toggle_night_mode
Hujjat 14.08.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Madaniy meros sohasiga oid maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni bilan:
moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish;
Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish;
arxeologiya ashyosining Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishi tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;
Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarga muvofiq davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi.
4. Madaniy meros agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarga muvofiq davlat xizmatlarining YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borishni joriy etsin.
5. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Madaniy meros agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktori B.G. Abdikarimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-avgust,
512-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 512-son qaroriga
1-ILOVA
Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy va yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) va Davlat xizmatlari markazlari orqali moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha vakolatli organga murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxs;
vakolatli organ — moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va uning hududiy boshqarmalari;
davlat kadastri — tabiiy, xoʻjalik obyekti yoki boshqa obyekt muayyan turining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi toʻgʻrisidagi yangilanib turiladigan maʼlumotlar va hujjatlar tizimi;
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri (keyingi oʻrinlarda — Davlat kadastri) — oʻzida moddiy madaniy meros obyektlarining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi toʻgʻrisidagi yangilab turiladigan maʼlumotlar va hujjatlar tizimi.
3. Davlat kadastrini yuritish madaniy meros obyektlariga doir mulk huquqi va boshqa huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni, madaniy meros obyektlarining miqdoriy va sifat tavsiflarini hisobga olishni, madaniy meros obyektlarini sifat va qiymat jihatidan baholashni, kadastr axborotini turkumlashtirish, saqlash va yangilashni, madaniy meros obyektlarining holati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzishni, madaniy meros obyektlari soni oʻzgargan taqdirda, Davlat kadastrlari yagona tizimiga yangilangan geoaxborot maʼlumotlarni taqdim etib borishni hamda foydalanuvchilarni kadastr axboroti bilan taʼminlashni oʻz ichiga oladi.
4. Davlat kadastrini yuritish ishlari madaniy meros sohasiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat kadastrining mazmuni
5. Davlat kadastrida respublika hududidagi barcha moddiy madaniy meros obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻladi.
Davlat kadastrida axborot alifboli-raqamli (matnli, jadvallar, vedomostlar) va chiziqli-grafikli (raqamli-grafik chizmalar, rejalar, sxemalar, uch oʻlchamli modellar, kesimlar va oʻlchamlar) shakllarda yuritiladi.
6. Davlat kadastri:
moddiy madaniy meros obyektlarining geografik joylashishi haqidagi maʼlumotlarni;
moddiy madaniy meros obyektlarining miqdoriy va sifat tavsiflari hisobini oʻz ichiga oladi.
7. Madaniy meros obyektlarini hisobga olish axboroti:
kadastr tartib raqamini;
nomini;
joylashgan joyini;
tipologik tegishliligini;
sana qoʻyishni;
mulkdor, egasi, foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchi — yuridik yoki jismoniy shaxsning nomini va manzilini;
moddiy madaniy meros obyektining idoraviy mansubligini;
moddiy madaniy meros obyektining maqsadli vazifasini;
tarixiy maʼlumotlarni;
moddiy madaniy meros obyektining dastlabki qiyofasini oʻzgartirgan qayta qurish va yoʻqotishlarni;
taʼmirlash ishlarini (umumiy tavsif, qiymati, vaqti, muallif, hujjatlar saqlanadigan joy);
binoga, inshootga, yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
identifikatsiya raqamini;
muhofaza zonalari va qurilishni tartibga solish chegaralarini (tasdiqlovchi hujjatga asoslangan holdagi reja, qisqacha tavsif) oʻz ichiga oladi.
8. Quyidagilar:
arxeologiya yodgorliklari uchun: sana qoʻyish (davri), qidirish va qazish ishlari kim tomonidan va qachon bajarilgani, topilgan materiallarning saqlanish joyi;
tarix yodgorliklari (diqqatga sazovor joylar) uchun: paydo boʻlish tarixi, obyekt yodgorlik ahamiyatiga ega ekanligi bilan bogʻliq voqealar va shaxslarning qisqacha tavsifi;
arxitektura va monumental sanʼat yodgorliklari uchun: muallif, quruvchi, buyurtmachi, qurilgan sanasi (davri) tarixiy maʼlumotlar hisoblanadi.
9. Moddiy madaniy meros obyekti tavsifi:
nomi;
tipologik mansubligi;
manzili;
zamonaviy foydalanilishi;
tarixiy maʼlumotlar;
yodgorlikning dastlabki qiyofasini oʻzgartirgan qayta qurishlar va yoʻqotishlar;
ilmiy-tarixiy va badiiy ahamiyati;
asosiy bibliografiya, arxiv manbalari, ikonografik material;
texnik holati;
muhofaza qilish tizimi;
muhofaza qilish toifasi;
muhofaza qilishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi hujjatning sanasi va tartib raqami;
muhofaza zonasi chegaralari;
balans boʻyicha mansubligi;
muhofaza hujjatining sanasi va tartib raqami (majburiyatlar);
arxeologiya yodgorligi uchun: sanasi, eng muhim topilmalar roʻyxati va tavsifi;
tarix yodgorliklari uchun: sanasi, marmar lavhada matnlar mavjudligi va oʻrnatilgan vaqti;
arxitektura yodgorliklari uchun: sanasi, rejalashtirilishi, kompozitsion-makon tuzilmasi va konstruksiyalarning oʻziga xosligi, fasad va interyerlar bezagi xususiyati, rang-tasvir, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat mavjudligi, qurilish materiali, asosiy oʻlchamlari;
