toggle_night_mode
Hujjat 22.05.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Dafn etish ishlarini tashkil etish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda sohada samarali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish, hisobini yuritish va nazorat qilish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish va roʻyxatga olish jarayonlarini raqamlashtirish, mazkur ishlarni elektron axborot tizimi orqali monitoring qilib borish hamda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan yangi elektron xizmatlarni joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimining “Dafn etish ishlarini roʻyxatga olish yagona elektron daftari” modulini (keyingi oʻrinlarda — elektron modul) va uning mobil ilovasini ishlab chiqsin hamda amaliyotga joriy etsin. Bunda:
a) Adliya vazirligi elektron modulning mulkdori va operatori hisoblanadi, elektron modulni ishlab chiqish va uni yuritish hamda texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari vazirlikning Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
b) elektron modul va uning mobil ilovasi quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
vafot etgan shaxsning oʻlimi qayd etilganini tasdiqlovchi hujjatlar (gerbli guvohnoma, QR-kodli maʼlumotnoma va boshqalar) raqamini kiritish orqali vafot etgan shaxs haqidagi maʼlumotlarni avtomatik tarzda toʻldirish;
vafot etgan shaxsni dafn etishga ruxsat berilgani, qabrning sektori, uchastkasi, qatori va raqamini avtomatik ravishda shakllantirish hamda izchil ketma-ketlikda raqamlash;
vafot etgan shaxsning dafn etilgani haqidagi maʼlumotlarni “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida saqlash;
qabr tayyorlatish, qabrni va qabr usti yodgorliklarini obod holatga keltirish kabi xizmatlarga mobil ilova orqali fuqarolar tomonidan elektron (onlayn) ariza yoki buyurtmalar berish, qabriston mudiri (nazoratchisi) haqida ochiq maʼlumotlar (F.I.O, telefon raqami) bilan tanishish;
pulli xizmatlar uchun toʻlovlar miqdorini avtomatik tarzda hisoblash, elektron kvitansiyalar (invoys) shakllantirish;
ixtiyoriy xayr-ehsonlarni amalga oshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari, fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmalari bilan onlayn tarzda shartnomalar tuzish;
elektron modul va uning mobil ilovasidan toʻgʻri foydalanilishini hamda oʻz vaqtida maʼlumotlar kiritilishini monitoring qilish, qonunbuzilishlarning oldini olish yuzasidan qabriston mudirlariga (nazoratchilariga) eslatmalar yuborish.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-martdan boshlab:
vafot etgan shaxsning oʻlimi qayd etilgandan soʻng real vaqt rejimida uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga oʻlim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan maʼlumotnoma bepul yuboriladi (hujjatning qogʻoz shakliga qoʻshimcha ravishda);
oʻlim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan maʼlumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi;
FHDY organlaridan oʻlim qayd etilgani haqida gerbli guvohnomani olish yuzasidan tibbiyot muassasasida elektron buyurtma, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ariza berish imkoniyatlari yaratiladi. Bunda gerbli guvohnoma manfaatdor shaxs buyurtma qilgan manzilga pochta aloqasi orqali yetkazib beriladi.
4. Quyidagilar:
“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimining “Dafn etish ishlarini roʻyxatga olish yagona elektron daftari” moduli va uning mobil ilovasi orqali koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Dafn etish ishlarini tashkil etish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda sohada samarali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrga qadar Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlarini amalga oshirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
a) qabriston mudiri (nazoratchisi) tomonidan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda:
manfaatdor shaxslar tomonidan vafot etgan shaxsning oʻlimi qayd etilgani haqida qabriston mudiri (nazoratchisi)ga xabar beriladi (oʻlim qayd etilganini tasdiqlovchi hujjatlar (gerbli guvohnoma, QR-kodli maʼlumotnoma va boshqalar) raqami maʼlum qilinadi);
qabriston mudiri (nazoratchisi) elektron modulga oʻlim qayd etilganini tasdiqlovchi hujjat raqamini kiritib, dafn etish sanasi va qabrning joylashuvi, vafot etgan shaxs haqida (F.I.O, tugʻilgan sanasi), oʻlim sababi (vaqti), oʻlim qayd etilgani haqidagi hujjatning raqami, manfaatdor shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron toʻldiradi;
elektron moduldagi maʼlumotlar qabriston mudiri (nazoratchisi) tomonidan tasdiqlangandan keyin dafn etishga ruxsat beriladi hamda elektron modulga vafot etgan shaxsning dafn etilgani haqida belgi kiritiladi;
b) Toshkent shahri hokimligining Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasining tegishli qabristonga biriktirilgan masʼul xodimi oʻziga biriktirilgan qabristonlarda dafn etish ishlarini monitoring qilib boradi. Bunda:
qabriston nazoratchisining oʻlimni tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmagan holda dafn etish bilan bogʻliq harakati aniqlanganda, elektron modul orqali ushbu qonunbuzilish holati haqida Toshkent shahar adliya boshqarmasiga xabarnoma yuboradi;
Toshkent shahar adliya boshqarmasi kelib tushgan xabarnoma asosida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan qabriston mudiri (nazoratchisi)ning javobgarligi masalasini hal etadi hamda dafn etilgan shaxsning oʻlimini qayd qilish choralarini koʻradi;
v) qabriston mudirlari (nazoratchilari) tomonidan dafn etish ishlarini roʻyxatdan oʻtkazishni qogʻoz shaklida yuritish tartibi bekor qilinadi.
Adliya vazirligi eksperiment natijasi boʻyicha mazkur tartibni kelgusida respublikaning barcha hududlarida joriy etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 267-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/267/0525-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 267-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/267/0525-son)
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlarda saqlanib kelinayotgan dafn etilgan shaxslar haqidagi soʻnggi 50 yillik mavjud maʼlumotlar elektron modulga kiritilishi va raqamlashtirilishini taʼminlasin.
9. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-noyabr,
735-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-noyabrdagi 735-son qaroriga
1-ILOVA
“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimining “Dafn etish ishlarini roʻyxatga olish yagona elektron daftari” moduli va uning mobil ilovasi orqali koʻrsatiladigan xizmatlar
ROʻYXATI

