toggle_night_mode
Hujjat 24.06.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Turizm obyektlari hamda joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy taʼsiri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanish va ekologik talablarga muvofiq koʻrsatiladigan xizmatlarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoniga muvofiq turizm obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy taʼsiri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanishni, shuningdek, sohada ekologik talablar asosida koʻrsatiladigan xizmatlarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) 2025-yildan boshlab har yili noyabr oyida “Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Tanlovni oʻtkazishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda uning chiqindilar bilan ifloslantirilishining oldini olish;
turizm obyektlarida plastik mahsulotlardan foydalanishni hamda plastik chiqindilarni kamaytirish;
turizm obyektlarida bir martalik plastiklardan ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga oʻtish va ulardan foydalanishni ragʻbatlantirish;
ekologik talablar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekologik mezonlarga rioya etilishiga erishish;
turizm obyektlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash.
3. “Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) tanlov turizm obyektlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga oʻtish borasida yaxshi natijalarga erishgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda oʻz faoliyatida chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻtkaziladi;
b) tanlov hududiy saralash va respublika yakuniy bosqichlaridan iborat boʻladi;
v) tanlovni oʻtkazish boʻyicha hududiy komissiyalar tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan, respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi esa Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan tasdiqlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) tanlovning respublika yakuniy bosqichi gʻoliblari bir yoʻla toʻlanadigan quyidagi miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida;
2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida;
d) tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash hamda ularga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti, shuningdek, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
e) Respublika komissiyasi tomonidan tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarga davlat organlari va tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilikni jalb qilish, tadbirkorlik subyektlarining tanlovga boʻlgan qiziqishini oshirish, uni tashkil etish va yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
j) tanlovning adolatli va shaffof oʻtkazilishi, shuningdek, nomzodlar adolatli va xolisona tanlab olinishi, qoʻyiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Respublika komissiyasiga yuklanadi;
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalari orqali ushbu qaror ijrosi bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritib borsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-iyun,
385-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-iyundagi 385-son qaroriga
ILOVA
“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom turizm obyektlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga oʻtish borasida salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda oʻz faoliyatida chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida “Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar tanlovni oʻtkazishning maqsadlari hisoblanadi:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda uning chiqindilar bilan ifloslantirilishining oldini olish;
turizm obyektlarida plastik mahsulotlardan foydalanishni hamda plastik chiqindilarni kamaytirish;
turizm obyektlarida bir martalik plastiklardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga oʻtish va ulardan foydalanishni ragʻbatlantirish;
ekologik talablar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekologik mezonlarga rioya etish;
turizm obyektlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash.
3. “Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini oʻtkazish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan, respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi esa Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tanlov ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi) har yili 1-iyulga qadar tanlovni oʻtkazish haqida oʻz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Tanlov ishtirokchilari Turizm qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali har yili 1-avgustga qadar roʻyxatdan oʻtadi.
7. Roʻyxatdan oʻtgan tanlov ishtirokchilari haqidagi barcha maʼlumotlar Turizm qoʻmitasi tomonidan har yili 10-avgustga qadar hududiy komissiyalarga tanlovni oʻtkazish uchun yuboriladi.
Tanlov ishtirokchilarining boshqacha tarzda roʻyxatdan oʻtishiga yoki hududiy saralash bosqichida ishtirok etmasdan respublika yakuniy bosqichida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Tanlov har yili sentabr — noyabr oylarida quyidagi bosqichlarda:
hududiy saralash bosqichi — sentabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
respublika yakuniy bosqichi — oktabr-noyabr oylarida hududiy saralash bosqichlari gʻoliblari oʻrtasida respublika miqyosida oʻtkaziladi.
9. Tanlovning hududiy saralash bosqichini oʻtkazish uchun har yili mart oyida hududlardagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohasidagi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlardan iborat tarkibda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
Hududiy komissiyaga tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari raislik qiladi hamda komissiya ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohasida faoliyat koʻrsatuvchi tashkilotlarning xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlardan iborat tarkibda tuziladi.
10. Tanlovning respublika yakuniy bosqichini oʻtkazish uchun har yili aprel oyida quyidagi tarkibda Respublika komissiyasi tashkil etiladi:
rais — Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri;
Keyingi tahrirga qarang.
rais oʻrinbosarlari — Turizm qoʻmitasi raisi, uning oʻrinbosari va maslahatchisi;
Keyingi tahrirga qarang.
aʼzolar — Turizm qoʻmitasi markaziy apparatining xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar.
11. Tanlovda hududiy komissiya aʼzolari bir vaqtning oʻzida Respublika komissiyasi tarkibida qatnashishi mumkin emas.
12. Respublika komissiyasi tomonidan tanlovni oʻtkazish tartibi va baholash mezonlari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin hududiy komissiyalarga yuboriladi.
13. Tanlovning hududiy saralash va respublika yakuniy bosqichlari natijalari balli tizim asosida baholanadi.
14. Tanlov ishtirokchilari oʻzaro teng huquqli boʻlib, ustunlik yoki imtiyozlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Tanlov adolatlilik, xolislik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplari asosida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari kuzatuvi ostida oʻtkaziladi hamda texnik vositalar orqali qayd etib boriladi.
3-bob. Tanlovning hududiy saralash va respublika yakuniy bosqichlarini oʻtkazish tartibi
16. Tanlovning hududiy saralash va respublika yakuniy bosqichlarida ishtirokchilar balli tizim asosida baholanadi.
17. Tanlov natijasi boʻyicha toʻplangan ballar qoʻshilib, har bir ishtirokchining yakuniy balli Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan baholash mezonlari asosida shakllantiriladi.
18. Tanlovning gʻoliblari toʻplangan ballar yigʻindisiga koʻra aniqlanadi.
19. Hududiy komissiyalarning ishtirokchilarni gʻolib deb topish haqidagi qarori bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Unda tanlovda qatnashgan ishtirokchilarning, shu jumladan, respublika yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan gʻolib ishtirokchilarning roʻyxati keltiriladi.
Tanlovning hududiy saralash bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar tanlovning respublika yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.
Bayonnoma hududiy komissiyalar aʼzolarining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda Respublika komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etiladi.
20. Tanlovning respublika yakuniy bosqichi hududiy saralash bosqichida unda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
21. Tanlovning respublika yakuniy bosqichi yakuniy natijalari Respublika komissiyasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
4-bob. Tanlovning gʻoliblarini taqdirlash
22. Tanlovning respublika yakuniy bosqichi gʻoliblari har yili noyabr oyida quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti;
3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti.
23. Tanlovning respublika yakuniy bosqichida gʻolib deb topilgan ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻa bilan ragʻbatlantirilishi mumkin.
Bunda tanlovda gʻolib deb topilgan ishtirokchilar kelgusida uch yil davomida oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishiga yoʻl quyilmaydi.
24. Tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash hamda ularga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti, shuningdek, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Turizm qoʻmitasining budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Turizm qoʻmitasi tanlov gʻoliblarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini belgilangan muddatlarda toʻlab berish uchun masʼul hisoblanadi.
26. Tanlovda gʻolib deb topilgan ishtirokchilari bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini olgan kundan boshlab uch yildan kam boʻlmagan muddatda Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan baholash mezonlari asosida faoliyat yuritishi hamda ushbu davr mobaynida ularga rioya etishlari lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Turizm qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan talablarga rioya etilishi yuzasidan monitoring yuritadi. Bunda tanlovda gʻolib deb topilgan ishtirokchilar ushbu talablarga rioya etmagan taqdirda, ular talablarni buzgan kundan boshlab keyingi uch yil davomida oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Turizm qoʻmitasi