monumental sanʼat yodgorliklari uchun: muallifi va sanasi, kompozitsion yechimi xususiyatlari, matnlar, material, texnika, hajmi;
moddiy madaniy meros obyektining ijtimoiy, ilmiy-tarixiy va badiiy ahamiyatiga umumiy baho berishdan iborat boʻladi.
10. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yer uchastkalari (shu jumladan, muhofaza zonalari)ning naturada belgilangan va mustahkamlangan chegaralari mavjud boʻlgan taqdirda, binolar va inshootlarning davlat yer kadastri va davlat kadastrini yurituvchi organlarda kadastr roʻyxatidan oʻtkaziladi. Yer uchastkasi chegaralarining burilish nuqtalari qoziqli belgilari yoʻqolgan taqdirda, ular oʻsha joyda yer uchastkasi chegaralarining burilish nuqtalari oʻrnatilgan, dala geodeziya oʻlchamlari oʻtkazilgan yoki tegishli koʻlamdagi topografiya maʼlumotidan foydalanilgan holda yer uchastkalari ajratish materiallari boʻyicha tiklanadi.
11. Moddiy madaniy meros obyektlari soni ularning amaldagi holati va foydalanilishiga koʻra hisobga olinadi.
12. Moddiy madaniy meros obyektlarining sifatga doir tavsifini hisobga olish:
sana (davri) qoʻyishni;
texnik holatni;
arxitektura bezagini;
badiiy naqshlarni oʻz ichiga oladi.
13. Texnik holat quyidagi tasniflash boʻyicha baholanadi: yaxshi, oʻrta, yomon, avariya holatida.
14. Muhofaza tizimi muhofaza toifasini (respublika ahamiyatiga, mahalliy ahamiyatga egaligi), muhofaza uchun qabul qilinishi toʻgʻrisidagi hujjatning sanasi va tartib raqamini oʻz ichiga oladi.
15. Moddiy madaniy meros obyektlari, shu jumladan ularning qiymati, ulardan samarali foydalanishni belgilash, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash, sugʻurta, ijara toʻlovi stavkalari, ularni taʼmirlash, konservatsiya qilish xarajatlarini qoplash va joriy tuzatish uchun baholanadi.
16. Moddiy madaniy meros obyektlari qiymati vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan metodika boʻyicha baholanadi.
17. Davlat kadastri kadastr axborotining uzluksiz yangilanishini taʼminlovchi asosiy va joriy turlarni oʻz ichiga oladi.
Davlat kadastrining asosiy turini yuritishda madaniy meros obyektlari barcha turlarining birlamchi hisobi amalga oshiriladi, ularning soni koʻrsatiladi va naturada yer uchastkalari chegaralari belgilanadi (yer uchastkalarini roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlari asosida).
Joriy turda kadastrga kadastrning asosiy turi oʻtkazilgandan keyin madaniy meros obyekti boʻyicha roʻy bergan barcha oʻzgartirishlar kiritiladi.
18. Moddiy madaniy meros obyektiga kadastr hujjatlari:
madaniy meros obyektiga mulk huquqini va boshqa huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlardan;
madaniy meros obyekti kadastr ishidan;
kadastr daftaridan;
kadastr xaritasidan (rejadan);
moddiy madaniy meros obyektining holati toʻgʻrisidagi hisobotdan iborat boʻladi.
19. Moddiy madaniy meros obyektining kadastr xaritasi (rejasi) kadastr obyektlarining joylashgan joyini, ularning chegaralarini, muhofaza zonalarini, baholash, miqdoriy va sifat tavsiflarini aks ettiruvchi chiziqli hujjat hisoblanadi hamda qogʻozda, magnit va boshqa manbalarda tuziladi.
20. Madaniy meros obyekti kadastr ishi kadastr obyektiga huquqlarni shakllantirish, hisobga olish va keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan pasport, hujjatlar, materiallar va kadastr suratga olish hujjatlari, texnik xatlash va pasportlashtirish, maxsus tekshirish va qidiruvlar, kadastr obyektining sifat va qiymat bahosidan iborat boʻladi.
21. Kadastr daftari madaniy merosning kadastr obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olishning asosiy hujjati hisoblanadi hamda unda ularning geografik joylashishi, huquqiy maqomi, miqdoriy va sifat tavsiflari va baholash haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻladi.
3-bob. Davlat kadastriga kiritish va chiqarish tartibi
22. Tarixiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni Davlat kadastriga kiritish yoki chiqarish:
davlat mulki boʻlgan madaniy meros obyektlariga nisbatan — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining;
yuridik va jismoniy shaxslarning mulki boʻlgan madaniy meros obyektlariga nisbatan — yuridik va jismoniy shaxslarning takliflari asosida amalga oshiriladi.
23. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxemaga asosan koʻrsatiladi.
24. Ariza beruvchi moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat qiladi yoki YIDXPda davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
Davlat xizmatidan foydalanish uchun arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga kelib tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi.
25. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa — ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Ariza beruvchilardan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
26. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobile-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
27. Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi. Bunda:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan, Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslardan mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 50 foizi;
davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat xizmatlari koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
28. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli organga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
