past

0,7 foizdan 1,3 foizgacha

1,3 foizdan 2,5 foizgacha

yuqori

2028-yil 1-yanvar

0,5 foizdan past

0,5 foizdan 1,1 foizgacha

1,1 foizdan 2,5 foizgacha

minimal

2030-yil 1-yanvar

0,5 foizdan past

0,5 foizdan 0,9 foizgacha

0,9 foizdan 2,5 foizgacha

yuqori

2030-yil 1-yanvar

0,3 foizdan past

0,3 foizdan 0,7 foizgacha

0,7 foizdan 2,5 foizgacha

II. Dizel yoqilgʻisida ishlashga moʻljallangan avtotransport vositalari uchun

M va N oddiy dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2026-yil 1-yanvar

2,50 m-1 dan past

2,50 m-1 dan 3,0 m-1 gacha

3,0 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

M va N oddiy dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2028-yil 1-yanvar

1,50 m-1 dan past

1,50 m-1 dan 3,0 m m-1 gacha

3,0 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

M va N oddiy dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2026-yil 1-yanvar

0,70 m-1 dan past

0,70 m-1 dan 2,5 m-1 gacha

2,5 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

M va N, turbo zaryadlangan dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2026-yil 1-yanvar

2,0 m-1 dan past

2,00 m-1 dan 3,00 m-1 gacha

3,00 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

M va N, turbo zaryadlangan dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2028-yil 1-yanvar

1,0 m-1 dan past

1,00 m-1 dan 2,00 m-1 gacha

2,00 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

M va N, turbo zaryadlangan dizel dvigatellari uchun

Tutunlilik, hajm ulushi m-1

(yorugʻlik oqimi susayishining maksimal ruxsat etilgan koeffitsiyenti)

Maksimal (maksimal tezlikning 90 foizidan oshmagan holda)

2030-yil 1-yanvar

0,5 m-1 dan past

0,50 m-1 dan 1,50 m-1 gacha

1,50 m-1 dan 3,50 m-1 gacha

Izoh:
* 1986-yil 1-oktabrdan avval ishlab chiqarilgan M va N toifadagi transport vositalari “toza” ekologik toifaga ajratilmaydi;
** ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan yuqori normativlaridan oshgan transport vositalari “zararli” ekologik toifaga ajratiladi.
Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli taʼsiri boʻyicha yoʻl qoʻyiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Avtotransport vositalarining ekologik toifasini ifoda etuvchi ekologik stikerlar namunalari

“Toza” ekologik toifaga mansub boʻlgan avtotransport vositalariga biriktiriladigan ekologik stiker namunasi (“yashil” stiker)

“Oʻrta” ekologik toifaga mansub boʻlgan avtotransport vositalariga biriktiriladigan ekologik stiker namunasi (“sariq” stiker)

“Zararli” ekologik toifaga mansub boʻlgan avtotransport vositalariga biriktiriladigan ekologik stiker namunasi (“qizil” stiker)