“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovini oʻtkazish haqida oʻz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon beradi.

Har yili 1-iyulga qadar

2-bosqich

Ishtirokchilar

Tanlovda qatnashish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi) rasmiy veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Har yili 1-avgustga qadar

3-bosqich

Turizm qoʻmitasi

Roʻyxatdan oʻtgan tanlov ishtirokchilari haqidagi barcha maʼlumotlarni hududiy komissiyalarga tanlovni oʻtkazish uchun yuboradi.

Har yili 10-avgustga qadar

4-bosqich

Hududiy komissiya

1. Tanlovning hududiy saralash bosqichini oʻtkazadi.

2. Hududiy komissiyalarning tanlov ishtirokchilarini gʻolib deb topish haqidagi qarorini bayonnoma shaklida rasmiylashtiradi.

3. Bayonnomani imzolaydi hamda Respublika komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etadi.

Har yili sentabr oyida

5-bosqich

Respublika komissiyasi

1. Tanlovning hududiy saralash bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar oʻrtasida tanlov oʻtkazadi.

2. Tanlovning respublika yakuniy bosqichi natijalarini Respublika komissiyasining qarori bilan rasmiylashtiradi.

Har yili oktabr-noyabr oylarida

6-bosqich

Tanlovning respublika yakuniy bosqichi gʻoliblarini taqdirlaydi.

Har yili noyabr oyida

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2025-y., 09/25/385/0534-son; 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)