1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.14.00 Donorlik;
2.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.01.00.00 Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Donorlik harakatini qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda qabul qilingan Senat tomonidan 2025-yil 21-fevralda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek respublika aholisi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda begʻaraz topshiruvchi donorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning, shuningdek donorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslarini qonun darajasida mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga tegishincha “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun bir yoʻla beriladigan pul mukofoti miqdori oshirilishini, shuningdek ularga shahar yoʻlovchilar transportidan (bundan yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilar mustasno) bepul foydalanish, oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish hamda sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqi berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun donorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning qoʻshimcha huquqiy asoslarini yaratish orqali qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga, shuningdek aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi 278-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 141-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 470-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 10, 1076-modda) 1-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar”;
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustda qabul qilingan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi 402-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 9, 162-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda; 2019-yil, № 12, 880-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2023-yil, № 11, 922-modda; 2024-yil, № 9, 958-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradilar”;
“Qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda bepul topshiruvchi donor “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi va bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti oladi”;
ikkinchi qismidagi “(“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga:
oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar yoʻlovchilar transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqi beriladi”;
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-fevral,
OʻRQ-1041-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 03/25/1041/0209-son)