toggle_night_mode
Hujjat 08.10.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Paralimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalar uchun sport zaxirasini yaratish hamda terma jamoalarni shakllantirishda sportchilarning musobaqalardagi natijalari bilan birga sport normativlarini bajarish koʻrsatkichlarini inobatga olish, shuningdek, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirishning maqsadi va vazifalarini belgilash;
paralimpiya sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) tartibini joriy qilish;
paralimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirishda sportchilarning musobaqalardagi natijalari bilan birga sport normativlarini bajarish koʻrsatkichlarini ham inobatga olish;
paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanuvchi sportchilar va ularning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyxatga olish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi 2025-yil yakuniga qadar “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanayotgan sportchilarning sport natijalarini kiritib borish va ular tomonidan sport normativlarining bajarilishi monitoringini yuritish uchun zarur texnik imkoniyatlarni yaratish choralarini koʻrsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-oktabr,
630-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 630-son qaroriga
1-ILOVA
Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) orqali paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalari (keyingi oʻrinlarda — sport terma jamoalari)ni shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari va “Muruvvat” internat uylari uchun majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllanadi:
klassifikatsiya — parasportchilarni ularning jismoniy, aqliy yoki sensor qobiliyatlariga qarab Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi talablarini inobatga olgan holda toifalarga (klasslarga) ajratish tizimi;
oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari — sportchilarni sport musobaqalariga va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlariga tayyorlash va ularda ishtirok etish, shuningdek, ushbu tadbirlardan keyin tiklash maqsadida sportchilarning sport mahoratini oshirishga yoʻnaltirilgan, sport yoʻnalishi, pedagogik va tarbiyaviy yoʻsinda tashkil etiladigan tadbirlar;
sport terma jamoalari — turli yosh guruhlariga tegishli sportchilar, trenerlar, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi olimlar hamda boshqa mutaxassislar, tibbiyot mutaxassislari va boshqa mutaxassislardan iborat boʻlgan, musobaqalarga hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlariga tayyorlanish va ularda Oʻzbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida qatnashish maqsadida tashkil etiladigan turli tashkilotlarning jamoalari (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari);
sport normativlari — sportchilarning paralimpiya sport turlari boʻyicha jismoniy tayyorgarligi va mahorat darajasi yoki muvaffaqiyatlarini baholash uchun belgilangan oʻlchov meʼyorlari;
hududiy nazorat musobaqalari — sport normativlarini muvaffaqiyatli bajargan sportchilar oʻrtasida yoki sportchilar jamoalari oʻrtasida turli xil paralimpiya sport turlari boʻyicha musobaqaning eng yaxshi ishtirokchisini aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan bellashuv;
trenerlar kengashi — paralimpiya sport turlari boʻyicha bosh (katta) trenerlar va trenerlar, boshqa yetakchi hamda nufuzli trenerlar, vrachlar, kompleks ilmiy guruhlarning rahbarlari va boshqa mutaxassislaridan iborat boʻlgan, sport federatsiyalari (uyushmalari) va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasida tashkil etiladigan sportchilarning sport, pedagogik hamda tarbiyaviy faoliyatini tartibga solib boruvchi kollegial organ.
2-bob. Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish
4. Quyidagilar sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paralimpiya sport turlari boʻyicha respublika va xalqaro nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijadorlikni taʼminlash;
paralimpiya sport turlari boʻyicha sport musobaqalari yakunlariga koʻra yuqori sport natijalariga erishgan yoki sport normativlarini muvaffaqiyatli bajargan sportchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislardan iborat tarkibda sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirish;
yuqori malakali sportchilarni tayyorlash hamda paralimpiya sport turlari boʻyicha hududiy va respublika sport musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashishga, paralimpiya sport turlari boʻyicha xalqaro kompleks sport musobaqalari (Paralimpiya oʻyinlari, Paraosiyo oʻyinlari va boshqalar), Jahon, Paraosiyo, Markaziy Paraosiyo chempionatlari va kuboklari hamda boshqa xalqaro sport musobaqalari, qitʼalar va xorijiy davlatlarning ochiq chempionatlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirish;