11,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (jumladan, 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — vakolatli organga oʻtkaziladi.
29. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
30. Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazlari soʻrovnoma toʻldirilgan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida uni vakolatli organga yuboradi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
31. Vakolatli organ soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng koʻpi bilan yigirma besh ish kunida Davlat kadastriga kiritish yoki chiqarish toʻgʻrisida tegishli buyruq chiqaradi. Bunda:
hududiy boshqarmalar 5 ish kuni ichida obyektni oldindan oʻrganadi va tayyorlangan materiallarni vakolatli organga yuboradi;
vakolatli organ 3 ish kuni ichida tayyorlangan materiallarning asosli ekanligini oʻrganish boʻyicha vakolatli organ huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga kiritadi;
Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi majlisiga kiritilgan materiallar 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va ekspertiza xulosasi qabul qilinadi;
Ilmiy-ekspert kengashining ekspertiza xulosasiga koʻra 2 ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan tegishli buyruq qabul qilinadi.
32. Vakolatli organ obyekt Davlat kadastriga kiritilgani yoki undan chiqarilgani toʻgʻrisida besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiga tegishli maʼlumotlarni taqdim etadi.
33. Quyidagilar obyektni moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarishga rad etish uchun asos boʻladi:
soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi;
davlat xizmatlari koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik;
vakolatli organga ariza beruvchi tomonidan obyektni oʻrganish uchun imkoniyat yaratilmagani;
obyektning tarixiy-madaniy ekspertizasi xulosasida obyektni Davlat kadastriga kiritish yoki chiqarishga tavsiya etilmagani;
Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan obyektni Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarish toʻgʻrisida rad etish qarori qabul qilingani.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslarga koʻra rad etish taqiqlanadi.
34. Ariza beruvchi moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki chiqarish rad etilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlamasdan koʻrsatilgan kamchilikni bartaraf etgan holda, moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarish uchun takroran murojaat qilish huquqiga ega.
35. Moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar ariza beruvchi tomonidan bartaraf qilingan taqdirda, takroran kelishish soʻrovnoma takroran tushgan kundan boshlab uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
36. Moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarishni takroran koʻrib chiqishda vakolatli organ tomonidan avvalgi rad etish asoslarida bayon etilmagan sabablarning keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, oldin koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
37. Vakolatli organ moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarishni kelishgan kunning oʻzida QR-kod qoʻyilgan Moddiy madaniy meros obyekti davlat kadastriga kiritilgani haqidagi xulosani Davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.
38. Davlat xizmatlari markazlari xulosa olinganidan soʻng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron pochta manziliga yuboradi va bu haqida ariza beruvchini elektron tarzda xabardor qiladi.
39. Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga xulosani elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etadi.
40. Vakolatli organ tomonidan Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilgan moddiy madaniy meros obyektiga obyektning muhofaza qilish mazmunidagi maʼlumotlar va obyektning tavsiflari kiritilgan pasporti shakllantiriladi.
41. Vakolatli organ tomonidan Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Hududiy boshqarmalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Davlat kadastriga kiritilgan madaniy meros obyektlarining holati ustidan nazoratni taʼminlaydi.
43. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organlar oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida ariza beruvchidan olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
44. Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablariga rioya qilinishi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
45. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
46. Davlat kadastriga kiritilgan madaniy meros obyektiga nisbatan kadastr axboroti oʻzgargan taqdirda, madaniy meros obyektlarining egalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bir oy muddatda bu haqida tegishli hududiy boshqarmaga maʼlum qilishlari shart.
47. Hududiy boshqarmalar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda uch yilda bir marta madaniy meros obyektlarining holatini tekshiradi. Tekshirish natijalari boʻyicha zaruratga koʻra vakolatli organga madaniy merosning mazkur obyektlarini saqlash boʻyicha joriy va istiqboldagi dasturlarni ishlab chiqishga doir takliflar kiritadi.
48. Davlat kadastri axboroti davlat organlari va boshqa tashkilotlarga bepul, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga esa belgilangan tartibda haq toʻlash evaziga beriladi.
49. Davlat kadastrini yuritishni tashkil etish boʻyicha yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan kelishgan holda, belgilangan tartibda vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
50. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(jismoniy va yuridik shaxslar)

Moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish yoki undan chiqarish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

Ariza beruvchi bilan birgalikda soʻrovnomani toʻldirib, hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga yuboradi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. Avtomatik tarzda

3-bosqich

Ariza beruvchi

Xulosani olish uchun Reglamentning 27-bandida belgilangan toʻlovni amalga oshiradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng

4-bosqich

Vakolatli organ

(Madaniy meros agentligi)

1. Hududiy boshqarmalar obyektni oldindan oʻrganadi va tayyorlangan materiallarni vakolatli organga yuboradi.

5 ish kunida

2. Vakolatli organ tayyorlangan materiallarning asosli ekanligini oʻrganish boʻyicha vakolatli organ huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga kiritadi.

3 ish kunida

3. Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi majlisiga kiritilgan materiallar koʻrib chiqiladi va ekspertiza xulosasi qabul qilinadi.

15 ish kunida

4. Ilmiy-ekspert kengashining ekspertiza xulosasiga koʻra vakolatli organ tomonidan tegishli buyruq qabul qilinadi.

2 ish kunida

5-bosqich

Vakolatli organ

Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilgani toʻgʻrisida Kadastr agentligiga maʼlumotlarni taqdim etadi.

5 ish kunida

6-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

Obyekt Davlat kadastriga kiritilgani yoki undan chiqarilgani haqidagi xulosa ariza beruvchiga taqdim etiladi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. Avtomatik tarzda

Moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

NAMUNA

__________________

__________________

(sanasi)

(raqami)

Moddiy madaniy meros obyektini Davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish toʻgʻrisida

SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

 

2. Pasport maʼlumotlari (seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlsa):

 

3. Telefon raqami:

 

4. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

 

Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Rasmiy nomi (toʻliq):

 

2. Joylashgan joyi:

 

3. Telefon raqami:

 

4. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

 

II. Moddiy madaniy meros obyekti toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Moddiy madaniy meros obyektining manzili (indeks, manzil, moʻljal):

 

2. Moddiy madaniy meros obyektining texnik holati:

Yaxshi

Qoniqarli

Qoniqarsiz

Avariya holatida

3. Moddiy madaniy meros obyektining turi:

Arxeologiya yodgorligi

Arxitektura yodgorligi

Turar joy

Noturar joy

Mahobatli sanʼat yodgorligi

Diqqatga sazovor joylar

4. Mulk va egalik huquqi

davlat mulki

xususiy mulk

5. Egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat

Kadastr hujjati raqami (davlat yer mulkidan foydalanish dalolatnomasi):___________________