Avtotransport vositalarining ekologik toifasini ifoda etuvchi ekologik stikerlar namunalarining tavsifi
“Toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga mansub avtotransport vositalariga biriktiriladigan ekologik stikerlar diametri 90±2 mm oʻlchamdagi doira shaklida, mos ravishda yashil, sariq va qizil rangda, avtotransport vositasining ichkari tomonidan old oynasiga yopishtiriladigan elastik mustahkam materialdan tayyorlanadi. Lotin yozuvidagi davlat tilidan foydalaniladi.
Ekologik stikerda qurilmalar oʻrtasida bevosita aloqasiz axborot almashish imkonini beruvchi elektron belgi boʻladi.
Ekologik stiker qalbakilashtirishdan himoyalashni taʼminlaydigan DMC (QR) kod bilan ishlab chiqariladi hamda 10 ta belgidan iborat seriya va raqamlarga ega boʻladi.
Ekologik stikerning yuqori qismidagi cheti boʻylab “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismidagi cheti boʻylab “Avtomototransport vositasining ekologik toifasi” soʻzlari, yuqori oʻrta qismida turli ranglarda tovlanuvchi daraxt bargi shaklidagi ekologik belgi va “ECO PASS” soʻzlari, oʻrta qismida uning qaysi ekologik toifasiga mansubligiga mos nomlanishi: “TOZA”, “OʻRTA” yoki “ZARARLI” soʻzlari tushiriladi.
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” va “Avtomomototransport vositasining ekologik toifasi” soʻzlari ikki tomondan sakkiz qirrali yulduzchalar bilan ajratiladi.
Ekologik stikerda, shuningdek, oq fonda avtotransport vositasining davlat raqam belgisi va ekologik stiker berilgan sana majburiy tartibda alohida koʻrsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-son qaroriga
2-ILOVA
Hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi boʻyicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi boʻyicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Hududlarda atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqqan holda ekologik zonalar tashkil etiladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
atmosfera havosining ifloslanish monitoringi — atmosfera havosi ifloslanishining oʻtgan, hozirgi holatini baholash hamda kelajakdagi holatini prognozlash maqsadida maʼlumot beruvchi vaqt va makondagi doimiy uzoq davom etadigan kuzatuvlar tizimi;
atrof-muhitni ifloslantirish manbai — ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari orqali atrof-muhitni ifloslantiruvchi antropogen statsionar va (yoki) koʻchma manbalar obyekti;
ifloslantiruvchi tashlanmalar — avtotransport vositalaridan ishlatilgan gazlar chiqarib yuborilganda, ulardagi ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosiga chiqarilishi;
statsionar kuzatish punkti (post) — atmosfera havosi namunalarini muntazam olish va keyinchalik kimyoviy tahlil qilish uchun moʻljallangan priborlar va uskunalar, shu jumladan, avtomatik stansiyalar oʻrnatilgan yer uchastkasini oʻz ichiga olgan, atrof tabiiy muhitning holatini va unga taʼsir koʻrsatuvchi manbalarni oldindan tadqiq etish asosida tanlangan joylarda joylashgan kompleks;
“ekologik transport” tizimi — atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui;
ekologik zonalar — atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqqan holda, “ekologik transport” tizimi joriy etiladigan ekologik maqomga ega hududlar;
elektron ekologik xarita — innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish orqali oʻzida barcha ekologik zonalar haqida umumlashgan maʼlumotlardan iborat boʻlgan mamlakatning atmosfera havosi boʻyicha elektron xaritaga kiritilgan davriy maʼlumotlar bazasi.
2-bob. Hududlarda atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqqan holda ekologik zonalarni tashkil etish tartibi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) taklifiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari qaroriga muvofiq:
mazkur Nizomning 6-bandida koʻzda tutilgan ekologik indikatorlarga asosan hududlarning ekologik zonalari chegaralari belgilanadi hamda oʻzgartiriladi;
mazkur Nizomga ilovadagi namuna boʻyicha ekologik zona pasporti tasdiqlanadi.
5. Hududlarda ekologik zonalarni tashkil etishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer fondiga tegishli barcha yer toifalari inobatga olinadi.
6. Hududlar ekologik zona tashkil etish uchun quyidagi ekologik indikatorlarga asosan baholanadi:
SO2 emissiyasi (SO2 intensivligi va uni qisqartirish strategiyasi);
energiya (energiya isteʼmoli, mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarf boʻladigan energiya miqdori, qayta tiklanuvchan energiya manbalari joriy etilgani);
bino (turar joy binolarining energiya isteʼmoli, energiya tejovchi binolar boʻyicha tashabbuslar);
transport (ekologik toza transport vositalaridan foydalanish, ular uchun infratuzilma yaratilgani);
yerdan foydalanish (yerdan “yashil” foydalanish siyosati, “yashil” hududlarning mavjudligi);
chiqindilar (maishiy chiqindilar hosil boʻlishi, chiqindilarni qayta ishlash va kamaytirish siyosati);
suv (suv isteʼmoli, tarmoqdagi yoʻqotishlar, oqova suvlarni tozalash, suvni samarali tozalash siyosati);
havoning sifati (asosiy ifloslantiruvchi moddalar darajasi, toza havo siyosati);
ekologik boshqarish tizimi (“yashil” harakatlar rejasi, “yashil” boshqarish, “yashil” siyosatda jamoatchilikning faolligi);
bioxilma-xillik (flora, fauna resurslari).
Yuqorida keltirilgan ekologik indikatorlar asosida 100 balli baholash tizimi orqali eng past ballga ega boʻlgan hududlar ekologik zona toifasiga nomzod hudud sifatida koʻrsatiladi. Bunda indikatorlar boʻyicha ballarni hisoblash tartibi Ekologiya qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
7. Ekologiya qoʻmitasining taklifiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yoki ularning ayrim yer uchastkalari, shuningdek, ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga ega boʻlgan hududlar baholanmasdan ularda ekologik zonalar tashkil etilishi mumkin.
8. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash va oʻzgartirish boʻyicha tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga taklif kiritish huquqiga ega.