T/r

Xizmat nomi

1.

Yaqin qarindoshi dafn etilgan qabriston va qabr raqamini aniqlash xizmati

2.

Yaqin qarindoshi dafn etilgan qabrga gul ekish va suvoq qilish xizmati

3.

Qabr tayyorlash xizmati

4.

Qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish xizmati

5.

Dafn marosimlarini oʻtkazish uchun maxsus avtotransport vositalaridan foydalanish xizmati

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-noyabrdagi 735-son qaroriga
2-ILOVA
Dafn etish ishlarini tashkil etish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda sohada samarali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Moliyalashtirish manbasi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

I. Dafn etish sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish

1.

“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimining “Dafn etish ishlarini roʻyxatga olish yagona elektron daftari” moduli (keyingi oʻrinlarda — elektron modul) va uning mobil ilovasini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish.

Amaliy chora-tadbirlar

Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari

2026-yil 1-iyun

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Toshkent shahri hokimligi

2.

Elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda dafn etishga ruxsat berish jarayonlarini oʻrgatish yuzasidan Toshkent shahridagi barcha qabriston nazoratchilariga oʻquv-seminarlari oʻtkazish hamda ularning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish.

Amaliy chora-tadbirlar

Ijrochilarning mablagʻlari

2026-yil 15-iyun

Toshkent shahri hokimligi,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

3.

Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasidan tegishli qabristonlarga masʼul xodim biriktirish hamda mazkur xodim tomonidan doimiy ravishda qabriston nazoratchilari faoliyatiga koʻmaklashib borish hamda monitoring qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

Ijrochilarning mablagʻlari

2026-yil 20-iyun

Toshkent shahri hokimligi

II. Dafn etish ishlarini tashkil qilish hamda aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish

4.

Tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari, Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmalarining budjetdan tashqari mablagʻlarini hisobga olish va sarflash boʻyicha shaxsiy hisobvaragʻida har bir qabriston boʻyicha alohida shaxsiy hisobvaraq (kartochka) ochish yoʻli bilan ixtiyoriy xayr-ehson mablagʻlarini taqsimlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

Ijrochilarning mablagʻlari

2026-yil 1-yanvar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

5.

Vafot etgan shaxsning oʻlimi qayd etilgandan soʻng real vaqt rejimida uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP)dagi shaxsiy kabinetiga oʻlim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan maʼlumotnomani bepul yuborish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

Ijrochilarning mablagʻlari

2026-yil 1-mart

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

6.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan oʻlim haqida gerbli guvohnomani olish yuzasidan tibbiyot muassasasida elektron buyurtma, YIDXP orqali onlayn ariza berish imkoniyatlarini yaratish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

-

2026-yil 1-mart

Adliya vazirligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

7.

Oʻlim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan maʼlumotnoma asosida dafn etish uchun nafaqa berish tartibini yoʻlga qoʻyish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

-

2026-yil 15-mart

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

III. Dafn etish ishlarini samarali nazorat qilish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish

8.

Davlat xizmatlari yagona reyestriga dafn etishga ruxsat berish davlat xizmatini kiritish.

Idoraviy normativ hujjat

-

2026-yil 15-mart

Adliya vazirligi

9.

Adliya organlari tomonidan elektron moduldan foydalangan holda muntazam ravishda monitoringlar oʻtkazish, qabristonlarga biriktirilgan masʼul xodimlarning xabarnomalarini koʻrib chiqish.

Amaliy chora-tadbirlar

-

2026-yil 1-iyul — 31-dekabr

Adliya vazirligi,

Toshkent shahri hokimligi

IV. Qabristonlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish

10.

Toshkent shahridagi qabriston mudirlarini (nazoratchilarini) elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan elektron qurilmalar bilan taʼminlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Hisob-kitoblarga koʻra

(homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar)

2026-yil 1-iyun

Toshkent shahri hokimligi

11.

Barcha qabristonlarda mavjud muammolarni (roʻyxatdan oʻtkazish, kadastr va boshqalarni) aniqlash maqsadida ularni xatlov oʻtkazish hamda kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish.

Amaliy chora-tadbirlar

Mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar

2026-yil 1-sentabr

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,

manfaatdor tashkilot va idoralar

12.

Qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlarda saqlanib kelinayotgan dafn etilgan shaxslar haqidagi oxirgi 50 yillik maʼlumotlarni elektron modulga kiritish va uning raqamlashtirilishini taʼminlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar

2027-yil dekabr

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2025-y., 09/25/735/1072-son; 22.05.2026-y., 09/26/267/0525-son)