Guvohnoma seriyasi (binoga):_______

hujjat (qaror) qabul qilgan organ nomi:____________________________

hujjat (qaror) raqami:___________

hujjat (qaror) sanasi:____________

geografik koordinati: ___________

6. Obyekt yuzasidan taklif

Moddiy madaniy meros obyektlarini Davlat kadastriga kiritish

Moddiy madaniy meros obyektlarini Davlat kadastridan chiqarish

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 512-son qaroriga
2-ILOVA
Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy va yuridik shaxslarga Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma olish maqsadida vakolatli organga murojaat etuvchi muzey jismoniy va yuridik shaxs;
vakolatli organ — ariza beruvchining arizasini koʻrib chiqish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va uning hududiy boshqarmalari;
guvohnoma — jismoniy va yuridik shaxsga Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat;
Davlat katalogi — Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan har bir muzey ashyosi va har bir muzey kolleksiyasi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
Milliy muzey fondi — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi doimiy turgan muzey ashyolari va kolleksiyalari majmui boʻlib, ushbu muzey ashyolari va kolleksiyalarini aniqlash va asrab-avaylash, hisobga olish ishini markazlashtirish hamda ularni keng ommaga namoyish etish maqsadida tashkil etiladigan fond.
3. Davlat xizmati belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali guvohnomani berishga masʼul boʻlgan vakolatli organ tomonidan koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchilar Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
7. Ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganida, soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi ilova qilinadi.
8. Ariza beruvchi guvohnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali vakolatli organga ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq soʻrovnomani toʻldiradi.
9. Ariza beruvchidan ushbu Reglamentga 2-ilovada koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
10. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobile-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchilar YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
11. Soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
12. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
14. Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, soʻrovnoma Davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi, YIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
15. Vakolatli organ oʻttiz ish kuni ichida soʻrovnomani koʻrib chiqib, tegishli hujjatlar (maʼlumotlar) ushbu Reglament va soʻrovnomaga muvofiq boʻlgan taqdirda, ushbu Reglamentga 3-ilova bilan tasdiqlangan shakl boʻyicha QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnomani rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, Davlat xizmatlari markazlariga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
16. Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda, ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki ularda buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, vakolatli organ ariza beruvchiga kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda ularni bartaraf etish uchun besh ish kunidan iborat muddat beradi. Davlat xizmatlarini koʻrsatishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xabar ariza beruvchiga uch ish kuni ichida yuborilishi lozim.
17. Davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatining oʻtishi kamchiliklarni bartaraf etish vaqti davomida toʻxtatib turiladi. Kamchiliklar bartaraf etilib qayta taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilgani uchun toʻlov undirilmaydi.
18. Davlat xizmatlari markazlari guvohnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazlari ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilgan taqdirda, unga guvohnomani ariza beruvchining soʻroviga koʻra elektron yoki qogʻoz shaklda berishi shart.
19. Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan guvohnomada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari bajarilishi boʻyicha davlat organining faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
22. Ariza beruvchi vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
23. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Milliy muzey fondining davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(jismoniy va yuridik shaxslar)

Davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib yoki YIDXP orqali murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi xodimi soʻrovnomani toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada

2. YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

2. Real vaqt rejimida

3-bosqich

Vakolatli organ

(Madaniy meros agentligi)

1. Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani boʻyicha davlat (nodavlat) muzeylari koʻrib chiqiladi.

2. QR-kod (shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnomani rasmiylashtiradi va uni Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga (YIDXP orqali murojaat qilganda) yuboradi.

3. Guvohnoma rasmiylashtirishni rad etadi.

30 ish kunida

4-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnomani ariza beruvchiga taqdim etadi.

10 daqiqa ichida

Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

NAMUNA

__________________

__________________

(sanasi)

(raqami)

Milliy muzey fondining davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish uchun

SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. Pasport maʼlumotlari (pasport seriyasi va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlsa):

3. Manzili:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Yuridik nomi (toʻliq):

2. Tashkiliy-huquqiy shakli:

3. Joylashgan joyi:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

II. Soʻrovnomaga ilova qilinadigan hujjatlar:

Soʻralayotgan maʼlumotlar boʻyicha talab (nomi, davri va boshqalar);

guvohnoma tili (oʻzbek/rus);

yuridik va jismoniy (jismoniy shaxs boʻlganda notarial tasdiqlangan ishonchnoma) shaxs vakillari uchun ishonchnoma.