9. Ekologik zonalar hududida “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga mansub hamda ekologik stikeri mavjud boʻlmagan avtotransport vositalari harakatlanishi taqiqlanadi, belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan holda harakatlanish hollari bundan mustasno.
Ekologik zonalar hududida harakatlanish qoidalarini buzish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
10. “Ekologik zona hududida “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga mansub avtotransport vositalari harakatlanishi taqiqlangan” yoʻl belgisi Davlat standarti talablari asosida oʻrnatiladi.
11. “Zararli” va “oʻrta” toifadagi avtotransport vositalari egalari ixtiyoriy ravishda avtotransport vositalarining ekologik toifasiga koʻra belgilangan ekologik kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash orqali tegishli ruxsatnoma asosida ekologik zonalar hududida harakatlanishi huquqiga ega boʻladi, bunda ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.
Ruxsatnoma berish tartibi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.
“Zararli” va “oʻrta” toifadagi avtotransport vositalari egalari ekologik zonalarga kirishi uchun quyidagi miqdorda ekologik kompensatsiya toʻlovlarini toʻlaydi:
“oʻrta” ekologik toifadagi avtotransport vositalari egalari — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
“zararli” ekologik toifa avtotransport vositalari egalari — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida.
Bunda ekologik kompensatsiya summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
40 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti;
60 foizi — Ekologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi.
12. Ekologik kompensatsiya toʻlovlari toʻlangan avtotransport vositasi va uning egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Avtomototransport hisobi” modulida avtomatik tarzda hisobga olinadi.
13. Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yoʻnalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.
Ekologik zona hududida doimiy yashovchi yoki mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar, shuningdek, ekologik zona hududida joylashgan tibbiyot muassasalariga kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda tashrif buyuruvchilar mazkur hududda cheklov va taqiqlarsiz harakat qilish huquqiga ega.
3-bob. Atmosfera havosi boʻyicha elektron ekologik xaritani shakllantirish va yuritish tartibi
14. Atmosfera havosining holatini kuzatish, u haqidagi axborotni toʻplash, umumlashtirish, tahlil etish va istiqbolni belgilash atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi yagona tizimi boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda atmosfera havosining davlat monitoringi quyidagilardan iborat boʻladi:
atmosfera havosini ifloslantirish manbalari monitoringi;
atmosfera havosining ifloslanish monitoringi;
atmosfera havosi ifloslanish (emissiya) darajasining holati.
Atmosfera havosining davlat monitoringi natijalariga asosan hududlarda ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqqan holda, ekologik zonalar tashkil etiladi hamda ularning dinamik elektron ekologik xaritasi yuritiladi.
15. Atmosfera havosining ifloslanish (emissiya) darajasi qonunchilikda belgilangan talablarni hisobga olingan holda tegishli metodikalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Statsionar manbalardan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi ifloslanish manbalari monitoringini yuritishda kuzatuv obyekti hisoblanadi.
Atmosfera havosining ifloslanish manbalari monitoringi bir oyda bir marta oʻtkaziladi.
16. Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringi respublikaning shaharlari va aholi punktlarida joylashgan statsionar kuzatuv punktlarida (postlarida) amalga oshiriladi.
Kuzatuv punkti joylashgan joydan kelib chiqqan holda aniqlanadigan asosiy va oʻziga xos ifloslantiruvchi moddalar mavjudligi yuzasidan atmosfera havosidan namunalar olish hamda ularni sinash kamida sutkada uch marta oʻtkaziladi.
Atmosfera havosi namunalari tahlillarining natijalari ish jurnalida qayd etiladi, uning asl nusxasi Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining tegishli tahliliy laboratoriyasida saqlanadi.
Kuzatuv postida avtomatik monitoring stansiyasi mavjud boʻlgan taqdirda, atmosfera havosi ifloslanishining holati toʻgʻrisidagi maʼlumot real vaqt rejimida Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga uzatiladi.
17. Xarita “Ekologik transport” tizimini amalga oshirishda ekologik zonalarda atmosfera havosining monitoringini yuritish orqali ularning chegaralarini davriy ravishda oʻzgartirib borish uchun maʼlumotlar manbai sifatida yuritiladi.
Xarita ekologik zonalarning atmosfera havosining ifloslanish (emissiya) darajasini kuzatib borish, manbalarni aniqlash, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadlarida tashlamalar chiqarilishining oldini olish borasida tezkor choralar koʻrishda qoʻllanadi.
Xarita Ekologiya qoʻmitasi tomonidan shaharlarda oʻrnatilgan statsionar kuzatuv punktlari maʼlumotlarini yagona tizimga integratsiya qilish orqali maʼlumotlar almashish va monitoring yuritish koʻrinishida amalga oshiriladi.
Atmosfera havosi sifati ustidan kuzatuvlar avtomatik monitoring stansiyalari va statsionar kuzatuv postlarida oʻtkaziladi hamda xaritaga integratsiya qilinishi orqali hududlarning atmosfera havosi boʻyicha monitoringi shakllantiriladi.
Avtomatik monitoring stansiyalarining joylashuvi Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan belgilanadi.
Xarita maʼlumotlari elektron platforma orqali eʼlon qilib boriladi hamda jamoatchilik uchun doimiy ochiq hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Nizom talablarini bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibida hal etiladi.
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi boʻyicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Ekologik zona pasportining
NAMUNASI

