toggle_night_mode
Hujjat 06.09.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 21-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-68-son Farmoni bilan:
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) etib qayta nomlangani;
Akademiyaning islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilangani;
Akademiyaning asosiy vazifalari va huquqlari belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Akademiya rektoriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Din ishlari boʻyicha qoʻmita) bilan kelishgan holda, Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
a) nazariy taʼlim bilan amaliyotning uygʻunligini taʼminlash maqsadida Akademiyada quyidagilarni nazarda tutuvchi dual taʼlim tizimi joriy qilinadi:
dual taʼlim “4+2” shaklida, yaʼni nazariy qismni 4 kun taʼlim muassasasida, amaliy qismni 2 kun amaliyot oʻtash joyida oʻtkazish;
dual taʼlimga Akademiyaning tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining bitiruvchi kurs talabalarini jalb etish;
amaliyot davrida Akademiya talabalarini Din ishlari boʻyicha qoʻmita xodimlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlariga kuzatuvchi-amaliyotchi sifatida biriktirish;
b) kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida quyidagi tartib joriy qilinadi:
Akademiyaning taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirish, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish orqali talabalarning amaliy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda taʼlim jarayonining oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish;
dinshunoslik va islomshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha Akademiya yuqori bosqich talabalarining diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlarda amaliyot oʻtashi va keyinchalik ularni ushbu tashkilotlarda ishga joylashtirish.
4. Akademiyada taʼlim va ilmiy-tadqiqot uygʻunligini taʼminlash maqsadida 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
talabalarda nodir qoʻlyozma, toshbosma asarlar va arxiv hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiq saqlash koʻnikmasini shakllantirish uchun Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi;
talabalarda psixodiagnostik amaliy koʻnikma va malakalarni shakllantirish hamda psixologik va sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish uchun “Din sotsiopsixologiyasi” oʻquv laboratoriyasi tashkil etilsin.
Bunda mazkur laboratoriyalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Akademiya talabnomasiga asosan Oliy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Akademiyaga oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushadigan mablagʻlarning yetishmagan qismi davlat oliy taʼlim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritish orqali qoplanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Din ishlari boʻyicha qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi S.D. Toshboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-sentabr,
565-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining
TUZILMASI*

Vasiylik kengashi

Ilmiy kengash

Rektor

Rektor maslahatchisi

Kengash

Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor

Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor

Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor

Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor

Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi

Oʻquv-uslubiy boshqarma

Xalqaro hamkorlik boʻlimi

Reja-moliya boʻlimi

Yuriskonsult

Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi

Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi

Oʻquv-metodik taʼminot boʻlimi

Talabalar (xorijiy) bilan ishlash boʻlimi

Buxgalteriya

Xodimlar boʻlimi

Xotin-qizlar boʻlimi

Taʼlim jarayonini tashkil etish boʻlimi

Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʻlimi

Texnik-foydalanish va xoʻjalik boʻlimi

Birinchi va ikkinchi boʻlim

Talabalar turar joyi

Magistratura boʻlimi

Fuqaro va mehnat muhofazasi boʻlimi

Devonxona va arxiv

Manbalar xazinasi boʻlimi

Talabalar amaliyoti boʻlimi

Nashriyot-matbaa birlashmasi **

Matbuot kotibi

“Islom ensiklopediyasi” boʻlimi

Axborot-resurs markazi

Registrator ofisi

Oromgoh

OAV va jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi

“Islom tafakkuri” va “Islom ziyosi” jurnallari **

Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi

Xizmat koʻrsatish boʻlimi (Front office)

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring boʻlimi

Maʼlumotlar bazasi boʻlimi (Back office)

Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi

“Ziyo” media markazi

Islomshunoslik fakulteti

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti

Akademik litsey

Kafedralar

Kafedralar

Kafedralar

Ixtisoslashgan maktab

* Akademiya (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
** Akademiyaning budjetdan tashqari (toʻlov-kontraktlar hisobidan tashqari) mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-iyundagi 466-son qarorida:
a) nomidagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash;
taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish;
vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmogʻida taʼlim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish;
mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish”;
v) 3-band va ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Akademiyaga talabalar taʼlim shaklidan qatʼi nazar, kasbiy (ijodiy) imtihon hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilinsin. Bunda kasbiy (ijodiy) imtihon Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha oʻtkazilsin”;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Akademiyaning bakalavriat va magistratura bosqichlarini bitirgan talabalar oʻz ixtisosligi boʻyicha davlat hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga ishga qabul qilinishida davlat taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan teng huquqqa ega boʻladilar”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-noyabrdagi 896-son qarori 4-bandi oltinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-martdagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarini sport turlariga ixtisoslashtirish jadvali 92-pozitsiyasidagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 502-son qarori bilan tasdiqlangan Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan atoqli yozuvchi va shoirlarning ibratli hayoti va ijodini chuqur oʻrganish hamda targʻib qilish boʻyicha oliy taʼlim muassasalarini biriktirish roʻyxatining 7-bandidagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 16-dekabrdagi 756-son qaroriga 1-ilovaning 17-bandidagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” soʻzlari “Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi 358-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish jarayonini yanada soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-iyuldagi 386-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)