sportchilarni tayyorlashning ilgʻor metodlarini oʻquv-mashgʻulot jarayoniga joriy etish;
sportchilarning jismoniy, texnik-taktik, psixologik tayyorligini takomillashtirish, ularning sport mahoratini oshirish;
jismoniy tarbiya-sport harakatini va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish.
5. Sport terma jamoalarini va ularning zaxirasini shakllantirishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan belgilangan tartibda Sport turlari reyestriga kiritilgan paralimpiya sport turlari boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.
6. Sport terma jamoalari:
sportchilarning barcha yosh toifalari va jinsiy mansubligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari va ularning zaxirasi — Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining taqdimnomasiga asosan;
sportchilarning barcha yosh toifalari va jinsiy mansubligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri sport terma jamoalari — tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tomonidan, Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlinmalarining taqdimnomasiga asosan;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining sport terma jamoalari — tegishli jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
7. Sport terma jamoalari (asosiy tarkib va zaxira (stajyorlar) tarkibiga quyidagilar kiradi:
sportchilar;
trenerlar (bosh trenerlar, katta trenerlar, trenerlar);
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — vrachlar, massajchilar, psixologlar, operatorlar, mexaniklar, farmakologlar, fiziologlar, diyetologlar, qutqaruvchilar va sportchilarni tayyorlash uchun zarur boʻladigan boshqa mutaxassislar;
maʼmuriy xodimlar — rahbarlar, menejerlar, sport (texnik) direktorlari, maʼmurlar.
8. Sport terma jamoalari tarkiblari paralimpiya sport turlari xususiyatlariga muvofiq Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan, xalqaro sport tashkilotlarining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalaridagi (kichik oʻsmirlar, oʻsmirlar, yoshlar, 23 yoshgacha (U-23) va kattalar) sportchilardan iborat boʻladi.
9. Sport terma jamoalari sport normativlariga muvofiq shakllantiriladigan paralimpiya sport turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda sport terma jamoalari sport normativlariga muvofiq shakllantiriladigan paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi chempionati yoki kubogi oʻtkazilishi majburiy hisoblanmaydi.
10. Sport normativlari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan har yili bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi chempionati va kubogi hamda xalqaro sport musobaqalarida sportchilarning qayd etadigan eng yaxshi koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
11. Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari va “Muruvvat” internat uylari tomonidan doimiy ravishda sport normativlariga muvofiq sportchilarning oʻquv-mashgʻulot jarayonidagi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi (keyingi oʻrinlarda — “ERP Sport” tizimi)ga kiritib boriladi hamda sportchilarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlaridagi koʻrsatkichlari “ERP Sport” tizimidagi maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda shakllanib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
“ERP Sport” tizimiga maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi hamda haqqoniyligi uchun jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari va “Muruvvat” internat uylarining trenerlari va rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda ushbu bandda koʻrsatilgan talab nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.
12. Paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanayotgan sportchilarning sport natijalari “ERP Sport” tizimida kiritib borilishi va ularning sport normativlarini bajarishi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan monitoring qilib boriladi.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlinmalari bilan birgalikda paralimpiya sport turlari boʻyicha sport normativlarini bajargan sportchilar ishtirokida har yili ikki marotaba hududiy nazorat musobaqalari oʻtkazib boriladi.
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan hududiy nazorat musobaqalari oʻtkazilishidan bir oy oldin Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida musobaqalar oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
14. Hududiy nazorat musobaqalarini oʻtkazish uchun har yili hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
Bunda hududiy komissiyalar tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sport vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.
15. Hududiy nazorat musobaqalarida sportchilar Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkazilgan klassifikatsiya xulosasi asosida ishtirok etadi.