Ekologik zona nomi:

Ekologik zona maqomi berilgan sana:

Ekologik zona maqomining kuchga kirish sanasi:

Ekologik zona hududida harakatlanishi mumkin boʻlgan avtotransport vositalarining ekologik toifasi:

Ekologik zona hududida harakatlanishi taqiqlangan avtotransport vositalarining ekologik toifasi:

Jarima miqdori:

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga 1-ilovada:
a) quyidagi mazmundagi 3.35-band bilan toʻldirilsin:
“3.35. Ekologik zona hududida “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga ega avtotransport vositalari harakatlanishi taqiqlangan.
3.35 belgisi ekologik zona hududiga kirishdan 150 — 300 metr oldin oʻrnatiladi”;
b) Yoʻl belgilarining tasvirlari tushirilgan qismi quyidagi tasvirdagi yoʻl belgisi bilan toʻldirilsin:
3.35. “Ekologik zona hududida “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga ega avtotransport vositalari harakatlanishi taqiqlangan”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizom quyidagi mazmundagi 67-ilova bilan toʻldirilsin:
“Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga
67-ILOVA
Ekologik toifasi ekologik zonaga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalarida ekologik zonalar hududida ekologik kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash orqali harakatlanish uchun ruxsatnoma
PASPORTI

1.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nomi:

Ekologik toifasi ekologik zonaga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositalarida ekologik zonalar hududida ekologik kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash orqali harakatlanishi uchun ruxsatnoma

2.

Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar):

“Ekologik zona” sifatida belgilangan hududlarda toifasi “oʻrta” va “zararli” deb topilgan avtotransport vositalarining ekologik kompensatsiya toʻlovlari toʻlangan holda harakatlanishi

3.

Ariza beruvchilar toifasi:

Jismoniy yoki yuridik shaxslar

4.

Ruxsat etish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ:

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi

5.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

Ariza.

Arizada quyidagilar koʻrsatiladi:

yuridik shaxsning nomi, STIRi, pochta manzili, elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa), telefon raqami;

jismoniy shaxsning maʼlumotlari — familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR, pochta manzili, elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa), telefon raqami;

ruxsatnoma olinayotgan avtotransport vositasining texnik pasporti;

kompensatsiya toʻlovi toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat (PDF, PNG yoki JPEG formatda ilova qilinishi mumkin).

6.

Arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim miqdori:

Yigʻim undirilmaydi

7.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilgani uchun undiriladigan yigʻim:

“Zararli” va “oʻrta” toifadagi avtotransport vositalari ekologik zonalarga kirishi uchun quyida belgilangan miqdorda ekologik kompensatsiya toʻlovlari toʻlanadi:

“oʻrta” ekologik toifadagi avtotransport vositalari egalari — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;

“zararli” ekologik toifa avtotransport vositalari egalari — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida.

8.

Arizani koʻrib chiqish muddati:

5 ish kuni

9.

Ruxsat etishga doir talab va shartlar:

a) transport vositasining belgilangan qismiga ekologik toifani koʻrsatuvchi ekologik stiker yopishtirilgan boʻlishi;

b) ekologik zona hududida ruxsatnoma amal qilish muddati davomidagina harakatlanish;

d).atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish.

10.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda kelishiladigan organlar:

Mavjud emas

11.

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati:

1 yil

12.

Izoh:

Ekologik zonalarda “oʻrta” va “zararli” ekologik toifadagi avtotransport vositalarining ruxsatnomasiz harakatlanishi taqiqlanadi.

Ekologik zonalarda ruxsatnomasiz harakatlanish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.

”. 

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2025-y., 09/25/750/1112-son)