Milliy muzey fondining Davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 512-son qaroriga
3-ILOVA
Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga (keyingi oʻrinlarda — Davlat katalogi) kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda kuyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot olish maqsadida vakolatli organga murojaat etuvchi yuridik shaxs;
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi — har bir arxeologiya ashyosi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
vakolatli organ — ariza beruvchining arizasini koʻrib chiqish, arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani toʻgʻrisida maʼlumotnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va uning hududiy boshqarmalari;
maʼlumotnoma — arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat.
3. Davlat xizmati belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali maʼlumot berishga masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchi Arxeologiya ashyolarining Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan oʻzi kelib murojaat etadi yoki YIDXPda elektron foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi hamda Davlat xizmatlari markazlariga yoki YIDXP orqali vakolatli organga elektron shaklda murojaat qiladi.
Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
7. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga arizaga quyidagi hujjatlarni (PDF, PNG yoki JPEG formatda) taqdim etadi:
arxeologiya ashyosiga egalik qilayotgan yoki ulardan foydalanayotgan yoxud tasarruf qilayotgan fan, madaniyat va taʼlim muassasalarining asosiy hisob hujjatlaridan olingan aynan shu ashyoga oid maʼlumotlar;
arxeologiya ashyolarini roʻyxatga olish kitobi (kirim kitobi)ning maʼlumot olinadigan ashyoga oid qismi (mavjud boʻlganida).
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatib oʻtilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Ariza beruvchidan ushbu Reglamentning 7-bandida koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
9. Ariza beruvchi shaxsan yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi. Soʻrovnomaga mazkur Reglamentning 7-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganida, soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi ilova qilinadi.
10. Soʻrovnoma toʻldirilganidan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobile-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari, ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
11. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim undirilmaydi.
12. Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
13. Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganida, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi, YIDXP orqali murojaat etganda, avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
14. Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali yuborilgan murojaatlar vakolatli organ tomonidan oʻttiz kun ichida koʻrib chiqiladi.
15. Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot taqdim etish uchun vakolatli organ masʼul xodimlaridan iborat komissiya tuziladi. Ariza beruvchi hamda komissiya aʼzolari ishtirokida arxeologiya ashyosi joyida koʻrib chiqiladi va dalolatnoma tuziladi.
Shuningdek, vakolatli organga arxeologiya ashyolarini roʻyxatga olish kitobi (kirim kitobi)ning maʼlumot olinayotgan ashyoga oid qismi taqdim etiladi.
16. Agentlik soʻrovnoma tushgan vaqtdan boshlab, ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakldagi QR-kod qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, Davlat xizmati markazlariga yoxud ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
17. Davlat xizmatlari markazlari maʼlumot kelib tushgandan soʻng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilgan taqdirda, uning soʻroviga koʻra Davlat xizmatlari markazlari arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqidagi maʼlumotni elektron yoki qogʻoz shaklda taqdim etishi shart.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Davlat xizmatlari markazlari va Agentlik oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari Reglament talablari bajarilishi boʻyicha davlat organining faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
20. Ariza beruvchi vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
21. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(yuridik shaxs)

Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot olish uchun ariza beruvchi bilan birgalikda soʻrovnomani toʻldirib, Reglamentning 7-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada

2. Real vaqt rejimida

3-bosqich

Vakolatli organ

(Madaniy meros agentligi)

1. Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot taqdim etish uchun masʼul xodimlardan iborat komissiya tuziladi.

2. QR-kod (shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotni rasmiylashtiradi va uni Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga (YIDXP orqali murojaat qilganda) yuboradi.

3. Maʼlumot rasmiylashtirishni rad etadi.

30 ish kunida

4-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

QR-kod qoʻyilgan maʼlumotnomani ariza beruvchiga taqdim etadi.

10 daqiqa ichida

Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

NAMUNA

__________________

__________________

(sanasi)

(raqami)

Arxeologiya ashyosi Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqidagi maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun

SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Rasmiy nomi (toʻliq):

2. Tashkiliy-huquqiy shakli:

3. Telefon raqami:

4. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa):

II. Arxeologiya ashyosi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Arxeologiya ashyosining nomi va turi:

2. Arxeologiya ashyosining topilgan joyi:

3. Arxeologiya ashyosining texnik holati:

4. Mulk huquqi va egalik huquqi:

5. Arxeologiya ashyosining saqlanish joyi:

III. Soʻrovnomaga ilova qilinadigan hujjatlar:

Arxeologiya ashyosiga egalik qilayotgan yoki undan foydalanayotgan yoxud uni tasarruf qilayotgan fan, madaniyat va taʼlim muassasalarining asosiy hisob hujjatlaridan olingan aynan shu ashyoga oid maʼlumotlar.

Arxeologiya ashyolarini roʻyxatga olish kitobining Davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani toʻgʻrisida maʼlumot olinayotgan ashyoga oid qismi.

Arxeologiya ashyosi Arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgani yoki kiritilmagani haqida maʼlumot berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-avgustdagi 512-son qaroriga
4-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2025-y., 09/25/512/0730-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)