16. Hududiy komissiyaning qarori bilan hududiy nazorat musobaqalarining sport normativlarini takroran muvaffaqiyatli bajargan sportchilar roʻyxati tasdiqlanadi va Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlinmalari tomonidan “ERP Sport” tizimiga kiritiladi hamda ushbu maʼlumotlar asosida sport terma jamoalarining asosiy nomzodlari roʻyxati shakllantiriladi.
17. Sport terma jamoalarining tarkiblari oʻtgan sport mavsumidagi rasmiy respublika yoki xalqaro sport musobaqalaridagi natijalardan kelib chiqib, shuningdek, sportchilarning sport normativlari koʻrsatkichlari boʻyicha sportchilarning natijalarini muhokama qilgan holda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzuridagi Trenerlar kengashi tomonidan shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
18. Sport terma jamoalarining tarkiblarini shakllantirishning mezonlari rasmiy respublika yoki xalqaro sport musobaqalaridagi natijalardan kelib chiqib, shuningdek, Sport terma jamoalarining tarkiblarini tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
19. Paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari trenerlari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri sport terma jamoalarining trenerlari tegishli ravishda Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlinmalarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi sport vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari boshliqlari tomonidan tayinlanadi.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining sport terma jamoalari trenerlari tegishli jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan tayinlanadi.
20. Sport terma jamoalari trenerlari uchun malaka talablari Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan belgilanadi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining maʼmuriy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
22. Yosh toifalari, erkaklar va ayollar boʻyicha asosiy tarkibdan va zaxiradan (stajyorlardan) shakllantiriladigan sport terma jamoalari aʼzolari — sportchilar, trenerlar, maʼmuriy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning roʻyxat boʻyicha tarkibi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda tasdiqlanadi.
23. Sport terma jamoalarining tarkiblari tegishli buyruq bilan 1 yil muddatga tasdiqlanadi va kalendar yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha amal qiladi. Sport terma jamoalarining tasdiqlangan tarkibini quyidagi asoslarga koʻra qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyiladi:
oʻtgan sport musobaqalarining natijalari;
sportchilar natijalari darajasining jiddiy pasayishi;
sportchilar olgan jarohatlar, ular chalingan kasalliklar;
sportchilar yashash joyining oʻzgarishi;
sportchilarning sport terma jamoalari tarkibidan ixtiyoriy chiqishi;
sportchilarning sport musobaqalarida qatnashishni toʻxtatishi;
maʼnaviy-axloqiy va boshqa normalarning buzilishi;
antidoping qoidalarining buzilishi;
Xalqaro paralimpiya qoʻmitasining klassifikatsiya qoidalari oʻzgarishi.
24. Sport terma jamoalari tarkibiga kiritiladigan sportchilarning cheklangan soni ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq paralimpiya sport turlari boʻyicha Jahon va Osiyo chempionatlaridagi eng koʻp sonli sportchilar tarkiblari boʻyicha aniqlanadi.
25. Sport terma jamoalarining roʻyxat boʻyicha tarkibida sportchilarni tayyorlagan trenerlarga doir maʼlumotlar koʻrsatiladi.
26. Quyidagi talablarga javob bermaydigan sportchilarni sport terma jamoalari tarkibiga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmasa (Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari uchun);
sport terma jamoalari tarkibidagi tegishli yosh toifasiga muvofiq boʻlmasa;
sport bilan shugʻullanish uchun tibbiy ruxsatnomaga va sport pasportiga ega boʻlmasa;
klassifikatsiya xulosasiga ega boʻlmasa.
3-bob. Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalari uchun shart-sharoitlar yaratish
27. Sport terma jamoalari va ularning zaxirasi aʼzolari (ushbu maqsadlarga ajratilgan mablagʻlar doirasida) quyidagi huquqlarga ega:
oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari hamda sport terma jamoalari tarkibida respublika va xalqaro sport musobaqalarida qatnashish davrida turar joy, oziq-ovqat, kiyim-bosh va sport formasi bilan taʼminlanish;
davlat sport inshootlaridan foydalanish;
davlat ilmiy-tadqiqot institutlari va taʼlim tashkilotlarining ilmiy, tibbiy-biologik va texnik yutuqlaridan foydalanish;
kasallangan va sport jarohatlari olingan barcha holatlarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatli organning yoʻllanmasi boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatishdan, shuningdek, sport tibbiyot muassasalarida, sogʻliqni saqlash muassasalarida davolanish.
28. Sport terma jamoalari aʼzolari quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi va hududiy sport terma jamoalari tarkibida respublika hamda xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etish, xalqaro sport musobaqalarida Oʻzbekiston Respublikasi sharafini himoya qilish;
sport tadbirlarida qatnashgan holda oʻz sport mahoratini oshirish, yuksak fuqarolik, maʼnaviy-irodaviy va axloqiy sifatlarini namoyon qilish, gigiyena asoslarini oʻrganish, paralimpiya harakati sohasida bilimlarni egallash;
tayyorgarlik, mashgʻulot va musobaqa topshiriqlarining individual rejalarini bajarish;
oʻz shaxsiy namunasi bilan sport terma jamoasida oʻrtoqlik, sogʻlom raqobatlashish, sport terma jamoasining maʼmuriyatiga va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga, sport hakamlariga, tomoshabinlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish ruhini qaror toptirishga intilish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoni va sport musobaqalari davomida sport terma jamoasi maʼmuriyatining koʻrsatmalarini, trenerlar tarkibi, vrach, ilmiy guruh rahbarlari hamda xodimlarining talablari va tavsiyalarini bajarish;
sport musobaqasining shaffofligi uchun kurashish, sport rejimini buzmaslik, shuningdek, doping, psixotrop va boshqa taqiqlangan preparatlarni hamda Butunjahon antidoping agentligi va sport turlari boʻyicha xalqaro sport tashkilotlari tomonidan taqiqlangan vositalarni qoʻllamaslik;
sport rejimiga, intizomiga va jamoat tartibiga rioya qilish;
sport formasi, anjomlari, uskunalari hamda sport inshootlariga va shu kabilarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish.
29. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy tarkibining sportchilari va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi oʻrtasida tegishli shartnomalar tuzilishi mumkin.
Shartnomalarda quyidagi shartlar (Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining mablagʻlari hisobidan) nazarda tutilishi mumkin:
turli darajadagi xalqaro sport musobaqalariga maqsadli tayyorlanish va yuqori sport natijalariga erishish uchun shartnomada koʻrsatilgan mablagʻlarni belgilash va toʻlash;
moddiy, mulkiy va maʼnaviy zararni toʻlash;
sportda jarohatlanishlar yoki kasbiy kasallanishlar natijasidagi mehnatga layoqatsizlikni qoplash va boshqa qoplov turlari;
mukofotlar, nafaqalar va boshqa ragʻbatlantirish turlari;
natijalarni hisoblab yozish va sportchi boshqa jamoaga oʻtgan taqdirdagi boshqa shartlar;
aniq sport talablarini bajarish.
Bunda dopingga qarshi qoidalar sportchi tomonidan buzilgan taqdirda, shartnoma bekor qilinadi.
30. Sport terma jamoalarini, shu jumladan, ularni sport musobaqalariga va sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlariga tayyorlash va ularning mazkur tadbirlarda ishtirok etishini taʼminlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, Davlat budjeti mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi va bunda quyidagilar bilan bogʻliq xarajatlar nazarda tutiladi:
sport terma jamoalarining resurslarini oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida, sport musobaqalarida va ommaviy sport tadbirlarida qatnashishda energiya sarflarini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash, ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash;
farmokologik va tiklash vositalari, vitaminlar va oqsil-glukoza preparatlari, umumiy davolanish maqsadidagi dori-darmonlar va bogʻlov-oʻrov materiallarini xarid qilish;
sport inshootlari, uskunalar, anjomlar va texnik vositalar, avtotransport vositalari, sport kiyimlari, anjomlari va uskunalarini saqlash uchun xonalarni ijaraga olish;
sport terma jamoalarining oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlash;
sport musobaqalariga, ommaviy sport va boshqa sport tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularda qatnashish jarayonida sport terma jamoalari aʼzolari uchun yoʻl haqi, turar joy uchun va sutkalik toʻlovlar toʻlash;
puxta va ixtisoslashtirilgan kompleks tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
sport terma jamoalari aʼzolarining holatini (fizioterapevtik, psixologik va shu kabilar boʻyicha) tiklash tadbirlarini oʻtkazish;
sport terma jamoalari aʼzolarini sport formalari, maxsus sport kiyimlari, anjomlari va uskunalari bilan taʼminlash;
oʻquv-metodik va tibbiy-pedagogik koʻrikdan va nazoratdan oʻtkazishni taʼminlash;
sport terma jamoalari sportchilarini, aʼzolarini samarali tayyorlash maqsadida ilmiy tadqiqotlar tashkil etish va oʻtkazish;
akkreditatsiya, vizalar olish uchun, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida, sport musobaqalarida, ommaviy sport va boshqa sport tadbirlarida sport terma jamoalari aʼzolarining qatnashishi uchun badallar toʻlash;
doping nazoratini oʻtkazish;
aeroportlar, temir yoʻllar, avtovokzallar va suv portlari yigʻimlarini toʻlash;
sport anjomlari va uskunalarini tashish;
zamonaviy talablarga javob beradigan zarur sport, texnik va elektron uskunalar, anjomlar va boshqa vositalarni sotib olish;
sport terma jamoalari mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish (konferensiyalar, kurslar, seminarlar va shu kabilarda qatnashish) hamda ularga mehnat sharoitlarini yaxshilash;
sport terma jamoalarini tegishli ilmiy-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash, ularning ommaviy axborot vositalarida chiqishlarini tashkil etish, sport terma jamoalari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, sport terma jamoalari toʻgʻrisidagi turli targʻibot vositalari (plakatlar, bukletlar, taqvimlar va boshqalar) chiqarish;
yonilgʻi-moylash materiallari va boshqa zarur materiallar bilan taʼminlash;
sport terma jamoalari aʼzolarining madaniy-maʼrifiy, axloqiy va vatanparvarlik tarbiyasi darajasini, shuningdek, maxsus hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha bilimlarini oshirish;
sport terma jamoalari aʼzolarini sugʻurtalash.
4-bob. Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarining sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida qatnashishi
31. Sport terma jamoalari respublika va xorijdagi sport musobaqalari va tadbirlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi.
32. Terma jamoalar ishtirokidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari belgilangan tartibda tasdiqlangan sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar-rejasi, sport terma jamoalarini tayyorlash rejalariga, shu jumladan, sportchilarni tayyorlashning individual rejalariga, shuningdek, sport yoki jismoniy tarbiya tadbirlari haqidagi nizomlar (reglamentlar)ga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
33. Sport terma jamoalari aʼzolari mansub boʻlgan tashkilotlar hamda sport terma jamoalari aʼzolari sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari toʻgʻrisida va rejalashtirilayotgan borish yoʻnalishi toʻgʻrisida tadbirlar oʻtkaziladigan sanadan kamida 15 kun oldin yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.
34. Sport terma jamoalarining sportchilari, trenerlari, sport tadbirining (har biri boʻyicha alohida) maʼmuriy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining nomma-nom tarkibi sport terma jamoalarining tasdiqlangan roʻyxatiga muvofiq sportchilar va trenerlar, maʼmuriy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan shakllantiriladi.
35. Sport terma jamoalari sportchilari, aʼzolari uchun ularni tayyorlashning tasdiqlangan alohida rejalariga muvofiq oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini belgilangan tartibda tashkil etish va oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
5-bob. Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalari aʼzolarining natijalarini hisobga olish va ularni ragʻbatlantirish
36. Sportchilarning sport terma jamoalari aʼzolarining hududiy hamda respublika sport musobaqalaridagi va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlaridagi ishtiroki natijalari (gʻalaba, sovrinli oʻrinni egallash, rekord oʻrnatish va shu kabilar) boʻyicha hisoblangan ochkolar majburiy tartibda:
ular mansub boʻlgan jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari;
yuqori sport natijalarini koʻrsatgan vaqtda ular roʻyxatdan oʻtkazilgan respublika hududi hisobiga yoziladi.
37. Sportchilarning sport terma jamoalari aʼzolarining hududiy sport musobaqalaridagi va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlaridagi ishtiroki natijalari (gʻalaba, sovrinli oʻrinni egallash, rekord oʻrnatish va shu kabilar) boʻyicha ochkolar xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadigan yakuniy rasmiy natijalarga koʻra hisoblanadi.
38. Parallel hisoblanadigan ochkolar:
boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga oʻtgan sportchi uchun, yangi va ilgarigi sport tashkilotida parallel ravishda hisobga olingan holda;
respublikaning boshqa hududidagi taʼlim tashkilotlarida oʻqish davri uchun beriladi.
39. Sport terma jamoalarining paralimpiya sport turlari boʻyicha xalqaro kompleks sport musobaqalari (Paralimpiya oʻyinlari, Paraosiyo oʻyinlari va boshqalar), Jahon, Paraosiyo, Markaziy Paraosiyo chempionatlari va kuboklari hamda boshqa xalqaro sport musobaqalari, qitʼalar va xorijiy davlatlarning ochiq chempionatlarida erishgan yuqori sport yutuqlari uchun sport terma jamoalari aʼzolari belgilangan tartibda:
davlat mukofotlari;
sport unvonlari, nishonlar, diplomlar, yorliqlar, kuboklar, medallar;
moddiy, mulkiy va boshqa buyumlar;
turli qimmatbaho sovgʻalar;
ragʻbatlantirishning boshqa shakllari bilan mukofotlanishlari mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi sport terma jamoalari tarkibini shakllantirishning va unga sportchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislarni kiritishning toʻgʻriligi yuzasidan javobgar hisoblanadi.
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

NAMUNA

Yosh toifalari, erkaklar va ayollar boʻyicha asosiy tarkibdan va zaxiradan (stajyorlardan) shakllantiriladigan paralimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalar aʼzolari — sportchilar, trenerlar, maʼmuriy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning roʻyxat boʻyicha

TARKIBI

_______________________

(tashkilotning nomi)

___________________dagi

(yil) (kun) (oy)

_____-son buyrugʻiga

____-ilova

_____________________________________________ terma jamoasining

(milliy, viloyat, shahar, sport klubi, maktab va boshqalar) ______________________

____________________________ __________________ boʻyicha 20__ yil uchun

_________ (yoshi, jinsi boʻyicha) ______________ (paralimpiya sport turi) __________________________

T/r

F.I.O.

Tugʻilgan yili, pasport (ID-karta) maʼlumotlari

Sport unvoni (razryadi)

Jismoniy tarbiya-sport tashkiloti

Manzili (viloyat, shahar, tuman)

Ish, oʻqish joyi

Natijasi

Trenerning F.I.O.

I. SPORTCHILAR ROʻYXATI

a) Asosiy tarkib

1.

b) Zaxira tarkibi

1.

II. MAʼMURIY, TRENERLAR VA XIZMAT KOʻRSATUVCHI XODIMLAR

T/r

F.I.O.

Tugʻilgan yili, pasport (ID-karta) maʼlumotlari

Manzili (viloyat, shahar, tuman)

Terma jamoadagi lavozimi

Qoʻshimchalar

1.

Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti va “Muruvvat” internat uylari rahbari

____________

____________

(imzo)

(F.I.O.)

Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyasi (uyushmasi)ning rahbari

____________

____________

(imzo)

(F.I.O.)

Bosh (katta) trener

____________

____________

(imzo)

(F.I.O.)

Izoh.

1. Paralimpiya sport turlarining xususiyatiga muvofiq “Natijasi” ustunida — sport musobaqalarining bosqichi, egallagan oʻrni, oxirgi yarim yilda oʻrnatgan rekordi va shu kabilar koʻrsatiladi.

2. “Trenerning F.I.O.” ustunida sportchini tayyorlagan trenerlarning (2 nafardan koʻp emas) F.I.O. yoziladi.

Keyingi tahrirga qarang.
Paralimpiya sport turlari boʻyicha sport terma jamoalarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Paralimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalar tarkibiga kiritiladigan sportchilarning Jahon va Osiyo chempionatlaridagi eng koʻp sonli sportchilar tarkibiga koʻra belgilanadigan cheklangan soni
1. Erkaklar, ayollar:
a) asosiy tarkib:
paralimpiya sport turining jamoaviy oʻyin turlari (sport turlari) — 1,5 ta tarkib;
aravachada tennis, parastol tennisi, parabadminton, sport yakka kurashi (shu jumladan, pauerlifting) — 2 ta tarkib;
sportning boshqa turlari — 2 ta tarkib;
b) stajyorlar tarkibi (zaxira):
paralimpiya sport turining jamoaviy oʻyin turlari (sport turlari) — 1 ta tarkib;
aravachada tennis, parastol tennisi, parabadminton, sport yakka kurash (shu jumladan, pauerlifting) — 2 ta tarkib;
sportning boshqa turlari — 1 ta tarkib.
2. Bolalar, oʻsmirlar, qizlar:
a) asosiy tarkib:
paralimpiya sport turining jamoaviy oʻyin turlari (sport turlari) — 2 ta tarkib;
aravachada tennis, parastol tennisi, parabadminton, sport yakka kurash (shu jumladan, pauerlifting) — 2 ta tarkib;
sportning boshqa turlari — 2 ta tarkib;
b) stajyorlar tarkibi (zaxira):
paralimpiya sport turining aravachada tennis, parastol tennisi, parabadminton, sport yakka kurash (shu jumladan, pauerlifting) — 2 ta tarkib;
sportning boshqa turlari — 1 ta tarkib.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 630-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “Paralimpiya,” va “, Paraosiyo” soʻzlari chiqarib tashlansin.
ikkinchi xatboshidan “taqdimnomasi, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining” soʻzlari;
uchinchi xatboshidan “, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. 12-banddan “, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
birinchi xatboshidan “, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi” soʻzlari;
ikkinchi xatboshidan “, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. 16-banddan “, paralimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
ikkinchi xatboshidan “Paralimpiya,” va “, Paraosiyo” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshidan “va paralimpiya” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2025-y., 09/25/630/0905-son; 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)